Marsga hujum - 10

Total number of words is 3813
Total number of unique words is 1985
34.2 of words are in the 2000 most common words
49.3 of words are in the 5000 most common words
57.6 of words are in the 8000 most common words
Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
- Tayyordir, Payks?
Payks nigohini stoldan oldi.
- Ha, ser.
- A'lo ish.
- Tekin nonni yemaymiz, mister Stendal, - past ovozda javob berdi Payks; robotning qayishqoq qovog'ini ko'tardi-da, unga shisha ko'z olmasini solib qo'ydi va unga kauchuk mushaklarini chaqqonlik bilan yopishtirdi. - Shunday...
- Quyma, mister Garret.
- Qiziq, siz uni nima qilasiz, ser? - Payks boshini irg'ab chinakam o'lik Garret yotgan tosh plita tomonni ko'rsatdi.
- Yaxshisi kuydirish-da, Payks. Bizga ikkita mister Garretning nima keragi bor.
Payks Garretni g'ishtin axlat kuydirgich oldiga sudrab bordi.
- Yaxshi qoling.
U mister Garretni ichkariga itarib yubordi-da, eshikni yopdi.
Stendal robot Garretga yuzlandi.
- Vazifangiz sizga aniqmi, Garret?
- Ha, ser. - Robot gavdasini ko'tarib o'tirib qoldi, - men Axloq Iqlimi Boshqarmasiga qaytib borishim kerak. Qo'shimcha ma'ruzani taqdim etishim kerak. Operatsiyani kam deganda 48 soatga cho'zishim kerak. Men yanada batafsilroq tadqiq o'tkazishim kerakligini aytishim kerak.
- To'g'ri, Garret. Muvaffaqiyat tilayman.
Robot shoshilib Garretning raketasi oldiga o'tdi, unga chiqda-da, parvoz qilib ketdi.
Stendal burilib qaradi.
- Xo'sh, Payks endi bugungi oqshomga qolgan taklifnomalarni tarqatamiz. O'ylaymanki, yaxshi bo'ladi. Siz nima deysiz?
- Agar 20 yil kutganimizni hisobga olsak, hattoki juda yaxshi bo'ladi.
Ular bir-biriga ko'z qisib qo'ydi.
Soat rosa 7. Stendal soatiga qaradi. Endi ko'p qolgani yo'q. U o'rindiqda o'tirgancha qo'lidagi xeresli qadahni aylantirar edi. Ularning ustida, dub to'sinlar oralig'ida ko'zlarini yiltillatib nozikkina mis suyakli rezina terili ko'rshapalaklar chiyillardi. U ko'rshapalaklarni olqishlagancha qadahni ko'tardi.
- Muvaffaqiyatimiz uchun!
U o'zini orqaga tashladi, ko'zlarini yumdi va hammasini xayolan bir boshdan tekshirib chiqdi.
Qariganida bir ko'nglini bo'shatib oladi... Adabiyotni qatag'on qilgani uchun, gulxan uchun bu antiseptik hukumatdan qasos oladi. Yillar g'azab to'planib keldi, nafrat to'planib keldi... va karaxt bo'lgan qalbi tubida zimdan, asta-sekin fikr pishib yetila boshladi. U Payksni uchratgan o'sha uch yil oldingi vaqtgacha shunday bo'lgan edi.
Ha, aynan Payksni. Shafqatsiz yuragi achchiq ishqorga to'ldirilgan qing'ir qora quduqdek bo'lib qolgan Payksni. Payks kim o'zi? Ularning ichidan eng ulug'i, tamom-vassalom! Payks - minglab murtaklar, tutun, moviy tuman, oq yomg'ir, ko'rshapalak, darrandani o'zida mujassam qilgan odam, mana Payks kim! "Lon Chenidan yaxshiroq patriarxmi?" - o'zidan so'radi Stendal. Qadimgi filmlarda ko'rgan Cheni, qatorasiga bir necha oqshom tomosha qilgan edi... Ha, Chenidan yaxshiroq. Boshqa keksa aktyordan ko'ra yaxshiroq - anovi Karloff degani bor-u, o'shandan ancha-muncha yaxshi!
Lyugosi-chi? Unga qiyoslab bo'lmaydi! Payks - yagona, qiyosi yo'q. Nima bo'pti: uni talon-toroj qilishdi, to'qimalar huquqini olib qo'yishdi, hech yoqqa borolmaydi, birovga dardini aytib sololmaydi.
Hatto o'zi uchun ko'zgu oldida o'ynashni ham taqiqlab qo'yishdi!
Sho'rlik Payks - aql bovar qilmas, qurolsizlantirilgan Payks! Sening filmlaringni musodara qilgan, xuddi kinokameradan tasma halqasini sug'urgandek qorningdan ichak-chavoqlaringni sug'urib olgan, g'ijimlagan, pechkaga tashlagan, yoqib yuborgan o'sha oqshomda sen nimalarni his qilgan eding!Ellik ming kitobni boy berib, evaziga hech narsa olmaganing senga og'ir botgan edimi? Ha, ha. Stendal azbaroyi g'azabdan qo'llari muzlab ketayotganini his qildi. Bir kuni - bundan ham tabiiyroq bo'lishi mumkinmi - ular to'qnash kelib qolishdi va suhbatga berilib ketishdi. Ularning suhbati xuddi ichgan qahvalari kabi hisobsiz tunlarga cho'zilib ketdi va so'zlarning oqimi, achchiq ichimlik asnosida Esher Uyi dunyoga keldi.
Cherkov qo'ng'irog'ining bo'g'iq sadosi eshitildi. Mehmonlar tashrif buyurmoqda edilar.
Jilmaygancha u mehmonlarni qarshi olgani tashqariga yo'naldi.
Robotlar kutar edilar- bolalik xotiralarisiz katta yoshdagi odamlar. O'rmon ko'llari rangidagi yashil shoyi libosdagi, baqa va paporotnik tusli shoyi libosdagi robotlar kutar edilar. Qum va quyosh rangli, sariq sochli robotlar kutar edilar. Ustidan jelatin quyilgan naychasimon bronza suyakli robotlar yotar edilar. Tirik bo'lmagan va o'lik bo'lmaganlar tobutlarida, taxta qutilarda turtib yuborishlarini kutib mayatniklar yotar edilar. Surtma va quyma ma'dan hidi anqir edi. Go'riston jimligi hukm surardi. Har ikki jinsdagi, ammo jinssiz robotlar. Yuzlari bor-u, ammo yuzsiz, odamzotdan odamlikdan boshqa hamma narsani yuqtirib olgan robotlar ustiga "Frankoborot" deb yozilgan qutilarning qator mixlar qoqilgan qopqog'iga tik qarab turgan robotlar, ular o'lim deb atab bo'lmaydigan yo'qlikda turar edilar, chunki bu yo'qlik ortidan hayot asari sezilmas edi... Birdan mixlar qattiq vizillaydi. Birin-ketin qopqoqlar ko'tariladi. Qutilar uzra soyalar o'ynaydi, qo'lda siqilgan moy idish mashina moyini tizillatib otadi. Ishga tushirilgan bir murvat asta chiqillaydi. Yana bir murvat, yana bir, nihoyat xuddi ulkan soat do'konidagidek, chor atrofni chaq-chuq ovozi bosib ketadi. Toshko'zlari yog'och qovoqlarini keng ochadilar. Burun kataklari pirpiraydi. Maymun yunglari va oq quyon terisi qoplangan robotlar oyoqqa turadilar. Egizaklar Tvidldam va Tvidldi, Buzoqboshi, Sonya, Oppoq cho'kkanlar, - tana o'rniga tuz va mayin suv yo'sinlari, ustritsa rangidagi ko'zlari irg'ib chiqqan ko'kishtob dorga osilganlar, muz xilqatlar va yaltiroq pistonchalar, sopol pakanalar va jigarrang elflar, CHiq-chiq, Olabo'jilar, sun'iy bo'ron buluti ichidagi Santa Klaus, Ko'k Soqol - jag' soqollari xuddi atsitelen olovidek gurillab turibdi. Yashil tillarini o'ynatib, kulrang pag'a-pag'a tutunlar suza boshladi. Go'yo Olachipor chirmovuqdek bilanglayotgan ajdahoni esga soluvchi bu tutun qursog'ida bozillagan laxcha cho'g' bilan devorga taqalib kelar edi: guv-guv, taq-tuq, o'kirik, sukunat, sapchish, burilish... Minglab qopqoqlar yana yopildi. Soat do'koni Esher Uyi tomon yo'l oldi. Afsungarlik tuni boshlandi.
Qo'rg'onda iliq shabada yeldi. Osmonni kuydirgan, kuzini bahorga aylantirgan ko'yi mehmonlarning raketalari uchib kela boshladi. Raketalardan oqshom liboslarida erkaklar chiqib, ularning ortidan ko'z ko'rib, quloq eshitmagan turmakli ayollar ergashib kelardi.
- Bu Esher juda balo ekan-ku!
- Eshik qani?
Shu tob Stendal paydo bo'ldi. Ayollar kular va gap sotar edilar. Mister Stendal jim bo'linglar degandek qo'lini ko'tardi. So'ng o'girildi, nigohini qal'aning baland devoridagi derazaga oldi-da, qichqirdi:
Rapuntsel, Rapuntsel, ko'z och uyqudan.
Sochlaringni parishon aylagil tuban.
Go'zal qiz tungi shabadani qarshi olib, derazadan qaradi va oltin sochlarini pastga tushirdi. Undan mamnun mehmonlar Uyga ko'tarilishlari uchun sochlar eshilib, buralib narvonga aylandi.
Eng ko'zga ko'ringan jamiyatshunoslar! Eng zukko ruhshunoslar! Dunyoda eng tengi yo'q siyosatdonlar, bakteriologlar, psixonevrologlar! Ana, ularning hammasi kulrang devor oralig'ida turibdi.
- Xush kelibsizlar!
Mister Trayon, mister Ouen, mister Dan, mister Leng, mister Steffens, mister Fletcher va yana yigirma-o'ttiztacha mashhur shaxslar.
- Kiraveringlar! Kiraveringlar!
Miss Gibbs, miss Paup, miss Cherchill, miss Blant, miss Drammond va yana yigirmatacha ofatijon ayol. Barchalari hech bir istisnosiz ko'zga ko'ringan, eng ko'zga ko'ringan shaxslar, xayolotlar bilan Kurash Jamiyatining a'zolari, eski bayramlar - "barcha muqaddas bayramlar" va "Gay Foksni man qiluvchilar" bilan kurashuvchilar, ko'rshapalaklarning qotillari, kitoblarga qiron keltiruvchilar, mash'albozlar; barchalari hech bir istisnosiz odamlarga Marsga birinchi bo'lib oddiy, dag'al yo'llar bilan uchib kelish, marsliklarni go'rga tiqish, manzilgohlarni ifloslardan tozalash, shaharlar qurish, yo'llarni ta'mirlash va umuman turli-tuman tartibsizliklarni bartaraf etish imkonini taqdim etgan odobli va axloqli, vijdoni pok fuqarolar. Keyin esa, Xavfsizlik mustahkam qaror topgandan so'ng bu Quvonch G'oratgarlari, bu qon o'rniga formalinli va yodli nastoyka rangli ko'zi bor nusxalar o'zlarining Axloq Iqlimini ko'chat qilib o'tqazish va barchaga muruvvat ila saxovat ulashish uchunpaydo bo'ldilar.
Ularning barchasi esa- uning do'stlari! Ha, ha, o'tgan yili Yerda u ehtiyotkorlik va o'ta tavoze bilan ularning har biri bilan tanishgan, har biriga o'z mavqeini ko'z-ko'z qilgan edi.
- Bepoyon O'lim ma'vosiga xush kelibsizlar! - qichqirdi u.
- Menga qarang, Stendal! Bu nima degan gap?
- Hali ko'rasizlar, hammangiz yechiningiz! Anavi yerda hujralar bor. U yerda tayyorlab qo'yilgan liboslarni kiyinglar, erkaklar bu tarafga, ayollar u tarafga.
Mehmonlar bir oz taraddudlangancha turib qoldilar.
- Bilmadim, bu yerda qolsak qalay bo'larkin, - dedi miss Paup. - Bu yer menga yoqmayapti. Bu yerda kufrning hidi kelayapti.
- Hech narsa qilmaydi, bor-yo'g'i libos bayrami!
- Bular bari qonunga qarshi emasmikan deb qo'rqaman. - Mister Steffens ehtiyotkorlik bilan burnini tortib qo'ydi.
- Bas! - kulib yubordi Stendal. - Bir gal quvnasangiz quvnabsiz-da. Ertaga hammasi ostin-ustin bo'ladi. Hujralarga tarqalinglar!
Uyda hayot qaynab, borliq yashnab ketdi, burro-burro hazil so'zlari yangradi, oq sichqonlar mittigina cho'plari bilan mittigina g'ijjaklarini ishqalayotgan pakanalarning navosi ostida mitti kadrilga raqs tushar, qurum bosgan to'sinlar ostida bayroqchalar hilpirar va ko'rshapalak galalari muzdek, serkayf, ko'pikli Sharob purkayotgan jag'lari keng ochiq o'laksaxo'rlar yonida charx urib uchar edilar.
Libosli ayyomning barcha yetti zalidan o'tib, ariqcha jildirardi. Mehmonlar o'zlarini shunga tashlashdi va qarasalarki, bu Xeres arig'i ekan! Maskarad dominosiga yashiringan yelkalaridan yillarni itqitib tashlab, mehmonlar kabinalardan otilib chiqdilar va ular kiyib olgan niqoblar ularning xayolot va dahshatlarni muhokama qilish huquqidan mahrum etdi. Qip-qizil libosli ayollar charx urib aylanar va xandon tashlab kular edilar. Erkaklar ularning ortidan yaltoqlanib ergashardilar. Devorlarda allakimlarning soyalari suzardi, unda-bunda hech nimani aks ettirmaydigan ko'zgular osig'liq edi.
- Bizlar barimiz qonxo'rlarmiz! - kuldi mister Fletcher. - O'liklarmiz.
Har biri boshqa rangdagi yettita zal: biri moviy, biri qirmiziy, biri yashil, biri pushti, yana biri oq, oltinchisi binafsharang, yettinchisiga qora baxmal qoplangan. Qora zalda ebent qirg'oqlari bo'g'iq zang chaldi. Zaldan-zalga, xayoliy robotlar o'rtasida, Sonyalar va tentak lyapniklar, Troyalyalar va Ulkanlar, Qora Mushuklar va Oq Qirolichalar o'rtasida shirakayf mehmonlar gandiraklar edilar va ularning chalkash oyoqlari ostida pol og'ir va bo'g'iq g'ichirlar edi, go'yo ular ostiga yashiringan yurak o'z hayajonini tutib turolmayotgandek.
- Mister Stendal!
Shivirlab...
- Mister Stendal!
Ularning yonginasida O'lim niqobidagi dahshatli darranda turardi. Bu Payks edi.
- Biz xilvatda gaplashib olishimiz kerak.
- Nima gap?
- Mana. - Payks unga qoq suyak qo'lini uzatdi. Uning qo'lida bir hovuch eritilgan, qoraygan halqachalar, gaykalar, murvatlar, boltlar bor edi.
Stendal ularga uzoq qarab qoldi, so'ng Payksni yo'lakka boshlab ketdi.
- Garretmi? - so'radi u shivirlab.
Payks bosh irg'adi.
- U o'zining o'rniga robotni yuboribdi. Men uni axlatkuydirgichni tozalayotganimda topib oldim.
Ikkalasi shubhali murvatlarga qaradi.
- Bu har daqiqada politsiya bostirib kelishi mumkin deganini bildiradimi? - dedi Payks. - Rejalarimiz barbod bo'ldi.
- Bu ma'lum emas, - Stendal aylanib yurgan sariq, ko'k, qizg'ish odamlarga qaradi. Musiqa keng va g'uborli zallardan uzoq-uzoqlarga taralardi. - Garret shaxsan o'zi kelishiga ishonadigan darajada ahmoq bo'lmasam kerak, lekin shoshmang-chi!
- Nima bo'ldi?
- Hech narsa, aytarli hech narsa yo'q. Garret bizga robotni yuboribdi, ammo biz ham shunday qaytardikki, agar u juda ham sinchkovlik bilan qaramaydigan bo'lsa, bizning firibimizni payqamasligi hech gap emas.
- Bo'lmasa-chi!
- Yanagi safar u o'zi keladi. Endi u unga hech narsa xavf solmasligiga ishonadi. O'z odamingiz bilan uni har daqiqada kutib turing! Sharobdan yana oling, Payks!
Katta qo'ng'iroq bong urdi.
- O'lay agar, bu o'sha. Boring, mister Garretni ichkariga olib kiring.
Rapuntsel oltin sochlarini pastga tushirdi.
- Mister Stendalmisiz?
- Mister Garret, haqiqiy Garretmisiz?
- O'ziman. - Garret namiqqan devorlar va chir aylanayotgan odamlarga sinchkovlik bilan nazar soldi; - o'zim ko'ray degan bo'lsa kerak. Robotlarga ishonib bo'lmaydi. Boz ustiga, begona robotlarga. Bir yo'la men ehtiyotkorlik yuzasidan Buzuvchilarni chaqirdim. Bu maraz maskan devorlarini buzish uchun ular bir soatdan keyin yetib kelishadi.
Stendal ta'zim qildi.
- Ogohlantirganingiz uchun rahmat. - U qo'li bilan ishora qilib qo'ydi: - Hozircha sizni ko'ngil ochishga taklif qilaman. Ozgina sharob ketadimi?
- Yo'q, yo'q, tashakkur. Nimalar bo'layapti u yerda? Inson tanazzulining chegarasi qaerda?
- O'zingiz amin bo'lasiz, mister Garret.
- Tubanlik, - dedi Garret.
- Eng jirkanch tubanlik, - tasdiqladi Stendal.
Qaerdadir ayol chiyilladi. Pishloqdek oppoq miss Paup yugurib kelardi.
- Shunday narsa yuz berdiki, aytishga tilim bormaydi! Ko'z oldimda maymun miss Blantni bo'g'di va mo'riga itarib yubordi.
Ular quvurga qarashdi va pastda osilib turgan uzun sariq sochlarni ko'rishdi. Garret qichqirib yubordi.
- Dahshat! - cho'qinib dedi miss Paup. U birdaniga tildan qoldi, ko'zlarini pirpiratdi-da, o'girildi:
- Miss Blant!
- Ha, - miss Blant uning yonida turardi.
- Axir men sizni hozirgina pechka quvuri ichida ko'rgan edim-ku!
- Yo'q, - kuldi miss Blant. - Bu robot edi, mening nusxam. Mohirona ko'chirma!
- Lekin, lekin...
- Yoshlaringizni arting, jonginam. Men soppa-sog'man. O'zimga qarashimga ruxsat bering. Mana, men qaerda ekanman! Ha, mo'rida xuddi siz aytgandek. G'aroyib-a, to'g'rimi?
Miss Blant kulgancha u yerdan ketdi.
- Ichasizmi, Garret?
- Ichganim bo'lsin. Sal asabiylashdim. Ey xudo, bu qanaqa joy bo'ldi-a. Faqat buzib tashlashga yaraydi, xolos. Menga qolsa bir lahzada... - Garret Sharobni sipqordi.
Yangi qichqiriq. Mister Steffensning yelkasida zinadan pastga qarab to'rtta oq quyonni olib kelar edilar, zina to'satdan hayratomuz ravishda polda paydo bo'lgan edi. Mister Steffensni xandaqqa sudrab ketishdi va oyoq-qo'llari bog'liq holda, uning shilingan badaniga tig'dek o'tkir bahaybat mayatnik chayqalgancha tobora yaqinlashib va pastga tushib kelayotganini ko'rish uchun qoldirdilar.
- O'sha pastdagi menmi? - so'radi mister Steffens Garretning yonida paydo bo'lib. U quduq ustiga engashdi - o'zingning o'limingni tomosha qilish juda va juda qiziq bo'lar ekan.
Mayatnik oxirgi marta chayqaldi.
- Xuddi o'zidek-a, - dedi mister Steffens orqasiga burilarkan.
- Sharobdan yana quyaymi, mister Garret?
- Ha, malol kelmasa.
- Buyog'i ko'pi ketib, ozi qoldi. Hademay, Buzuvchilar kelishadi.
- Xudoga shukur!
Shu payt yana, uchinchi marta qichqiriq eshitildi.
- Tag'in nima gap? - asabiy so'radi Garret.
- Endi mening navbatim, - dedi mister Drammond. - Qarang.
Ming qichqirmasin, ikkinchi mister Drammondni tobutga dumalatib yotqizishdi va pol ostidagi nam yerga irg'itishdi.
- To'xtang, axir bu esimda! - Oh tortib dedi Axloq Iqlimining inspektori. - Axir bu ko'hna, taqiqlangan kitoblardan-ku... "Barvaqt ko'milgan odam". Qolganlari ham: quduq, mayatnik, maymun, mo'ri... "Morg ko'chasidagi qotillik". Bu kitobni men o'zim yoqqan edim, bo'lmasa-chi!
- Sharobdan quying, Garret. Bundoq, qadahni mahkamroq ushlang.
- Xudo haqqi, tasavvuringizga gap yo'q!
Ularning ko'z oldida yana besh odam o'ldi: bittasi ajdahoning og'zi ichida, qolganlari qora hovuzga tashlab yuborildi, suv tubiga tushib ketdi-da, o'sha yoqda chiridi.
- Sizga nima tayyorlaganimizni ko'rmoqchimisiz? - so'radi Stendal.
- O'z-o'zidan ma'lum, - javob berdi Garret. - Nima farqi bor? Baribir biz bu marazni portlatib yuboramiz. Siz jirkanchsiz.
- Unda ketdik. Bu yoqqa.
Shunday deya u Garretni pastga, ko'plab eshiklardan o'tib, maxfiy joyga olib ketdi, undan murvatli zinadan yurib, yer tagiga, mag'oralarga tushishdi.
- Bu yerda siz menga nimani ko'rsatmoqchisiz? - so'radi Garret.
- Sizning o'ligingizni.
- Mening nusxamnimi?
- Ha, yana bir narsani.
- Nima ekan?
- Amontilyadoni, - dedi Stendal qo'lida fonarni ko'tarib oldinda yurib borar ekan.
Chor atrofda tobutlar ichidan beligacha sug'urilib chiqqan skeletlar harakatsiz osilib turar edi.
Garret kafti bilan burnini berkitdi, nafratdan yuzi bujmaydi.
- Nima, nima?
- Siz amontilyado haqida hech eshitganmisiz?
- Yo'q!
- Mana buni ham bilmaysizmi? - Stendal tokchani ko'rsatdi.
- Qayoqdan bilay?
- Buni hammi? - Stendal jilmaygancha chakmonining qatidan ustaning andavasini oldi.
- Bu nima?
- Ketdik, - dedi Stendal.
Ular mehrobga chiqishdi. Qorong'ilikda Stendal shirakayf inspektorning qo'llariga kishan soldi.
- Yo alhazar, bu nima qilganingiz? - qichqirib dedi Garret zanjirni shaqillatib.
- Men, ta'bir joiz bo'lsa, temirni qizig'ida bosayapman. Temirni qizig'ida bosayotgan odamning ishiga xalaqit bermang, bu odobdan emas. Mana shunaqa!
- Siz meni zanjirband qilib qo'ydingiz!
- Mutlaqo to'g'ri.
- Nima qilmoqchisiz o'zi?
- Sizni shu yerda qoldirmoqchiman.
- Hazillashmang.
- G'oyat muvaffaqiyatli hazil.
- Mening ikkinchi qiyofam qani? Nahotki biz uning qanday o'ldirilishini ko'rmasak?
- Hech qanaqa ikkinchi qiyofa yo'q.
- Axir qolganlar-chi?!
- Qolganlar o'lgan. Tirik odamlarni qanday o'ldirishganini ko'rdingiz-ku. Ikkinchi qiyofa robotlar esa yoningizda turib tomosha qilgan edilar.
Garret indamadi.
- Endi siz: "Butun muqaddas narsalar uchun, Montrezor!" - deb gapirishga majbursiz, - dedi Stendal. - Men esa: "Ha, butun muqaddas narsa haqqi" deb javob beraman. Xo'sh, chog'ingiz qalay?
Bo'ling. Gapiring.
- To'nka!
- Nima, men sizga yalinishim kerakmi? Gapiring! Gapiring: "Butun muqaddas narsa haqqi, Montrezor!"
- Aytmayman, padariga la'nat. Meni bu yerdan chiqarib yuboring. - U endi hushyor tortgan edi.
- Mana. Kiyib oling. - Stendal qo'ng'iroqchalari jiringlab turgan nimanidir unga tutdi.
- Nima bu?
- Qo'ng'iroqchali qalpoq. Shuni kiyib oling, balki men sizni keyin qo'yib yuborarman.
- Stendal!
- Kiyib oling, dedim sizga!
Garret itoat qildi. Qo'ng'iroqchalar jiringlab ketdi.
- Siz bular barchasi qachonlardir bo'lib o'tgandek his qilyapsizmi? - gapga tutindi Stendal belkurak, loy, g'ishtlar bilan andarmon bo'lar ekan.
- Nima qilayapsiz?
- Sizni mo'miyolayapman. Bir qator to'lib bo'ldi. Mana bu ikkinchi qator.
- Aqlingizni yebsiz!
- Siz haqsiz.
- Buning uchun sizni javobgarlikka tortishadi!
- Qo'yib yuboring, qo'yib yuboring meni!
So'nggi g'ishtni qalash qolgan edi. Baqiriq-chaqiriq hamon davom etardi.
- Garret? - sekin chaqirdi Stendal.
Garret jimib qoldi.
- Garret, - davom etdi Stendal, - bilasizmi, sizni nima uchun bunday qilganimni? Chunki siz hatto tuzukli o'qimasdan ham mister Poning kitoblarini yoqib yuborgansiz. Kitoblarni yoqib yuborish kerak degan odamlarning gapiga laqqa tushgansiz. Aks holda siz, biz bu yerga kelishimiz bilanoq,mening ko'nglimdagini darrov bilib olgan bo'lardingiz. Jaholat ham evi bilan-da, mister Garret.
Garret sukut saqlardi.
- Hamma narsa aniq bo'lishi kerak, - dedi Stendal yorug' mehrobga o'tib, egilgan qiyofaga tushishi uchun fonarni ko'tarib; - Qo'ng'iroqchalarni sekin jiringlating-chi.
Qo'ng'iroqchalar jiringladi.
- Endi malol kelmasa; "Butun muqaddas narsa haqqi, Montrezor!" deb ayting, ehtimol men sizni ozod etarman.
Fonar yorug'ida inspektorning chehrasi ko'rindi. Bir oz taraddudlanib turdi-da, u poyintar-soyintar qilib, takrorladi:
- Butun muqaddas narsa haqqi, Montrezor.
Stendal mamnun holda xo'rsinib qo'ydi va ko'zlarini yumdi. So'nggi g'ishtni qaladi-da, bosib, zichlab qo'ydi.
- Reguiescat in pace, aziz do'stim!
U tezgina mag'oradan chiqib ketdi.
Yarim tunda soatlar dastlab bong urganda, uyning yettita zalida hamma narsa sukunat qo'yniga g'arq bo'lgandi.
Qizil O'lim paydo bo'ldi.
Stendal bir lahza eshik tagida to'xtab qoldi, yana bir karra hamma narsaga ko'z yugurtirib chiqdi.
Uydan yugurib chiqdi-da, handaq orqali vertolet kutib turgan joyga shoshildi.
- Tayyormi, Pays?
- Tayyor.
Ular jilmaygancha ulug'vor binoga qarashdi. Xuddi zilzilada bo'lganidek, uy o'rtasidan eriy boshladi va bu ajoyib manzaradan zavqlangan Stendal orqa tomonda turgan Payksning past ovozda xirgoyi qilib aytgan so'zlarini eshitdi:
- "... ko'z oldimda qudratli devorlar nurab tushdi va ag'anadi. Bamisoli minglab sharsharalar kabi anchagacha guvillagan ovoz chalinib turdi va chuqur qora qo'ltiq Esherlar Uyi xarobalari uzra unsiz va tund bir holda ko'zdan yo'qoldi".
Vertolet g'arb tomonga yo'l olgancha biqirlab qaynayotgan ko'l uzra uchib borardi.
Avgust 2005
KEKSA ODAMLAR
Va nihoyat, - xuddi kutilganidek - Marsga keksa odamlar kelib qo'na boshladi: ular hayqiroq kashshoflar, nozik didli shubhaparastlar, ustasi farang musofirlar, pok rizq qidirgan xayolparast voizlar solgan izdan yo'lga tushgan edilar. Adoyi tamom bo'lgan va ojiz odamlar, qiladigan bor-yo'q ishlario'z yuraklariga quloq solishu, o'z tomirlarini paypaslab bo'lgan odamlar, tishsiz og'izlari bilan suyuq dorini tinimsiz yutadigan odamlar, ilgari noyabrda umumiy vagonda Kaliforniyaga, aprelda esa uchinchi toifa paroxodda Italiyaga yo'l oladigan bu jonli xilqatlar, bu mushtdek-mushtdek xilqatlar ham nihoyat Marsda paydo bo'ldi.
Sentabr 2005
MARSLIK
Osmonga tik qadalgan moviy cho'qqilar yomg'ir pardasi orasiga kirib ko'zdan yo'qolar edi, yomg'ir uzun kanallarga kelib quyilar edi, qariya Lafarj tomosha qilgani xotini bilan uyidan chiqib keldi.
- Mavsumdagi birinchi yomg'ir, - dedi Lafarj.
- Mo''jiza... - xo'rsindi xotini.
- Rahmat yomg'iri!
Ular eshikni yopishdi, xonaga qaytib kelib, kamindagi ko'mir cho'g'da qo'llarini isita boshladilar.
Ular sovqotib qaltirar edilar. Derazadan uzoq-uzoqlardagi odamlarni Yerdan bu yerga keltirib qo'ygan raketa korpusiga kelib urilayotgan yomg'irning nam yiltillashini ko'rib turar edilar.
- Faqat mana shuning o'zi... - dedi Lafarj o'z qo'llariga qaragancha.
- Nima demoqchi eding? - so'radi xotini.
- Agar Tomni o'zimiz bilan ola kelganimizda...
- Laf, yana o'sha gapmi?
- Yo'q, yo'q, kechir, boshqa gapirmayman.
- Biz bu yerga Tom haqida o'ylagani emas, tinch, tashvishlarsiz qarilik gashtini surgani kelganmiz.
Uning o'lganiga necha yillar bo'ldi. Uni ham, yerdagi sodir bo'lgan hamma narsani ham unutishga harakat qilishimiz kerak.
- To'g'ri, to'g'ri, - dedi eri va yana issiqqa intildi. Uning ko'zlari olovda edi. - Men bu haqda boshqa og'iz ochmayman. Shunchaki, haligi... Biz uning qabriga gul qo'ygan yakshanba kunlari Grin-Lon-Parkka qilgan safarlarimizni juda-juda qo'msab ketayapman...
Moviy yomg'ir mayin suvlari bilan uyni yuvar edi.
Soat to'qqizda ular yotishdi; bir-birining qo'lini ushlagancha ular jim yotar edilar, er 55 yoshda, xotin 60 yoshda, yomg'ir shovqiniga to'la tubsiz zulmat qo'ynida.
- Enn, - asta chaqirdi er.
- Ha? - javob berdi xotin.
- Hech narsa eshitmadingmi?
Ular birgalikda shamol va yomg'ir shovqiniga quloq tutishdi.
- Hech narsa, - dedi xotin.
- Kimdir hushtak chaldi, - izoh berdi er.
- Yo'q, men eshitmadim.
- Borib qaray-chi, har ehtimolga qarshi.
Er xalatini kiydi-da, butun uyni yurib o'tib, tashqari eshikkacha bordi. Jur'atsiz qadamlarini sekinlatib, asta eshikni itardi va yomg'irning muzdek tomchilari yuziga urildi. Shamol esardi.
Eshik tagida mo''jazgina qiyofa turardi.
Osmonni poralab chaqmoq chaqdi, uning bir zumlik yog'dusida haligi qiyofaning chehrasi namoyon bo'ldi. U Lafarjga qarab turardi.
- Kimsiz? - qichqirdi chol titragancha.
Jimlik.
- Kim bu? Nima kerak sizga?
Hamon churq etgan tovush yo'q.
Chol o'zini o'lgudek charchoq, zaif, madorsiz his qildi.
- Kimsan deyapman? - qichqirdi Lafarj yana.
Xotini orqadan keldi-da, erining qo'lidan tutdi.
- Nega bunaqa qichqirayapsan?
- Naryoqda bir bola turibdi, menga javob berishni istamayapti, - dedi chol qaltiragancha. - U Tomning o'zginasi!
- Yur, uxlaylik, senga shunaqa tuyulgan.
- Ana u, hali ham turibdi, o'zing qaragin.
Lafarj xotinim baralla ko'rsin deb eshikni kengroq ochdi. Muzdek shamol, siyrak yomg'ir orasidan ular tomon o'ychan qaragancha bir qiyofa turardi. Keksa xotin eshik kesakisiga suyandi.
- Ket! - dedi u qo'lini silkitib. - Ket!
- Tomga o'xshamaydi, demoqchimisan? - so'radi chol.
Qiyofa qilt etmas edi.
- Qo'rqib ketayapman, - dedi xotin. - Eshikni yop-da, ketdik, borib uxlaylik. Kerak emas, kerak emas!...
Shunday deya u o'zicha allaqanday duolarni o'qigancha yotoqxona tomon ketdi.
Chol hamon shamolda turardi, qo'llari muzdek nam havoda qotib qolgan edi.
- Tom, - asta dedi u. - Agar bu sen bo'lsang, agar mo''jiza ro'y berib, bu yerga kelgan bo'lsang, men eshikni yopmayman. Agar sovqotib isingani uyga kirmoqchi bo'lsang, kir va borib kamin tagida cho'zil, u yerda po'stak yozig'liq.
Shunday deya u asta eshikni yopdi, ammo qulflamadi.
Xotin erning kelib o'ringa yotganini, g'o'janak bo'lib qaltirayotganini eshitib yotardi.
- Dahshatli tun. Men o'zimni juda qari his etib ketayapman. - Ayol piq-piq yig'ladi.
- Bo'pti, bo'pti, - mehribonlik bilan uni tinchlantirdi er quchoqlagancha. - Uxla.
Oxiri xotin uxlab qoldi.
Shu zahoti cholning ziyrak qulog'iga bir narsa chalindi: tashqi eshik asta-sekin ochildi, ichkariga yomg'ir aralash shamol urildi, keyin eshik yopildi. Lafarj yengil odimlarning kamin oldiga kelganini va zaif nafasini eshitdi. "Tom", - deb qo'ydi u o'zicha.
Osmonda chaqmoq yaltirab, zulmatni parcha-burish qildi.
Ertalab quyosh charaqlab turar, borliqni kuydirar edi.
Lafarj mehmonxona eshigini lang ochdi-da, ichkariga tezlik bilan ko'z yugurtirib chiqdi.
Gilamchada hech kim yo'q edi.
Lafarj xo'rsindi.
- Qaribman, - dedi u.
U yuvinish uchun anhordan tiniq suv keltirgani eshik tomon yo'naldi.
Ostonada sal bo'lmasa limmo-lim chelakni ko'tarib kelayotgan yosh Tomga to'qnashib, uni ag'darib yuborayozdi.
- Salom, ota!
- Salom, Tom.
Chol o'zini bir chetga oldi. O'smir oyoq yalang xonadan yugurib o'tdi-da, chelakni yerga qo'yib, jilmaygancha unga o'girildi.
- Bugun kun juda zo'r!
- Ha, yaxshi, - ehtiyotkorona javob berdi chol.
Bola bugun o'zini juda boshqacha tutmoqda edi. U o'zi olib kelgan suvda yuvina boshladi.
Chol oldinga bir qadam tashladi.
- Tom, bu yerga qanday kelib qolding? Sen tirikmisan?
- Nega tirik bo'lmas ekanman? - Bola ko'zlarini ko'tarib otasiga qaradi.
- Ammo, Tom... Grin-Lon-Park, har yakshanba... Gullar... va... - Lafarj o'tirishga majbur bo'ldi.
O'g'il uning oldiga keldi, to'xtadi-da, otasining qo'lidan ushladi. Chol uning barmoqlarini his etdi - qattiq, issiq.
- Sen rostdan ham shu yerdamisan? Bu tush emasmi?
- Nahotki mening bu yerda bo'lishimni xohlamasangiz? - bola hayajonlandi.
- Seni qara-yu, Tom, nega xohlamas ekanman!
- Unda nega so'rayapsiz? Keldim, tamom-vassalom.
- Lekin onang, bunday kutilmaganda...
- Tashvish qilmang, hammasi yaxshi bo'ladi. Tunda men ikkalangizga ham qo'shiq aytib bergan edim, bu sizlarning meni qabul qilishlaringizga, ayniqsa, oyimning qabul qilishlariga yordam beradi.
Kutilmagan hol qanday ta'sir qilishini bilaman. Shoshmang, o'zi kirib keladi-da, amin bo'lasiz.
Bola qalpog'i bilan sarg'ish jingalak sochlarini qoqib kulib yubordi. Uning ko'zlari nihoyatda moviy va tiniq edi.
- Salom Laf va Tom! - Ona sochlarini turmaklagancha yotoqxonadan chiqib keldi. - Rostdan ham bugun kun juda ajoyib-a!
Tom jilmaygancha otasiga burilib qaradi:
- Men nima degan edim?
Uchalasi birgalikda uy ortidagi soyada rohatlanib nonushta qilishdi. Missis Lafarj har ehtimolga qarshi yashirib qo'ygan bir shisha kungaboqar sharobini chiqarib qo'ydi va barchalari qittak-qittak ichishdi. Lafarj hech qachon xotinini bu qadar quvnoq ko'rmagan edi. Mabodo Tomga nisbatan onaning ko'nglida biron-bir shubha bo'lganda ham uni birovga aytib solmas edi. Uning uchun hamma narsa risoladagidekbo'lar edi. Lafarjning o'zi ham tobora mana shunday tuyg'u asiriga aylanib bormoqda edi. Ona idishlarni yuvar ekan, Lafarj o'g'li tomon engashdi-da, asta so'radi:
- Hozir yoshing nechada, o'g'lim?
- Nahotki bilmasangiz, dada? O'n to'rtdaman-da, albatta.
- Xo'sh, o'zing aslida kimsan? Sen Tom bo'lishing mumkin emas, ammo kimdir bo'lishing shart!
Kimsan?
- Keragi yo'q. - Bolakay kayfi uchgancha qo'llari bilan yuzini yashirdi.
You have read 1 text from Uzbek literature.
Next - Marsga hujum - 11
  • Parts
  • Marsga hujum - 01
    Total number of words is 3967
    Total number of unique words is 1895
    36.7 of words are in the 2000 most common words
    53.0 of words are in the 5000 most common words
    62.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 02
    Total number of words is 3877
    Total number of unique words is 1887
    36.1 of words are in the 2000 most common words
    52.7 of words are in the 5000 most common words
    63.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 03
    Total number of words is 3769
    Total number of unique words is 1989
    34.7 of words are in the 2000 most common words
    51.6 of words are in the 5000 most common words
    60.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 04
    Total number of words is 3849
    Total number of unique words is 1960
    34.1 of words are in the 2000 most common words
    51.5 of words are in the 5000 most common words
    59.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 05
    Total number of words is 3830
    Total number of unique words is 2064
    33.9 of words are in the 2000 most common words
    50.2 of words are in the 5000 most common words
    59.2 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 06
    Total number of words is 3843
    Total number of unique words is 1976
    34.0 of words are in the 2000 most common words
    49.9 of words are in the 5000 most common words
    58.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 07
    Total number of words is 3902
    Total number of unique words is 2068
    33.6 of words are in the 2000 most common words
    49.9 of words are in the 5000 most common words
    57.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 08
    Total number of words is 3791
    Total number of unique words is 2059
    32.0 of words are in the 2000 most common words
    47.6 of words are in the 5000 most common words
    55.5 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 09
    Total number of words is 3806
    Total number of unique words is 2096
    31.3 of words are in the 2000 most common words
    46.9 of words are in the 5000 most common words
    56.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 10
    Total number of words is 3813
    Total number of unique words is 1985
    34.2 of words are in the 2000 most common words
    49.3 of words are in the 5000 most common words
    57.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 11
    Total number of words is 3928
    Total number of unique words is 1872
    36.8 of words are in the 2000 most common words
    52.9 of words are in the 5000 most common words
    62.0 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 12
    Total number of words is 3965
    Total number of unique words is 1896
    33.8 of words are in the 2000 most common words
    50.9 of words are in the 5000 most common words
    59.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 13
    Total number of words is 3877
    Total number of unique words is 1920
    35.3 of words are in the 2000 most common words
    52.4 of words are in the 5000 most common words
    61.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 14
    Total number of words is 3807
    Total number of unique words is 2030
    33.9 of words are in the 2000 most common words
    51.3 of words are in the 5000 most common words
    60.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 15
    Total number of words is 3869
    Total number of unique words is 2091
    32.1 of words are in the 2000 most common words
    48.9 of words are in the 5000 most common words
    58.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 16
    Total number of words is 4
    Total number of unique words is 4
    0.0 of words are in the 2000 most common words
    0.0 of words are in the 5000 most common words
    25.0 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.