Marsga hujum - 14

Total number of words is 3807
Total number of unique words is 2030
33.9 of words are in the 2000 most common words
51.3 of words are in the 5000 most common words
60.1 of words are in the 8000 most common words
Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
Amerika dabdala bo'lgandi, qolganlarni kutib ham o'tirmay, raketalar bitta qolmay ketib qolgani esingdami, a, esingdami? Keyin qarasakki, qolganlar faqat biz bo'lgan ekanmiz, esingdami? Ey, xudoyim, qancha yillar o'tibdi-ya! Sizlarsiz men chiday olmasdim. Sizlarsiz men o'zimni o'ldirib qo'ygan bo'lardim. Sizlar tufayli shuncha kutishga chidab keldim. Keling, sizlar uchun ichaylik. - U qadahni ko'tardi. - Bizning uzoq muddatli kutganimiz uchun ichaylik.
U sharobni sipqordi, xotini, ikkala qizi va o'g'li qadahlarni lablariga olib borishdi. Sharob to'rttalovining ham iyaklari tagidan jildirab oqib tusha boshladi.
Tongga yaqin shahardan qolgan hamma narsani shamol katta-katta yumshoq qora laxtaklarga aylantirib, dengiz tubi bo'ylab sochib yubordi. Yong'in o'chdi, biroq maqsadga erishilgan edi.
Osmondagi qizil dog' kattalasha boshladi.
Tosh kulba ichida qovurilgan zanjabil kulchasining totli hidi tarala boshladi. Xeteuey kirib kelganida xotini stol ustiga yangi nonli qaynoq qolipni qo'ymoqda edi. Qizlari qattiq supurgi bilan yalang'och tosh-polni hafsala bilan supurar, o'g'li esa, kumush idishlarni yuvar edi.
- Biz ularga shohona nonushta tayyorlaymiz; - Xeteuey shodon kuldi. - Eng a'lo liboslaringizni kiyib olinglar! U shoshib tomorqasidan ulkan temir saroy tomon o'tdi. Bu yerda muzlatgich va uncha katta bo'lmagan elektrostantsiya bo'lib, ularni shu yaqin yillarda ta'mirdan chiqargan va bo'sh vaqtlarida soatlarni, telefonlarni, magnitofonlarni mohirona ta'mirlagan ingichka, qaltiroq barmoqlari bilan hammasini joy-joyiga qo'yib chiqqan edi. Saroyda u yaratgan talay buyumlar qalashib yotardi, jumladan nima ish qilishini hatto o'zi ham bilmaydigan, mutlaqo g'alati uskunalar ham bor edi.
U muzlatgich ichidan dukkakli donlar va yigirma yil avvalgi qulupnay solingan qirov bosgan oppoq qutilarni oldi."Bu yoqqa chiq, badbaxt", - dedi-da, muzlagan jo'jani sug'urdi.
Raketa qo'nganda havoni har xil pazandalik taomlar hidi tutib ketgandi.
Xuddi yosh boladek Xeteuey nishablikdan pastga qarab chopdi. Ko'kragida qattiq og'riq sezib, u taqqa to'xtadi. Narigi toshga borib o'tirdi va endi nafasini rostlashni xayoliga ham keltirmay, olg'a chopib ketdi.
U cho'qqa aylangan raketadan ko'tarilgan qaynoq hovur ichida to'xtadi. Lyuk ochildi. U yerdan bir odam mo'raladi.
Xeteuey kaftini peshonasiga qo'yib, uzoq qarab turdi va oxiri dedi:
- Kapitan Uaylder!
- Kim bu? - so'radi Uaylder. U pastga sakrab tushdi va cholga qaragancha qotib qoldi. So'ng qo'lini uzatdi. - Yopiray, bu Xeteuey-ku.
- Mutlaqo to'g'ri, bu menman.
- Xeteuey mening birinchi ekipajimdan, To'rtinchi ekspeditsiyamdan.
Ular bir-birlariga diqqat bilan razm sola boshlashdi.
- Ko'rishganimizga ham ancha bo'ldi, kapitan.
- Juda ko'p bo'ldi. Sizni ko'rganimdan xursandman.
- Men qarib qoldim, - dedi Xeteuey soddadillarcha.
- Men ham endi yosh emasman. Yigirma yil sargardon kezdim: Yupiter, Saturn, Neptun...
- Bo'lmasa-chi, sizning Marsni mustamlaka qilishingizga xalaqit bermasligingiz uchun unvoningizni ko'tarishgan deb eshitdim. - Chol atrofga alangladi. - Siz nuqul sayohatlarda bo'lib, ehtimol, hatto nimalar bo'lganidan ham bexabardirsiz...
- Aytmasangiz ham bilaman, - javob berdi Uaylder. - Biz Mars atrofini ikki marta aylanib o'tdik.
Sizdan tashqari Uolder Gripp degan yana bir odamni topoldik, xolos, bu yerdan o'n ming mil narida.
Uni o'zimiz bilan olib kelmoqchi bo'lgan edik, biroq u ko'nmadi. Biz uchib ketganimizda, u yo'l o'rtasida arg'imchoqda trubka chekib o'tirardi, orqamizdan qo'l siltab qoldi. Mars o'lgan, butunlay o'lgan, hatto marsliklar ham qolmagan. Yer qalay?
- Sizdan ortiq hech narsa bilmayman. Goh-goh Yer radiosini tutib qolaman, elas-elas eshitiladi.
Lekin har gal qandaydir begona tilda. Men esa chet tillaridan, afsuski, bitta lotin tilini bilaman. Ba'zi so'zlarni anglab yetaman. Nima bo'lganda ham Yerning katta qismida odam qirilib ketgan, urush esa hali ham davom etayapti. Siz o'sha yoqqa uchib ketayapsizmi, komandir?
- Ha. O'zingizdan qolar gap yo'q, o'z ko'zim bilan ko'rib, ishonsam deyman. Oramizda radio aloqasi yo'q-da, masofa haddan tashqari katta. U yoqda nima bo'lishidan qat'i nazar, biz Yerga uchib ketayapmiz.
- Meni ham olib olasizlarmi?
Kapitan bir lahza taraddudlandi.
- E-ha, bo'lmasa-chi, bu yerda xotiningiz ham bor-a, esimda, esimda. Bizlar, yanglishmasam, yigirma besh yil burun ko'rishgan edik, to'g'rimi? Sizlar Birinchi SHaharni qurganlaringizda, siz xizmatni tashlab, uni o'zingiz bilan yerdan olib olgan edingiz. Bolalaringiz ham bor edi...
- O'g'il va ikki qiz...
- Ha, ha, eslayapman. Ular shu yerdami?
- Kulbamizda, hov anovi tepalik ustida. Biz sizlarga ajoyib nonushta tayyorlab qo'yganmiz, kelasizlarmi?
- Mehmonni atoi xudo deydilar, mister Xeteuey. - Kapitan Uaylder raketa tomonga o'girildi. - Kemadan tushinglar!
Ular qiyalikdan tepaga qarab borishardi. - Xeteuey va kapitan Uaylder, ularning ortidan yana yigirmata odam, kema ekipaji, ertalabki salqin havodan chuqur-chuqur nafas olar edilar. Quyosh chiqdi, havo ochiq edi.
- Spender esingizdami, kapitan?
- Uni esdan chiqarib bo'larkanmi?..
- Yilda bir marta uning qabri yonidan o'tishimga to'g'ri keladi. Oxiri go'yo u xohlagandek bo'ldi. U bizning bu yerga qo'nishimizga qarshi edi. Endi hamma bu yerni tashlab ketganidan boshi osmonga yetgan bo'lsa, ajab emas.
- Anovi-chi... Oti nima edi? Parkxill, Sem Parkxill, unga nima bo'ladi?
- Sosiskaxona ochib olgan.
- Anovinga o'xshab-a...
- Bir haftadan keyin esa urush boshlanib qoldi va u Yerga qaytib ketdi. - Xeteuey birdan yuragini changallagancha toshga o'tirib qoldi. - Kechirasiz. Hayajonlanib ketdim. Shuncha yillar o'tib, birdan sizni uchratib qolganim. Biroz nafasimni rostlab olay.
Uning yuragi qinidan chiqib ketayotgandek his qilmoqda edi o'zini. U tomirini ushlab ko'rdi.
Rasvo...
- Bizda vrach bor, - dedi Uaylder. - Xafa bo'lmang, Xeteuey, bilaman, siz o'zingiz vrachsiz, lekin baribir bizning vrach bilan maslahatlashib ko'ramiz...
Doktorni chaqirishdi.
- Hozir o'tib ketadi. - Ishonch bilan dedi Xeteuey. - Bu bari kutishdan, hayajondan.
U bo'g'ilib, lablari ko'kardi.
- Bilasizmi, - dedi u vrach uning ko'kragiga stetoskop qo'yganida. - Shuncha yillar mobaynida men go'yo bugungi kun uchun yashagandekman. Endi esa, siz shu yerdaligingizda meni Yerga olib ketgani kelishdi, go'yo menga shundan boshqa narsa kerak emasdek. Endi men yotib, omonatni topshirsam bo'laveradi.
- Mang, - doktor unga sariq hapdori berdi. - Bu yerda siz ko'proq dam olsangiz yaxshi bo'lardi.
- Keragi yo'q. Yana bir oz o'tiraman-da, tamom. Sizlarni ko'rganimdan shunchalik xursandmanki!
Yangi ovozlarni eshitgandan o'zimda yo'qman.
- Dori foyda berayaptimi?
- Zo'r. Ketdik!
Ular tepalikka ko'tarilishdi.
- Alisa, qara, kimni olib keldim! - Xeteuey xo'mraydi va boshini eshikka suqdi. - Alisa, eshitayapsanmi?
Xotini paydo bo'ldi. Izma-iz baland, xushqomat ikkala qizi chiqib keldi, ularning ortidan yanada novcharoq barvasta o'g'li ko'rindi.
- Alisa, kapitan Uaylder esingdami?
Ayol dudmallandi, xuddi ko'rsatma kutayotgandek Xeteueyga qaradi, so'ng jilmaydi.
- Ha, bo'lmasa-chi, kapitan Uaylder!
- Kechagidek esimizda, missis Xeteuey, biz siz bilan - mening Yupiterga uchib ketishim arafasida siz bilan birga tushlik qilgan edik.
Ayol uning qo'lini qizg'in qisib qo'ydi.
- Qizlarim Margaret va Syuzen. O'g'lim Jon. Bolalarim, sizlar, albatta, kapitanni unutmagandirsiz?
Qo'l berib ko'rishishlar, kulgi, jonli so'zlashuvlar.
Kapitan Uaylder burnini cho'zdi.
- Nahotki zanjabil kulchalari pishayotgan bo'lsa?
- Yeysizmi?
Hamma harakatga tushdi. Ko'z ochib-yumguncha yig'ma stollar qo'yildi. Pechlardan qaynoq taomlar olib chiqildi, likopchalar, kumush idishchalar, kimxob sochiqchalar paydo bo'ldi. Kapitan Uaylder missis Xeteueyga uzoq qarab qoldi, so'ng nigohini uning o'g'liga va jimgina harakat qilayotgan bo'ydor qizlariga oldi. Oldidan lip-lip o'tayotgan kishilarning yuzlariga qarar, yoshlarning silliq qo'llarining har bir harakatiga razm solar, bitta ham ajin tushmagan nafis chehralardagi bironta ifodani nazardan qochirmasdi. U missis Xeteueyning o'g'li olib kelgan stolga o'tirdi.
- Nechchiga kirdingiz, Jon?
- Yigirma uchga, - javob berdi yigit.
Uaylder sarosimalangancha qo'llaridagi sanchqi va pichoqni aylantirib, o'ynardi. U birdan bo'zdek oqarib ketdi. Yonida o'tirgan fazogir unga shivirladi:
- Kapitan Uaylder, bu yerda nimadir bo'layotganga o'xshaydi.
O'g'li stollar olib kelgani ketdi.
- Nima demoqchisiz o'zi, Uilyamson?
- Men 43 ga kirdim, kapitan. Yigirma yil avval men yosh Xeteuey bilan birga o'qigan edim. Lekin u endigina yigirma uchga kirdim deb aytayapti, lekin bu tashdan qaragandagina shunday. Bular hammasi noto'g'ri. U kam deganda 42 ga kirgan. Buning tagida nima gap bor, ser?
- Bilmayman.
- Rangingiz o'chinqiraganday, ser?
- Tobim yo'q. Qizimning ham tobi yo'q.
- Men ularni yigirma yil avval ko'rganman, ular esa o'zgarmagan, bitta ham ajin tushmagan.
Sizdan bir narsani minnat qilib so'rasam bo'ladimi, Uilyamson? Men sizga bir topshiriq bermoqchiman.
Qayoqqa borishni va nimalarni tekshirishni tushuntirib beraman. Nonushtadan keyin asta juftakni rostlab qolasiz. Sizga bor-yo'g'i o'n daqiqa kerak bo'ladi. Bu yerdan qo'l uzatsa yetadi. Biz qo'nayotganimizda raketadan turib ko'rgan edik. Iltimos! Bunday jiddiy gapirayotganingizning ma'nosini bilsak bo'ladimi? - Missis Xeteuey shosha-pisha ularning kosalariga sho'rva quyib chiqdi. - Bundoq kulib o'tirsalaring-chi! Yana birgamiz, sayohat tugagan, sizlar deyarlik uydasizlar!
- Ha, ha, bo'lmasam-chi. - Kapitan Uaylder kuldi. - Siz shunday ajoyibsizki, o'n gulingizdan bir gulingiz ochilmagandek, missis Xeteuey!
- Eh, bor bo'ling siz erkaklar!
U ayolning tovusdek yurishlariga qarab turdi. Ayolning yuzlari yal-yal yonar edi, xuddi naqsh olmadek, silliq va qip-qizil. Ayol hazillarga qo'ng'iroqdek kulib javob qaytardi, likopchalarga did bilan salat solib chiqdi, harakatlarida zarracha xatolik ko'zga chalinmasdi. Daroz o'g'li va sarvqomat qizlari o'zlarining xilvatdagi hayoti haqidagi uzoq hikoyalari bilan otasini mot qoldirib, basma-basiga dov tashlashardi va man-man ota bolalarining gapini eshitib, nochor taslim bo'lardi.
Uilyamson nishablikdan pastga qarab yugurib ketdi.
- U qaerga ketdi? - so'radi Xeteuey.
- Raketalarni tekshirgani, - javob berdi Uaylder. - Shunaqa, Xeteuey Yupiterda hech balo yo'q, insonning u yerda qiladigan ishi ham yo'q. Saturn va Pluton ham shunaqa...
Uaylder o'z ovozini eshitmay, beixtiyor gapirardi; u faqat bir narsa haqida o'ylardi: hozir Uilyamson pastga yugurib boradi-da, ko'p o'tmay qaytib keladi, tepalikka chiqib, javob olib keladi...
- Rahmat.
Margaret Xeteuey unga bir stakan suv quydi. To'satdan harakatga kelib, kapitan ayolning yelkasiga qo'lini qo'ydi. Ayol bunga hech qanday munosabat bildirmadi. Uning badani issiq va nozik edi.
Kapitan qarshisida o'tirgan Xeteuey dam-badam jimib qolar va aftini ayanchli bujmaytirgancha ko'kragini changallar edi, so'ng yana ma'yus suhbatga quloq solar, har daqiqada Uaylderga achinib qarab qo'yar, u esa birovlarga bildirmasdan huzur qilib, kulchasini kavshar edi.
Uilyamson qaytib keldi. Kapitan uning yelkasi osha:"Xo'sh?" deb shivirlamaguncha indamay, sanchqi bilan taomni kavlab o'tiraverdi.
- Men bu joyni topdim, ser.
- Xo'sh, xo'sh?
Uilyamsonning ranggi bo'zdek oqarib ketgan edi. U nigohini quvnoq ulfatlardan uzmasdi. Qizlari bosiq jilmayib turishar, o'g'li allaqanday latifani hikoya qilardi.
Uilyamson dedi:
- Men qabristonga o'tdim.
- To'rtta xochni ko'rdingizmi?
- To'rtta xochni ko'rdim, ser. Ular bus-butun turibdi. Xato qilmaslik uchun men ularni yozib oldim.
- U oppoq qog'ozdagi nomlarni bittama-bitta o'qiy boshladi: - Alisa, Margaret, Syuzen va Jon Xeteuey. Noma'lum virusdan vafot topganlar. 2007, iyul.
- Rahmat, Uilyamson. - Uaylder ko'zlarini yumdi.
- O'n to'qqiz yil avval, ser. - Uilyamsonning qo'li titrardi.
- Ha.
- Axir bular kimlar?
- Bilmayman.
- Siz o'zi nima qilmoqchisiz?
- Buni ham bilmayman.
- Boshqalarga aytsak bo'ladimi?
- Keyinroq. Hech narsa bo'lmagandek ovqatingizni yeyavering.
- Ortiq bir luqma ham tomog'imdan o'tmayapti, ser.
Raketadan keltirilgan sharob bilan qilingan nonushta tugadi. Xeteuey o'rnidan turdi.
- Sog'ligingiz uchun. Do'stlarim bilan yana birga bo'lishdan xursandman. Xotinim va bolalarim bilan birga bo'lishdan ham. - Ularsiz bu yerda men tanholikda o'lib ketgan bo'lar edim. Ularning astoydil qilgan g'amxo'rliklari tufayli men bu yerda jon saqlab qoldim va sizlarni kutib olishga muyassar bo'ldim.
U qadahni qo'lida tutgancha o'z oila a'zolari tomonga o'girildi. - Ular xijolat ichida unga qarab turar edilar, qadah ko'tarilganda esa ular butunlay ko'zlarini yerga tikib olishdi.
Xeteuey oxirigacha sipqordi. Hatto qichqirishga ham ulgurmay, u yuztuban stol ustiga yiqilib tushdi-da, yerga ag'darildi. Bir qancha odam yugurib keldi, uni to'g'rilab yotqizib qo'yishdi. Vrach egilib, yuragiga quloq soldi. Uaylder vrachning yelkasidan turtdi. U Uaylderga qarab boshini chayqadi.
Uaylder cho'kkalab o'tirdi-da, cholning qo'lidan ushladi.
- Uaylder? - Xeteueyning ovozi bazo'r eshitilardi. - Men nonushtangizni harom qildim-a?
- Qo'yavering.
- Men uchun Alisa va bolalar bilan xayrlashib qo'ying.
- Hozir ularni chaqiray.
- Yo'q, yo'q, kerak emas! - Nafasi bo'g'ilib shivirladi Xeteuey. - Bular tushunmaydilar. Men ham ularni tushunishlarini istamayman! Kerak emas.
Uaylder itoat qildi.
Xeteuey jon berdi.
Uaylder anchagacha uning oldidan jilmadi. Nihoyat o'rnidan turdi-da, Xeteueyni qurshab olgan hayajonli odamlar oldidan nari ketdi. U Alisaning oldiga bordi, uning yuziga qarab dedi:
- Nima bo'lganini bilasizmi?
- Erimga bir narsa bo'ldimi?
- U hozir jon berdi: yurak. - Uaylder ayolning yuziga razm solib tikilib turardi.
- Juda chakki bo'libdi, - dedi Alisa.
- Yuragingiz achimayaptimi? - so'radi Uaylder.
- U bizning qayg'uga botishimizni istamasdi. U qachondir shunday bo'lishini bizga oldindan aytib qo'ygandi va yig'lamaslikni buyurgandi. Bilasizmi, u hatto bizni yig'lashga ham o'rgatmagandi, yig'lay olishimizni istamasdi. Odam uchun eng yomon narsa yolg'izlikni anglash, g'am va ko'z yoshi qilishni bilish derdi. Shuning uchun biz ko'z yosh to'kish va qayg'u degan narsalarni bilmasligimiz kerak.
Uaylder uning yumshoq, issiq qo'llariga, chiroyli pardozlangan tirnoqlariga, nozik panjasiga razm soldi. Ingichka, oppoq, uzun bo'yniga va dono ko'zlariga qaradi. Oxiri dedi:
- Mister Xeteuey siz va bolalarni ajoyib qilib dunyoga keltirgan.
- Bu so'zlaringizdan u rosa suyungan bo'lardi. U bizdan faxrlanardi. Keyin esa hatto bizni dunyoga keltirganini ham unutib yuborgandi. Bizni sevib qolgan, haqiqiy xotini va bolalari deb bilardi. Ma'lum ma'noda o'zi shunday ham.
- Siz bilan u o'zini yengil his etardi.
- Ha, yildan-yilga biz birga o'tirib, suhbatlashar edik. U suhbatlashishni yaxshi ko'rardi. Tosh kulbamizni va kaminimizni yaxshi ko'rardi. Shahardagi haqiqiy uyimizga borib joylashsak ham bo'lardi.
Biroq u bu yerni jonidan yaxshi ko'rardi, bu yerda u goh jo'n, goh zamonaviy tarzda hayot kechirishi mumkin bo'lardi. U menga o'zining laboratoriyasi va u yerda qilgan har xil narsalari to'g'risida so'zlab berardi. Bu tashlandiq Amerika shahrini u boshdan-oyoq pastdan ovoz kuchaytirgich bilan ta'minlab chiqqandi. Tugmachani bosdi, tamom - hamma joyda chiroqlar yonadi va xuddi unda o'n ming odam bordek shahar shovqinga to'lib-toshadi. Samolyotlar, avtomashinalarning guvillashlari, odamlarning g'ovur-g'uvurlari eshitiladi. U bo'lsa o'tirib olardi-da, sigara tortardi va biz bilan gaplashaverardi, pastdan esa shahar shovqini eshitilib turardi. Goho telefon jiringlab qolardi va tasmaga yozib olingan ovoz mister Xeteueydan turli ilmiy va jarrohlik masalalari bo'yicha maslahat so'rardi, u javob qaytarardi. Telefon ovozlari ham, biz ham, shahar shovqini ham, sigara ham - mister Xeteuey ham g'oyatda baxtli his qilardik o'zimizni. Uning qo'lidan faqat birgina narsa kelmasdi - bizni keksaytira ololmasdi. O'zi kun sayin qarib borardi, biz esa o'sha-o'sha yosh bo'lib turaverardik. Ammo menga shunday tuyulardiki, bu uni unchalik bezovta qilmasdi. Hattoki o'zi shuni xohlardi deb o'ylardim men.
- Biz uni pastda to'rtta xoch turgan joydagi qabrga dafn etamiz. Menimcha, bu uning xohishiga javob beradi.
Ayol asta uning panjasiga qo'l tekkizib qo'ydi.
- Mening bunga ishonchim komil.
Kapitan ishga kirishib ketdi. Kichkina marosim tepalik etagi tomon yurib ketdi; oila uning ortidan yo'lga tushdi. Ikki odam Xeteueyni usti yopilgan zambilda ko'tarib ketdi. Ular tosh kulba yonidan o'tishdi, so'ng Xeteuey ko'p yillar muqaddam o'z ishini boshlagan saroy yonidan yurib o'tishdi. Uaylder shu ustaxona eshigi yonida bir oz taraddudlandi. Bu sayyorada xotini va uchala farzandi bilan yashasa-da, - birdaniga seni shamol va jimjitlik bilan tanho qoldirib, ular o'lib ketishsa, shu ham ish bo'ldimi? - deb so'radi u o'zidan, - bunday ahvolda inson nima qilishi kerak bo'ladi? U o'lganlarni qabrga joylashtiradi, xoch qo'yadi, so'ng aql va xotira kuchini, qo'lining chaqqonligini va topqirlikni yordamga chaqirib, ustaxonaga keladi-da, keyinchalik uning xotini, o'g'li, qizlari bo'lgan narsani zarrama-zarra to'play boshlaydi. Tog' tagidan barcha zarur narsalarni topish mumkin bo'lgan Amerika shahri bo'lganda, aqli raso odam, har qalay, o'zi xohlagan narsani yarata oladi-da.
Ularning qadam tovushlarini qum yutib yubormoqda edi. Ular kelganida qabristonda ikki odam allaqachon qabrni kavlab bo'layozgan edi.
Ular oqshomga yaqin raketa oldiga qaytib kelishdi.
Uilyamson boshini irg'ab tosh kulbaga ishora qildi.
- Ularni nima qilamiz?
- Bilmadim, - dedi kapitan.
- Balki, ularni o'chirib qo'yarsiz.
- O'chirib? - kapitan bir oz taajjublandi. - Bu mening xayolimga ham kelmagan edi.
- Axir siz ularni o'zingiz bilan olib ketolmaysiz-ku?
- Yo'q, ularni boshimga uramanmi?
- Nahotki siz ularni shu yerda, qanday bo'lsa shundayligicha qoldirmoqchi bo'lsangiz?
Kapitan Uilyamson to'pponchani uzatdi.
- Agar biror narsa qo'lingizdan kelsa, siz mendan kuchliroqsiz.
Besh daqiqadan so'ng Uilyamson boshdan-oyoq terga botgancha kulbadan qaytib keldi.
- Mang, oling to'pponchangizni. Endi men sizni tushundim. Men ularning oldiga qo'limda to'pponcha bilan kirib bordim, qizlardan biri menga jilmaydi. Qolganlari ham. Xotini menga choy tutdi.
Ey xudo, bu borib turgan qotillik bo'lar edi-ku!
Uaylder bosh irg'adi.
- Inson bunday mukammal narsani boshqa hech qachon yarata olmaydi. Ular uzoq umr ko'rish uchun yaratilgan. - O'n, ellik, ikki yuz yil. Ana shunaqa... Ularning yashashga... yashashga bizdan haqlari zig'ircha kam emas. Mendan ham, har birimizdan ham. - U trubkasidan kulni qoqib tushirdi.
- Mayli, bortga chiqinglar. Parvozda davom etamiz. Bu shahar baribir halok bo'lgan, u biz uchun yaroqsiz.
Quyosh botdi. Muzdek shamol esdi. Butun ekipaj bortga chiqib olgan edi. Kapitan imillardi.
Uilyamson so'radi:
- Siz tushib ketishga... e-e, ular bilan xayrlashishga shoshilmayapsizmi? Kapitan Uilyamsonga sovuq qarab qo'ydi.
- Bu mening ishim.
Uaylder oqshom shamoliga yuzma-yuz tog' tomon odimlab ketdi. Fazogirlar uning qorasi kulba devori ichida g'oyib bo'lganini ko'rib turishardi. Ular ayol soyasini ham ko'rishdi. Ular komandirning ayol qo'lini siqib qo'yganini ham ko'rishdi.
Avgust 2026
YOQIMLI YOMG'IR YOG'ADI
Mehmonxona bo'lmada go'yo birov eshitmay qolishidan qo'rqqanday gapiruvchi soatlar tinmay: "chiq-chiq, yetti bo'ldi, tong otdi, turing o'rningizdan!" - deb qo'shiq aytar edi. Ertalabki sukunat chulg'agan uy huvillab turardi. Soat esa hamon chiqillar va bo'shliq tomon nuqul o'zining sevgan qo'shig'ini taratar edi: "sakkizdan o'n daqiqa o'tdi, nonushta qilish vaqti yetti, sakkizdan o'n daqiqa o'tdi!"
Oshxonada pechka chiyillab uh tortdi va uning lang'illagan qorni ichidan sakkizta obdon yetirilgan qadah, to'rtta sarig'i aralashtirilmagan tuxum, o'n olti bo'lak cho'chqa yog'i, ikki chashka qahva va ikki stakan muzdek sutni ufurib tashladi.
- Butun Kaliforniya shtatining Ellendayl shahrida ikki ming oltinchi yil, to'rtinchi avgust, - dedi oshxona shiftidan boshqa bir ovoz. - Bugun mister Fezerctounning tug'ilgan kuni. Tilita to'yining bir yilligi. Sug'urta badalini to'lash vaqti yetti. Suv, gaz, chiroq pullarini hamto'lab qo'yish kerak.
Devorning allaqaeridadir bir rele shiqirladi, elektr ko'zlar oldida xotira tasmalari sizib chiqa boshladi.
Sakkizu bir, chiq-chiq, sakkizu bir, ishga borish kerak, maktabga borish kerak, bo'la qolinglar chaqqon-chaqqon, sakkizu bir! Biroq eshiklar ochilib-yopilmas, gilamlarda rezina poshnalarning yumshoq odimlagan tovushi quloqqa chalinmasdi.
Tashqarida yomg'ir yog'ardi. Tashqi eshikdagi meteoquticha ohista qo'shiq kuylardi: "Yomg'ir yog'ar kun bo'yi, Issiqroq kiyin endi..." Yomg'ir tomchilari huvillagan uy tomini hamon nog'ora qilib chertardi.
Hovlidagi garaj eshigi qattiq g'iyqilladi, ko'tarilib ochilgan eshik ortidan chiqishga hozir turgan avtomashina ko'rindi... Ikki daqiqa o'tar-o'tmas eshik yana asil holatiga qaytdi.
Sakkizu o'ttiz daqiqada tuxumlar bujmayib qoldi, qadahlar esa toshga aylandi. Alyumin belkurakcha ularni chanoqqa itqitdi, u yerdan tizillagan qaynoq suv ularni ma'dan bo'g'izga dumalatib keldi, bo'g'iz ularning hammasini eritib yuborar va kanalizatsiya orqali uzoq dengizga eltib tashlardi. Ovqat yuqi likopchalar qaynoq yuvindi idishga sho'ng'ir va yaltiragancha uning ichidan suzib, tashqariga chiqib kelar edi.
"To'qqizu o'n besh, - kuyladi soat, - supurib-sidirish vaqti yetdi".
Devordagi uyachalardan mitti robot sichqonlar to'kildi. Barcha xonalarda ma'dan va rezinadan yasalgan jonsarak farroshlar ivirsir edi. Ular o'zlarini oromkursilarga sharaqlab urib olar, tukdor g'o'lachalarini aylantirar, gilam patlarini hurpaytirar, ichidan changlarini ohista so'rib olar edilar. So'ng bamisoli noma'lum kelgindilar kabi bir-bir o'z go'shalariga kirib, ko'zdan g'oyib bo'ldilar. Ularning qizil elektr ko'zlari so'ndi. Uy chinniday top-toza bo'lib qolgandi.
Soat to'qqiz. Yomg'ir pardasini surib, quyosh mo'raladi. Xarobazor va kultepalar orasida yolg'iz uy qo'qqayib turardi. Butun shaharda shu uygina omon qolgandi. Har kuni tunda vayron bo'lgan shaharning o'zidan chiqarayotgan radioaktiv nurlari bir necha mil uzoqdan ham ko'zga tashlanib turardi.
O'nu o'n besh daqiqa. Bog'dagi changlatgichlar tillarang favvoralar otib, ertalabki yengil havoni jimjimador suv munchoqlari mavjlariga to'ldirdi. Deraza oynalaridan suv jilg'alari oqib tusha boshladi, so'ng sirtidagi oq bo'yoq paqqos kuyib ketgan egma g'arbiy devor bo'ylab jildiray ketdi. Besh joydagi ola-chalpoqni aytmasa, butun g'arbiy devor qop-qora tusda edi. Ana, bo'yoq maysa o'rgich uskunani dumalatib ketayotgan erkak qiyofasiga kirdi. Ana, xuddi fotosuratdagidek, bir ayol gul uzgani engashib turibdi. Undan narida - birgina ulkan lahzada yog'ochda kuyib qotibqolgan yana bir qancha qiyofalar... Bolakay qo'llarini yuqoriga siltab ko'tardi, undan yuqorida irg'itilgan koptok shakli qotib qoldi; bolakayning ro'parasida bir qiz koptokni tutmoqchi bo'lib qo'llarini baland ko'targan, ammo koptok pastga tushmay, havoda muallaq qolib ketgan.
Faqat beshta bo'yoq dog'i bor - erkak, ayol, bolalar va koptok. Qolgan barchasi - yog'och ko'mirning yupqa qatlami, xolos.
Changlatgichdan yog'ayotgan sokin yomg'ir bog'ni to'kilib tushayotgan nur uchqunlari bilan to'ldirdi...
Shu kungacha uy o'z tinchligini qanchalik mustahkam saqlab kelgan-a! "Kim u? O'zingizni taniting!" deya u nechog'lik hushyorlik bilan so'rab-surishtirmagan! Yolg'iz tulkilardan va shikoyatnamo miyovlagan mushuklardan tegishli javob ololmagach, qariqiz shiddati ila derazalarni qarsillatib yopmagan va pardalarni silkib tushirmagan. Jinnilik bilan chegaradosh bo'lgan muhofazakorlik - goho mexanizmlarda ham paranoyya dardi uchrab turadi-da.
Bu uy har bir tovushdan titrab tushar edi. Chumchuq nogahon qanoti bilan derazaga tegib ketdimi, o'sha zahoti parda qattiq shatirlab ketar va yuragi yorilgan qush orqa-oldiga qaramay qochar edi.
Hech kim- hatto chumchuq ham - uyga tegishga botinolmasdi!
Uy minglab katta va kichik rohiblaru yugurdaklari bo'lgan ibodatxona edi, ular toat-ibodat qilar, jo'rlikda diniy qo'shiq aytar edilar. Biroq ma'budlar g'oyib bo'lgan, marosim esa mantiqsiz va ma'nosiz bir holda davom etardi.
O'n ikki.
Katta eshik yonida cho'chib tushgan ko'ppak irillab qo'ydi.
Eshik it tovushini darhol bildi va ochildi. Bir vaqtlar sog'lom, to'q yashagan, endi esa sharti ketib, parti qolgan, tullak ko'ppak ortidan iflos izlar qoldirib ichkariga yugurib kirdi. Uning orqasidan bezovta qilishgani, uyni yana supurib-sidirishga majbur qilishganidan zardalari qaynab darg'azab sichqonlar kuymanglashib qolishdi!
Eshik tagidagi tirqishdan ichkariga bir kichkinagina chang zarrasi kirdi demaguncha devor panellari asta ko'tarilardi-da, ko'z ochib yumguncha u yerdan ma'dan farroshlar sakrab-sakrab yetib kelar edilar. Mittigina po'lat jag'lar tutib olgan jur'atkor qog'oz parchasi, chang zarrasi yoki bir tola tuk devorlarda ko'zdan yo'qolardi. U yerdan quvurlar orqali axlat tagxonaga, axlat kuydirishmashinasining guvillagan qorniga borib tushardi. Axlat kuydirish mashinasi bamisoli dahshatli darrandaday qorong'i burchakda cho'nqayib turardi.
Ko'ppak yuqoriga qarab chopib borar ekan, bu yerda o'lik sukunatdan boshqa hech zog' yo'qligini anglamagan holda - uy esa buni allaqachon anglab yetgandi - har bir eshik ro'parasida o'chakishib akillardi.
U hidlandi-da, oshxona eshigini tirnadi, so'ng hidlashini to'xtatmay eshik yonida yotib oldi.
Eshikning narigi tomonidagi pechkada chalpak pishmoqda edi, undan butun uyga yoqimli, qarag'ay qiyomining ishtahani qitiqlaydigan va to'yimli hidi anqimoqda edi.
Ko'ppakning og'zi ko'pikka to'ldi, ko'zlari o't bo'lib chaqnadi. U sapchib oyoqqa turdi, dumini tishlab gir aylandi, jon talvasasida tipirchiladi-da, tarrakday qotdi-qoldi. Shu alpozda u mehmonxona bo'lmasida bir soatcha yotdi.
Soat ikki, - kuyladi ovoz...
Nihoyat kuygan narsaning bilinar-bilinmas hidini olib, uyalardan xuddi elektr yelpig'ichi uchirgan qovjiroq yaproqlardek sichqonlar galasi yengil va shiddat ila vizillab otilib chiqdi.
Ikkiyu o'n besh daqiqa.
Ko'ppak g'oyib bo'ldi.
Tagxonadagi axlat pechkasi bexos alanga yallig'idan yorishib ketdi va mo'ridan yuqoriga qarab uchqunlar shiddat bilan ko'tarildi.
Ikkiyu o'ttiz besh daqiqa.
Ichki sahn devorlaridan qartavozlar stollari sakrab chiqdi. Ko'zoynaklari yilt-yilt qilib, qartalar joy-joyiga uchib ketdi. Dub peshtaxtada kokteyllar va tuxumli sendvichlar paydo bo'ldi. Musiqa yangradi.
Biroq stollar sukut saqlardi va hech kim qartalarga qo'l urmadi.
Roppa-rosa to'rtda xuddi ulkan kapalaklardek stollar taxlandi-da, yana devorlar ichiga kirib ketdi.
Soat to'rt yarim.
Bolalar xonasining devorlari yorishib ketdi.
Ularda hayvonlar paydo bo'ldi: sariq jirafalar, zangori arslonlar, qizil g'azollar, gulobiy qoplonlar - barchalari billur to'shami uzra sakrar edilar. Devorlar shishadan bo'lib, tasavvurdagi bo'yoq va o'yinlarni o'zida yaxshi aks ettirardi. Pinhoniy kinotasmalar tishlar bo'ylab g'altakdan g'altakka suzib o'ta boshladi va devorlar jonlandi. Xona poli shamoldan to'lqinlanayotgan ekin dalasi misol chayqalardi, undan alyumin suvaraklar va temir chirildoqlar yugura boshladi, jazirama tinch havoda, hayvon izlarining hidi ichida g'oyatda nafis qizil matodan yasalgan kapalaklar uchar edi! Temirchibosqonining sim-siyoh qa'rida g'ivirlayotgan asalarilar galasi ovoziga o'xshash g'o'ng'illash eshitildi.
Ortidan o'lja yeb to'ygan arslonning erinchoqlik bilan irillashi keldi. Okapi1 tuyoqlarining tovushi va siyrak maysalarning nozik poyalariga kelib tushayotgan muzdek yomg'ir shatiri quloqqa chalindi. Ana, devorlar eriy boshladi, quyoshning olov seliga ko'milgan o'tloqzorlar va tubsiz jazirama osmonning bepoyon kengliklariga singib ketdi. Hayvonlar tikonli to'qaylar va suvloqlar bo'ylab yoyildi.
Bolalar uchun eshittirish vaqti bo'ldi.
Soat besh. hammom shaffof qaynoq suvga to'ldi.
Soat olti, yetti, sakkiz bo'ldi. Tushlik solingan idishlar g'aroyib qiliqlar ko'rsatdi, so'ng xonada nimadir shirq etdi va jonga huzur beruvchi olov yonib turgan kamin oldidagi temir shtativda nogahon yumshoq kulrang kuldan qalpoq kiygan kashanda sigara paydo bo'ldi.
Soat o'n. Ko'zga ko'rinmas simlar choyshabni isitdi - bu yer tunlari sovuq bo'lardi.
Soat to'qqizdan besh daqqiqa o'tdi. Xona shiftidan ovoz keldi:
- Missis Maklellan, bugun qaysi she'rni eshitgingiz kelayapti?
Uy sukutda.
Oxiri ovoz dedi:
- Hech bir xohish izhor qilmaganingiz uchun men o'zim tavakkal qilaman.
Jo'rlikda chalingan ohista musiqa yangraydi.
You have read 1 text from Uzbek literature.
Next - Marsga hujum - 15
  • Parts
  • Marsga hujum - 01
    Total number of words is 3967
    Total number of unique words is 1895
    36.7 of words are in the 2000 most common words
    53.0 of words are in the 5000 most common words
    62.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 02
    Total number of words is 3877
    Total number of unique words is 1887
    36.1 of words are in the 2000 most common words
    52.7 of words are in the 5000 most common words
    63.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 03
    Total number of words is 3769
    Total number of unique words is 1989
    34.7 of words are in the 2000 most common words
    51.6 of words are in the 5000 most common words
    60.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 04
    Total number of words is 3849
    Total number of unique words is 1960
    34.1 of words are in the 2000 most common words
    51.5 of words are in the 5000 most common words
    59.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 05
    Total number of words is 3830
    Total number of unique words is 2064
    33.9 of words are in the 2000 most common words
    50.2 of words are in the 5000 most common words
    59.2 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 06
    Total number of words is 3843
    Total number of unique words is 1976
    34.0 of words are in the 2000 most common words
    49.9 of words are in the 5000 most common words
    58.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 07
    Total number of words is 3902
    Total number of unique words is 2068
    33.6 of words are in the 2000 most common words
    49.9 of words are in the 5000 most common words
    57.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 08
    Total number of words is 3791
    Total number of unique words is 2059
    32.0 of words are in the 2000 most common words
    47.6 of words are in the 5000 most common words
    55.5 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 09
    Total number of words is 3806
    Total number of unique words is 2096
    31.3 of words are in the 2000 most common words
    46.9 of words are in the 5000 most common words
    56.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 10
    Total number of words is 3813
    Total number of unique words is 1985
    34.2 of words are in the 2000 most common words
    49.3 of words are in the 5000 most common words
    57.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 11
    Total number of words is 3928
    Total number of unique words is 1872
    36.8 of words are in the 2000 most common words
    52.9 of words are in the 5000 most common words
    62.0 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 12
    Total number of words is 3965
    Total number of unique words is 1896
    33.8 of words are in the 2000 most common words
    50.9 of words are in the 5000 most common words
    59.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 13
    Total number of words is 3877
    Total number of unique words is 1920
    35.3 of words are in the 2000 most common words
    52.4 of words are in the 5000 most common words
    61.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 14
    Total number of words is 3807
    Total number of unique words is 2030
    33.9 of words are in the 2000 most common words
    51.3 of words are in the 5000 most common words
    60.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 15
    Total number of words is 3869
    Total number of unique words is 2091
    32.1 of words are in the 2000 most common words
    48.9 of words are in the 5000 most common words
    58.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 16
    Total number of words is 4
    Total number of unique words is 4
    0.0 of words are in the 2000 most common words
    0.0 of words are in the 5000 most common words
    25.0 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.