Marsga hujum - 06

Total number of words is 3843
Total number of unique words is 1976
34.0 of words are in the 2000 most common words
49.9 of words are in the 5000 most common words
58.3 of words are in the 8000 most common words
Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
- Qanday his etishimni men yaxshi bilaman, - dedi Cheroki. - Tomirimda cheroklar qabilasi qoni oqadi. Bobom Oklaxoma tarixidan ko'p narsalar gapirib bergan edi. Men sizlarga aytsam, agar bu yerda marsliklar qolgan bo'lsa, men ularni tushunaman.
- Sizlar-chi? - ehtiyotkorlik bilan so'radi boshqalardan.
Hech kim hech narsa deb javob bermadi. O'rtaga o'zgacha bir sukunat cho'kdi. Go'yo topishmoq aytildi-yu, "topgan topaloqniki" qabilidagi bir holat edi. Topgan olib ketaveradi-yu, qolganlar qulog'ini ushlab qolaveradi.
- Shunaqa gaplar, - dedi Spender. - Men marslikni uchratib qoldim.
Ular Spenderga ishonqiramay qarab turishardi.
- Hov anavi yerda, o'lik qishloqlardan birida Uni uchrataman deb sira o'ylamagandim ham. Aqalli qidirganim ham yo'q. Bilmadim, u yerda u nima qilayotgan ekan. Shu haftada men bir kichikroq shaharchada yashadim, qadimgi yozuvlarni o'rganishga harakat qildim, ularning qadimgi san'atlarini tadqiq qildim. Kelib-kelib bir kun bir marslikni ko'rib qoldim. U bir lahzagina ko'rinib turdi-da, o'sha zahoti g'oyib bo'ldi. Shundan keyin ikki kungacha ko'rinmay ketdi. Yanagi kelganida men yozuvlarni tadqiq qilib o'tirardim. Bu bir necha bor takrorlandi, har gal u yaqinroqda paydo bo'lar edi. Men mars tilini o'rganib olgan kunda, - bu haddan tashqari oddiy edi, menga piktogrammalar yordam berar edi - marslik shundoq qarshimda paydo bo'ldi-da: "Menga boshmoqlaringizni bering", dedi. Men unga boshmoqlarimni berdim, u esa bunday dedi: "Endi egningizdagi hamma kiyimingizni bering". Men hamma kiyimimni yechib berdim, u yana: "To'pponchangizni bering" dedi. To'pponchamni berdim.
Shunda u:"Endi men bilan yuring-da, nima bo'lishini tomosha qiling", dedi. Shunday qilib, marslik lagerga ketdi, xullas, u mana shu yerda.
- Men hech qanaqa marslikni ko'rmayapman, - e'tiroz bildirdi Cheroki.
- Afsus.
Spender g'ilofdan to'pponchani oldi. Past g'o'ng'illash eshitildi. Birinchi o'q chapdan eng chekkadagi odamga borib tegdi. Ikkinchi va uchinchi o'q esa o'ngdan chetdagi va o'rtada o'tirgan kishilarga borib tegdi. Oshpaz qo'rqib gulxandan o'girildi va to'rtinchi o'q unga borib tegdi. U yuztuban olov ichiga qulab tushdi va qimirlamay yotib qoldi, kiyimlari esa gurillab yondi.
Quyosh nuriga cho'mgancha raketa g'oz turar edi. Stolda uch kishi o'tirar, qo'llari esa allaqachon sovib qolgan nonushtali likopchalar yonida turardi. Omon qolgan birgina Cheroki gap nimadaligini anglayolmay Spenderga qaradi.
- Men bilan yurishing mumkin, - dedi Spender.
Cheroki hech nima deb javob bermadi.
- Quloq sol, men seni o'z davramga olaman. - Spender kuta boshladi.
Nihoyat Cheroki tilga kirdi.
- Sen ularni o'ldirding, - dedi u va ro'parasida o'tirganlarga bazo'r qarab qo'ydi.
- Ular shunga munosib edilar.
- Esingni yebsan!
- Ehtimol. Lekin sen men bilan yurishing mumkin.
- Sen bilan - nimaga? - qichqirdi Cheroki yuzidan rangi qochgan, ko'zlaridan yosh tirqiragancha.
- Yo'qol ko'zimdan!
Spenderning yuzi ko'kardi.
- Hech bo'lmaganda sen meni tushunarsan, deb o'ylagandim.
- Yo'qol! - Cherokining qo'li to'pponchaga cho'zildi.
Spender oxirgi marta o'q uzdi. Cheroki boshqa qimir etmay qoldi.
Lekin Spender harakatga keldi. U terlagan yuzini kafti bilan siladi. U raketaga qaradi va shu zahoti badani qalt-qalt titray ketdi. Titragani shunchalik ediki, sal bo'lmasa qulab tusha yozdi. Uning yuzi gipnozdan keyingi yoki g'alati tush ko'rib uyg'ongan odamning yuziga o'xshab ketar edi. Titrog'ini bosish uchun u o'tirib oldi.
- Bas qil! Hoziroq! - buyurdi o'z vujudiga.
Har bir hujayrasi qaqshab titrar edi.
- Bas qil dedim!
Eng so'nggi titroqni ham siqib chiqarib tashlash uchun u a'zoyi-badanini iroda iskanjasi bilan qattiq qisdi. Endi qo'llari itoatkor tizzalari uzra tinchgina yotar edi.
U o'rnidan turdi va shoshmaygina ortmoqlangan oziq-ovqatli xaltachasini orqasiga qulayroq joylab oldi. Bir lahzagina uning qo'llari yana titrab ketdi, biroq Spender juda qat'iy ravishda: "Yo'q!" deb buyruq berdi va titroq o'sha zahoti o'tib ketdi. So'ng bitta-bitta odimlab cho'g'dek qizil qoyalar orasida bir o'zi ko'zdan g'oyib bo'ldi.
Olov purkagan quyosh tobora yuqoriga o'rlab borardi. Bir soatdan keyin kapitan nonushta qilgani raketa ichidan chiqib keldi. U fazogirlar bilan salomlashish uchun og'iz ochmoqchi ham bo'lgan ediki, havoda to'pponcha tutunining yengil hidini payqab, to'xtab qoldi. Qarasa, oshpaz gavdasi bilan gulxanni qoplab yerda yotibdi. To'rttala fazogir esa sovib qolgan nonushta oldida o'tirardi.
Trapdan Parkxill va yana ikki odam tushib keldi. Kapitan ularning yo'lini to'sib turar ekan, ko'zlarini stolda unsiz o'tirgan odamlardan, ularning gavdalarini g'alati tutib turishlaridan ololmayotgan edi.
- Hamma odamlarni yig'ing! - buyruq berdi kapitan.
Parkxill kanal yoqalab yugurib ketdi.
Kapitan qo'li bilan Cherokini turtdi. Cheroki asta bukildi-da, stuldan yiqilib tushdi. Quyosh nurlaridan uning qattiq sochlari va yuzi yorishib ketdi.
Ekipaj to'plandi.
- Kim yo'q?
- Yana o'sha Spender yo'q. Biggsni kanaldan topolmadik.
- Spender!
Kapitan uchlari quyoshli osmonga qadalgan tog'larga qarab qo'ydi. Quyoshda uning tirjaygan tishlari charaqlab ketdi.
- Jin ursin uni, - horg'in dedi kapitan. - Nega u mening oldimga kelmadi, u bilan o'zim gaplashib qo'yardim.
- Yo'q, u bilan men gaplashib qo'yardim! - qichqirdi Parkxill ko'zlari g'azabdan chaqnab. - Boshini yorib, miyasining qatig'ini chiqarardim.
Kapitan Uaylder boshi bilan imlab ikkalasini chaqirdi.
- Belkuraklarni olinglar, - dedi u. Jaziramada yer kavlash o'limdan qiyin edi. Qurib qolgan dengizdan issiq shamol esar, yuzga changni keltirib urar edi, kapitan bo'lsa, Injilni varaqlardi. Biroq u kitobni yopdi va belkuraklardan matoga o'ralgan badanlarga qum ohista shuvullab to'kilaboshladi.
Ular raketa oldiga qaytib borishdi, vintovkalarining zatvorlarini sharaqlatishdi, kamarlariga orqadan granatalar bog'lab olishdi, to'pponchaning g'ilofdan oson sug'urib olinishini tekshirib ko'rishdi. Har bir kishiga tog'ning ma'lum bir joyi ajratilgan edi. Kapitan kim qayoqqa borishini aytib turdi, u ovozini ko'tarmas, qo'llari holsiz osilib turardi, qo'llarini deyarli qimirlatmas edi.
- Ketdik, - dedi u.
Spender vohaning turli chekkalarida chang bulutlari ko'tarilishini ko'rib turardi va ta'qib barcha qoidalarga binoan boshlanganini tushundi. U o'qib turgan yassi kumush kitobini qo'ydi-da, katta tosh ustiga joylashib o'tirib oldi. Kitob sahifalari papiros qog'ozidek nafis, qo'lda zarhal va qora chiziqlar bilan ishlangan suratli kumush varaqlardan iborat edi. Bu o'n ming yil ilgarigi, ular uncha katta bo'lmagan mars qishlog'ining bir villasida topgan falsafiy risola edi. Spender kitobdan ajralgisi kelmasdi.
U hatto avvaliga:"Arzirmikan? Nima bo'lsa bo'ldi, ular kelib meni o'ldirmagunlaricha o'tirib, Injil o'qiyveraman", deb o'yladi.
Ertalab u olti odamni otib o'ldirgandan keyin o'zini yolg'iz his etdi, so'ng ko'ngli behuzur bo'ldi va nihoyat vujudini g'alati xotirjamlik egalladi, ammo bu tuyg'u ham tez o'tib ketdi, chunki ta'qibchilarning yo'lini bildiruvchi changni ko'rgach, uni yana ayovsiz tuyg'ular chulg'adi.
U safar flyagasidan muzdek suv ho'pladi. Keyin o'rnidan turdi, kerishdi, esnadi va uni qurshab turgan vohadagi allalovchi sukunatga quloq tutdi. Eh, u va u yoqdan, Yerdan kelgan yana bir necha odam bu yerga kelib o'rnashib, beg'am, betashvish yashaganlarida, qandoq yaxshi bo'lar edi-ya...
Spender bir qo'liga kitobni oldi, ikkinchisiga esa to'pponchani. Ro'parada tagida oppoq toshchalar ko'rinib turgan, qirg'oqlarini yirik-yirik xarsanglar qoplagan tezoqar daryo shovullardi. U toshlar ustida yechindi-da, badanini chaygani suvga tushdi. Shoshmasdan suvda yuvinib-chayinib oldi-da, yana chiqib kiyimlarini kiydi va to'pponchani qo'liga oldi.
Dastlabki o'q ovozlari kunduzgi soat uchlarda yangradi. Bu paytga kelib Spender baland tog'larga chiqib ketgan edi. Orqadan uni ta'qib qilib kelar edilar. Uch mars tog' shaharchasi ortda qoldi.
Ularning tepasida marsliklarning villalari yoyilib yotar edi. Yam-yashil o'tloqlar va tezoqar daryochalardan zavqlangan qadimgi marsliklar toshtaxtalardan hovuzlar barpo etgan, kutubxonalar qurgan, favvoralari shaldirab turgan bog'lar bunyod etgan edilar. Spender yarim soatcha yomg'ir suviga to'lgan hovuzda ta'qibchilarning yaqinlashishini kutib, cho'milib oldi.
Villadan chiqib ketar ekan, uning qulog'iga o'q ovozi chalindi. Orqa tomonda undan besh metrlar narida g'isht mayda-mayda bo'laklarga bo'linib portladi. Spender yugurib qoya ortiga berkindi, o'girilib, bir o'q bilanoq ta'qibchilarning birini yer tishlatdi.
Uni ko'rib olib, qo'lga tushirishlarini Spender bilar edi. Chor atrofdan o'rab olishadi-da, asta-sekin yaqinlashib kelaveradilar va qarabsizki, tamom-da. Ularning hatto shu paytgacha granata irg'itmaganlari g'alati. Kapitan Uaylder bir og'iz aytsa, bo'ldi edi...
"Meni tolqonga aylantirish uchun juda ham noziklik qilaman, - deya ko'nglidan o'tkazdi u. - Kapitanni shu narsa ushlab turibdi. U birgina tirqishcha bilan ishni tugatib qo'ymoqchi bo'layotir.
Ajabo... Mening sarishtagina o'lishimni istayapti. Qonim to'kilmasin deyapti. Nima uchun? Shuning uchunki, u meni tushunadi. Uning yigitlari jonini garovga qo'yib, sabr qilayotgani shundan edi, ishqilib, bitta o'q bilan boshimni nishonga olib, saranjom qilsa go'rga edi. Shunday emasmi?"
Spenderning atrofidagi toshlarni irg'itib, birin-ketin to'qqiz-o'n marta o'q uzildi. Unga qarata ustalik bilan o'q uzishardi, u hatto qo'lidan qo'ymay ushlab turgan kumush kitobdan nigohini ham uzmayotgandi.
Kapitan qo'lida vintovka bilan quyoshning jazirama nurlari ostida panadan sakrab chiqdi. Spender to'pponchasi bilan uni mo'ljalga ola boshladi, biroq otishga shoshmayotgandi. Buning o'rniga u boshqa nishonni tanladi va Uayd yotgan qoyaning cho'qqisini uchirib yubordi. O'sha yoqdan ayanchli qichqiriq eshitildi.
Birdan kapitan qaddini g'oz tutdi-da, oq ro'molcha tutgan qo'lini osmonga ko'tardi. U o'z odamlariga bir narsalar dedi va vintovkasini bir chetga qo'yib, nishablikdan yuqoriga o'rlab ketdi.
Spender bir oz kutib turdi, keyin to'pponchasini shay tutgancha u ham oyoqqa turdi.
Kapitan uning oldiga keldi-da, Spenderga qaramaslikka harakat qilib, issiq toshga o'tirdi.
Kapitanning qo'li kurtkasi cho'ntagiga cho'zildi. Spender to'pponchasini mahkamroq qisdi.
- Sigareta chekasanmi? - taklif qildi kapitan.
- Rahmat. - Spender bitta sigareta oldi.
- Gugurting bormi?
- Bor.
Ular chuqur sukunat ichida bir-ikki sigaret tutunini ichiga tortishdi.
- Kun issiq, - dedi kapitan.
- Juda ham.
- Qalay, yaxshi joylashib oldilaringmi?
- Zo'r.
- Qancha turmoqchisizlar?
- O'n-o'n beshta odamni yer tishlatishga qancha kerak bo'lsa, o'shancha.
- Ertalab qulay payt ekanida sizlar nega biz uchalamizni o'ldirmadinglar? Bemalol shunday qilsalaring bo'lar edi-ku?
- Bilaman. Kayfiyat yo'q edi. Miyangda bir narsa g'uvillab turganida o'zingga-o'zing pand bera boshlaysan. Bitta sen haqsan, boshqalar hammasi nohaq, deb o'ylaysan. Lekin, men mana bu odamlarni o'ldira boshlaganimda birdan ularning g'irt ahmoqligini, ularga qo'l ko'tarib bekor qilganimni anglab qoldim. Kech angladim. Shundan keyin davom etishga ko'nglim bo'lmadi, o'zimni yana aldash, g'azabimni qo'zg'atish, kerakli kayfiyatni qayta tiklash uchun bu yerdan ketdim.
- Qayta tikladingizmi?
- Unchalik emas. Lekin shu ham yetarli.
Kapitan sigaretasini aylantirib qaray boshladi.
- Nega shunday qildingiz?
Spender xotirjam to'pponchani oyoqlari yoniga qo'ydi.
- Chunki men Marsda ko'rganlarimni faqat orzu qilish mumkin, xolos. Ular biz yuz yil avval to'xtatishimiz kerak bo'lgan joyda to'xtaganlar. Men ularning shaharlarini aylanib chiqa boshladim, bu xalqni bilib oldim va ularni o'z ajdodlarim deb atashdan baxtli bo'lar edim.
- Ha, ularning shaharlariga gap yo'q. - Kapitan shaharlardan biriga boshi bilan ishora qildi.
- Gap faqat shundagina emas, albatta, ularning shaharlari yaxshi. Marsliklar o'zlarining turmushlarini san'atkorona ifodalab qo'ya olishgan. Amerikaliklarda san'at har doim alohida modda hisoblanadi, uning joyi - yuqorida, hardamxayol o'g'lining xonasida. Boshqalar uni yakshanbalikulushlari, ta'bir joiz bo'lsa, kimdir din bilan qorishiqda deb biladi. Marsliklarda esa hammasi bor - san'at ham, din ham va boshqalar ham...
- Ular bir narsaning tagiga yeta olishdi, deb o'ylaysizmi?
- Albatta.
- Shuning uchun ham siz odamlarni o'ldira boshlagansiz?
- Kichkinaligimda ota-onam meni o'zlari bilan Mexiko-sitiga olib ketishdi. Otam o'zini u yerda baqiroq, dimog'dor tutganini hech esimdan chiqarolmayman. Onamga kelsak, uni u yerdagi odamlar kam yuvinadi, badani qora deb unchalik yoqtirishmasdi. Opam esa ular bilan umuman gaplashmasdi.
Bitta mengina ularga yoqib qolgan edim. Otam bilan onamning Marsga kelib qolsa o'zlarini xuddi o'shanday tutishlarini men juda yaxshi tasavvur qilaman. O'rtacha amerikalik har qanday g'ayrioddiy narsaga burnini jiyirib qaraydi. Chikago tamg'asi yo'qmi, demak, bu hech narsaga yaramaydi.
Ko'rdingizmi qanaqa! Ey xudo, shunaqayam bo'ladimi! Urush-chi! Parvozimizdan oldin Kongressda yangragan nutqlar esingizdadir! Mabodo sayohat muvaffaqiyatli chiqsa, Marsda uch atom laboratoriyasi va atom bomba omborlari joylashtirishar emish-a! Bundan chiqdi, Mars tamom; barcha mo''jizalar yo'q bo'lib ketadi. Xo'sh, o'zingiz ayting-chi, agar marslik Oq uy pollarini ho'l qilib qo'ysa, siz o'zingizni qanday his qilgan bo'lardingiz?
Kapitan churq etmay quloq solib turardi.
Spender gapida davom etdi:
- Qolgan galvarslar-chi? Tog' sanoati bosslari, sayohat byurosi... Ispaniyadan Kortes o'zining yuvosh kompaniyasi bilan kelganida Meksikaga nima bo'lgani esingizdami? Bu yuho taqvodor - iblislar qanday madaniyatni yo'q qilib tashlashdi! Tarix Kortesni kechirmaydi.
- Bugun biz bilan odobli muomala qilishdi deb aytib bo'lmaydi, - dedi kapitan.
- Mening ilojim qancha edi! Siz bilan bahslashaymi? Axir men bir o'zimman - u yerda, Yerdagi bu ablah, yebto'ymas butun bir galaga qarshi bir o'zim-a. Ular bu yerda darhol o'zlarining maraz atom bombalarini irg'ita boshlaydilar, yangi urushlar uchun bazalarga yer talashadilar. Bu hamyetmagandek, bir sayyora kamlik qilib, boshqa sayyoralarning rasvosini chiqaradilar. Kallasiz vaysaqilar. Bu yerga kelganimda men o'zimni faqat madaniyat deb atalmish bu balodan emas, ularning bu axloq-odobi, bu rasm-rusumlaridan ham qutulgandek bo'lgan edim. Bu yerda endi menga ularning qonun-qoidalari-yu, tuzumlari daxl qilmaydi deb ishongandim. Barchalaringizni asfalasofilinga jo'natib, o'zim xon, ko'lankam maydon bo'lib yashasam bo'laverardi.
- Lekin teskari bo'lib chiqdi.
- Ha. Raketa yonida beshalasini yer tishlatganimda butunlay yangilana olmaganimni, haqiqiy marslik bo'lolmaganimni angladim. Yerda senga yopishgan balodan osonlikcha qutulib bo'lmas ekan.
Lekin men endi ikkilanmay qo'ydim. Men hammangizni bitta qo'ymay o'ldiraman. Bu navbatdagi ekspeditsiyani jo'natishni kam deganda besh yilga surib yuboradi. Bizning raketamiz yagona, boshqa bunaqasidan yo'q. Yerda bizdan bir yil, bo'lmasa ikki yil yangiliklar kutishadi va biz haqimizda ular hech narsa bilolmagach,ularga yangi ekspeditsiyani tayyorlash juda qimmatga tushadi. Raketani ikki barobar katta qilib ishlaydilar, yangi omadsizliklardan saqlanish uchun yuzlab ortiqcha omilkor konstruktsiyalar qiladilar.
- Hisob-kitobingiz chakki emas.
- Bordi-yu, siz yaxshi xabarlar bilan qaytib borsangiz, bu Marsga ommaviy bostirib kelishni tezlashtiradi. Shunda, xudo xohlasa, oltmish yoshgacha yashayman-da, har bir yangi ekspeditsiyani qarshi olaveraman. Har gal bittadan ortiq raketa yuborishmaydi - u ham yilda bir marta va ekipaj yigirmakishidan ortiq bo'lmaydi, men, albatta, ular bilan do'stlashib olaman, raketamiz to'satdan portlab ketdi deyman, - men buni sizlarni biryoqlik qilib olgach, shu hafta ichidayoq portlataman, keyin esa ularning o'zlarini yo'q qilib yuboraman. Shu bilan yarim asrcha Marsni omon saqlab qolaman; yerliklar, ehtimol, ortiq urinmay qo'yishadi. Tinmay yonadigan va tushib turadigan tseppelpilar qurilishiga odamlar qanday sovuqqonlik bilan qaragani esingizdadir?
- Hammasini miridan-sirigacha o'ylabsiz, - iqror bo'ldi kapitan.
- Xuddi shunday.
- Bir narsadan tashqari: bizlar juda ko'pmiz. Bir soatdan keyin halqa yopiladi. Bir soatdan keyin siz murdaga aylanasiz.
- Men yerosti yo'llarini ko'rdim va shunday mustahkam bombapanalarni ko'rdimki, siz ularni ikki dunyoda ham topolmaysiz. O'sha yoqqa boraman, bir necha hafta o'tiraman. Sizning sabr kosangiz to'ladi. Shunda men chiqaman-da, sizlarni yana bittama-bitta narigi dunyoga jo'nataveraman.
Kapitan bosh irg'adi.
- Menga o'zingizning bu yerdagi tamadduningiz haqida so'zlab bering, - dedi u qo'li bilan tog' qishloqlari tomonni ko'rsatib.
- Ular tabiat bilan hamjihatlikda, dorilomon yashashgan. Odam bilan inson o'rtasida chegara o'rnatish uchun juda haddilaridan oshib ketmaganlar. Darvin paydo bo'lganda biz shunday xatoga yo'l qo'yganmiz. Bizda keyin nima bo'lgan edi: avvaliga suyundik, uni ham, Gekslini ham, Freydni ham quchog'imizga mahkam bosib olmoqchi bo'ldik. Keyin to'satdan ma'lum bo'ldiki, Darvin bizning dinimiz bilan hech ham chiqisholmas ekan. Nima bo'lganda ham bizga shunaqa tuyulgandi. Lekin bu ahmoqlik-ku, axir! Darvin, Geksli, Freydning bir oz tanobini tortib qo'ymoqchi bo'ldik. Ular osonlikcha bo'y berishmadi. Shunda biz dinning dabdalasini chiqarishga kirishdik. Bu ishni do'ndirdik ham.
Iymondan ayrildik va hayot mazmuni ustida bosh qotira boshladik. Agar san'at - bor-yo'g'i qoniqmagan ehtiroslar ifodasi, agar din - o'z-o'zini aldashgina bo'lsa, unda biz nega yashaymiz?
Iymon hamma narsaga javob topib bersin! Lekin Darvin va Freyd kelishi bilan u naychaga kirib ketdi.
Inson zoti shu adashganicha qolib ketdi.
- Marsliklar-chi, to'g'ri yo'lni topib olishgandir, hoynahoy? - surishtirdi kapitan.
- Ha. Ular fan bilan dinni shunday uyg'unlashtirib yubora oldilarki, ular bir-birini inkor etmadilar, balki bir-birlariga yordam berib, boyitdilar.
- Hech aql bovar qilmas hol!
- Xuddi shunday bo'ldi ham. Buning amalda qanday bo'lganini sizga juda-juda ko'rsatgim kelayapti.
- Odamlarim meni kutib turishibdi.
- Yarim soatgina shoshmay turing. Ularga aytib qo'ying, ser.
Kapitan taysalladi, so'ng o'rnidan turdi-da, joyidan qimirlamay turish uchun pastga yotib olgan dastasiga qarab qichqirdi.
Spender uni nuqsonsiz muzdek marmar bilan tiklangan mo''jazgina mars qishlog'iga olib bordi. Ular ulkan hayvonlar tasviri tushirilgan katta ravoqlarni ko'rishdi. Tasvirlar ichida oq panjali mushuklar va quyosh ramzini bildiruvchi sariq doiralar bor edi, ho'kizlarni esga soluvchi hayvon haykalchalari, erkaklar, ayollar va tumshug'i ulkan bahaybat itlarning siymolari ko'zga tashlanardi.
- Mana sizga javob, kapitan.
- Ko'rmayapman.
- Marsliklar hayvonlar hayotining sirini bilib olganlar. Hayvon yashashning ma'nosini bilolmaydi. U yashaydi. Yashash uchun yashaydi. Uning uchun javob hayotning o'zidan iborat, sevinchi ham, lazzati ham shuning ichida. Mana bu haykalga bir qarang-a: hamma joyda ramziy hayvonlar tasviri.
- Majusiylikka ham o'xshab ketadi.
- Aksincha, bu xudoning ramzi, hayotning ramzlari. Marsda ham Insonga insondan juda ham ko'p narsa va hayvondan juda ham oz narsa yuqib qolgan paytlar ham bo'lgan. Lekin Marsdagi odamlar bir narsani tushunganlar: tirik qolish uchun hayotning ma'nosi nima ekanini kavlashtirishni bas qilish kerak. Hayotning o'zi tayyor javob. Hayotning maqsadi hayotni qayta tiklash va uni iloji boricha yaxshiroq tashkil etish. Marsliklar, nima uchun yashash kerak, degan savol ularda javob berish mumkin bo'lmagan ayni qizg'in urush va musibatlar paytida tug'ilganini payqab qolganlar. Tamaddun muvozanat va barqarorlik kasb etdi. Urushlar tindi deguncha bu savol yana bema'ni bo'lib qoldi, butunlay boshqacha bema'ni. Hayot yaxshi bo'lganda, u haqda bahs ochishga na hojat!
- Gapingizga qaraganda, marsliklar ancha sodda bo'lishgan ekan-da?
- Soddalik o'zini oqlagan joyda, albatta. Ular hamma narsani dabdala qilish, hamma narsani ostin-ustin qilishga intilish kasalligidan forig' bo'lganlar. Ular din, san'at va fanni bir-biri bilan uyg'unlashtirib yuborganlar: axir fan oxir-oqibatda biz tushuntirib berishdan ojiz bo'lganmo''jizani tadqiq etishi, san'at esa, mana shu mo''jizani talqin etishi kerak bo'lgan. Ular fanning go'zallikni, nafosatni barbod etishiga yo'l qo'ymaganlar. Bular hammasi me'yor masalasidir. Yerliklar shunday mulohaza qiladilar: mana bu suratda rang yaxshi chiqmagan, fan esa rang - bu bor-yo'g'i modda zarralarining muayyan joylashuvi, aks etayotgan nurning alohida qiyofasi ekanini isbotlay oladi. Binobarin, rangi mening nigohimga tushgan predmetlarning haqiqiy vositalari hisoblanadi. Undan ko'ra aqlliroq bo'lgan marslik shunday degan bo'lar edi: "Bu ajoyib surat. Uni ilhombaxsh inson qo'li va miyasi bilan yaratgan.
Uning g'oyasi va bo'yoqlariga hayot bergan. A'lo narsa".
Ular jim qolishdi. Kechki quyosh nurlariga ko'milib o'tirishar ekan, kapitan unsiz marmar shaharchani qiziqish bilan tomosha qila boshladi.
- Mana bu yerda jon-jon deb yashagan bo'lardim, - dedi u.
- Xohlasangiz bo'ldi.
- Siz menga taklif etayapsizmi?
- Odamlaringiz ichida bularning barchasini kim yaxshi tushuna oladi? Ular o'zlariga yetguncha dimog'dor, endi ularni to'g'rilab bo'lmaydi. Ular bilan Yerga qaytishingizga na hojat! Jons bilan pachakilashganimi? Xuddi Smitdagidek vertolyot sotib olganimi? Qalb bilan emas, hamyon bilan musiqa eshitish uchunmi? Bu yerda bir hovlida men bir mars musiqasi yozuvini topib oldim, u kam deganda ellik ming yil oldin yozilgan ekan. U hali ham binoyidek ovoz beradi. Bunaqa musiqani hayotda boshqa hech bir joyda eshitmaysiz. Qolsangiz, siz ham eshitar edingiz. Bu yerda kitoblar bor.
Men ularni bemalol o'qiy olaman. Siz ham o'qir edingiz.
- Bari bir-biridan maroqli narsalar.
- Shunday bo'lsa ham qolmaysizmi?
- Yo'q. Ammo taklifingiz uchun baribir rahmat aytaman.
- Demak, ma'lum bo'lishicha, siz meni tinch qo'yish niyatida emassiz. Men barchangizni o'ldirishimga to'g'ri keladi.
- Siz nekbinsiz.
- Men nima uchun jang qilishni va nima uchun yashashni bilaman, shuning uchun o'ldirishga kelganda men sizdan ko'ra chaqqonroqman. Ko'nglimda, ta'bir joiz bo'lsa, o'z dinim paydo bo'ldi: men yana nafas olishni, oftobda yotishni, quyosh nurlarini o'zimga singdirib toblanishni, kuytinglashni va kitob o'qishni o'rganaman. Xo'sh, sizning tamadduningiz menga nimani taklif qila oladi?
Kapitan og'irligini bir oyog'idan boshqa oyog'iga soldi-da, boshini chayqadi.
- Shunday bo'lishidan juda afsusdaman. Bularning barchasidan xafaman...
- Men ham. Endi esa hujumingizni boshlashingiz uchun sizni qaytarib olib borib qo'yish vaqti keldi.
- Mayli.
- Kapitan, men sizni o'ldirmayman. Hammasi tamom bo'lganda siz tirik qolasiz.
- Nima?
- Men avval-boshdayoq sizni ayashga qaror qilgan edim.
- Obbo, siz-ey...
- Men sizni anovi boshqalardan qutqaraman. Ular o'ldirilgandan keyin siz balki boshqatdan o'ylab ko'rarsiz.
- Yo'q, - dedi kapitan. - Mening tomirimda ko'proq Yer qoni oqadi. Men sizni ketgani qo'yolmayman.
- Bu yerda qolish imkoniyatingiz bo'lganida hammi?
- Ha. Shunisi qiziqki, o'shanda ham. Negaligini bilmayman. Hech o'zimga shunday savol berib ko'rmagan ekanman. Mana, yetib ham keldik.
Ular avvalgi joylariga qaytib kelishdi.
- Men bilan o'zingiz xohlab boraverasizmi, Spender? Oxirgi marta aytayapman.
- Tashakkur. Bormayman. - Spender bir qo'lini oldinga cho'zdi. - Yana bir narsa, ketar jafosiga.
Agar siz yengib chiqsangiz, menga bir ish qilib berasiz. Agar kuchingiz yetsa, bu sayyoraning iztirobini hech bo'lmaganda ellik yilga surib berishga harakat qilib ko'ring, qadimshunoslar avval bir yaxshilab ter to'kishsin-da! Rozimisiz?
- Roziman.
- Yana bir gap, agar bundan kimdir yengil tortsa, meni yoz kunida bir aqli suyulgancha qaytib o'ziga kelmagan ojiz bir jinni deb hisoblayvering. Balki siz yengil tortarsiz...
- O'ylab ko'raman. Xayr, Spender, yaxshi qoling.
- Siz g'alati odamsiz, - dedi Spender, kapitan garmselga qarshi yo'lakdan pastga tomon odimlab ketganda.
Nihoyat kapitan uni sabr-toqat bilan kutib turgan, changga botgan o'z odamlari oldiga qaytib keldi.
U quyoshdan ko'zlarini chimirib olgan va og'ir-og'ir nafas olardi.
- Ichishga kimda suv bor? - deb so'radi kapitan.
U qo'liga muzdek flyagani tutqazganlarini his qildi.
- Rahmat.
U bir ho'plam ichdi. Og'zini artdi.
- Xo'sh, - dedi kapitan. - Hushyor bo'linglar. Shoshadigan joyimiz yo'q, vaqtimiz bemalol. Biz tomondan ko'p qurbon bo'lmasligi kerak. Siz uni o'ldirishingizga to'g'ri keladi. U men bilan borishga unamadi. Uni bir o'q bilan yer tishlatishga harakat qiling. G'alvir qilibtashlamang. O'ldiring, vassalom.
- Men uning la'nati kallasini qovoqdek yorib tashlayman, - to'ng'illadi Sem Parkxill.
- Yo'q, faqat yuragiga, - dedi kapitan. U Spenderning shafqatsiz qat'iy chehrasini aniq-tiniq ko'rib turardi.
- Uning la'nati kallasini, - takrorladi Parkxill.
Kapitan flyagani unga uzatdi.
- Buyrug'imni eshitdingizmi? Faqat yuragiga.
Parkxill o'zicha nimadir deb to'ng'illab qo'ydi.
- Ketdik, - dedi kapitan.
Ular yana har tomonga sochilib ketishdi, odimlashdan yugurishga o'tishdi, keyin yana odimlab ketishdi, ular goh jazirama yonbag'irdan yuqoriga o'rlar, goh muzdek, to's hidi anqib turgan mag'oralarga sho'ng'ib ketishar, goh obdon qizigan tosh hovuriga to'liq charog'on ochiq maydonda paydo bo'lib qolar edilar.
"Yuragingdan o'zingni epchil his qilib, unday bo'lishni istamaganingdan keyin, - o'yladi kapitan, - bu epchillik va jonsaraklik ham ko'zingga balodek ko'rinib ketar ekan. Bildirmay kirib borish, har xil nayranglarni o'ylab topish va o'zingning makkorliging bilan faxrlanish, yuragimdan o'zimning haq ekanligimga ishonmaganimdan keyin unday haqgo'ylik tuyg'usini boshimga uramanmi! Xo'sh, bunday olib qaraganda, biz kimmiz? Ko'pchiligimiz?... Ko'pchilik har doim aybsiz bo'lib kelganligi shunga javob emasmi? Har doim ko'pchilik hatto tariqcha adashishi mumkin emas, shunday emasmi? Hatto o'n million yilda ham bir marta adashmaydi..."
U xayol surishda davom etdi:"Bu ko'pchilik degani o'zi nima-yu, unga kimlar kiradi? Ular nima haqda o'ylaydilar, ular nima uchun aynan shunday bo'lib qolganlar, nahotki hech qachon o'zgarmaydilar? Qolaversa, men bu la'nati ko'pchilik ichiga qanday jin urib kirib qoldim? Hech o'zimga kelolmayman. Bunga sabab nima: klosstrofobiya, olomondan qo'rqishmi yoki shunchaki sog'lom fikrmi? Butun dunyo o'zining haqligiga amin bo'lib turganida bitta odam haq bo'lib chiqishi mumkinmi? Keling, bu haqda o'ylamaylik. Qornimizda o'rmalaylik, biqinib olaylik, tepkini bosaylik!
Mana shunday! Shunday!"
Uning odamlari kimo'zarga chopishar, yiqilishar, yana olg'a qarab chopishar, soyada bir oz qo'nim topib, tishlarini tirjaytirishar, og'izlari bilan nafas olar edilar, chunki havo og'ir edi, unda chopish beshbattar og'ir edi; og'ir havoda, ora-chora besh daqiqa o'tirib, og'ir-og'ir nafas olgancha tin olmasa bo'lmas edi, - ko'zlarining oldida o't chaqnar edi, - kislorodni shuncha ichga tortgan bilan hech kim to'ydim demasdi, oxir tishni-tishga bosib, yana oyoqqa turishga va bu og'ir havoni o't va momaqaldiroq bilan parcha-burish qilib tashlash uchun vintovkani ko'tarishga to'g'ri kelardi.
Spender kapitan uni tashlab ketgan yerda yotgancha ta'qibchilarga qarab ahyon-ahyonda o'q uzib qo'yar edi.
- Uning la'nati miyasini toshlarda ezg'ilayman! - bo'kirdi Parkxill va yonbag'irdan yuqoriga qarab chopib ketdi.
Kapitan ser Parkxillni nishonga oldi, keyin unga o'qrayib qaragancha to'pponchasini bir chetga qo'ydi.
- Nima qilmoqchi edingiz? - so'radi u holsizlangan qo'li va to'pponchadan ko'z uzmay.
U sal bo'lmasa Parkxillning orqasidan otib tashlayozdi.
- Yo alhazar, menga nima bo'ldi?
U Parkxillning chopib ketayotib yiqilganini, pana joy topib olganini ko'rdi. Spenderning atrofida siyrak odamlar qatori asta saf tortmoqda edi. U cho'qqida, ikkita xarsang ortida, havo yetishmasligidan og'zini horg'in qiyshaytirib yotardi, qo'ltiqlari tagida qop-qora ter dog'lari paydo bo'ldi. Kapitan bu xarsanglarni aniq ko'rib turar edi. Ikki xarsangni bir-biridan ajratib turgan o'n santimetrlarcha oraliqdan Spenderning ko'ksi ko'rinib turardi.
- Hoy! - deb qichqirdi Parkxill. - Miyangning qatig'ini chiqarishga bitta o'qni g'amlab qo'yibman!
Kapitan Uaylder kutardi."Ha, Spender, bo'sh kelma, - o'ylardi u. - O'zing o'ylaganingdek, tuyog'ingni shiqillat! Yana bir necha daqiqadan keyin kech bo'ladi. Ket, keyin yana chiqasan. Xo'sh!
Ketaman deb aytuvding-ku. O'zing qidirgan mana bu mag'oralarga gumdon bo'lsang-chi, kirib ol-da, bir oy, bir yil, ko'p yillar yotaver. O'zingning g'aroyib kitoblaringni o'qi, ehrom hovuzlaringda cho'mil.
Qani, hoy odamvachcha, fursat g'animatda quyon bo'lib qolsang-chi".
Spender joyidan qimir etmasdi.
"Unga nima bo'lgan o'zi?" - so'radi o'zidan kapitan.
You have read 1 text from Uzbek literature.
Next - Marsga hujum - 07
  • Parts
  • Marsga hujum - 01
    Total number of words is 3967
    Total number of unique words is 1895
    36.7 of words are in the 2000 most common words
    53.0 of words are in the 5000 most common words
    62.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 02
    Total number of words is 3877
    Total number of unique words is 1887
    36.1 of words are in the 2000 most common words
    52.7 of words are in the 5000 most common words
    63.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 03
    Total number of words is 3769
    Total number of unique words is 1989
    34.7 of words are in the 2000 most common words
    51.6 of words are in the 5000 most common words
    60.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 04
    Total number of words is 3849
    Total number of unique words is 1960
    34.1 of words are in the 2000 most common words
    51.5 of words are in the 5000 most common words
    59.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 05
    Total number of words is 3830
    Total number of unique words is 2064
    33.9 of words are in the 2000 most common words
    50.2 of words are in the 5000 most common words
    59.2 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 06
    Total number of words is 3843
    Total number of unique words is 1976
    34.0 of words are in the 2000 most common words
    49.9 of words are in the 5000 most common words
    58.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 07
    Total number of words is 3902
    Total number of unique words is 2068
    33.6 of words are in the 2000 most common words
    49.9 of words are in the 5000 most common words
    57.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 08
    Total number of words is 3791
    Total number of unique words is 2059
    32.0 of words are in the 2000 most common words
    47.6 of words are in the 5000 most common words
    55.5 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 09
    Total number of words is 3806
    Total number of unique words is 2096
    31.3 of words are in the 2000 most common words
    46.9 of words are in the 5000 most common words
    56.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 10
    Total number of words is 3813
    Total number of unique words is 1985
    34.2 of words are in the 2000 most common words
    49.3 of words are in the 5000 most common words
    57.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 11
    Total number of words is 3928
    Total number of unique words is 1872
    36.8 of words are in the 2000 most common words
    52.9 of words are in the 5000 most common words
    62.0 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 12
    Total number of words is 3965
    Total number of unique words is 1896
    33.8 of words are in the 2000 most common words
    50.9 of words are in the 5000 most common words
    59.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 13
    Total number of words is 3877
    Total number of unique words is 1920
    35.3 of words are in the 2000 most common words
    52.4 of words are in the 5000 most common words
    61.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 14
    Total number of words is 3807
    Total number of unique words is 2030
    33.9 of words are in the 2000 most common words
    51.3 of words are in the 5000 most common words
    60.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 15
    Total number of words is 3869
    Total number of unique words is 2091
    32.1 of words are in the 2000 most common words
    48.9 of words are in the 5000 most common words
    58.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 16
    Total number of words is 4
    Total number of unique words is 4
    0.0 of words are in the 2000 most common words
    0.0 of words are in the 5000 most common words
    25.0 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.