Marsga hujum - 08

Total number of words is 3791
Total number of unique words is 2059
32.0 of words are in the 2000 most common words
47.6 of words are in the 5000 most common words
55.5 of words are in the 8000 most common words
Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
- Yo Iso Masih! - deb yubordi Tomas va finjon qo'lidan tushib ketdi.
- Osmon kuchlari! - dedi marslik o'zining tilida.
- Nimalar bo'lganini ko'rgandirsiz? - shivirlab deyishdi ular.
Ikkalasining ham qo'rquvdan badanidan muzdek ter chiqib ketdi.
Marslik finjonga egildi, biroq uni hech ololmasdi.
- Yo tavba! - oh tortib yubordi Tomas.
- Qani, qani! - marslik finjonni tutish uchun qayta-qayta urindi, biroq hech uddalay olmadi. U qaddini rostladi, birpas o'ylab turdi, keyin kamaridan pichoqni sug'urib oldi.
- Hoy! - qichqirdi Tomas.
- Siz tushunmadingiz, ushlab oling! - dedi marslik va pichog'ini otdi.
Tomas bir-biriga juftlashgan kaftlarini tutib berdi. Pichoq qo'llarining orasidan yerga tushdi. Tomas uni yerdan olmoqchi bo'ldi, biroq uni tuta olmadi va titrab-qaqshagancha orqaga tisarildi.
U gavdasini osmonga tutib turgan marslikka qaradi.
- Yulduzlar! - dedi Tomas.
- Yulduzlar! - takrorladi marslik Tomasga qarab.
Marslikning gavdasi orqasidan yorqin, oppoq yulduzlar charaqlab turardi, uning vujudi bamisoli uchqunlar sachrab turgan qirovli nafis meduza qobig'idek yulduzlar bilan bezatilgandi. Marslikning ko'kragi va qorni ustida siyohrang ko'zlardek yulduzlar jimirlar, bilaklarida javohirot yalt-yalt qilardi.
- Men sizning gavdangizdan naryoqni ko'rib turibman! - dedi Tomas.
- Men ham sizning gavdangizdan naryoqni ko'rayapman! - javob berdi marslik bir qadam ortga chekinib.
Tomas o'zini paypaslab ko'rdi, o'z tanasining haqiqiy issiqligini his qildi va ko'ngli xotirjam bo'ldi.
"Hammasi joyida, - o'yladi u, - men yashayapman".
Marslik qo'li bilan o'zining burni, labini turtib ko'rdi.
- Men ham jismsiz emasman, - past ovozda dedi u. - Jonim bor!
Tomas unga ma'nodor qaradi.
- Ammo agar men yashayotgan bo'lsam, demak siz - o'liksiz.
- Yo'q, siz o'liksiz!
- Ro'yo!
- Arvoh!
Ular barmoqlari bilan bir-birlarini ko'rsatishar va yulduz nuri xuddi xanjar damidek, xuddi muz sumalakdek, xuddi tillaqo'ng'izdek ularning qo'llari uchida chaqnar va to'kilardi. Ular yana o'z tuyg'ularini tekshirib ko'rishdi va har biri o'zining to'rt muchasi soppa-sog'ligiga va hayajon, jo'shqinlik, ehtiros, hayrat bilan chulg'anganiga amin bo'ldi, har biri narigisini olisdagi olamlar yog'dusini tutib oluvchi va o'zidan taratuvchi shaffof prizma, bor bo'lmagan narsa deb bilar edi...
"Men mastman, - dedi o'zicha Tomas. - Ertaga men bu haqda hech kimga churq etmayman!"
Ular qadimgi tosh yo'l ustida turishardi va har ikkalasi ham joyidan jilmasdi.
- Qaerdan kelgansiz? - so'radi nihoyat marslik.
- Yerdan.
- U nima degani?
- U yoqdan. - Tomas bosh irg'ab osmonga ishora qildi.
- Qachondan beri?
- Biz bir yil avval uchib kelgan edik, nahotki esingizda bo'lmasa?
- Yo'q.
- Sizlar esa bu vaqtga kelib tugab-bitgandingiz. Qariyb bitta qolmay. Sizlardan juda kam qolgan - nahotki shuni ham bilmasangiz?
- Bu to'g'ri emas.
- Men sizga aytayapman-ku, tugab-bitgansizlar, deb. Jasadlarni o'z ko'zim bilan ko'rdim.
Xonalarda, barcha uylarda qoraygan jasadlar yotibdi va hammasi o'lik. Minglab jasad.
- Nimalar deyapsiz, bizlar tirikmiz!
- Mister, barchangizni yuqumli kasallik qirib yuborgan. Qiziq, nahotki bundan bexabarsiz? Siz bir balo qilib jon saqlab qolgansiz.
- Men jon saqlab qolganim yo'q, qanday qilib ham jon saqlab qolar edim? Nimalar deyayotganingizni bilasizmi o'zi? Men Enial tog'lari yonidagi kanal yoqalab bayramga ketayotgan edim, o'tgan kungi tunda o'sha yerda bo'lgan edim. Siz shaharni ko'rmayapsizmi? - Marslik qo'lini cho'zib ko'rsatdi.
Tomas o'sha yoqqa qaradi va xarobalarni ko'rdi.
- Axir bu shahar ko'p ming yillardan buyon o'lik-ku!
Marslik qah-qah urib kulib yubordi.
- O'lik? Men u yerda kecha tunadim-ku!
- Men esa o'tgan hafta o'sha yerdan o'tdim, undan oldingi haftada ham, ko'rgan narsam esa xarobalardan boshqa narsa emas! Vayron bo'lgan ustunlarni ko'rayapsizmi?
- Vayron bo'lgan? Men ularni oy nurida yaqqol ko'rib turibman. To'g'ri, tippa-tik ustunlar.
- Ko'chalarda changdan boshqa hech narsa yo'q, - dedi Tomas.
- Ko'chalar top-toza!
- Kanallar allaqachon qurib qolgan, ular bo'm-bo'sh.
- Musallasga limmo-lim kanallar!
- Shahar o'lik.
- Shahar tirik! - e'tiroz bildirdi marslik yana ham qattiqroq kulib. - Siz qattiq yanglishayapsiz. U yerda qancha karnaval chiroqlari borligini ko'rayapsizmi? U yerda ayollardek nafis, chiroyli qayiqchalar, qayiqchalardek chiroyli, nafis ayollar, badani qum rangiga o'xshagan ayollar,qo'llarida yal-yal gullar tutgan ayollar bor. Men ularni hov anavi yerda ko'chalar bo'ylab, bu yerdan ipdek ingichka bo'lib ko'rinuvchi ko'chalar bo'ylab chopishayotganini ko'rib turibman, ha, ko'rib turibman.
Men xuddi o'sha yerga borayapman, bayramga, biz tun bo'yi kanalda suzamiz, qo'shiq aytamiz, ichamiz, sevishamiz. Nahotki siz hech narsani ko'rmayapsiz?
- Mister, bu oftobda qoqlangan kaltakesakka o'xshash o'lik shahar. Odamlarimizning istagan biridan so'rab ko'ring. Menga kelsak, Grin-Sitiga - Illinoys tosh yo'lidagi manzilgohga ketayapman, biz uni yaqinginada barpo etdik. Siz nimadadir yanglishayapsiz. Biz bu yerga Origon o'rmonlaridan eng a'lo sifatli taxtalardan million kvadrat fut, eng yaxshi po'lat mixlardan bir necha o'nlab tonna keltirdik va shunday ajoyib manzilgoh barpo etdikki, qarab to'ymaysan, kishi. Ayni bugun shulardan birini yuvayapmiz. Yerdan xotinlarimiz va qayliqlarimizni olib, ikkita raketa uchib kelayapti. Xalq o'yinlari o'ynaladi, viskilar ichiladi...
Marslik hushyor tortdi.
- Anovi tomonda deyapsizmi?
- Ha, raketalar turgan joyda! - Tomas uni tepalik chekkasiga olib keldi-da, pastga ishora qildi; - Ko'rayapsizmi?
- Yo'q.
- Hov ana-ku, hov ana, jin ursin! Uzun-uzun, kumush rang narsalar.
- Ko'rmayapman.
Endi Tomas kulib yubordi.
- Ko'zingiz qamashayapti!
- Mening ko'zim zo'r ko'radi. Siz ko'rmayapsiz.
- Bo'pti, bo'pti, yangi manzilgohni-chi, ko'rayapsizmi? Yoki buni ham ko'rmayapsizmi?
- Okeandan boshqa hech narsani ko'rmayapman - buni ustiga, hozir ayni suv qaytishi payti.
- Hurmatli janob, bu okean qirq asr muqaddam bug'lanib ketgan.
- E, juda oshirib yubordingiz.
- Lekin bu haqiqat, xudo haqqi!
Marslikning yuzi juda ham jiddiy tus oldi.
- Shoshmang. Siz rostdan ham shaharni ko'rmayapsizmi? Men aytgan shaharni-ya? Oppoq ustunlar, silliq qayiqlar, bayram chiroqlari - men ularni aniq ko'rib turibman-ku! Quloq soling-a! Men hatto u yerda qanaqa qo'shiqlar aytishayotganini ham eshitayapman. Axir oradagi masofa uzoq emas-ku!
Tomas quloq soldi-da, boshini chayqadi.
- Yo'q!
- Men esa, - davom etdi marslik, - siz tasvirlayotgan narsani ko'rmayapman. Nega bundoq ekan-a?..
Ular yana sovqotgandek asta junjikib qo'yishdi, xuddi ularning badanlariga muzdek ninalar kelib sanchilgandek bo'ldi.
- Balki?...
- Nima?
- Siz "osmondan" dedingizmi?
- Yerdan.
- Yer - nom, quruq tovush... - dedi marslik. - Ammo... bir soat burun men dovondan o'tib kelayotganimda... - U ensasiga qo'lini tekkazdi. - Bir narsani sezdim.
- Sovuqnimi?
- Ha.
- Hozir hammi?
- Ha, yana sovuq. Chiroqqa, tog'larga, yo'lga bir narsa bo'lgandek edi, qandaydir g'alati narsa.
Chiroq ham, yo'l ham go'yo undek emasdek, shunda vujudimda bir lahza shunday tuyg'u paydo bo'ldiki, go'yo men koinotdagi eng so'nggi tirik jonman...
- Menda ham shunday bo'lgan edi! - dedi Tomas hayajon ichida; u go'yo yuragidagi sirni ishonib, qiyomatlik do'sti bilan suhbatlashayotgandek edi.
Marslik ko'zlarini yumdi va yana ochdi.
- Buni faqat bir narsa bilan izohlash mumkin. Hamma gap Vaqtda. Ha, ha. Siz O'tmishning xilqatisiz!
- Yo'q, siz O'tmishning xilqatisiz, - dedi yerlik biroz o'ylanib turib.
- Juda dangal gapirasiz-a! Hali kim O'tmishdan-u, kim Kelajakdan ekanligini isbotlab ham berarsiz? Hozir qaysi yil?
- Ikki ming ikkinchi yil!
- Buni qanday tushunsam bo'ladi? - Tomas o'ylanib turdi-da, yelka uchirib qo'ydi.
- Hech qanday.
- Baribir, men sizga aytsam, bizning yilnomamizga ko'ra hozir 4 462 853 yil. So'zlar cho't emas, cho't emasga ham arzimaydigan darajada! Bizlar yulduzlar holatini aniqlaydigan soat qani?
- Xarobalarning o'zi tayyor isbot-ku! Ular mening Kelajak ekanimni aytib turibdi. Men tirikman. Siz esa o'liksiz!
- Mening butun borlig'im bunday imkoniyatni rad etadi. Mening yuragim urib turibdi, oshqozonim ovqat ber deyapti, chanqoqdan tilim qaqrab ketayapti. Yo'q, bizlardan hech birimiz na o'likmiz, na tirik. Darvoqe, o'likdan ko'ra ko'proq tirikmiz. Yana ham to'g'rirog'i, biz o'rtada qolgandekmiz. Mana: tunda yo'lda bir-biriga duch kelib qolgan ikkita musofir, har biri o'z yo'lidan ketayotgan ikki notanish odam. Siz xarobalar dedingizmi?
- Ha. Qo'rqib ketdingizmi? Mayli.
- Kelajakni kim ko'rishni istaydi? Uni qachondir, kimdir ko'radimi? Odam O'tmishni ko'ra olishi mumkin, biroq agar... Siz ustunlar qulab tushdi dedingizmi? Dengiz qurib qolgan, kanallar bo'm-bo'sh, qizlar o'lgan, gullar so'lgan dedingizmi? - Marslik jim bo'lib qoldi, biroq keyin yana shahar tomonga qaradi. - Lekin ana ular! Men ularni ko'rayapman. Menga shuning o'zi yetarli. Siz nima desangiz deng-u, ular meni kutishayapti.
Xuddi shundayin uzoqda Tomasni raketalar, manzilgohlar, Yerdan kelgan ayollar- barchalari kutar edilar.
- Biz ikkimizning hech qachon moshimiz ochilmaydi, - dedi u.
- Moshimiz ochilmasligiga kelishdik bo'lmasa, - taklif qildi marslik. - O'tmish, Kelajak - baribir emasmi, faqat biz yashab qolsak bo'ldi, bizdan keyin bo'ladigan narsalar, baribir bo'ladi. - Ertagami, yoki o'n ming yil keyinmi. Mana bu ehromlar - yuz asrdan keyingi sizning tamadduningiz qoldiqlari emasligini siz qaerdan bilib o'tiribsiz? Bilmaymiz. Shuning uchun surishtirmay qo'ya qoling. Ammo tun qisqa. Ana, osmonda bayram mushaklari porladi, qushlar parvoz qildi.
Tomas qo'lini cho'zdi. Marslik ham shunday qildi.
Ularning qo'llari bir-biriga to'qnashmadi - qo'llar bir-biriga singib ketdi.
- Biz hali uchrashamiz-a?
- Kim bilsin! Nasib qilsa uchrashib qolarmiz.
- Siz bilan bayramingizda birga bo'lgim kelayapti.
- Men esa sizning manzilgohingizga borgim, siz aytgan kemani, odamlarni ko'rgim, nimalar bo'lganini bir boshdan eshitgim kelayapti.
- Xayr, - dedi Tomas.
- Xayrli tun.
Marslik o'zining yashil temir ekipajida tog' tomon tovushsiz yelib ketdi, yerlik yuk mashinasini burdi-da, teskari tomonga indamay haydab ketdi.
- E xudo, bu qanaqa tush bo'ldi, - uh tortdi Tomas qo'lini rul ustiga qo'ygancha, raketalar, ayollar, o'tkir viski, Virjiniya raqslari, oldindagi xursandchilik haqida o'ylarkan...
Tun zim-ziyo edi. Oylar botdi. Faqat bo'm-bo'sh tosh yo'l uzra yulduzlar miltillar edi. Na tiq etgan tovush, na bir mashina, na bir tirik jon, hech nima yo'q edi. Muzdek zim-ziyo tun bo'yi shunday hol hukm surdi.
Oktabr 2002
SOHIL
Mars bamisoli okeanning uzoq qirg'og'i edi, odamlar to'lqinlar kabi uning sathi bo'ylab har tomonga yoyilib ketdi. Har bir to'lqin undan oldingisiga o'xshamas, biri ikkinchisidan kuchliroq edi. Birinchi to'lqin kengliklarga, sovuqlarga, yolg'izlikka o'rgangan odamlarni, qurib qoqshol bo'lgan chiranchoq cho'ponlarni keltirdi, yillar va noqulay ob-havolar ularning yuzlarini quritib yuborgan, ko'zlari xuddi mix qalpoqchasiga o'xshar, eski qo'lqopga o'xshagan qavariqli toshdek qo'llar to'g'ri kelgan narsani changallashga tayyor edi. Ular Marsni nazar-pisand qilmas, ular pasttekisliklarda va xuddi mana shu poyonsiz, Mars dalalaridek oxiri yo'q dashtu biyobonlarda o'sgan edilar. Ular kimsasiz joyni obod qilganlar, shu bois boshqalarga ancha oson bo'lar edi. Ular oynasiz romlarga oyna solar, uylarda o'tin qalab, o't yoqar edilar.
Ular Marsdagi dastlabki erkaklar edilar.
Birinchi ayollar qanaqa bo'lishini hamma bilardi.
Ikkinchi to'lqin bilan boshqa mamlakatlardan, o'zlarining tili, o'zlarining g'oyalari bilan odamlarni olib kelish kerak bo'lardi. Biroq, raketalar Amerikaniki bo'lib, ularda faqat amerikaliklar uchib kelar edilar. Yevropa va Osiyo, Janubiy Amerika, Avstraliya va Okeaniyalar osmonga otilgan rim shamchalari qanday g'oyib bo'lishini tomosha qilar edilar, xolos. Dunyo urush yoki urush haqidagi fikrlar girdobida qolib ketgan edi.
Shunday qilib, ikkinchilari ham amerikaliklar bo'ldi. Yerosti yo'lidagi ko'p qavatli vagonlar olamini tashlab kelib, ular jonu tanlari bilan sukunat qadrini biluvchi cho'l shtatlardan kelgan to'pori erkaklar so'kishlariga to'lib-toshgan xasislar jamiyatida dam olar edilar: bu sukunat Nyu-York kulbalaridagi, kapalaridagi, tunellaridagi uzoq yillar davom etgan urho-ur, surho-surlardan keyin ruhiy hordiq olishga yordam berar edi.
Ikkinchilar orasida ko'zlariga qarab aytadigan bo'lsak, bamisoli arshi a'loga noil bo'lgan xudo yarlaqagan banda ekanliklari shundoq ko'rinib turgan odamlar bor edi...
Fevral 2003
INTERMEDIYA
Ular o'zlari bilan O'ninchi shahar qurilishi uchun o'n besh ming futlik Oregon qarag'ayidan va yetmish to'qqiz ming futlik kaliforniya sakvoyasidan keltirdilar va tosh kanallar yonidan top-tozagina, shinamgina shaharcha barpo etdilar. Yakshanba oqshomlari cherkovning qizg'ish-yashil-ko'k-xira oynalari nur berib charaqlar va raqamlangan cherkov oyatlarini kuylayotgan tovushlar eshitilar edi.
"Endi esa 79 ni kuylaymiz. Endi 94 ni kuylaymiz". Ba'zi uylarda yozuv mashinkalari tinimsiz chiqillaydi - yozuvchilar ish ustida; yoki perolar qitirlaydi - u yerda shoirlar she'r ijod qilmoqdalar; yoki sukunat hukm surardi - u yerda sobiq daydilar yashar edilar. Ular barchasi va yana ko'plab boshqalari go'yo kuchli zilzila poydevorini va provintsial amerika shaharchasi tagxonalarini har tomonga qattiq chayqatib yuborgandek, so'ngra ko'z ko'rib quloq eshitmagan dovul butun shaharni zumda Marsga keltirib tashlagandek, uni shu yerga, hatto biron joyiga shikast yetkazmasdan avaylab qo'yib ketgandek tuyular edi...
Aprel 2003
MASHSHOQLAR
Bolakaylar Marsning qaysi puchmoqlariga yetib kelishmagan edi, deysiz. Ular uydan o'zlari bilan xushbo'y hidli paketchalarni olib olgan edilar va yo'lda dam-badam unga burunlarini tiqar edilar - cho'chqa go'shtining va mayonezli pishiriqlarning yoqimli hididan to'yib-to'yib hidlar, iliq shishalardagi po'rtahol sharbatining yoqimli qulqullashlariga quloq solar edilar. Yam-yashil barra piyozli, xushbo'y hidli jigar solingan qizil ketchup va oq noni bor sumkalarini har tomonga silkitgancha ular bir-birilarini turtib-surtib, qattiqqo'l onalarining ta'qibidan uzoqroq qochishga harakat qilar edilar. Ular kimo'zarga chopib borishar ekan, qichqirishardi:
- Kim birinchi yetib borsa, boshqalarga bir chertkidan chertib chiqadi!
Ular yozda, kuzda, qishda uzoq-uzoq sayllarga chiqishardi. Kuzda- hammadan zo'ri bo'lardi: shunday tasavvur qilasanki, go'yo Yerda to'kilgan barglar ustidan chopib ketayotgandeksan.
Bolakaylar bir bog' quruq qamishdek shovullab marmar qirg'oqli kanal bo'yiga yopirilib tushishdi - ularning yuzlari cho'g'dek qizargan, ko'zlari munchoq donalaridek yiltillar va hansiragancha bir-birlariga qichqirar edilar, kirish taqiqlangan o'lik shahar devorlari yonida endi hech kim: "Oxirgisi qizaloq bo'ladi!" yoki "Birinchisi mashshoq bo'ladi!" deb chuvvos solmas edi. Mana u, hayotsiz shahar, ammo barcha eshiklar ochiq... Go'yo uylarda bamisoli kuzgi yaproqlar kabi nimadir shitirlayotgandek edi. Ular hammalari bir bo'lib yelkama-elka huv to'rga yashirinib olishadi, qo'llarida esa tayoq tutamlab olishgan, miyalarida ota-onalarining qattiq tayinlagan so'zlari aylangani-aylangan; "U yoqqa izingni bosma! Eski shaharlarga qadam izini qilma! Agar gapga kirmasang, otang shunaqangi adabingni beradiki, umr bo'yi esingdan chiqmaydi!.. Bizlar botinkalaringdan bilamiz!" Nihoyat ular, bir gala bolakaylar, o'lik shaharda, yo'lga olgan oziqlarining yarmini allaqachon tushirib bo'lishgan va ular bir-birlariga hushtakli shivirlash bilan qutqu soladi:
- Qani, bo'l!
To'satdan bittasi joyidan irg'ib turadi, eng yaqindagi uyga yugurib boradi, oshxona orqali yotoqxonaga uchib kiradi. Orqasiga qaramay, o'ynab sakraydi va havoga yupqa, nozik, xuddi yarim tungi osmon jismidek tim-qora yaproqlar havoda charx urib ucha boshlaydi. Birinchisidan keyin yana ikkitasi,uchtasi, barcha oltovloni yugurib ketadi. Mashshoq birinchi bo'ladi, faqat ugina qora mato tortilgan suyak ksilofonini chaladi. Kattakon kalla suyagi yumaloqlangan qordek otiladi, bolakaylar chuvvos solib qichqirishadi! Qobirg'alari o'rgimchak oyog'idek ingichka arfaning ting'irlovchi torlari, qora yaproqlari jazavaga tushib charx uradi, bolakaylar esa yangi tomosha boshlaydilar, ular sakrar, bir-birini turtar, mana shu yaproqlar uzra gursillab yiqilar edilar. Yiqilganda hozirgina yutib olgan po'rtahol sharbati ovoz berib qulqillar edi.
Bu yerdan navbatdagi uyga o'tishadi va keyin yana o'n yettita uyga kirib chiqishadi; shoshmasa bo'lmasdi - zero, shahardan-shaharga barcha dahshatlarni kuydirib kul qilgancha O't o'chiruvchilar, belkurak va savat ko'targan dezinfektorlar keladilar, ular qo'rqinchli narsani odatdagi narsalardan obdon ajratgancha qattiq daraxt po'stloqlari va shoxlarini qirib-qirtishlab, yulib-yulqab bir joyga to'playdilar... O'ynanglar, bolakaylar, parvo qilmanglar, hali zamon O't o'chiruvchilar kelib qolishadi!
Mana, nihoyat reza-reza terga botgancha ular so'nggi buterbrodni og'izlariga soladilar. So'ng ketar jafosiga yana bitta tepki, yana bitta shapaloq tortishadi-da, kuz yaproqlari orasiga sho'ng'ishadi - ana endi uyga yo'l olsa ham bo'laveradi.
Onalar qora dog'lar bor-yo'qligini bilish uchun botinkalarini ko'zdan kechiradilar. Bitta-yarimta dog' topilsa bormi, undan keyin ko'ring: otasining kamari ishga tushib, boshidan vannaning qaynoq suvi quyiladi.
Yilning oxiriga kelib, O't o'chiruvchilar kuzgi yaproqlarni va oq ksilofonlarni bitta qo'ymay terib olishadi va shu bilan ermak ham tugaydi.
Iyun 2003
... OSMONI FALAK SARI
Daryo tinchgina qoq tush oftobi ostida oqib borardi.
- Xo'sh, Sem! - miyig'ida kuldi Kvortermeyn bobo, - endi qora ishni o'zing qilishingga to'g'ri keladiganga o'xshaydi.
- Oqi ham o'zimdan ortmaydi. - Tis bobosiga qaramasdan dedi.
Bobosi o'girildi-da, jim bo'ldi.
- Hoy, menga qara, shoshma! - Semyuel Tis ayvondan sakrab tushdi-da, oldinga intilib barvasta negr o'tirgan otning yuganidan tutdi. - Bo'ldi, Belter, tush, yetib keldik!
- Yetib keldik, ha, ser, - Belter sirg'alib yerga tushdi.
Tis uni nigohi bilan kuzatdi.
- Xo'sh, bu nima deb ataladi?
- Bilasizmi, mister Tis...
- Yo'lga otlandingmi-a? Haligi qo'shiq bor-ku... Hozir eslayman... "Osmoni falak sari" - shunaqaroqmidi-ey?
- Ha, ser.
Keyin nima bo'lishini kutib negr sukut saqladi.
- Mendan ellik dollar qarz ekanliging esingdan chiqmadimi?
- Yo'q, ser.
- To'lamay quyonni surib qolmoqchimiding? Yelka-pelkang qichimayaptimi, mabodo?
- Ser, bu yerda shunday to's-to'polonki, miyam ham achib ketdi.
- Miyasi achiganmish... - Tis ayvondagi o'z tomoshabinlariga g'azab bilan im qoqib qo'ydi. - Jin ursin, mister, nima qilishingni o'zing bilasanmi?
- Yo'q, ser.
- Sen shu yerda qolasan-da, menga o'sha elliktalik ko'kni ishlab berasan, bo'lmasa Semyuel degan otimni boshqa qo'yaman.
U orqasiga qayrildi-da, bostirma tagidagi erkaklarga tantanavor jilmayib qo'ydi.
Belter ko'chani limmo-lim to'ldirgan oqimga, do'konlar oralig'ida tinimsiz oqayotgan qora oqimga, aravalarda, otlarda, changli boshmoqlarda ketayotgan qora oqimga, uni to'satdan sug'urib olgan qora oqimga qarab turardi. U titrab ketdi.
- Meni qo'yib yuboring, mister Tis. Men u yoqdan pulingizni yuboraman, chin vijdon so'zim.
- Menga qara, Belter. - Tis negrning shim tasmalaridan ushlab oldi, arfa torlari kabi goh unisini, goh bunisini tortar ekan, osmonga qaradi va ijirg'anib pishqirdi-da, qoq suyak barmog'i bilan falakdagi xudoga ishora qildi. - U yoqda seni nima kutayotganini bilasanmi, Belter?
- Menga nimalar aytishgan bo'lsa, shuni bilaman.
- Unga aytishganmish! Iso Masih haqida! Yo'q, eshitdilaringmi, unga aytishganmish! - U xuddi qo'g'irchoq o'ynagandek Belterning shim tasmasidan tutgancha naridan-beri chayqar va barmog'ini uning yuziga nuqir edi. - Gaplarim esingda bo'lsin, Belter. To'rtinchi iyuldagi masxarabozlikka o'xshab tepaga chiqdilaringmi - tamom! Sizlardan bir hovuch kul qoladi. U ham butun koinotga sochilib ketadi. Bu mahmadona olimlar baloni ham bilishmaydi, ular hammangizni asfalasofilinga jo'natadi.
- Menga baribir.
- Yana yaxshi! Chunki u yerda, sizning o'sha Marsingizda, bilasanmi, sizlarni nima kutayapti?
Qonxo'r darranda, ko'zlari - mana bunaqa! Kosasidan chiqqan! Bir gal jurnallarda kelajak haqidagi bir suratni ko'rib qoluvdim, tamaddixonamizda donasini o'n tsentdan sotishardi, xuddi o'shanga o'xshab, shartta sizlarga tashlanadi-da, bor iligingizni so'rib olishadi!
- Menga baribir, baribir, baribir. - Belter o'rmalab borayotgan oqimdan ko'z uzmagan holda dedi.
Qop-qora manglayda ter paydo bo'ldi. U hozir hushdan ketadigandek ko'rinardi.
- U yerdagi sovuqni aytmaysanmi? Havo ham yo'q, gupp etib yiqilasan-da, baliqdek tipirchilaysan.
Og'zingni kappa-kappa ochasan-da, jon berasan! G'ujanak bo'lasan, bo'g'ilasan va o'lasan! Qalay, shu senga yoqadimi?
- Menga yoqadimi, yoqmaydimi, baribir... Iltimos, ser, meni qo'yib yuboring. Kechikayapman.
- Qachon xohlasam shunda qo'yib yuboraman. To sen shu yerda ekansan, ikkalamiz miriqib gaplashib olamiz, buni o'zing ham juda yaxshi bilasan. Shunday qilib, safarga ketayapman, de? Xo'sh, gap bunday; mister "Osmoni falak sari", uyga qaytgin-da, tinchgina anovi elliktalik ko'kni to'lashni o'yla! Senga muddat - ikki oy.
- Axir, ser, qarz to'lagani qolsam, raketaga kech qolaman-ku!
- Obbo, baloi azim-ey! - Tis o'zini bechorahol qilib ko'rsatishga harakat qildi.
- Mening otimni olaqoling, ser.
- Ot qonuniy to'lov vositasi deb e'tirof etila olmaydi. Sendan pul undirmagunimcha hech qayoqqa ketmaysan.
Tis xursand edi. Kayfiyati a'lo darajada edi.
Do'kon oldida bir to'p qora tanli odamlar to'planishgandi. Ular nimagadir quloq solib turardilar.
Belter boshini egib turar, butun vujudi dag'-dag' titrardi. Bir vaqt xaloyiq ichidan bir chol chiqib keldi.
- Mister!
Tis unga qaradi.
- Xo'sh?
- Bu odam sizdan qancha qarzdor?
- Burningni suqma, itvachcha!
Chol Belterga o'girildi.
- Qancha, o'g'lim?
- Ellik dollar.
Chol uni qurshab turgan odamlarga qop-qora qo'lini cho'zdi.
- Bizlar 25 nafarmiz. Har birimiz ikki dollardan beraylik, tezroq bo'linglar, hozir pachakilashib o'tiradigan vaqt emas.
- Bu tag'in nimasi? - qichqirdi Tis gavdasini g'oz tutib. Hammaning qo'lida pul paydo bo'ldi. CHol pullarni shlyapasiga to'pladi-da, uni Belterga topshirdi.
- O'g'lim, - dedi u, - sen raketaga kechikmaysan.
Belter shlyapaga qaradi-da, jilmaydi.
- Kechikmayman, ser, endi kechikmayman!
Tis o'kirdi:
- Hoziroq pullarni egalariga qaytar!
Belter tavoze bilan egildi-da, unga pulni uzatdi, biroq Tis pulni olmadi; shunda negr pullarni uning oyog'i tagiga - qoq yerga qo'ydi.
- Mana sizning pulingiz, ser, - dedi u, - katta rahmat.
Belter jilmaygancha egarga sakrab o'tirdi-da, otga qamchi bosdi. U cholga tashakkur bildirdi: ular yonma-yon ketib borar edilar va ko'p o'tmay ko'zdan g'oyib bo'lishdi.
- Itdan tarqagan! - dedi ko'zlarini qisib quyoshga qaragancha shivirlab Tis, - itdan tarqagan...
- Pulni yerdan ol, Semyuel - dedi kimdir ayvondan.
Butun yo'l bo'ylab shu narsa sodir bo'lmoqda edi. Oyoqyalang bolakaylar yugurib kelishardi-da quloqni qomatga keltirib qichqirar edilar:
- Bisotida borlar yo'qlarga yordam beradilar! Hamma ozod bo'ladi! Bir boyvachcha qarzidan qutulsin, deb bir kambag'alga ikki yuztalik "ko'k"idan berdi! Yana bittasi boshqa kambag'alga o'ntalik, beshtalik, o'n oltitalik "ko'k"idan berdi - hamma joyda shunday qilishayapti, hamma shunday qilayapti!
Oq tanlilar aftlarini bujmaytirib o'tirishardi. Ular ko'zlarini qisib olgan, xuddi o'tdek kuydiruvchi shamol va chang yuzlariga savalayotgandek aftlarini burishtirib olishgandi.
Semyuel Tis g'azabdan bo'g'ilardi. Ayvonga yugurib chiqdi-da, o'tib ketayotgan olomonga yeb qo'ygudek tikildi. U to'pponchasini havoda o'ynatardi. Azbaroyi nafratdan o'zini qo'ygani joy topolmas edi va hammaga, unga ko'z tashlagan har bir negrga yuzlangancha ovozining boricha bo'kira boshladi:
- Gum! Yana raketa uchdi! - Og'zini to'ldirib vahima bilan dedi. - Gum! Yopiray!
Qop-qora boshlar oldinga qaragan, hech kim o'zini eshitayotgandek qilib ko'rsatmayotgandi, faqat ko'zlarining oqi birrov ko'rinardi-da, suzilgancha g'oyib bo'lardi.
- Ta-ta-tax! Hamma raketalar tariqday sochilib ketdi! Qichqiriqlar, dahshat, o'lim! Gumm! Ey xudovandi karim! Menga nima, men shu yerda qolaman, ona-Yerimda! Kampirsho uyaltirib qo'ymaydi! Ha, ha!
Changni to'zitgancha tuyoqlar taq-tuq qiladi. Siniq ressorli furgonlar titraydi.
- Gumm! - Tisning ovozi qo'rquvni chang va charaqlagan osmon sari quvishga harakat qilib, issiq havoda tanho jaranglardi. - Qars! Qorayaloqlarni butun koinot bo'ylab tirqiratib yuborishdi! Iloyo meteoritlar balosiga uchrab, raketalaring chil-chil bo'lsin! Koinotda nima ko'p, meteorit ko'p! Sizlar bilmas edilaringmi? Shunday! Mo'r-malaxday bosib yotibdi koinotni, hatto undan ham ko'p!
Raketalaringiz esa yuzdagi xoldek, sopol naychaday har tomonga sochilib ketadi! Qora treska to'ldirilgan zang bankadan nima farqi bor! Paqildoqdek paq-paq-paq yoriladi, tamom. O'n mingta nobud bo'lgan, yana o'ng mingta. Yer atrofida abadiy aylanib uchib yuraveradi, muzdekkina, qoqsholgina, baland-balandlarda, arshi a'lolarda! Eshitayapsizmi, hoy, odamlar! Eshitayapsizmi?!
Jimlik. Daryo keng o'zan bilan tinimsiz oqadi. Barcha kulbalarni obdon yalab o'tadi. Undagi bor bud-shudni yuvib ketadi, u soatlarni, kir yuvish taxtalarini, shoyi qiyqimlarini va parda karnizlarini olib ketadi, allaqaerlardagi uzoq qora dengizga oqizib ketadi.
Kunduz soat ikki. Toshqin sal o'ziga keladi, oqim sayozlashadi. Keyin daryo butunlay qurib qoladi.
Shaharda sukunat hukmronlik qiladi. Uylarga, o'tirib olgan erkaklarga, baland, issiqdan mung'aygan daraxtlarga yengil gilamdek qo'nadi.
Jimlik.
Ayvondagi erkaklar quloq soladilar.
Hechqisi yo'q. Shunda ularning tasavvuri, ularning fikrlari oldinga, shahar chekkasidagi o'tloqzorga uchadi. Kallai sahardan butun atrofni tovushlarning odatdagi uyg'un sadosi qoplaydi. Joriy qilingan tartibga sodiqlar unda-bunda qo'shiq xirgoyi qilishadi; butalar tagida oshiq-ma'shuqlar qiqirlashadi; allaqaerda daryoda suvni chapillatib cho'milayotgan negr bolalarining kulgilari quloqqa chalinadi.
Dalalarda yelka va qo'llar ko'zga tashlanadi; ko'm-ko'k maysalardan to'qilgan kulbalar ichidan hazil-mutoyibalar va quvnoq suhbatlar eshitiladi.
Hozir o'lka uzra go'yo bo'ron bo'lib o'tgandek va hamma tovushlarni uchirib ketgandek edi, hechqisi yo'q. Go'riston sukunati. Charm ilmoqlarda beso'naqay eshiklar osilib qolgan. Jimjit havoda eski pokrishkalardan qilingan tashlandiq arg'imchoqlar qotib qolgan. Kirchilarning yaxshi ko'rgan joyi - sohildagi yassi toshlar huvillab qolgan. Tashlandiq polizlarda yakkam-dukkam tarvuzlar qalin po'stlog'i tagida muzdek sharbatni yashirgancha dumalab yotibdi. O'rgimchaklar tashlandiq chaylalarda yangi inlarini to'qiydilar; ilma-teshik tomdan quyoshning zarrin nurlari o'rniga chang sizib kiradi. Allaqaerda shoshma-shosharlikda esdan chiqqan gulxan hali ham o'chib ulgurmagan va birdan avj olgan alanga poxol chaylaning quruq sinchini yamlashga tushadi. Shunda ochofat olovning mamnun gurillashi sukunatni buzadi.
Tosh qotgan erkaklar do'kon ayvonchasida o'tirishibdi.
Sira aqlim yetmaydi, kelib-kelib ular to'satdan nega hozir ketgilari kelib qoldi! Bir qarashda hammasi joyidagidek edi. Kunda-kunda yangi imtiyozlar olishardi. Ularga tag'in nima kerak ekan-a?!
Saylov solig'ini bekor qildik, dangasalik bo'lmasligi uchun qonunlar qabul qilinyapti, qayoqqa qaramang - tenglik! Shuyam kammi ularga? Har qanday oqtanlidan yomon topishmaydi - he yo'q, be yo'q koinotga jo'nab yuborishdi-ya!
Bo'm-bo'sh ko'chaning narigi uchida bir velosipedchi ko'rindi.
- O'lay agar, Tis, bu kelayotgan sening Silliying bo'ladi.
Velosiped ayvon yoniga kelib to'xtadi, unda qizg'ish tanli 17 yoshlardagi, suyagi buzuqqina bir o'smir o'tirardi. Oyoq-qo'llari uzun-uzun, boshi tarvuzdek yumaloq. U Semyuel Tisga qarab qo'ydi-da, jilmaydi.
- Ha, vijdoning yo'l qo'ymay qaytib kelibsan-da? - dedi Tis.
- Yo'q, xo'jayin, velosipedni olib keldim, xolos.
- Nega? Raketaga sig'madimi?
- Yo'q, xo'jayin, gap unda emas.
- Nima gapligini aytmasang ham bo'laveradi! Tush, mulkimni senga o'g'irlatib qo'ymayman! - U o'smirni turtib yubordi. Velosiped ag'darildi. - Bor, do'konga kirib idishlarni yuv.
- Nima dedingiz, xo'jayin? - O'smirning ko'zlari katta-katta ochildi.
- Nima eshitgan bo'lsang shuni dedim! Miltiqlarni idishdan olish va qutini ochish kerak - Natchezdan mixlar kelgan...
- Mister Tis...
- Do'konni bolg'alarga tayyorlab qo'yish kerak.
You have read 1 text from Uzbek literature.
Next - Marsga hujum - 09
  • Parts
  • Marsga hujum - 01
    Total number of words is 3967
    Total number of unique words is 1895
    36.7 of words are in the 2000 most common words
    53.0 of words are in the 5000 most common words
    62.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 02
    Total number of words is 3877
    Total number of unique words is 1887
    36.1 of words are in the 2000 most common words
    52.7 of words are in the 5000 most common words
    63.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 03
    Total number of words is 3769
    Total number of unique words is 1989
    34.7 of words are in the 2000 most common words
    51.6 of words are in the 5000 most common words
    60.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 04
    Total number of words is 3849
    Total number of unique words is 1960
    34.1 of words are in the 2000 most common words
    51.5 of words are in the 5000 most common words
    59.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 05
    Total number of words is 3830
    Total number of unique words is 2064
    33.9 of words are in the 2000 most common words
    50.2 of words are in the 5000 most common words
    59.2 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 06
    Total number of words is 3843
    Total number of unique words is 1976
    34.0 of words are in the 2000 most common words
    49.9 of words are in the 5000 most common words
    58.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 07
    Total number of words is 3902
    Total number of unique words is 2068
    33.6 of words are in the 2000 most common words
    49.9 of words are in the 5000 most common words
    57.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 08
    Total number of words is 3791
    Total number of unique words is 2059
    32.0 of words are in the 2000 most common words
    47.6 of words are in the 5000 most common words
    55.5 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 09
    Total number of words is 3806
    Total number of unique words is 2096
    31.3 of words are in the 2000 most common words
    46.9 of words are in the 5000 most common words
    56.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 10
    Total number of words is 3813
    Total number of unique words is 1985
    34.2 of words are in the 2000 most common words
    49.3 of words are in the 5000 most common words
    57.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 11
    Total number of words is 3928
    Total number of unique words is 1872
    36.8 of words are in the 2000 most common words
    52.9 of words are in the 5000 most common words
    62.0 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 12
    Total number of words is 3965
    Total number of unique words is 1896
    33.8 of words are in the 2000 most common words
    50.9 of words are in the 5000 most common words
    59.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 13
    Total number of words is 3877
    Total number of unique words is 1920
    35.3 of words are in the 2000 most common words
    52.4 of words are in the 5000 most common words
    61.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 14
    Total number of words is 3807
    Total number of unique words is 2030
    33.9 of words are in the 2000 most common words
    51.3 of words are in the 5000 most common words
    60.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 15
    Total number of words is 3869
    Total number of unique words is 2091
    32.1 of words are in the 2000 most common words
    48.9 of words are in the 5000 most common words
    58.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 16
    Total number of words is 4
    Total number of unique words is 4
    0.0 of words are in the 2000 most common words
    0.0 of words are in the 5000 most common words
    25.0 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.