Marsga hujum - 09

Total number of words is 3806
Total number of unique words is 2096
31.3 of words are in the 2000 most common words
46.9 of words are in the 5000 most common words
56.8 of words are in the 8000 most common words
Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
- Mister Tis, xo'jayin!
- Hali ham shu yerdamisan?! - Tisning ko'zlari shiddatkor chaqnab ketdi.
- Mister Tis, bugun dam olsam bo'ladimi? - so'radi o'smir uzrli ohangda.
- Ertaga ham, indinga ham, undan keyingi kun hammi? - dedi Tis.
- Shunaqamikan deyman-da, xo'jayin.
- Sendan qo'rqish kerak, bu aniq. Beri kel-chi. - U o'smirni do'konga yetaklab ketdi va stoldan qog'oz oldi.
- Mana bu narsani bilasanmi?
- Bu nima, xo'jayin?
- Sening mehnat shartnomang. Sen unga imzo chekkansan, mana sening yulduzchang, ko'rdingmi? Javob ber.
- Men imzo chekmaganman, mister Tis. - O'smirning vujudi titrab ketdi. - Yulduzchani har qanday odam ham qo'yaveradi.
- Menga qara, Silli. Shartnomang: "Men mister Semyuel Tisga 2001 yil 15 iyuldan boshlab ikki yil ishlab berish majburiyatini olaman, bordi-yu, ishdan bo'shamoqchi bo'lsam, bu haqda to'rt hafta oldin ma'lum qilaman va o'rnimga odam topilmaguncha ishlayveraman". Mana, - Tis kafti bilan qog'ozga urib qo'ydi, uning ko'zlari chaqnardi. - Tonadigan bo'lsang, sudga beramiz.
- Ilojim yo'q! - qichqirdi o'smir. Uning yuzlaridan yosh donalari dumalay ketdi. - Agar bugun ketmasam, hech qachon ketolmayman.
- Men seni yaxshi tushunaman, ha, ha, senga rahmim keladi. Lekin hechqisi yo'q, biz senga yaxshi muomala qilamiz, yigitcha, yaxshi ovqatlantiramiz. Endi esa, bor, ishga tush, miyangdagi mana bu bo'lmag'ur fikrlarni chiqarib tashla, tushundingmi? Shunaqa, Silli. - Tis g'amgin jilmaydi va o'smirning yelkasidan qoqib qo'ydi.
O'smir ayvonda o'tirgan chollarga o'girildi. Uning ko'zlarida yosh qotib qolgan edi.
- Balki... balki... mana bu jentlmenlardan birontasi...
Bostirma tagidagi issiqdan sillasi qurigan erkaklar boshlarini ko'tarishdi, Silliga qarashdi, so'ng Tisga qarashdi.
- Buni qanday tushunish kerak: o'rningga oq tanlini olib kelishsinmi? - sovuqqina so'radi Tis.
Kvortermeyn bobo tizzalaridan qizil qo'llarini ko'tardi. U uzoqlarga o'ychan qaragancha dedi:
- Menga qara, Tis. Menga nima bo'ladi?
- Nima?
- Men Silli bilan birga ishlamoqchiman.
Boshqalar jim bo'lib qoldi.
Tis oyoq uchida chayqalardi.
- Bobo... - dedi u ogohlantiruvchi ohangda.
- Bolakayni qo'yib yubor, nimani kerak bo'lsa o'zim tozalayman.
- Siz...
- Siz rostdan aytayapsizmi, to'g'risimi? - Silli boboning oldiga yugurib keldi. U ham kular, ham yig'lar, quloqlariga ishonmasdi.
- Albatta.
- Bobo, - dedi Tis. - O'sha mishiqi burningizni bu ishga suqmang.
- Bolakayni ushlab turma, Tis.
Tis Sillining oldiga keldi-da, uning qo'lidan tutdi.
- U meniki. Men uni tungacha orqa xonaga qamab qo'yaman.
- Kerak emas, mister Tis!
O'smir yig'ladi. Uning yig'lagan ovozi bostirma ostida jaranglab eshitilardi. Sillining qop-qora qovoqlari shishib ketdi. Yo'lda uzoqdan eski, shalog'i chiqqan ford ko'rindi, u so'nggi qora tanlilarni olib ketgan edi.
- Bular meniki, mister Tis. O, iltimos, xudo haqqi, sizdan iltimos qilaman!
- Tis, - dedi erkaklardan biri o'rnidan turarkan, - qo'ying, ketaversin.
Ikkinchi erkak o'rnidan turdi.
- Men ham shunday o'ylayman.
- Men ham, - dedi uchinchi erkak.
- Rost-da, - endi barchalari baravar gapirishdi. - Bas qil, Tis.
- Bolakayni qo'yib yubor.
Tis cho'ntagidagi to'pponchani paypasladi. Uning ko'zi erkaklarning yuziga tushdi. U qo'lini cho'ntagidan oldi-da, dedi:
- Hali shunaqami?
- Ha, shunaqa, - javob berdi kimdir.
Tis bolani qo'yib yubordi.
- Bo'pti, bora qol. - U qo'li bilan do'kon tomonni ko'rsatdi. - Sen o'zingning iflos ashqol-dashqolingni qoldirib ketmassan, harholda?
- Yo'q, xo'jayin!
- Tuguningdagi eng so'nggi lattani ham yig'ishtirib ol-da, yoqib yubor.
Silli boshini chayqadi.
- O'zim bilib olib olaman.
- Ular sening raketaga allaqanday lash-lushlaringni olaveradi deb o'ylaysanmi?
- Men o'zim bilan olib olaman, - muloyim ohangda takrorladi o'smir.
U do'kondan uycha tomonga chopib ketdi. Uning supurayotgani va sarishta qilayotgani eshitilib turardi. Hayal o'tmay Silli yana paydo bo'ldi. Pirildoqlar, zo'ldirlar, eski varraklar va bir necha yil davomida to'planib qolgan turli ashqol-dashqollarni ko'tarib olgan. Shu zahoti ford yetib keldi. Silli mashinaga o'tirib eshikni yopdi.
Tis ayvonda zaharxanda jilmaygancha tik turardi.
- Xo'sh, u yerda nima qilmoqchisan?
- Do'konimni ochmoqchiman, - javob berdi Silli. - Shunaqa do'kon qurmoqchiman.
- Obbo muttaham-ey, shuning uchun menga yollangan ekansan-da, ishni o'rganib olib, keyin bu hunardan foydalanish uchun juftakni rostlab qolmoqchi bo'lgan ekansan-da!
- Yo'q, xo'jayin, men hech ham unday o'ylaganim yo'q, bunday bo'lishini bilganim ham yo'q, lekin shunday bo'lib qoldi. Hunar o'rganib gunoh ish qilibmanmi, mister Tis?
- Hali raketalaringga nom ham qo'yib olgandirsan?
Qoratanlilar o'zlarining yagona soatlari - fordning uskunalar taxtasidagi soatiga qarashdi.
- Ha, xo'jayin?
- Hoynahoy, "Ilya", "Jang aravasi", "Katta g'ildirak" yoki "Kichik g'ildirak", "Sadoqat", "Umid",
"Muruvvat" bo'lsa kerakdir?
- Biz kemalarga nomlar o'ylab topganmiz, mister Tis.
- "Farzand-Xudo" va "Avliyo-arvoh"mi? Ayt-chi, bolakay, bitta raketani Baptistlar cherkovi sharafiga nomlasalaring nima qilibdi?
- Endi boraylik, mister Tis.
Tis qah-qah urib kuldi.
- Nahotki birontasini "Pastroq uch", yoki "Sharofatli arafa" deb nomlamagansizlar?
Mashina o'rnidan jildi.
- Xayr, missis Tis.
- Sizlarda "Sochilinglar, mening suyakchalarim" degan raketa bormi?
- Xayr, mister!
- "Iordan orqali" degani-chi? Vah! Bo'pti, yigitcha, jo'na, raketangda gumdon bo'l, parvoz qil, portlasa ham bir tomchi ko'z yosh to'kmayman!
Mashina chang buluti ichida yelib ketdi. Silli xiyol o'rnidan turdi-da, kaftini og'ziga karnay qilib, so'nggi bor Tisga qichqirdi:
- Mister Tis, mister Tis, endi tunlari nima ish qilasiz? Tunlari nima ish qilasiz?
Sukunat. Mashina uzoqlarda ko'zdan g'oyib bo'ladi. Yo'l huvillab qoldi.
- U nima demoqchi bo'ldi, shaytondan tarqagan? - dedi hayron bo'lib Tis. - Tunlari nima qilar ekanman?
U changning o'tirishiga qarab turdi va birdan gap nimadaligini anglab qoldi.
U tunlari uyi yonida avtomashinalar kelib to'xtaganini, ularda esa qop-qora qiyofalar bo'lishini, tizzalar osilib turishini, undan yuqoriroqda miltiq millari ko'rinib turishini go'yo mudroq daraxtlarning qop-qora shoxlari ostida bir mashina to'la turnalar turgandek bo'lishini eslab qoldi. Yana darg'azab ko'zlar... Gudok, yanagudok, miltiqni qo'lida siqib ushlagan, o'zicha hiringlab kulgancha eshiklarni qarsillatib yopadi, yuragi boladek o'ynab ketadi. Yoz tuni qo'ynida yo'ldagi ola-tasir poyga boshlanadi, mashina poli ustida yo'g'on arqon o'rami ko'rinadi, yangi patronlar qutichalaridan paltoning cho'ntaklari qappayib turadi. O'tgan yillar ichida bunday kunlardan nechtasi o'tgan ekan - qahrli ko'zlar ustiga tushib turgan soch tutamlarini silab o'ynayotgan qarshi shamol, yaxshi, baquvvat, mahkam daraxtni ko'rgandagi tantanavor hayqiriqlar va kulba eshigini chertish!
- Shunga shama qilgan ekan-da, itdan tarqagan! - Tis qorong'idan yo'l ustiga sakrab chiqdi. -
Qayt, itvachcha! Tunlari nima qilar ekanman?! Obbo gazanda-ey, pastkash...
Sillining savoli ayni nishonga urgan edi. Tis o'zini bemor, yuragini bo'm-bo'sh his etdi. "Darvoqe, tunlari biz nima qilamiz-a? - o'yladi u. - Endi hamma ketib bo'lganda-chi?" Uning yuragi g'ash, miyasi karaxt bo'lib qolgan edi.
U cho'ntagidan to'pponchani oldi-da, patronlarni qayta sanab chiqdi.
- Nima qilmoqchisan, Sem? - so'radi kimdir.
- Bu padar la'natini otaman!
- Sal o'zingni bossang-chi, - dedi bobo.
Ammo Semyuel Tis do'kon ortida g'oyib bo'lgan edi. Bir zumdan so'ng u o'zining usti ochiq mashinasida paydo bo'ldi.
- Kim boradi men bilan?
- Ha, bir aylanib kela qolay, - dedi bobo o'rnidan turar ekan.
- Yana kim?
Jimlik.
Bobo mashinaga o'tirdi-da, eshikni yopdi. Changni to'zitgancha Semyuel Tis mashinani yo'lga olib chiqdi va ular charaqlagan osmon ostida shamoldek yelib ketishdi. Ikkalasi ham jim edi. Bulutsiz osmon uzra quyosh o'zining olovini ayamay purkaydi.
Yo'l ikkiga ayrilgan joy. Ular to'xtaydilar.
- Ular qaerga ketishdi, boboy?
Kvortermeyn bobo qoshini chimirdi.
- Menimcha, to'g'riga qarab ketishgan.
Ular yo'lda davom etdilar. Daraxtlar ostida yolg'iz motor ovozi gurillaydi. Yo'lda zog' uchmas edi, biroq to'satdan ular g'alati bir narsani payqab qolishdi. Nihoyat Tis yurishni tezlatdi-da, sariq ko'zlarini g'azab bilan charaqlatgancha eshikdan gavdasini chiqarib egildi.
- Jin ursin, bobo! Bu itvachchalar nimani o'ylab topishganini ko'rdingizmi?
- Nimani? - so'radi bobo tikilib qaragancha.
Yo'l yoqalab tartib bilan terilgan eski rolikli konkilar, turli mayda-chuydalarga to'la tugunchalar, yirtiq boshmoqlar, arava g'ildiraklari, eski shim va paltolar, ilma-teshik shlyapalar, bir vaqtlar shamolda mayin jiringlagan billur idishchalar, qizil naqshli jez bankalar, mumdan yasalgan mevalar, konfederatsiya zamonidagi pullar solingan qutichalar, tog'oralar, kir yuvish taxtachalari, kir dorlar, sovun, kimningdir uch oyoqli velosipedi, kimningdir tok qaychilari, qo'g'irchoq aravachasi, xunuk qo'g'irchoqli quticha, negrlar baptist cherkovining ola-bula oynasi, tormoz prokladkalari to'plami, avtomobil kameralari, matraslar, kushetkalar, tebranma stullar, kremli bankachalar, ko'zgular yotar edi. Ammo ular barchasi shoshma-shosharlikda apil-tapil tashlab ketilgan narsalar emas, balki avaylab, hafsala bilan, did bilan, go'yo bu yerdan butun shahar ahli yurib o'tgandek, changli yo'l yoqasi bo'ylab terib qo'yilgan edi. To'satdan ulug'vor karnay ovozi yangradi, odamlar o'z qo'r-qutlarini shundoq tuproq ustiga qo'ydilar-da, shartta moviy falak sari ko'tarilib ketishdi.
- Nima bo'lganda ham "Yoqishni istamaymiz" ekan-da! - Alam bilan qichqirdi Tis. - Men ularga yoqib yuboringlar degan edim, he yo'q, be yo'q shuncha masofadan ko'tarib kelishibdi-da, shu yerga terib qo'yishibdi - qaqir-ququrlarga oxirgi marta qarab to'yib olishibdi, mana, mana ular, qarab tomosha qiling! Bu qorayaloqlar, xudo bilsin, o'zlarini kim deb bilishadi.
U mashinani yeldirib ketdi. G'aramlarni ezib yanchgancha, quticha va oynalarni chil-chil qilgancha, stul-pstullarni majaqlagancha, qog'ozlarni har tomonga to'zitgancha kilometrma-kilometr olg'a ketib borardi.
- Mana senga! Jin ursin... Yana! Mana senga!
Oldingi g'ildiraklar ayanchli vishilladi, mashina qayrildi-da, yo'l chetidagi ariqqa tushib ketdi. Tis peshonasini oynaga urib oldi.
- Obbo, itdan tarqaganlar-ey, - Semyuel Tis changlarini qoqa-qoqa g'azabdan yig'lab yuborgudek bo'lib, mashinadan tushdi. U kimsasiz va unsiz yo'lga qaradi.
- Endi biz ularni hech qachon quvib yetolmaymiz, hech qachon!
Ro'parada yo'l chekkasiga terib qo'yilgan tugunlar va uyumlar qatorining oxiri ko'rinmasdi, go'yo, botib borayotgan quyoshning zarrin nurlari ostida, garmselda qolib ketgan qadimiy qadamjolardek.
Bir soatdan so'ng holdan toygan Tis va bobo do'konga qaytishdi. Erkaklar osmonga tikilgan va quloq solgancha hamon o'sha yerda o'tirishardi. Tis o'tirib, oyog'ini qisgan botinkalarini yecha boshlagan edi hamki, kimdir:
- Qaranglar! - deb yubordi.
- Padariga la'nat o'shani! - bo'kirdi Tis.
Ammo boshqalar o'rinlaridan turib, o'sha yoqqa qarashdi. Ular tubsiz osmon sari ko'tarilib ketayotgan oltin urchiqlarni ko'rishdi. Ortidan olov dumlar qoldirgancha urchiqlar ko'zdan g'oyib bo'ldi.
Paxtazorlarda shamol oppoq chanoqlarini erinib silaydi. Bog'chalarda oftobda isingancha targ'il yo'lbars bolasiga o'xshagan tarvuzlar dumalab yotadi.
Ayvondagi erkaklar o'tirishdi. Bir-biriga qarashdi. Tokchalarda tartib bilan terib qo'yilgan sariq arqonlarga, qutilardagi yaltiroq patron-gilzalariga, kumushrang to'pponchalarga va shift ostida soyada jimgina osilib turgan cho'zinchoq miltiqlarga qaradilar. Kimdir og'ziga maysa tiqdi. Kimdir changda odam suratini chizdi.
Semyuel Tis tantanavor botinkasini aylantirib ichiga qaradi-da, dedi:
- Payqadilaringmi? U oxirgi damgacha meni "xo'jayin" dedi, xudo haqqi!
2004–2005
YANGI NOMLAR
Ular yetib keldilar-da, hayratomuz moviy yerlarni egalladilar va ularga o'z nomlarini qo'ydilar.
Xinkston-Krik daryosi va Lyustig-Korners dalasi, Blek-River daryosi va Driskoll-Forest o'rmoni, Peregrin-Mauntin tog'i va Uayldertaun shahri paydo bo'ldi - hammasi odamlar sharafiga va odamlar sodir etgan voqealar sharafiga qo'yilgan nomlar edi. Marsliklar dastlabki yerliklarni o'ldirgan joyda Rettaun shahri paydo bo'ldi - bu nom qon bilan bog'liq. Mana bu yerda esa ikkinchi ekspeditsiya halok bo'lgan - nomi ham shundan kelib chiqqan. Ikkinchi urinish; fazogirlar qo'nayotganda olovli snaryadlari bilan yerni to'zitgan hamma joyda bir g'aram shag'aldek otlar, nomlar qolgan; o'z-o'zidan ma'lumki, Spender-Xill tog'i va uzun Nataniel-York shahri nomini tashlab o'tishning iloji bo'lmagan...
Ko'hna Mars nomlari suv, havo, tog'larning nomlari bo'lgan. Janubda erigan qorlarning nomlari qurigan dengizga borib quyuluvchi kanallarning tosh o'zanlariga qarab oqqan. Xoki dahmalarda yotgan ko'zboyloqchilarning nomlari, minora va yodgorliklarning nomlari. Raketalar marmarlarni tariqday tirqiratgan, ko'hna shaharlar nomlari yozilgan chinni idishlarni chil-chil qilgan ko'yi xuddi bolg'alarga o'xshab mana shu nomlar ustiga yopirilib tushgan va singan buyumlar g'arami uzra yangi nom ko'rsatkich taxtachalari qad ko'tardi: Ayron-Taun, Stiltaun, Alyuminium-Siti, Elektr-Rik-Villedj, Korntaun, Greyn-Villa, Detroyt II - Yerdan kelgan tanish mexanik, ma'dan nomlari.
Shaharlar qad ko'targanda esa, qabristonlar paydo bo'ldi. Ularga ham nomlar qo'yildi: Yashil Burchak, Oq To'slar, Tinch, Adr, Biroz Dam Ol - dastlabki marhumlar o'z qabrlariga kelib yotdilar...
Hamma narsa ipga tizilgandek orasta bo'lgach, hamma narsa risoladagidek o'z joyiga tushgach, shaharlar mustahkam o'rnashib oldi va xilvat joyni topishning endi iloji bo'lmay qoldi - shundagina Yerdan tajribali va bilag'on odamlar kela boshladilar. Ular mehmonga va ta'tilga kelar edilar, sovg'alar sotib olgani va rasmga tushgani kelar edilar - "Mars havosidan nafas olgani", - ular tadqiqot ishlari olib borgani va ijtimoiy qonunlarni hayotga tatbiq etgani kelar edilar; ular o'zlari bilan yulduzlarini, unvonlarini, qoida va nizomlarini olib kelar edilar, Yerni chirindi axlatdek qoplab olgan to'rachilik urug'larini olib kelishni ham unutmagan edilar va ularni Marsda unishi mumkin bo'lgan har qanday joyga eka boshladilar. Ular turmush va axloq qonunchilari bo'ldilar; pand-nasihat va o'gitlardan qulog'i tinchishi uchun Marsga ko'chib kelgan odamlarni iymon yo'liga boshqarishga, undashga va turtishga tirishdilar. Shunisi qiziqki, bu narsa ushbu odamlardan birontasiga zarracha malol kelmayotgandi.
Aprel 2005
ESHER II
"Bugungi xira, qorong'i, sas-sadosiz kuz kunida men otda tanho o'zim g'alati cho'l joyda ketar edim, osmonda bulutlar qo'rg'oshinday og'ir osilib turar edi va nihoyat yerga oqshom qorong'iligi cho'kib kela boshlaganda Esherning mungli qo'rg'oni oldida paydo bo'ldim..."
Mister Uilyam Stendal kitob o'qishdan to'xtadi, ana uning qarshisida, uncha baland bo'lmagan qora qir ustida - Qo'rg'on va uchli toshga 2005 yil deb o'yib yozilgan.
Me'mor mister Bigelou dedi:
- Uy tayyor. Kalitni qabul qiling, mister Stendal.
Jim-jit kuzgi quyosh ostida yonma-yon turgancha ular sukut saqlar edilar.
Qarg'a qanotidek qop-qora maysa uzra ularning oyoqlari ostida chizmalar shitirlar edi.
- Esherlar uyi, - mamnun holda dedi mister Stendal. - Loyihalashtirilgan, qurilgan, sotib olingan, puli to'langan. Menimcha, mister Po rosa quvongan bo'lar edi.
Mister Bigelou qoshini chimirdi.
- Hamma narsa ko'nglingizdagidekmi, ser?
- Ha!
- Naqshi o'zidagidekmi? Ko'rinishi zerikarli va dahshatlimi?
- Haddan tashqari dahshatli, haddan tashqari zerikarli!
- Devorlari tundmi?
- Ajoyib!
- Hovuz yetarli darajada "Qora va ma'yus"mi?
- Aql bovar qilmas darajada qora va ma'yus.
- Terak-chi? U o'zingiz bilgandek, qurib-qaqshagan va barglari to'kilgan qilib bo'yalganmi?
- Nafrat qilar darajada!
Mister Bigelou me'moriy loyiha bilan solishtirib ko'rdi. U navbatdagi topshiriqni birma-bir aytib chiqdi:
- Butun ansambl "yurakning muzlatuvchi, lo'qillatuvchi, simillatuvchi og'rig'ini, fikrlardagi noxush bo'shliqni" bera oladimi? Uy, hovuz, qo'rg'on?..
- Mehnatingizga gap yo'q, mister Bigelou, qasam ichamanki, qoyil qilgansiz.
- Minnatdorman. Mendan nima talab etilishini mutlaqo bilmas edim. Xudoga shukurki, sizning o'z raketalaringiz bor, aks holda zarur jihozlarni bu yerga eltib kelishga hech qachon yo'l qo'ymas edilar.
E'tibor qiling-a, bu yerda har doim nimqorong'ulik, bu puchmoqda har doim oktyabr, qachon qaramang dashtu biyobon, hayotdan nom-nishon yo'q, o'lik. Bu bizdan ozmuncha mehnat talab qilmadi. DDT dan o'n ming tonna ketdi. Biz hamma narsani o'ldirdik, na bir ilon, na bir baqa, na bir Mars pashshasi qoldi! Abadiy nimqorong'ulik, mister Stendal, bu mening g'ururimdir. Pinhoniy mashinalar quyosh nurini yutadi. Bu yerda har doim "noxushlik".
Stendal ana shunday san'at bilan yaratilgan noxushlik, qo'rg'oshin og'irligi, nafas bo'g'uvchi bug'lanishlar, butun "muhit"dan bahra ola boshladi. Uyning o'zini aytmaysizmi? Sharti ketib, parti qolgan maskan, dahshatli hovuz, mog'or, qiyomat-qoyim alomatlari! Sintetik ashyolarmi, yoki shunga o'xshagan yana allambalolarmi-ey. Bu yog'ini o'zingiz topib olaverasiz.
U kuz osmoniga qarab qo'ydi. Allaqaerda baland-balandlarda, olis-olislarda quyosh turibdi.
Allaqaerda sayyorada Mars apreli, oltin aprel hukmron, ko'm-ko'k osmon. Allaqaerda yuksakliklarda hayotsiz ajoyib sayyoraga tamaddun keltirishi kerak bo'lgan raketalar o'zlariga yo'l ochadilar. Ularning shiddatli parvozlaridan paydo bo'lgan chiyillash va gurillash bu tussiz ovoz o'tmas olamda, mudroq kuz olamida quloqni teshib yuborgudek edi.
- Endi, topshiriq bajarilgach, - iymanibgina gap qotdi mister Bigelou, - sizdan bir narsani so'ramoqchiman, bularning hammasini siz nima qilmoqchisiz?
- Esher qo'rg'oninimi? Bilmadingizmi?
- Yo'q.
- "Esher" nomidan hech narsani anglamadingizmi?
- Anglaganim yo'q.
- Mana bu ism: Edgar Allan Podan-chi?
Mister Bigelou yo'q degandek boshini chayqadi.
- Darvoqe, - Stendal xafa va nafratini ifoda qilgancha bosiqlik bilan "hm" deb qo'ydi. - Mister Poning muborak xotirasini siz qayoqdan ham bilardingiz? U ancha ilgari, Linkolndan ham oldin o'lib ketgan. Uning barcha kitoblari Buyuk Gulxanda yoqib yuborilgan edi. O'ttiz yil muqaddam, 1975 yilda.
- E-e, - bir narsani tushungandek bosh irg'adi. - Shulardan biri deng!
- Xuddi shunday, Bigelou shulardan bittasi. Uning va Lau Kraftning, Xotorn va Ambroz Birskning kitoblarini yoqishdi, hammasi dahshat va qo'rquvlar haqidagi qissalar edi. Barcha fantaziyalarni, xullas, kelajak haqidagi barcha qissalarni yoqib yuborishdi. Ayovsiz yoqishdi, qonun chiqarishdi.
Hammasi arzimagan narsadan, zarradagi narsadan, elliginchi va oltmishinchi yillardan boshlandi.
Avvaliga karikaturali kitobchalar chiqarishni cheklab qo'yishdi, so'ng detektiv romanlar, filmlarni ham taqiqlashdi. Goh u tomonga, goh bu tomonga irg'itishdi, turli guruhlar, turli laqablar, siyosiy e'tiqodlar, diniy xurofotlar avj olgandan-olib ketdi. Har doim ozchilik tomon qo'rqib qolaverdi va ko'pchilik tomon tushunib bo'lmaydigan narsadan, kelajakdan, o'tmishdan, hozirdan qo'rqar edi, o'zidan va o'z soyasidan qo'rqar edi.
- Tushunarli.
- "Siyosat" so'zidan (oxir-oqibatda eng teskarichi doiralarda "kommunizm" so'zining sinonimi bo'lib qolgan, ha, ha, bu so'zni tilga olishingiz bilanoq, kallangiz ketishi hech gap emas edi!) siyosat so'zidan qo'rqadigan, har tomondan turtki yeydigan - bir joyda gaykani burasalar, yana bir joyda boltni aylantiradilar, bir yoqdan tiqadilar, ikkinchi yoqdan sug'urib oladilar, - san'at va adabiyot ko'p o'tmay shunday bir ulkan tortmachoqqa aylandiki, sho'rlikni buradilar, chaqdilar, chaynadilar, tugun qilib tugdilar, to o'zining qiyishqoqligi va har qanday ta'mini yo'qotmaguncha u yoqdan-bu yoqqa koptokdek irg'itaverdilar. So'ng esa kinokameralar tinib qoldi, teatr zulmatiga g'arq bo'ldi va bosma nashrlarning qudratli Niagarasi "Sof" maqolasining zaif bir jilg'achasiga aylanib qoldi. Ishoning menga, "voqelikdan uzoqlashish" tushunchasi ham shubhali so'zlar sirasiga kirib qoldi!
- Nahotki?
- Ha, ha! Har bir odam, der edi ular, haqqoniylikning yuziga tik qarashi shart. Faqat hozirnigina ko'rib turishlari kerak. Bu toifaga kirmagan hamma narsa - bir pul. Ajoyib adabiy to'qimalar, xayolot osmonida parvoz qilishlar - gullab-yashnayversin. Bir kuni yakshanba tongida, o'ttiz yil muqaddam, 1975 yilda ularni kutubxona devoriga tikka qilishdi: Santa Klaus va Boshsiz chavandoz, Qorqiz va uy Devi, Onag'oz - barchalari ho'ngrab yig'lar edilar! - va ularni otib tashlashdi, so'ng qog'oz qal'a va malika qurbaqalarni, keksa qirollar va "o'sha zamondan buyon baxtli yashab kelayotgan" hammani yoqib yuborishdi (aslida u o'sha zamondan buyon baxtli yashayapti, deb kim haqida aytish mumkin edi!). Bir vaqtlar Hech qachonga aylandi-qo'ydi! Ular O'z mamlakati bosh suyaklari bilan birgalikda Sehrlangan Riksh xokini shamolda sovurdilar, Glinda mehribon va O'zmani chopib tashladilar, To'pgulni spektroskopda bitta-bitta yulib yoyishdi, Jek Qovoqboshni esa Biologlar Ziyofatida dasturxonga tortib yuborishdi! No'xot qobiqchasi to'rachilik chakalakzorida qurib-qovjirab bo'ldi!
Uyqudagi Go'zal ilmiy xodim bo'sasidan uyg'onib ketgan va u o'zining tibbiy ninasini suqqanda joni hiq etib chiqib ketgan edi. Alisani ular shishadan shunday bir narsani ichishga majbur qilishdiki, natijada qizgina ortiq: "Oldinga borgan sari yana ham qiziqroq bo'laveradi!" - deb qichqira olmaydigan darajada mitti bo'lib qoldi. Sehrli ko'zguni ular bolg'a bilan bir urib, chil-chil qilishdi va barcha Qizil Qirollar va Ustritsalar gumdon bo'ldi!
U mushtumini qisdi. Ey xudo, hammasi xuddi hozir sodir bo'lgandek yaqin tuyuladi-ya! Uning yuzi qizarib bo'g'ildi. Azbaroyi qattiq junbushga kelganidan mister Bigelou hang-mang bo'lib qoldi. U bir-ikki kiprik qoqdi-da, oxiri uyga kirib dedi:
- Kechirasiz. Nima deyayotganingizni tushunolmayapman. Bu ismlardan hech nima anglayolmadim. Siz aytgan gaplarga qaraganda Gulxan faqat foyda bergan.
- Yo'qoling ko'zimdan! - qichqirib yubordi Stendal. - Ishingiz tugadi, endi qorangizni o'chiring, to'nka!
Mister Bigelou duradgorlarni chaqirdi-da, ketdi.
Mister Stendal Uy oldida bitta o'zi qoldi.
- Quloq solinglar, hoy! - Murojaat qildi u ko'zga ko'rinmas raketalarga. - Sizlardan jon saqlayman deb,Sof Jonlar Marsga borib qolgan edi, sizlar bo'lsangiz xudoning bermish kuni bu yerda ko'paygandan-ko'payib ketayapsiz, xuddi axlatga intilgan pashshalardek uchib kelganingiz-uchib kelgan. Men sizlarga hozir bir narsa ko'rsataman. Yerda mister Poga qilgan qiliqlaringiz uchun ta'ziringizni beraman. Shu ondan ehtiyot bo'ling! Esherning uyi o'z ishini boshlaydi.
U osmonga qarab mushtumini do'laytirib qo'ydi.
Raketa qo'ndi. Undan devday bir odam chiqib keldi. U uyga qaradi va uning kulrang ko'zlarida norozilik va hayrat ifodasi ko'rindi. Narigi tomonda uni ozg'ingina bir odam kutib turgan xandaqdan sakrab o'tdi.
- Ismi sharifingiz Stendalmi?
- Ha.
- Garret, Axloq Iqlimi boshqarmasi inspektori.
- E-ha, baribir Marsgacha yetib kelibsiz-da, Axloq Iqlimining nozirlari? Men bo'lsam sizlarni qachon kelar ekan, deb o'zimcha tusmollab turgan edim...
- Biz o'tgan haftada kelgan edik. Tezda bu yerda xuddi yerdagidek tartib o'rnatiladi. - U asabiy ravishda guvohnomasini Uy tomonga siltab qo'ydi. - Qani, ayting-chi menga, mana bu nima, Stendal?
- Bu arvohli qal'a, xo'p desangiz.
- Xo'p demayman, Stendal, hech ham xo'p demayman. "Arvohli" - yaramaydi.
- Juda jo'n. Bu yil, 2005 yilda Haq taolomizga men bir mexanik ziyoratgoh qurdim. Unda mis ko'rshapalaklar elektron nurlar bo'ylab uchadilar, quyma kalamushlar plastmassa tagxonalarda izg'iydilar, avtomat skeletlar raqs tushadilar, bu yerda avtomat qonso'rarlar, hazilkashlar, bo'rilar va oq arvohlar istiqomat qiladilar, kimyo va kashfiyotchilik barq uradi.
- Men xuddi shu narsadan qo'rqqan edim, - dedi Garret jilmayib. - Sizning uyingizni surib yuborishga to'g'ri kelmasa deb qo'rqaman.
- Kelishingiz bilanoq yo'qlashingizni bilardim.
- Men ilgariroq uchib kelgan bo'lardim, lekin biz aralashishimizdan oldin sizning niyatlaringizni bilib olmoqchi edik. Buzuvchilar va o't ochuvchilar komandasi oqshomga yaqin yetib kelishlari mumkin.
Yarim tunga borib, hamma narsa tag-tugi bilan vayron qilinadi, mister Stendal. Mening aqli noqisimcha, ser, siz, aytishim mumkinki, aynib qolibsiz. Qattiq mehnat bilan ishlab topilgan pullarni shamolga sovurish, axir sizda naqd uch million bo'lgan edi-ya...
- To'rt million! Ammo shuni hisobga olingki, mister Garret, meros olganimda men yoshgina yigitcha edim - yigirma besh million. Istagancha shamolga sovurishim mumkin. Umuman olganda bu yaxshi ish emas: u yoqdan qurilish tugadi-yu, bu yoqdan siz o'z Buzuvchilaringiz bilan yetib kelibsiz.
Balki, O'yinchog'im bilan jinday ko'ngil ochishimga izn berarsiz, aytaylik loaqal yigirma to'rt soatga?!
- Siz qonunni bilasiz. Unda aytilgan: hech qanaqangi kitoblar, hech qanaqangi uylar, arvohlar bilan bog'liq bo'lgan hech qanaqangi qonso'rarlar, farishtalar yoki xayolotning boshqa kashfiyotlari ketmaydi.
- Siz yaqinda mister Bebbitlarni yoqa boshlaysiz!
- Siz bizga ancha-muncha tashvish keltirdingiz, mister Stendal. Protokollar saqlanib qolgan. 20 yil avvalgi. Yerda. Siz va sizning kutubxonangiz.
- E-ha, men va mening kutubxonam. Menga o'xshagan yana bir qanchalari. Albatta, Po o'shanda allaqachon unutilib ketgandi. O'z va boshqa xilqatlar ham unut bo'lib ketgandi, lekin men bir kichikkina yashirin joy qurib olgandim. O'zimizning kutubxonamiz bo'lardi - menda va yana bir qancha xususiy shaxslarda, - siz mash'al va axlatyoqarlaringizni hali yubormagan paytingizda.
Mening 50 000 dona kitobimni parcha-burish qilib, yoqib yuborgandingiz. Siz barcha mo''jizakorlarning ham onasini uchqo'rg'ondan ko'rsatgan edingiz; siz yana kinoprodyuserlaringizga, agar biron nima qilmoqchi bo'lsangiz, Ernest Xemingueyni qayta-qayta suratga oling, deb buyruq bergan edingiz. Yo parvardigor, axir men "Qo'ng'iroq kimni chaqiradi" filmini necha marta ko'rmadim!
30 ta turli sahna asari. Hammasi bor voqelik. Oh, realizm! Oh, bu realizm! Ey, o'shani!..
- Tilingizga erk berishdan tiyilsangiz yaxshi bo'larmidi!
- Mister Garret, axir siz to'la hisobot berishga majbur edingiz-ku?
- Ha.
- Unday holda qiziq uchun ham bir kirib ko'rsangiz, kirib u yoq-bu yoqqa qarasangiz yaxshi bo'lardi. Bor-yo'g'i bir daqiqaga.
- Yaxshi. Ko'rsating. Hech qanday nayrang bo'lmasin. Menda to'pponcha bor.
Esherlar Uyining eshigi g'iyillab ochildi. Rutubat hidi dimoqqa urdi. Xuddi tashlandiq mag'oralarda ko'zga ko'rinmas jonivorlar nafas olayotgandek guvillagan oh-vohlar quloqqa chalindi. Tosh yerdan kalamush yugurib o'tdi. Garret "heh" dedi-da, oyog'i bilan tepib yubordi. Kalamush o'mbaloq oshib tushdi va uning neylon terisi ichidan son-sanoqsiz temir burgalar to'kildi.
- Qoyil! - Garret yaxshiroq ko'rish uchun egildi.
Qizg'ish-moviy xarita uzra mum qo'llarini silkitgancha tokchada qari jodugar o'tirardi. U boshini silkitdi-da, tishsiz og'zi bilan Garretga vishillab qo'ydi va moy yuqi xaritaga barmoqlari bilan chertdi.
- O'lim! - qichqirdi kampir.
- Men xuddi mana shunday narsalarni o'ylagan edim... - dedi Garret. - Xuddi o'ylaganimdek bo'lib chiqdi-ya!
- Men shaxsan sizning yoqib yuborishingizga ruxsat beraman.
- Rostdanmi? - Garretning yuzi yorishdi. Biroq shu zahoti yana lunjini osiltirdi. - Siz buni juda oson aytdingiz-qo'ydingiz.
- Men mana shularni yuzaga keltirsam bo'lgani. Maqsadimga erishdim, deb ayta olsam, bas.
Hozirgi shubhalar olamida o'rta asr muhitini qayta yaratdim.
- Mening o'zim ham, ser, aytish mumkinki, sizning dahoingizdan beixtiyor hayratga tushdim.
Garret qarab turardi- uning yonidan havoda shitirlagan va shivirlagancha go'zal shaffof ayol qiyofasiga kirgan yengil bulut parchasi suzib o'ta boshladi. Rutubatli yo'lakning narigi uchida qandaydir mashina guvillardi. Xuddi tsentrifugadan chiqqan paxtaqandga o'xshab u yerdan jim-jit zal bo'ylab bosiriqli zulmat o'rmalab va yoyilib kelar edi.
Allaqayoqdan maymun paydo bo'lib qoldi.
- Pisht! - qichqirdi Garret.
- Qo'rqmang. - Stendal jonivorning qornini silab qo'ydi. - Bu robot. Xuddi jodugar singari bu ham boshdan-oyoq misdan yasalgan. Mana!
U maymunning yungini hurpaytirgan edi, tagidan temir yaraqlab ketdi.
- Ko'rayapman. - Garret jur'atsizgina qo'lini uzatdi, robotni silab qo'ydi. - Ammo bu nimaga kerak, mister Stendal, bunda qanday ma'no bor?! Sizni nima majbur qildi?..
- To'rachilik, mister Garret. Lekin mening tushuntirishga sira vaqtim yo'q. Hukumat odamlari esa busiz ham tezda hamma narsani bilib olishadi. - U maymunga bosh irg'ab qo'ydi. - Bo'ldi, qani.
- Maymun mister Garretni o'ldirdi.
You have read 1 text from Uzbek literature.
Next - Marsga hujum - 10
  • Parts
  • Marsga hujum - 01
    Total number of words is 3967
    Total number of unique words is 1895
    36.7 of words are in the 2000 most common words
    53.0 of words are in the 5000 most common words
    62.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 02
    Total number of words is 3877
    Total number of unique words is 1887
    36.1 of words are in the 2000 most common words
    52.7 of words are in the 5000 most common words
    63.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 03
    Total number of words is 3769
    Total number of unique words is 1989
    34.7 of words are in the 2000 most common words
    51.6 of words are in the 5000 most common words
    60.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 04
    Total number of words is 3849
    Total number of unique words is 1960
    34.1 of words are in the 2000 most common words
    51.5 of words are in the 5000 most common words
    59.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 05
    Total number of words is 3830
    Total number of unique words is 2064
    33.9 of words are in the 2000 most common words
    50.2 of words are in the 5000 most common words
    59.2 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 06
    Total number of words is 3843
    Total number of unique words is 1976
    34.0 of words are in the 2000 most common words
    49.9 of words are in the 5000 most common words
    58.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 07
    Total number of words is 3902
    Total number of unique words is 2068
    33.6 of words are in the 2000 most common words
    49.9 of words are in the 5000 most common words
    57.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 08
    Total number of words is 3791
    Total number of unique words is 2059
    32.0 of words are in the 2000 most common words
    47.6 of words are in the 5000 most common words
    55.5 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 09
    Total number of words is 3806
    Total number of unique words is 2096
    31.3 of words are in the 2000 most common words
    46.9 of words are in the 5000 most common words
    56.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 10
    Total number of words is 3813
    Total number of unique words is 1985
    34.2 of words are in the 2000 most common words
    49.3 of words are in the 5000 most common words
    57.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 11
    Total number of words is 3928
    Total number of unique words is 1872
    36.8 of words are in the 2000 most common words
    52.9 of words are in the 5000 most common words
    62.0 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 12
    Total number of words is 3965
    Total number of unique words is 1896
    33.8 of words are in the 2000 most common words
    50.9 of words are in the 5000 most common words
    59.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 13
    Total number of words is 3877
    Total number of unique words is 1920
    35.3 of words are in the 2000 most common words
    52.4 of words are in the 5000 most common words
    61.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 14
    Total number of words is 3807
    Total number of unique words is 2030
    33.9 of words are in the 2000 most common words
    51.3 of words are in the 5000 most common words
    60.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 15
    Total number of words is 3869
    Total number of unique words is 2091
    32.1 of words are in the 2000 most common words
    48.9 of words are in the 5000 most common words
    58.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 16
    Total number of words is 4
    Total number of unique words is 4
    0.0 of words are in the 2000 most common words
    0.0 of words are in the 5000 most common words
    25.0 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.