Marsga hujum - 12

Total number of words is 3965
Total number of unique words is 1896
33.8 of words are in the 2000 most common words
50.9 of words are in the 5000 most common words
59.8 of words are in the 8000 most common words
Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
- Ikki sayyoradagi eng yaxshi qaynoq sosiskalar! Marsdagi birinchi sosiskafurushlar! Piyoz, qalampir, xantal - hammasi oliy sifatli! Qani endi meni birov noshud deb aytib ko'rsin-chi! Ana sizga ikkita shoh ko'cha, ana o'lik shahar, hov anavi yerda esa, konlar. 101 Settlment yuk mashinalari sutkasiga 24 soat yonimizdan o'tib turadi. Qani ayt-chi, yomon joy tanlabmanmi?
Xotini oyoqlariga qarar edi.
- Ishchilari bor bu o'n ming yangi raketa Marsga uchib kelayapti deb o'ylaysanmi? - dedi xotini nihoyat.
- Bir oyga qolmaydi, - ishonch bilan javob berdi u. - Nega labingni burasan?
- Men anovi Yerdagi odamlarga unchalik ishonmayman, - javob berdi ayol. - Qachon o'n ming raketa va yuz ming meksikalik va xitoyliklarni o'z ko'zim bilan ko'raman, o'shanda ishonaman.
- Xaridorlar, - sem Parkxill bu so'zni salmoqlab aytdi. - Yuz ming och mijoz!
- Ishqilib, atom urushi bo'lmasin-da, - asta dedi ayol osmonga qarab. - Bu atom bombalar menga sira tinchlik bermayapti. Yerda shunchalik ko'p to'planib qolganki, har narsa bo'lishi hech gap emas.
Sem hm deb qo'ydi-da, supurishda davom etdi.
Ko'zining qiri bilan u moviy miltillashini payqab qoldi. Uning orqasida havoda nimadir shovqinsiz parvoz qilmoqda edi. Xotinining ovozi qulog'iga chalindi:
- Sem, seni oshnang so'rab keldi.
Sem o'girildi va havoda chayqalib turgan niqobni ko'rdi.
- Yana kelibdi! - dedi Sem supurgini ko'ndalang ushlagancha.
Niqob bosh irg'adi. U zangori shishadan yasalgan bo'lib, ingichka bo'yin ustida turardi, pastda nafis sariq shoyi libos shamolda hilpirardi. Libos ichidan xuddi to'rday shaffof ikkita kumush qo'l chiqib turardi. Og'iz o'rnida niqobda ensiz o'yiq bo'lib, undan musiqa sado chiqardi, qo'llar, niqob, libos esa goh tepaga, goh pastga mayin tushib-chiqib turardi.
- Mister Parkxill, men siz bilan gaplashgani keldim yana, - dedi niqob ostidan ovoz.
- Bu yerda qorangni ham ko'rmay deb aytgan edim-ku! - o'shqirdi Sem. - Yo'qol, bo'lmasa Kasalni qo'yib yuboraman!
- Kasal menda allaqachon bo'lgan, - javob berdi ovoz. - Tirik qolganlardan bittasi menman.
Men juda uzoq yotdim.
- O'zingning tog'ingga daf bo'l-da, ko'rsatgan joydan qimir etmay o'tir. Nega bu yerga kelib, menga yopishib olasan! He yo'q-be yo'q. Tag'in kunda ikki marta-ya.
- Biz sizga yomonlik qilmaymiz.
- Lekin men sizlarga yomonlik qilaman! - dedi Sem depsinib.
- Men xorijliklarni yomon ko'raman. Marsliklarni ham yomon ko'raman. Shu paytgacha bittasini ham ko'rganim yo'q. Ko'rib ham nima qilardim. Shuncha yil allaqaerga yashirinib o'tirishsin-da, endi birdaniga men ularga kerak bo'lib qolay, voy tovba! Meni tinch qo'ying!
- Sizda muhim ishimiz bor, - dedi moviy niqob.
- Agar Yerni aytayotgan bo'lsangiz, u meniki. Men u yerda sosiskaxonani o'z qo'lim bilan qurganman.
- Yerga kelganda, gapingiz bir hisobdan to'g'ri.
- Gap bunday, og'ayni, quloq sol, - javob berdi Sem. - Men o'zim Nyu-Yorkdanman. Bu katta shahar; u yerda menga o'xshaganlardan yana o'n milliontasi bor. Sizlar marsliklar bor-yo'g'i yigirma yo o'ttiz nafar qolgansizlar. Sizlarda shaharlar yo'q, tog'ma-tog' kezib yurasizlar, na hokimiyat, na qonun bor. Tag'in sen menga Yerdan gap ochganingga o'laymi? Shuni qulog'ingga quyib ol: "Eski yangiga joyni bo'shatib berishi kerak, yaxshilikcha o'z yo'limizdan ketaylik, yonimda to'poncha bor, mana u. Bugun ertalab sen ketishing bilan men uni olib, o'qlab qo'yganman.
- Biz marsliklar - telepatlarmiz, - dedi sovuqqonlik bilan moviy niqob. - O'lik dengizning narigi tomonida shaharlaringizdan bittasi bilan biz aloqa o'rnatganmiz. Siz bugun radioni eshitdingizmi?
- Mening piryomnigim zanglab qolgan.
- Demak, siz hech narsadan bexabarsiz. Juda muhim yangiliklar bor. Yerga daxldor.
Kumush qo'l bir harakat qilgan edi, unda bronza go'shak paydo bo'ldi.
- Yo'q demasangiz, men buni sizga ko'rsataman.
- To'pponcha! - asta qichqirib yubordi Sem Parkxill.
G'ilofdan to'pponchasini oldi-da, u tumanli qiyofaga, libosga, moviy niqobga qarab o't ochdi.
Niqob bir lahza havoda qotib qoldi. So'ng shoyi libos shitirladi-da, qatma-qat mayin taxlanib-taxlanib, xuddi mo''jaz tsirk chodiriday yerga quladi, kumush qo'llar tosh terilgan yo'lakni tirnadi. Va niqob oppoq suyak va mato uyumi ustini unsiz qoplab oldi.
Semning nafasi ichiga tushib ketdi.
Xotini chayqalgancha marslikning jasadi ustida turardi.
- Bu qurol emas, - dedi ayol egilib bronza go'shakni olar ekan. - Bu xat bo'lsa kerak. U senga ko'rsatmoqchi bo'lgan. Xat qandaydir ilon alifbosida yozilgan, qara - hammasi bir xil moviy ilon. Men bu belgilarni o'qiy olmayman. Sen-chi?
- Yo'q.
- Bu marscha piktogrammalardan nima foyda, tashlab yubor! - U atrofga o'g'rilardek alanglab qaradi. - Tag'in boshqalari ham bostirib kelib qolmasin! Uni tezroq ko'zdan yo'qotish kerak. Qani, belkurakni ber-chi!
- Nima qilmoqchisan?
- Ko'maman, boshqa nima qilardim?
- Uni o'ldirmaslik kerak edi.
- Nachora, xato qildim. Bo'la qol!
Ayol unga indamay belkurakni olib kelib berdi.
Soat sakkizlarga yaqin Sem Parkxill qaytib keldi va sosiskaxona oldidagi maydonchani aybdorlarcha supurishga tutindi. Xotini qo'llarini ko'kragiga qo'yib, nur tushib turgan eshik oldida turardi.
- Chakki bo'ldi-da, - dedi er.
U xotiniga bir qarab qo'yib, ko'zini chetga oldi. - Ko'rding-ku o'zing, tasodifan shunday bo'lib qoldi, vaziyat shunaqa bo'lib qoldi.
- Ha, - dedi xotin.
- U qurolni olganida g'azabdan o'zimni tutolmadim.
- Qanaqa qurol?
- Shunchaki, menga qurol bo'lib ko'rindi-da! Afsus, afsus! Yana necha martalab takrorlashim kerak!
- Jim! - dedi Elma barmog'ini labiga qo'yib. - Jim!
- Menga baribir, - dedi Sem. - Men bir o'zim emasman. Bir nima bo'lgudek bo'lsa, bugun "Settelmenlik yerliklar, inkorporeyted" men tomonda! - U nafrat bilan pishqirib qo'ydi. - Marsliklar kulsa undan nari...
- Katta gapirma, - uning so'zini bo'ldi Elma.
Sem qurib qolgan dengiz tomonga qarab qo'ydi. U supurgini qo'lidan tashlab yubordi, so'ng yana oldi; u angrayib turardi. Lablaridan moshdekkina so'lak tomchisi uzilib tushdi-da, shamolda uchib ketdi. Birdan a'zoi badani titray boshladi.
- Elma! Elma! Elma! - deb yubordi u.
- Ana kelishdi, - dedi Elma. Ko'hna dengiz tubidan xuddi moviy arvohlardek moviy tutunlar kelardi, moviy yelkanlar ostida o'n-o'n ikkitacha baland Mars qum kemalari sirpanib kelardi.
- Qum kemalar! Ammo ular qolmagan edi-ku, Elma! Ular yo'q bo'lib ketgan edi-ku!
- Nima bo'lganda ham bu ularning kemalariga o'xshayapti, - dedi ayol.
Qanaqasiga? Hukumat ularni musodara qilgan-ku! Hammasini majaqlab tashlashgan, faqat bir nechtasini kimoshdi savdosida sotishgan! Butun okrugimizda bir men shu kemani sotib olgan edim, uni qanday haydashni bilaman!
- Qolmaganmish... - takrorladi Elma dengiz tomonga bosh irg'ab.
- Bo'la qol, bu yerdan tezroq juftakni rostlamasak bo'lmaydi!
- Nimaga? - Cho'zib dedi ayol, Mars kemalariga sehrlangandek qarab.
- Ular meni o'ldirishadi! Mashinaga chiq tezroq!
Elma joyidan qimir etmasdi.
Sem uni sosiskaxonaga zo'rlab sudrab olib ketdi. Bu yerda ikkita mashina turardi: bittasi yaqin-yaqingacha mudom aylanib yuradigan yuk mashinasi va ikkinchisi kimoshdi savdosida ermak uchun sotib olgan ko'hna Mars qumkemasi edi. So'nggi uch haftada u bu kemada dengizning narigi tomonidan silliq tub bo'ylab har turli yuklar tashirdi. Yuk mashinasiga qaradi-yu, esiga tushdi. Motor yerda yotardi - uni ta'mirlash bilan u ikki kundan beri ovora edi.
- Yuk mashinasi yurishga yaramasa kerag-ov, - dedi Elma.
- Qumkema! O'tir tezroq!
- Meni shu kemada olib ketmoqchimisan? He yo'q-be yo'q.
- O'tir! Hayday olaman!
Sem xotinini ichkariga qarab turtdi, o'zi izma-iz sakrab chiqdi-da, oqshomgi shamolga kobalt yelkanni ro'para qilib, rulni qattiq turtdi.
Charaqlagan yulduzlar ostida moviy Mars kemalari shitirlagan qumlar bo'ylab o'qdek sirpanib kelardi. To langar esiga tushib, uni joyidan sug'urib olmaguncha, Semning kemasi joyidan qimir etmay turdi.
- Ketdik!
Kuchli shamol qumkemani o'lik dengiz tubi bo'ylab surib ketdi, pastda esa billur qoyalar qum bosib yotar, ustunlar ag'darilgan, marmar va misdan qilingan tashlandiq bandargohlar ko'zga tashlanar, o'lik shaharlarning oppoq shaxmat donalari ko'rinar, qirmizi tog' yonbag'irlari yastanib yotar edi...
Sem orqasidan yetib kelmaguncha Mars kemalari tobora siyraklashib boraverdi.
- Bopladim-a, burnini yerga ishqadim-a! - qichqirdi Sem. - Endi esa "Raketa kompaniyasi"ga xabar qilaman, ular menga qo'riqchi berishadi. Ayt, qotmagan boshimni qotirmasin!
- Agar xohlashganida, seni tutib olib ketishlari ham mumkin edi, - horg'in javob berdi Elma. - Faqat bu ularga unchalik kerak bo'lmagan.
Sem kulib qo'ydi.
- Qo'yaver, meni qo'yib yuborisharmidi? Yetisholmadi, vassalom!
- Yetisholmadi? - Elma boshini irg'ab uning ortiga ishora qildi.
Sem orqasiga o'girildi. Ustidan sovuq suv quygandek bo'ldi. U qayrilib qarashga ham qo'rqdi. U orqadagi o'rindiqda, izg'irinli tongdagi odam nafasidek muvaqqat va lang'illab turgan g'o'lachalar uzra suzib yurgan moviy dudga o'xshash, mo'rt qamishdagi qirovni eslatuvchi eski zamon oq kashtalariga o'xshash va charx urgan qor zarralariga o'xshash allanarsa bordek his qildi.
Yupqa shisha singandek ovoz quloqqa chalindi: kulgi. So'ng yana jimlik. U orqasiga o'girildi. Kema tumshug'ida, rul yonida bir yosh ayol xotirjam o'tirardi. Barmoqlari sumalakdek ingichka, ko'zlari oyday yorqin va katta-katta, chaqnoq, xotirjam.
Shamol uni tebratar, u esa bamisoli suvdagi aksdek chayqalardi, shoyi libosining moviy yomg'ir jilg'alaridek burmalari uning nozik badani atrofida lip-lip qilar edi.
- Orqaga buriling, - dedi ayol.
- Yo'q, - Semning badani jimirlab, xuddi havoda osig'liq nafis matodek titrar edi, u qo'rquv va g'azab o'rtasidagi sarhadda ikkilanib turardi. - Yo'qol mening kemamdan!
- Bu sizning kemangiz emas, - javob berdi arvoh. - U bizning dunyomiz kabi qadimiy. U bundan o'n ming yil muqaddam, dengiz qurib, bandargoh huvillab qolganda ham qumda yurar edi, sizlar esa, kelgandilar, uni o'g'irlab, o'zlaringizniki qilib oldingiz. Qani, orqaga buring-da, uni chorrahaga olib borib qo'ying. Biz siz bilan gaplashishimiz kerak. G'oyat muhim bir narsa sodir bo'ldi.
- Yo'qol kemamdan! - dedi Sem. U to'pponchani chiqarganda charm g'ilof g'ichirlab ketdi. U obdon nishonga oldi. - Sakra, uchgacha sanayman...
- Kerak emas! - qichqirib yubordi qiz. - Men sizga hech qanday yomonlik qilmadim-ku, boshqalar ham. Biz yaxshilik bilan keldik.
- Bir, - dedi Sem.
- Sem, - dedi Elma.
- Gapimga quloq soling, - iltimos qildi qiz.
- Ikki, - shafaqatsizlarcha dedi Sem, tepkini ko'tarib.
- Sem! - qichqirdi Elma.
- Uch, - dedi Sem.
- Biz faqat... - gap boshladi qiz.
To'pponcha qars etdi.
Quyosh nurlarida qor eriydi, qor zarralari bug'ga, hech narsaga aylanadi. O'choq alangasida dahshatli maxluqlar raqs tushib, qular edi. Barcha mo'rt va zaif narsalar vulqon kraterida parchalanib ketadi va g'oyib bo'ladi. Otilgan o'qdan, olovdan, zarbadan qiz bamisoli gaz sharfidek yengil qulab tushdi, muz haykalchadek erib ketdi. Undan qolgan u-bu narsalar - muz parchalari, qor uchqunlari, dud, - barini shamol uchirib ketdi. Kema tumshug'idagi o'rindiq bo'm-bo'sh bo'lib qoldi.
- Sem xotiniga qaramaslikka harakat qilib, to'pponchani g'ilofiga soldi. Oy nuriga ko'milgan qum dengizi bo'ylab kemaning shitirlab yugurishi atigi bir daqiqagina quloqqa chalinib turdi.
- Sem, - dedi ayol oxiri, - kemani to'xtat.
Bo'zdek oqarib ketgan Sem xotiniga yuzlandi.
- Yo'q, bunday qilolmaysan. Shuncha yillardan keyin sen meni tashlab ketolmaysan.
Ayol to'pponcha dastasi ustida yotgan erining qo'liga qaradi.
- Nimayam derdim. Sening qobiliyatingga ishonaman, - dedi ayol.
- Sendan bu narsani kutsa bo'ladi.
U barmoqlari bilan rulni qisib, boshini chayqadi.
- Elma, jinni bo'lma. Hozir shaharga kelamiz-da, xatardan qutulamiz!
- Ha, ha, - javob berdi xotini loqayd o'zini orqaga tashlab.
- Elma, gapimga quloq sol.
- Senga aytadigan gapim yo'q, Sem.
- Elma!
Ular oq shaxmat shaharchasi yonidan ketishdi va zaif g'azab o'tida yongan Sem birin-ketin billur minoralarga qarab olti marta o'q uzdi. O'q gumburidan shahar mayda shisha bo'laklariga bo'linib, tutday to'kildi-qo'ydi. Go'yo u sovundan qirqib yasalganday har tomonga sochilib, erib ketdi.
Shahardan nom-nishon qolmadi. Sem qah-qah urib kuldi-da, yana o'q uzdi. So'nggi minora, so'nggi shaxmat donasi yonib ketdi, uchqunlanib chaqnadi-da, moviy payrahalarga aylanib, yulduzlar tomon uchib ketdi.
- Men ularga ko'rsataman! Men hammasiga ko'rsatib qo'yaman!
- Bo'pti, bo'pti, Sem. Ko'rsataver. - Xira soya uning yuzini to'sib oldi. - Ie, yana bitta shahar bor ekan! - Sem yana to'pponchani o'qladi. - Hozir uni nima qilishimni bir ko'rib qo'y!
Orqadan esa moviy kema-arvohlarning ko'lankalari shiddat bilan yaqinlashib, tobora kattalashib borardi. Avvaliga u hatto ularni ko'rmadi ham, faqat go'yo qum ustida po'lat g'ichirlagandek, hushtak va chiyildoq baland ohangni eshitdi: U qum kemalarning o'tkir tig'li burunlari bilan dengiz tubi yuzasini kesayotgandagi chiqqan ovoz edi. Qizil va moviy nishonlar ostidagi moviy kemalarda ko'k qiyofalar, niqob kiygan odamlar, kumush yuzli odamlar, ko'z o'rnida moviy yulduzi bor odamlar, yopishtirma oltin quloqli odamlar, temir iyakli va yoqut labli odamlar turar edi. Ular qo'llarini ko'kraklariga qo'ygancha turar edilar. Ular marsliklar bo'lib, uni ta'qib qilmoqda edilar.
Bir, ikki, uch... Sem sanardi. Mars kemalari unga juda yaqin keldi.
- Elma, Elma, men hammasiga bas kelolmayman.
Elma javob bermadi, hatto qimir ham etmadi.
Sem sakkiz marta o'q uzdi. Bir qum kema mayda-mayda bo'laklarga bo'linib ketdi, yelkanlar, zumrad kema tanasi, uning bronza qorni, oysimon oppoq ruli va boshqa qismlari to'kilib tushdi.
Niqobdagi odamlar bitta qolmasdan kemadan yiqilib tushishdi, qumga ko'milib ketishdi va ularning har biri ustidan olov yallig'landi, avval qizg'ish tusda yallig'landi, so'ng qop-qora qurum bo'lib, burqsab ketdi.
Biroq boshqa kemalar hamon yaqinlashib kelar edi.
- Ular juda ham ko'p ekan, Elma! - qichqirdi Sem. - Ular meni o'ldiradilar!
U langarni irg'itdi. Foydasiz. Yelkan taxlam-taxlam bo'lib, hansiragancha pastga uchib ketdi. Kema, shamol, harakat - hamma narsa to'xtadi. Marsning ulug'vor kemalari Semni qurshab olib, uning boshi uzra g'oz turganda butun Mars qotib qolgandek bo'ldi.
- Yerlik, - allaqayoqdan balanddan kelgan ovoz quloqqa chalindi.
Kumush niqoblardan biri qimirladi, yoqut lablar so'zlarga monand tarzda yaltilladi.
- Men hech narsa qilganim yo'q! - Sem o'zini qurshab olgan basharalarga qaradi. - Ular yuztadan kam emas edi.
Marsda juda oz marslik qolgan edi- narisi bilan yuz-yuz ellikta. Ularning barchasi shu yerda, o'lik dengiz tubida, o'zlarining qayta tirilgan kemalarida, qirilib ketgan shaxmat shaharlari yonida edilar, shaharlardan bittasi hozirgina tosh tekkan nozik guldonga o'xshab, mayda-mayda bo'lib ketdi.
Kumush niqoblar yaraqlar edi.
- Bular barchasi anglashilmovchilik, - dedi u bort ustiga kelib turib; uning xotini hamon kema tubida muk tushib, chala o'lik bo'lib yotardi; men Marsga xususiy ishbilarmon, biznesmen sifatida uchib kelganman, bunaqalari bu yerda ko'p.
Parchalangan raketa bo'laklaridan o'zimga do'koncha qurib oldim, do'koncha, o'zingiz ko'rganingizdek, binoyidek, chorrahaning shundoq o'zida. Bu joyni siz bilasiz. Quling o'rgilsin qilib ishlangan-a, to'g'rimi? - Sem nigohini bitta basharadan boshqasiga olgancha, hiringlab kuldi. - Bu yerda bo'lsa, mana bu marslik paydo bo'lib qoldi, bilaman - u sizning oshnangiz. Men uni bilmay o'ldirdim, ishoning, bu baxtsiz hodisa. Menga hech narsa kerak emas, men faqat sosiskaxona ochmoqchi edim, bu Marsda yagona birinchi, markaziy sosiskaxona bo'lardi, men sizga aytsam.
Tushunayapsizmi? Butun sayyorada eng yaxshi qaynoq sosiskalarni, padariga qusur, qalampirli va piyozli sosiskalarni ulashish, yana po'rtahol sharbatini manzirat qilish qandoq zo'r.
Kumush niqoblar oy nurida harakatsiz yaltirar edi. Semga tikilgan sariq ko'zlar ham chaqnar edi.
Uning oshqozoni qorni ichida qisilib, bir dumaloq toshga aylanib qoldi. U to'pponchasini qumga irg'itdi.
- Taslim bo'ldim.
- To'pponchangizni oling, - bir ovozdan deyishdi marsliklar.
- Nima?
- To'pponchangizni? - Moviy kema burni uzra jimjimador qo'l uchib chiqdi. - Oling uni, yo'qoting.
Hamon ishonmagancha u to'pponchani oldi.
- Endi esa, - davom etdi ovoz, - kemani ag'daring-da, do'koningizga qarab tuyog'ingizni shiqillating.
- Hoziroqmi?
- Hoziroq! - dedi ovoz. - Biz sizga hech qanday yomonlik qilmaymiz. Sizga tushuntiramiz deguncha siz qochib qoldingiz. Qani, orqamizdan yuring.
Ulkan kemalar oppoq momiqlardek yengil o'nglanib olishdi. Qanotli yelkanlari asta havoda pirpiray boshladi, go'yo birov kafti bilan turtgandek. O'nglanayotgan niqoblar charaqlardi, soyalar muzdek olov bo'lib kuydirar edi.
- Elma! - Sem inqillab-sinqillab kemaga tirmashib chiqdi. - Chiq, Elma. Qaytamiz. - U nogahoniy xaloskorlikdan shu qadar o'zini yo'qotgan ediki, hatto uning og'zidan chiqayotgan so'zlarni ham anglab bo'lmasdi. - Ular meni hech narsa qilmaydilar, meni o'ldirmaydilar, Elma.Chiq, musichaginam, o'rningdan tur.
- Nima... Nima? - Elma sarosimalanib atrofga jovdirardi va ularning kemalari shamolda o'nglanguncha ayol xuddi tushdagidek asta o'rnidan turdi va tosh to'ldirilgan qopdek, boshqa bir og'iz ham so'z aytmay, o'rindiqqa og'ir cho'kdi. Kema ostidagi qum orqaga qochardi. Yarim soatdan keyin ular yana chorrahada paydo bo'lishdi, kemalar langar tashlab, hamma pastga tushdi.
Sem va Elma ro'parasiga marsliklarning Boshlig'i kelib to'xtadi: Niqob jilvirlangan bronzadan yasalgan, ko'zlari - tubsiz qop-qorong'i jarlik, og'iz - so'zlar shamolday uchib chiqayotgan g'or.
- Do'koningizni shaylang, - dedi ovoz. Havoda olmos qo'lqopli qo'l yilt etdi. - Shirinliklar tayyorlang, ziyofat tayyorlang, o'zga yurt sharobidan tayyorlang, zero bugungi tun - haqiqatdan ham buyuk tundir!
- Bundan chiqdi, - so'z qotdi Sem, - siz bu yerda qolishimga izn berayapsizmi?
- Ha.
- Mendan jahlingiz chiqmayaptimi?
Niqob jiddiy va qahrli, sovuqqon va so'qir edi.
- O'zingizning yemakxonangizni tayyorlang, - asta dedi ovoz. - Endi mana buni oling.
- Bu nima? - Sem sirtida ilonsimon ierogliflar chuvalangan yupqa kumush varaq naychaga tikilib qoldi.
- Bu kumush tog'lardan moviy tepaliklargacha, o'lik dengizdan oy toshi va zumradlari bo'lgan olis vodiylargacha Yerdan yuborilgan tuhfa, - dedi Boshliq.
- Hammasi menikimi? - bidirladi Sem quloqlariga ishonmay.
- Sizniki.
- Yuz ming kvadrat mil-a?
- Sizniki.
- Eshitdingmi, Elma?
Elma yerda orqasi bilan sosiskaxonaning alyuminiy devoriga suyanib o'tirardi; u ko'zlarini yumib olgan edi.
- Axir nega, ne sababdan bularning hammasini menga in'om etayapsiz? - Temir o'yiqli ko'zga qarashga harakat qilib, so'radi Sem.
- Bu hammasi emas. Mana.
Yana oltita naycha. Boshqa yerlarning belgilari, nomlari ovoz chiqarib bitta-bitta sanaladi.
- Axir bu Marsning teng yarmi-ku! Men Marsning yarmiga xo'jayinman! - Sem naychalarni Elmaning yuzi oldida silkitgancha devonavor qah-qah urib kular edi. - Elma, eshitdinmi?
- Eshitdim, - javob berdi Elma osmonga qarab.
Aftidan u nimanidir qidirardi. U asta-sekin o'ziga kelmoqda edi.
- Rahmat, katta rahmat, - dedi Sem bronza niqobga.
- Bu bugun tunda sodir bo'ladi, - javob berdi niqob. - Shay bo'lib turing.
- Bo'pti, darvoqe, bugun nima bo'ladi - biron bir kutilmagan narsami? Bu yerdan raketalar, e'lon qilingandan oldinroq, muddatidan bir oy avval uchib keladimi? Odamlari bilan, konchilari bilan, ishchilari va ularning xotinlari bilan barcha o'n ming odam, yuz ming odam uchib keladi dedingizmi?
Juda zo'r bo'lar edi-ku, to'g'rimi, Elma? Ko'rdingmi, axir aytgan edim-a, bu qishloqda mingta aholi bilan ish bitib qo'ya qolmaydi devdim-a. Bu yerga yana ellik ming odam uchib keladi, bir oydan keyin - yuz ming odam, yil oxiriga borib hammasi bo'lib - Yerdan besh million odam keladi! Eng serqatnov yo'l ustida, konlarga boradigan yo'lda mening yakkayu-yagona sosiskaxonam, mening sosiskaxonam qad ko'tarib turadi!
Niqob shamolda parvoz qilardi.
- Biz endi ketamiz. Shaylaning. Butun mana shu o'lka sizlarga qoladi.
Uchar oy nurida qadimgi kemalar- qazilma gullarning ma'dan yaproqlari, moviy sultonlar, ulkan va shovqinsiz ko'm-ko'k kapalaklar - orqaga burilishdi va silliq qumdan sirpanib ketishdi, niqoblar esa hamon nur taratib yaltirar edi, bu hol so'nggi shu'la, so'nggi moviy ziyo tepaliklar orasida ko'zdan yo'qolmaguncha davom etib turdi.
- Elma, ular nega bunday qilishdi? Nega meni o'ldirishmadi? Nahotki ular hech narsani bilmasalar? Ularga nima bo'ldi o'zi? Elma? Hech narsani tushuna oldingmi? - U ayolning yelkasidan siltaladi. - Marsning yarmi - meniki!
Ayol osmonga qaradi, u nimanidir kutmoqda edi.
- Ketdik, - dedi Sem. - Hamma narsani shaylash kerak. Sosiskani qaynatish, bulochkalarni isitish, qalampir sousini qaynatish, piyozni tozalab, to'g'rash, ziravorlarni joy-joyiga qo'yish, salfetkalarni xaltachalarga solib qo'yish kerak, hammayoq yog' tushsa yalagudek toza bo'libturishi kerak! Eh-he! - U tovonlarini baland irg'ishlatgancha qandaydir usulsiz raqsda chaqqon harakatlar qildi. - Men baxtliman, yigitcha, baxtliman, ser, o'zicha xirgoyi qildi u. - Bugun mening baxtli kunim!
U telbalardek ishlar edi: sosiskalarni qaynayotgan suvga irg'itar, bulkalarni ko'ndalangiga parraklar, piyozni qiymalardi.
- Anovi marslik nima deganini eshitdingmi - kutilmagan voqea emish! Bu yerda faqat bir narsa bo'lishi mumkin, Elma. Mana bu yuz ming odam muddatidan ilgari uchib kelayapti bugun tunda, uchib kelayapti! Bu yerda qanaqangi jiz-biz bo'lib ketishini o'ylayapsanmi! Yarim tungacha ishlaymiz, har kuni, u yerda esa yana turistlar bostirib keladi, Elma. Bu pul degani yomg'irdek yog'iladi hali.
U tashqariga chiqdi va osmonga qaradi. Osmonda hech narsa ko'rinmas edi.
- Har daqiqada, - dedi u muzdek havodan huzur qilib simirgancha; kerishib, ko'kragiga urib qo'ydi. - Oh-oh!
Elma sukut saqlardi. U qovurdoqqa kartoshka tozalab archir va bir ko'zi osmonda edi.
Yarim soat o'tdi.
- Sem, - dedi u. - Ana u. Qara.
Sem qaradi va ko'rdi.
Yer.
Bamisoli did bilan ishlov berilgan yorqin, yam-yashil Yer tepaliklar ortidan ko'tarilib kelardi.
- Momo Yer, - mehr bilan shivirladi Sem. - Jondan aziz Momo Yer. Och va yalang'och odamlaringni bu yoqqa, mening oldimga yubor. E... Anovi she'rda nima der edi? Och odamlaringni oldimga yubor, Momo Yer. Sem Parkxill hoziru nozir, qaynoq sosiskalar sizga muntazir. Qaynamoqda sous, suvgato'lar og'iz. Bo'la qol, Yerjon, yubor raketalaringni!
U kashfiyotidan zavqlangani bir chetga o'tdi. Mana u, sosiskaxona, o'lik dengizning tubida archilgan tuxumdek yaltillab turibdi, yuzlab millik biydek cho'lda nur va issiqlikning yagona manbai. Bahaybat qora badanda yolg'iz tepib turgan yurakning o'zginasi.
U hatto hayajonlanib ketdi va ko'zlari faxr yoshlaridan namlandi.
- Bunda xohlasang-xohlamasang yuvosh tortib qolasan, - dedi u qaynab turgan sosiskalar, issiq bulochkalar va sariyog' isini ichiga tortarkan. - Kelib qoling, - yuzlandi u yulduzlarga, - olib qoling.
Qani, kim birinchi?
- Sem, - dedi Elma, tim qora osmondagi Yer birdan o'zgara boshladi.
U alangalandi.
Yer barkashining bir qismi to'satdan million zarralarga parchalanib ketdi - go'yo ulkan quroqsurat to'kilib tushgandek bo'ldi. Bir daqiqa o'tgach, Yerni uch o'lchamga kattalashgan dahshatli alanga tillari chulg'ab oldi, so'ng qisqara boshladi.
- Nima bo'lgan edi unga? - Sem osmondagi yashil olovga qarab turardi.
- Yer, - javob berdi Elma qo'llarini ko'kragiga bosib.
- Qanaqasiga bu Yer bo'lar ekan, bu Yer bo'lishi mumkin emas! Yo'q, yo'q, Yer emas! Bo'lishi mumkin emas.
- Bo'lishi mumkin emas, deysanmi? - dedi Elma unga qarab. - Endi bu Yer emas, ha, endi bu ortiq Yer emas, - sen shunday demoqchimiding?
- Yer emas, yo'q, yo'q, bu Yer emasdi, - ulib dedi xotini.
U qimir etmay turardi, qo'llari soch o'rimlaridek osilib turardi. Og'zi ochiq, ma'nosiz ko'zlarining paxtasi chiqqan.
- Sem, - chaqirdi ayol. Necha kunlardan beri birinchi marta uning ko'zlari jonlandi. - Sem!
Sem yuqoriga, osmonga qaradi.
- Xo'sh, - dedi ayol. Bir daqiqa jimlikdan so'ng nigohini bir narsadan boshqasiga oldi, so'ng ho'l sochiqni shiddat bilan bilagidan oshirib tashladi. - Chiroqni yoq, ko'proq yoq, radioni qo'y, eshiklarni lang ochib qo'y! Mehmonlarning yangi to'dasini kut - taxminan million yilcha. Ha, ha, ser, hamma narsa tayyor bo'lguncha.
Sem qimir etmasdi.
- Eh, sosiska uchun qanday bemisil joy! - ayol stakandan tish tozalagich - xilola oldi-da, kurak tishlari orasiga suqdi. - Men senga bir sirni aytaman, Ser, - shivirlab dedi u eri tomon egilib, - nazarimda, o'lik mavsum boshlanayotganga o'xshaydi...
Noyabr 2005
KUZATUVCHILAR
O'sha kuni oqshom hamma uyidan chiqdi-da, osmonga tikilib qoldi. Ovqat ovqat joyida, idish idish joyida, kino kino joyida qolaverdi, hamma o'zlarining endilikda u qadar yangi bo'lmay qolgan ayvonchasiga chiqdi-da, yam-yashil Yer sayyorasiga ikki ko'zlarini qadab olishdi. Bu mutlaqo noixtiyoriy tarzda sodir bo'ldi; ular hozirgina radio tarqatgan yangilikning ma'nosini chaqishga tirishayotgandek yo'l tutdilar. Ana u - Yer, u yerda urush pishib kelayotibdi, u yerda yuz minglab onalar, buvilar, otalar, aka-ukalar, amma-xolalar, amaki-tog'alar, egachi-singillar bor. Ular ayvonda turgancha o'zlarini Yerning borligiga ishontirmoqchi bo'lar edilar; Bu bir vaqtlar Marsning borligiga ishonishdek qiyin bir narsa edi: nuqulgina telba-teskari jumboq. Sirasini aytganda-ku, Yer ular uchun o'likdek bir narsa, ular u bilan uch yoki to'rt yil avval xayrlashishgan. Masofani o'ylasa, yurak uvishib ketadi, yetmish million yil tuyg'ularni bo'g'adi, xotirani tilka-pora qiladi, Yerni kimsasizga aylantiradi, o'tmishni sidirib tashlaydi va bu odamlarga bu yerda hech narsani o'ylamasdan mehnat qilish imkonini beradi. Lekin bugun oqshom o'lganlar oyoqqa turdi, Yerda yana hayot boshlandi, xotira uyg'ondi va ular ko'plab nomlarni tilga oldilar. Anavi erkak nima qilayapti-yu, manavi ayol nima qilayapti? Falonchi nima bo'ldi? Odamlar o'z ayvonlarida turib, bir-birlariga qarar edilar.
Soat to'qqizda Yer go'yo portlab ketdi va gurillab yona boshladi.
Ayvondagi odamlar xuddi olovni o'chirmoqchi bo'lgandek qo'llarini tepaga irg'itdilar.
Ular kutar edilar.
Yarim tunga kelib yong'in so'ndi. Yer o'z o'rnida qoldi. Ayvonlar bo'ylab yengil nafas kuz shabadasidek yelib o'tdi.
- Garridan biz hech narsa eshitmaganimizga ancha bo'ldi.
- Unga nima qilardi?
- Oyimga xabar yuborsakmikan?
- U soppa-sog'.
- Ishonching komilmi?
- Bo'pti, faqat o'zingni bos.
- Oyimga hech narsa bo'lmagan deb o'ylaysanmi?
- Bo'lmasa-chi, ketdik, uxlaymiz.
Biroq hech kim ketmadi. Tungi maysazorga sovub qolgan kechlik ovqatni chiqarishdi, dasturxon tuzashdi va odamlar tungi soat ikkigacha, Yerdan nur radiosi xabari kelmaguncha ovqatni sanchqilari bilan erinibgina kovlar edilar. Bamisoli uzoqdan uchib kelayotgan tillaqo'ng'izlardek morze harflari yalt-yult qilib ko'zga tashlanardi va ular o'qir edilar:
KO'Z KO'RIB QULOQ ESHITMAGAN ATOM OMBORI
PORTLASHIDAN AVSTRALIYA QIT'ASI KUYIB KULGA AYLANDI.
LOS-ANJELES, LONDON BOMBARDIMON QILINDI.
URUSH. UYGA QAYTING, UYGA, UYGA.
Ular stoldan oyoqqa qalqdilar.
UYGA QAYTING, UYGA, UYGA, UYGA.
- Sem, bu yil akang Taddan biror narsa oldingmi?
- Bilmagandek gapirasan-a: Yerga xat yuborish besh tanga turadi. Bunga nimani ham yoza olarding.
UYGA QAYTING.
- Men negadir Jeyndan xavotirdaman - Jeyn singilcham esingdami?
UYGA.
Salqin tong otganda, soat uchda"Yo'l tovarlari" do'konining egasi boshini chiqardi. Ko'chadan odamlarning butun bir to'dasi kelar edi.
- Men esa bilib turib yopmagan edim. Nima olasiz, mister?
Tongga yaqin do'konning barcha tokchalari bo'm-bo'sh bo'lib qolgandi.
Dekabr 2005
SOKIN SHAHARLAR
O'lik Mars dengizi chekkasida sokin oq shaharcha yastangan. U huvillab yotardi. Ko'chalarda zog' uchmasdi. Kunduzi va kechasi univermaglarda tanho chiroqlar yonib turardi. Do'konlarning eshiklari lang ochiq, go'yo odamlar yopishni unutib, juftakni rostlab qolgandek. Go'ristondek jim-jit tamaddixonalarga kiraverishdagi sim dorlarda o'qilmagan, quyoshda sarg'aygan jurnallar shitirlar edi, ular bir oy muqaddam kumushrang raketa yordamida Yerdan keltirilgan edi.
You have read 1 text from Uzbek literature.
Next - Marsga hujum - 13
  • Parts
  • Marsga hujum - 01
    Total number of words is 3967
    Total number of unique words is 1895
    36.7 of words are in the 2000 most common words
    53.0 of words are in the 5000 most common words
    62.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 02
    Total number of words is 3877
    Total number of unique words is 1887
    36.1 of words are in the 2000 most common words
    52.7 of words are in the 5000 most common words
    63.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 03
    Total number of words is 3769
    Total number of unique words is 1989
    34.7 of words are in the 2000 most common words
    51.6 of words are in the 5000 most common words
    60.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 04
    Total number of words is 3849
    Total number of unique words is 1960
    34.1 of words are in the 2000 most common words
    51.5 of words are in the 5000 most common words
    59.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 05
    Total number of words is 3830
    Total number of unique words is 2064
    33.9 of words are in the 2000 most common words
    50.2 of words are in the 5000 most common words
    59.2 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 06
    Total number of words is 3843
    Total number of unique words is 1976
    34.0 of words are in the 2000 most common words
    49.9 of words are in the 5000 most common words
    58.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 07
    Total number of words is 3902
    Total number of unique words is 2068
    33.6 of words are in the 2000 most common words
    49.9 of words are in the 5000 most common words
    57.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 08
    Total number of words is 3791
    Total number of unique words is 2059
    32.0 of words are in the 2000 most common words
    47.6 of words are in the 5000 most common words
    55.5 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 09
    Total number of words is 3806
    Total number of unique words is 2096
    31.3 of words are in the 2000 most common words
    46.9 of words are in the 5000 most common words
    56.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 10
    Total number of words is 3813
    Total number of unique words is 1985
    34.2 of words are in the 2000 most common words
    49.3 of words are in the 5000 most common words
    57.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 11
    Total number of words is 3928
    Total number of unique words is 1872
    36.8 of words are in the 2000 most common words
    52.9 of words are in the 5000 most common words
    62.0 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 12
    Total number of words is 3965
    Total number of unique words is 1896
    33.8 of words are in the 2000 most common words
    50.9 of words are in the 5000 most common words
    59.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 13
    Total number of words is 3877
    Total number of unique words is 1920
    35.3 of words are in the 2000 most common words
    52.4 of words are in the 5000 most common words
    61.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 14
    Total number of words is 3807
    Total number of unique words is 2030
    33.9 of words are in the 2000 most common words
    51.3 of words are in the 5000 most common words
    60.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 15
    Total number of words is 3869
    Total number of unique words is 2091
    32.1 of words are in the 2000 most common words
    48.9 of words are in the 5000 most common words
    58.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 16
    Total number of words is 4
    Total number of unique words is 4
    0.0 of words are in the 2000 most common words
    0.0 of words are in the 5000 most common words
    25.0 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.