Marsga hujum - 02

Total number of words is 3877
Total number of unique words is 1887
36.1 of words are in the 2000 most common words
52.7 of words are in the 5000 most common words
63.1 of words are in the 8000 most common words
Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
- Men eslashga harakat qilayapman, - dedi ayol xonadagi jimlikni buzib va erining sovuq chehrasi, oltin ko'zlariga qarab qo'ydi.
- Nimani eslamoqchi bo'lding? - u sharob xo'plardi.
- Qo'shiqni. Haligi chiroyli, ajoyib qo'shiqni. - Ayol ko'zlarini yumdi va qo'shiq ayta boshladi, biroq qo'shiq yaxshi chiqmadi. - Unutibman. Lekin men nimagadir uni unutgim kelmaydi. Uni umrbod esda saqlab qolsam deyman. Go'yo harakatlar maromi unga yordam berishi mumkin bo'lgandek, qo'llarini ravon havoda o'ynatib qo'ydi. So'ng o'rindiqqa o'zini tashladi. - Yo'q, eslolmayapman.
Ayol yig'lab yubordi.
- Nega yig'layapsan? - so'radi er.
- Bilmayman, bilmayman. Hech o'zimni qo'lga ololmayapman. Yuragim g'ash. Negaligini o'zim ham bilmayman, yig'layman-u, negaligini bilmayman, lekin yig'layveraman.
U kaftlari bilan boshini g'ijimladi, yelkalari titradi.
- Ertagacha hech narsa ko'rmagandek bo'lib ketasan, - dedi er.
U eriga qaramadi. Uning nigohlari faqat yaydoq cho'lga va tim qora osmonga sochilgan yorqin yulduzlarga qadalgandi, uzoqdan esa sovuq shamol va uzun anhorlardagi muzdek suvning shaloplashlari quloqqa chalinardi. Ayol butun vujudi qalt-qalt titragancha ko'zlarini yumdi.
- Ha, - takrorladi u, - ertagacha hech narsa ko'rmagandek bo'lib ketaman.
Avgust 1999
YOZ TUNI
Odamlar tosh ayvonlarda to'da-to'da bo'lib turar edilar, moviy tepaliklar orasidan ularni ilg'ash ham qiyin edi. Marmar amfiteatr ortida qop-qora zulmat ichidan yastangan shaharcha va muhtasham uylarning ko'lkalari ko'zga chalinardi, sokin ko'llar kumush rang berib jimirlar, ufqdan ufqqacha cho'zilgan anhorlar yalt-yult qilar edi. Beg'amlik va sokinlik hukmron Mars sayyorasida yoz oqshomi.
Anhorlarning yam-yashil sathi bo'ylab bamisoli nafis brinch gullardek qayiqlar u yoqdan-bu yoqqa qarab suzadi. Yonbag'ir bo'ylab ilang-bilang saf tortgan uylardagi salqin tun to'shaklarida yotgancha oshiq-ma'shuqlar erinchoqlik bilan bir-biriga shivirlashar edi. Xiyobonlardagi mash'alalar tagida qo'llarida oltin o'rgimchak to'rlarini tutgan yosh bolalar u yoqdan-bu yoqqa chopib o'ynashardi.
Unda-bunda kumushrang olov biqirlab qaynagan stollarda kechki ovqat tayyorlanmoqda. Marsning tungi qismidagi yuzlab shaharlarning amfiteatrida oftobda qoraygan marsliklar tillarang ko'zlarini chaqnatgancha estrada atrofidagi go'shalarda to'plangan, u yoqdan mashshoqlarning mohir qo'llariga itoatkorona bo'ysungan sozlar bamisoli gullarning atri kabi sokin havoda ravon kuy taratar edi.
Sahnalardan birida bir ayol qo'shiq aytmoqda.
Tinglovchilar safi bo'ylab shivirlar to'lqini suzib o'tadi.
Qo'shiq uzildi. Xonanda ayol qo'lini tomog'iga olib bordi. So'ng mashshoqlarga qarab im qoqdi, ular kuyni yangidan boshlab chala ketdi.
Mashshoqlar zavq bilan kuy chalar, ayol ilhom bilan qo'shiq aytardi, bu safar tomoshabinlar oh deb yubordi, o'zlarini oldinga tashlashdi, kimdir oyoqqa turdi - amfiteatr uzra bamisoli qish qirovi qo'ngandek bo'ldi. Chunki ayol kuylayotgan qo'shiq g'alati, qo'rqinchli, g'ayrioddiy edi. U kuylashdan to'xtashga qanchalik urinmasin, baribir so'zlar uning lablaridan beixtiyor uchib chiqmoqda edi: Yulduzlar chaqnagan tungi osmonda,
Porlaydi olamni nurga ko'mib oy.
Nur bilan zulmatning kurashi aro Yanada ko'rk ochar samoviy chiroy.
Qo'shiqchi ayolning qo'llari og'zini yopdi. U butunlay karaxt va sarosima ichida qolgan edi.
- Bu qanaqa so'zlar bo'ldi? - hayron bo'ldi mashshoqlar.
- Shu ham qo'shiqmi?
- Kimning tilida aytilayapti?
Ular o'zlarining oltin trubalariga yana puflay ketdilar, yana shu g'aroyib musiqa yangray boshladi va asta-sekin endi ovozlarini baralla qo'yib gaplashayotgan va oyoqqa turgan tomoshabinlar uzra suzib ketdi.
- Senga nima bo'ldi? - so'rar edi bir-birlaridan mashshoqlar.
- Qanaqa kuy chalgan eding o'zi?
- O'zing qanaqa kuy chalgan eding?
Ayol yig'lab yubordi va sahnadan chopib tushib ketdi. Tomoshabinlar amfiteatrni tark etdilar.
Junbushga kelgan barcha Mars shaharchalarida xuddi mana shu hol sodir bo'lgan edi. Osmonda oppoq qor yoqqan kabi hamma sovuq domiga giriftor bo'lgan edi. Zim-ziyo xiyobonlardagi mash'alalar tagida bolalar qo'shiq aytar edilar:
Kelib qarasam javonim bo'm-bo'sh,
O'tiribdi yolg'iz ko'ppagim nochor.
- Bolalar! - ovozlar yangradi. - Bu qanaqa qo'shiq bo'ldi? Qaerdan o'rgandingiz uni?
- Ular miyamizga o'zidan-o'zi kelib qoldi. Hatto so'zlarini o'zimiz ham tushunmaymiz!
Eshiklar yopildi. Ko'cha huvillab qoldi. Moviy qirlar uzra yashil yulduz ko'rindi.
Marsning butun tungi tomonida erkaklar zulmat qo'ynida yonlarida yotgan ma'shuqalarining qo'shiq kuylashlaridan uyg'onib ketishdi.
- Bu qanaqa kuy bo'ldi?
Qoq tunda minglab uylardagi ayollar ko'zlaridan duv-duv yosh to'kkancha uyg'onib ketdilar va erlari ularga tasalli bera boshladilar.
- Tinchlan, tinchlansang-chi, uxla. Nima bo'ldi o'zi senga? Yomon tush ko'rdingmi?
- Ertaga bir yomon voqea sodir bo'ladi.
- Hech narsa bo'lmaydi, ishimiz joyida-ku!
Ayol titrab-qaqshab yig'laydi.
- Yuragim sezib turibdi. O'sha balo tobora yaqin kelayapti, yaqin, yaqin, yaqin!..
- Bizga hech narsa bo'lmaydi, bas qil, uxla, uxla.
Marsda sokin tong otmoqda. Xuddi qop-qorong'i va muzdek quduqdagidek sokin tong. Anhor suvlari sathida yulduzlarning aksi jimirlaydi, har bir xonada mushtumida oltin o'rgimchak uyasini changallagancha yotgan bolalarning ma'sum nafaslari eshitiladi, qo'llarini bir-biriga chalishtirgancha oshiq-ma'shuqlar uxlamoqda, oylar botgan, mash'alalar o'chirilgan, tosh amfiteatrlarda zog' uchmaydi.
Tong oldida yakkayu-yagona tovush quloqqa chalinadi: huvillagan ko'chaning huv oxirida yolg'iz tungi qorovul hech kimga tanish bo'lmagan g'alati qo'shiqni xirgoyi qilgancha qorong'ilik qo'ynida kezinadi...
Avgust 1999
YERLIKLAR
- Juda yopishib olishdi-ku, taqillatishgani-taqillatishgan-a!
Missis Ttt jahl bilan eshikni ochdi.
- Xo'sh, nima gap?
- Inglizcha gapirayapsizmi? - ostonada turgan odam hayron bo'ldi.
- Qo'ldan kelgancha, - javob berdi ayol.
- Sof ingliz tilida-ya!
Kelgan odam qandaydir maxsus libosda edi. Uning ortida yana uch kishi turardi; ularning barchasi xiyol hayajonda edi- yuzlari yal-yal yonar, boshidan-oyog'igacha moy yuqi.
- Sizlarga nima kerak o'zi? - keskin ohangda so'radi missis Ttt.
- Siz marsliksiz! - kelgan kishi kuldi, - bu so'z sizga, albatta, notanish. Bizda, yerliklarda, shunaqa deyishadi. - U hamrohlariga boshi bilan imlab, ishora qildi. - Biz Yerdan keldik. Men kapitan Uilyams. Biz bir soatgina oldin Marsga kelib qo'ndik. Biz kelib qo'ngan ikkinchiekspeditsiyamiz! Bizgacha Birinchi ekspeditsiya kelgan edi, ammo ularning taqdiri bizga ayon emas.
Nima bo'lganda ham biz yetib keldik. Siz esa biz uchratgan birinchi marslik bo'lasiz.
- Marslik? - ayolning qoshlari kerildi.
- Sizga Quyoshdan to'rtinchi Sayyorada yashayotganingizni aytmoqchiman! Shu aniqmi?
- Oddiy haqiqat, - ularga razm solgancha burnini jiyirib dedi ayol.
- Biz esa, - kishi o'zining do'mboq qizg'ish qo'lini ko'ksiga bosdi, - Yerdan keldik. To'g'rimi, yigitlar?
- Xuddi shunday, kapitan, - baravariga javob berdi hamrohlar.
- Bu Tirr sayyorasi bo'ladi, - dedi ayol, - agar uning haqiqiy nomini bilmoqchi bo'lsangiz.
- Tirr, Tirr, - kapitan horg'in kulib qo'ydi. - G'alati nom ekan! Ammo, ayting-chi, muhtarama xonim, Sizning ingliz tilida bunday burro gapirishingizni qanday tushunsa bo'ladi?
- Men gapirmayapman, - javob berdi ayol, - men o'ylayapman. Telepatiya. Yaxshi boringlar! - shunday deya u eshikni qarsillatib yopdi.
Hayal o'tmay, bu qo'rqinchli odam yana eshikni taqillata boshladi.
Ayol eshikni ochdi.
- Tag'in nima kerak? - so'radi u.
Kishi o'sha joyda turar va jilmayishga harakat qilardi, ammo undagi avvalgi dadillik ko'rinmasdi. U ayolga qo'lini uzatdi.
- Nazarimda, siz meni yaxshi tushunmadingiz...
- Nimani? - shartta dedi ayol.
Erkak hayratdan ko'zlarini katta-katta ochdi.
- Biz yerdan uchib keldik!
- Vaqtim yo'q, - dedi ayol. - Ishim boshimdan oshib-toshib yotibdi - tushlik, uyni yig'ishtirish, tikish, ming xil mayda-chuyda ishlar... Sizga, ehtimol, mister Ttt kerakdir. U tepada o'zining xonasida o'tiribdi.
- Ha, ha, - bir narsani anglagandek ko'zlarini pirpiratib dedi Yerdan kelgan odam. - Xudo haqqi, mister Tttni chaqiring.
- U band. - Shunday deya ayol yana eshikni qarsillatib yopdi.
Bu gal mehmon eshikni odatdagidan qo'polroq tarzda taqillata boshladi.
- Bilasizmi nima? - qichqirib dedi mehmon eshik ochilar-ochilmas. U go'yo mezbonni hang-mang qilib qo'ymoqchidek dahlizga bostirib kirdi. - Mehmon deganni bunday kutmaydilar-da!
- Polni yog' tushsa yalagudek qilib qo'yganman! - Qovog'ini uyib dedi ayol. - Aft-angoringizni qarang, hammayog'ingiz iflos, yo'qolinglar ko'zimdan! Agar uyimga kirmoqchi bo'lsangiz, avval oyog'ingizni tozalab keling!
Mehmon vahima bilan o'zining iflos oyoq kiyimiga qarab qo'ydi.
- Hozir adi-badi aytishib o'tiradigan payt emas, - qat'iy ohangda dedi kishi. - Vaziyat shunaqa.
Buni nishonlashimiz kerak!
Ularning ko'ngillaridagini so'zsiz anglashi uchun mehmon ayolga qattiq tikilib qaradi.
- Agar mening billur kulchalarim kuyib ketgan bo'lsa, - dedi qichqirib ayol, - sizlarni kaltak bilan!..
Shunday deya ayol vishillab turgan mo''jazgina pechka tomon yugurdi. So'ng terga botgan, bo'g'riqqan holda qaytib keldi. Uning ko'zlari sap-sariq, badani qoracha, o'zi ozg'in va chaqqon, xuddi hasharot deysiz... Ovozi chinnidek jaranglardi.
- Shu yerda kutib turinglar. Men borib qaray-chi, balki biron daqiqadan keyin mister Tttning huzuriga kirishingiz mumkin bo'lar, - unda nima ishingiz bor edi o'zi?
- Unga ayting, biz Yerdan birinchi marta bu yerga uchib keldik!
- Nima birinchi marta? - Ayol oftobda kuygan qo'lini balandga ko'tardi. - Bo'pti, bunisi muhim emas, men hozir kelaman.
Tosh uynig yo'laklaridan uning qadam tovushlari quloqqa chalinib turdi.
Tepada esa haddan tashqari ko'k, jazirama mars osmoni - xuddi chuqur issiq dengiz qotib qolgandek. Bamisoli ulkan qaynoq qozon ustida turgandek Mars cho'li uzra parda yoyilib kela boshladi. Sal naridagi tepaning cho'qqisida uchini osmonga qadagancha uncha katta bo'lmagan samoviy kema turardi. Undan tosh uy eshigi tomonga yirik-yirik oyoq izlari tizilib kelgan edi.
Tepadagi ikkinchi qavatda baqiriq-chaqiriq ovozlari eshitilardi. Eshik tagidagi odamlar bir-biriga qarar, og'irliklarini goh u oyoqlariga goh bu oyoqlariga solar, kamarlarini to'g'rilar edilar. Tepada qandaydir erkak ovozining o'shqirgani eshitildi. Unga ayol ovozi javob aytdi: chorak soatdan keyin yerliklar nima qilishini bilmay, oshxonada u yoqdan-bu yoqqa borib kela boshladilar.
- Chekamizmi? - dedi ulardan biri.
Ikkinchisi sigareta oldi- ular cheka boshlashdi. Barchalari shoshmaygina oppoq tutunni ichga tortar edilar. Kurtkalarining g'ijimlarini yoyishdi, yoqalarini to'g'rilashdi, tepadagi ovozlar hamon guvillar, shang'illar edi. Komandir soatiga qaradi.
- Yigirma besh daqiqa, - dedi u. - U yoqda nima bo'layotgan ekan-a?
U deraza oldiga keldi-da, tashqariga qaradi.
- Kun yonayapti, - dedi fazogirlardan biri.
- Gapirmang, - erinchoqlik bilan qo'lini so'rdi, tushki oftobdan holsizlangan ikkinchisi.
Tepadagilarning ovozlari bo'g'iq g'o'ldirashga aylandi, so'ng butunlay tinchib qoldi. Butun uyda tiq etgan tovush eshitilmaydi. Har kim faqat o'zining nafasinigina eshitadi, xolos.
Shu alpozda bir soat o'tdi.
- Biz tufayli biror kor-hol ro'y bermadimikan? - dedi komandir mehmonxona eshigi yoniga yaqinlasharkan va o'sha tomonga qaradi.
Missis Ttt gullariga suv quyib xona o'rtasida turardi.
- Men bo'lsam bunaqasini unutib yuborganman deb yuribman... - dedi ayol kapitanni ko'rib. U oshxonaga chiqdi. - Kechirasiz. - Ayol unga bir parcha qog'ozni uzatdi. - Mister Ttt juda band. - U o'zining idish-tovoqlariga o'girildi. - Baribir sizga u emas, balki Mister Aaa kerakdir. Mana bu qog'ozni olib, moviy anhor yonidagi qo'shni qo'rg'onga boring-da, u yerda mister Aaa siz bilmoqchi bo'lgan hamma narsani aytib beradi.
- Biz hech narsani bilishimiz kerak emas, - e'tiroz bildirdi komandir do'rdoq lablarini shishirib. - Busiz ham biz hamma narsani bilamiz.
- Qog'ozni oldingiz, sizga tag'in nima kerak? - keskin ohangda so'radi ayol. Ular ayoldan shundan boshqa narsa ola olmas edilar.
- Bo'pti, - dedi komandir. Uning hamon ketgisi yo'q edi. U go'yo bir narsani kutayotgandek joyidan qimir etmasdi. Xuddi yangi yil archasini tomosha qilayotgan go'dakdek angrayib qarab turardi. - Bo'pti, - takrorladi u. - Qani ketdik yigitlar.
Shunday qilib to'rtovlon yerlik uydan chiqishdi-da, diqqinafas jimjit yoz kuni qo'yniga sho'ng'ib ketishdi.
Yarim soatdan keyin o'zining kutubxonasida savlat to'kib o'tirgan mister Aaa temir piyolasidan elektr alangasini ho'plagancha tosh terilgan yo'lakdan ovozlar kelayotganini eshitdi. U gavdasini derazadan chiqarib, bir xil kiyingan to'rttala odamga ko'zlarini qisib qaray boshladi.
- Mister Aaa sizmisiz? - so'rashdi ular.
- Men.
- Bizni sizga mister Ttt yubordi, - qichqirdi komandir.
- Nima sababdan? - so'radi Aaa.
- U band ekan!
- Hm, bilasizmi, bu... - g'ijinib dedi mister Aaa. - Allaqaerdagi bekorchixo'jalarning ko'ngillarini olishdan mening boshqa tashvishim yo'q deb o'yladimikan?
- Hozir buning ahamiyati yo'q, ser! - qichqirdi komandir.
- Menga esa ahamiyati bor. Bir dunyo kitob yig'ilib qolgan, ularni o'qib chiqishim kerak. Mister Ttt hech kim bilan hisoblashmay qo'ygan. U menga birinchi marta bunday surbetlarcha muomala qilayotgani yo'q. Iltimos, qo'lingizni silkitmang, janob! Meni tinch qo'ying! Siz bularni e'tiborga olmasangiz bo'lmaydi. Men gapirayotganimda odamlar quloq solishiga o'rganib qolganman. Iltimos, gapimni oxirigacha eshiting! Aks holda men siz bilan umuman gaplashmayman.
To'rttala kishi pastda og'izlarini ochgancha sarosima ichida depsinar edilar. Kapitanning peshonasidagi tomirlar bo'rtib chiqdi. Hatto ko'zlarida yosh yiltilladi.
- Ana shunaqa, - nasihat qilishda davom etdi mister Aaa. - Xo'sh, o'ylab qarang-a, mister Tttning meni shunday pisand qilmasligi yaxshi ishmi?
To'rttala kelgindi jazirama kuni hovuri orasidan unga hayrat bilan qarab turardi. Kapitanning toqati toq bo'ldi:
- Biz Yerdan uchib keldik!
- Menimcha, u juda ham odobsizlikni haddidan oshirib yubordi, - ming'irladi mister Aaa.
- Samoviy kema. Biz raketada uchib keldik. Ana u!
- Koshki u birinchi marta menga nisbatan shunday nopisandlik qilayotgan bo'lsa?
- Tushunayapsizmi - Yerdan!
- U mendan ko'radi hali, men unga qo'ng'iroq qilaman-da, boplab tuzlayman, ha, ha!
- Biz to'rttamiz - men va mana bu uchalasi. Kemam ekipaji.
- Mana hozir trubkani olaman-u, qo'ng'iroq qilaman.
- Yer. Raketa. Odamlar. Parvoz. Samo.
- Qo'ng'iroq qilaman-da, boplab ta'zirini beraman. - Qichqirdi mister Aaa va xuddi teatrdagi qo'g'irchoqdek derazadan g'oyib bo'ldi.
Qandaydir noma'lum apparatda ikki kishining qattiq aytishayotgani baralla eshitilib turardi. Kapitan va uning komandasi o'zlarining nafis sarvqomat va jonajon raketalariga mungli qaragancha hovlida tik turishardi.
Mister Aaa derazadan gavdasini chiqarib, tantanavor e'lon qildi:
- Men uni duelga chaqirdim. Vijdonim haqqi. Eshitdingizmi, duelga.
- Mister Aaa, - bosiqlik bilan gap boshladi kapitan.
- Shartta otib tashlayman, mana meni aytdi dersiz!
- Mister Aaa, iltimos, gapimga quloq soling. Biz oltmish million millik yo'lni bosib kelayapmiz.
Mister Aaa birinchi marta kapitanga e'tibor qildi.
- Shoshmang, nima dedingiz? Ie, qaerdan keldik dedingiz?
Kapitan oppoq tishlarini ko'rsatib jilmaydi. U o'zicha shivirladi:
- Hayriyat-ey, endi o'ziga keldi! - so'ng baland ovozda dedi: - Oltmish million millik naridagi Yer sayyorasidan keldik!
Mister Aaa esnadi.
Yilning shu faslida- zo'rg'a ellik million, undan ortiq emas. U qo'liga qandaydir dahshatli qurolni oldi.
- Bo'pti, men ketdim. Mana bu ahmoqona xatingizni oling. Bilmadim, bu xat sizga nima karomat ko'rsatadi, keyin anovi tepalikdan shaharchaga o'tib boring. U Iopr deb ataladi. U yerda dardingizni mister Iiiga aytasiz. U aynan sizga kerak odam. Sizga anovi mister Tttning keragi yo'q edi. Tomi ketgan, uni narigi dunyoga, albatta, jo'natmay qo'ymayman. Lekin buni men qilmayman. Bu mening vazifamga kirmaydi.
- Vazifa, vazifa! - ermak qilib dedi komandir. - Yerdan kelgan odamlarni qabul qilish kerak bo'lganda allaqanday vazifaga balo bormi?
- Bunaqa bema'ni gaplaringizni qo'ying! Buni hamma biladi. - Mister Aaa zinadan pastga qarab chopdi. Yaxshi qoling!
Shunday deya u it quvlagan soqovdek pildirab ketdi.
Fazogirlar mutlaqo hangumang bo'lib qolishdi. Oxiri kapitan dedi:
- Yo'q, baribir, gapimizga quloq soladigan odamni topmay qo'ymaymiz.
- Hozircha ketib, keyin qaytib kelsak-chi? - mungli holda dedi o'rtoqlaridan biri. - Uchib ketib yana qo'nsak, uchib ketib yana qo'nsak. Bungacha ularning aqli kirib, bizlarni kutib olishga taraddud ko'risharmidi.
- Ha, shunday qilmasa bo'lmaydiganga o'xshaydi, - to'ng'illab dedi g'amgin kapitan.
Shaharcha jiz-biz edi. Marsliklar uylariga goh kirib, goh chiqar, bir-biri bilan salomlashardilar, ular yuzlariga yoqimli xilma-xillik uchun oltin, moviy, qizil rangdagi niqoblar kiyib olgan edilar, bundan tashqari, kumush labli va brinch qoshli, kulib turgan va tumshaygan niqoblar ham bor edi. Xullas, har bir niqob o'z egasining axloqini namoyish etib turardi. Uzoq yo'l bosib, qora terga botgan yerliklar to'xtadilar va yoshgina qizaloqdan mister Iiining qaerda yashashini so'radilar.
- Hov, ana u yerda, - boshi bilan imlab ko'rsatdi qizaloq.
Kapitan toqatsizlik bilan, ehtiyotkorona bir tizzasiga cho'kdi-da, qizaloqning ma'sumgina chehrasiga qaradi.
- Hoy qizaloq, bilasanmi, senga bir narsa aytmoqchiman.
U qizaloqni tizzasiga o'tqazdi-da, keng kaftlari bilan uning qoracha qo'lchalarini siqdi, go'yo tun bo'yi unga ertak so'zlamoqchidek, go'yo bir-biridan qiziq voqea va tafsilotlarni shoshmasdan qizaloqning yosh shuuriga erinmay joylamoqchi bo'lgandek.
- Bilasanmi, jajjiginam, yarim yil muqaddam Marsga boshqa bir raketa uchib kelar edi. Unda York ismli bir odam o'z yordamchisi bilan bo'lardi. Biz unga nima bo'lganini bilmaymiz. Balki ular halokatga uchragandir, ular raketada uchib kelar edilar, biz ham raketada uchib keldik. Ishonmasang,ana, bir ko'rib qo'y-a, qara, qanday katta raketa! Shuning uchun biz ikkinchi ekspeditsiyamiz, bizdan oldin esa birinchi bo'lgan edi. Biz Yerning o'zidan uzoq uchib keldik...
Qizaloq beixtiyor bir qo'lini bo'shatdi-da, yuziga loqaydlikni ifoda etuvchi oltin niqobni tushirib oldi.
So'ng o'yinchoq oltin o'rgimchak uyasini olib, uni yerga tushirib yubordi, kapitan esa hamon unga uqdirardi. O'yinchoq o'rgimchak itoatkorona qizaloqning tizzasiga o'rmalab chiqdi, qizaloq esa loqayd bir tarzda haligi niqobining tirqishchasidan uni kuzatib turardi: kapitan beozorgina o'rgimchakni itqitib yubordi-da, o'z sarguzashtlarini hikoya qilishda davom etdi.
- Biz - yerliklarmiz, dedi u. - Gapimga ishonasanmi?
- Ha. - Qizaloq oyoqlarining barmoqlari qumda nimalar chizayotganiga ko'zining qiri bilan qarab turardi.
- Juda aqlli qizaloq ekansan. - Komandir uni o'ziga qaratish uchun qizaloqning qo'lini yarim hazil-yarim chin bilan chimchilab qo'ydi. - Biz o'zimizga raketa qurib oldik, bunga ishonasanmi?
Qizaloq barmog'ini burniga tiqdi.
- A-ha.
- Va... yo'q, yo'q, donoginam. Barmog'ingni burningdan ol... Va men samoviy kema komandiri, va...
- Bunday raketada tarixda hali hech kim hech qachon koinotga chiqqan emas, - dona-dona qilib dedi ko'zlarini qisgancha qizaloq.
- Qoyil! Buni qanday bilasan?
- Telepatiya. - U barmog'ini naridan-beri tizzasiga surtdi.
- Xo'sh? Nahotki bu seni ozgina bo'lsa-da, qiziqtirmasa? - deyarli qichqirib dedi komandir. - Nahotki, bundan xursand emassan?
- Undan ko'ra siz mister Iiining oldiga borsangiz, yaxshi bo'lardi. - Qizaloq o'yinchoqni yerga tushirib yubordi. - U sizlar bilan jon-jon deb gaplashadi.
Shunday deya qizaloq izma-iz o'zi bilan yugurib ketayotgan o'yinchoq-o'rgimchak hamrohligida qochib ketdi.
Komandir qizga qo'lini uzatgancha va orqasidan qaragancha joyida o'tirib qolaverdi. U ko'zlariga yosh qalqib chiqqanini his qildi. Nochor ahvolda og'zini ochib, bo'm-bo'sh qo'llariga qarab qo'ydi. O'z soyalaridan ko'z uzmay, o'rtoqlari uning yonida turardi. Ular yo'ldagi toshlarga tupurishdi...
Mister Iiining o'zi eshikni ochdi. U ma'ruzaga shoshardi, biroq agar tezroq ichkariga kirib muddaoga ko'chib qolishsa, ular uchun bir necha daqiqa vaqtini ajratishga tayyor edi...
- Ko'p vaqtingizni olmaymiz, - dedi kapitan shishgan qovoqlarini horg'in ko'tarib. - Biz YErdan kelganmiz, anavi yerda raketamiz turibdi, biz to'rttamiz - uch fazogir va komandir. Biz butunlay holdan toyganmiz, qornimiz och. Uxlashga qulay joy qidirayapmiz. Kimdir bizga shaharchakalitini topshirsa yoki shunga o'xshagan biror yordam bersa yaxshi bo'lardi, qo'llarimizni qisib, urra deb qichqirishsa, "tabriklaymiz, chol bobolar!" deyishsa boshimiz ko'kka yetar edi. Bor-yo'q iltimosimiz shu!
Mister Iii daroz gavdali, qalin ko'k shishali ko'zoynak ortiga yashiringan sarg'ish ko'zli odam edi.
YOzuv stoli uzra engashib, u qandaydir qog'ozlarni o'ychan varaqlardi, ora-chora sinchkov nigohlari bilan mehmonlarga qarab qo'yardi.
- Bu ish qog'ozlari qaysi go'rga ketdi ekan-a. - U stolning barcha tortmalarini titib chiqdi. -
Qaerga qo'ydim-a? - U qovog'ini uydi. - Qaerdadir, mana bu yerdamidi-ey... Ey, ha, mana ular!
Marhamat! - u shiddat bilan kapitanga qog'ozni uzatdi. - Siz bularga imzo chekishingiz kerak. - Mana bu dahmazalarni o'qib chiqishimiz kerakmi?
Ko'zoynakning qalin shishalari kapitanga qadaldi.
- Axir o'zingiz aytmadingizmi, Yerdan keldik deb? Shunday ekan, bunga imzo cheking, vassalom.
Kapitan imzo chekdi.
- Komanda ham imzo chekishi kerakmi?
Mister Iii unga qaradi, qolgan uchalasiga ham qaradi va masxaraomuz qah-qah urib kulib yubordi.
- Bular ham imzo chekishi kerakmi?! Vah-hah-ha! Ey, qoyil-ey! Ular... ular... - uning ko'zlaridan yosh oqa ketdi. U tizzasiga shap etib urdi-da, kulgidan ikki bukilib qoldi. U og'zini karrakdek ochib kular edi. U stolga yopishib oldi. - Ular ham imzo cheksin emish!..
Fazogirlar xo'mrayishdi.
- Buning nima kuladigan joyi bor ekan?
- Ular ham imzo cheksin emish! - Azbaroyi ko'p kulganidan charchab, uh tortib dedi mister Iii. - Tag'in kulgili emasmish! Men bularni albatta mister Yyyga aytaman! - u kulgidan o'zini to'xtatolmay, imzo chekilgan ish qog'ozlariga ko'z yugurtirdi. - Hammasi joyidaga o'xshaydi. - U bosh irg'ab qo'ydi. - Axir oxir-oqibatda zarur bo'lib qolsa, hatto evtaniziyaga ham rozi ular. - U yana uzoq hingirlab kuldi.
- Nimaga rozi!
- Bo'pti, qo'yavering, mening sizga asragan bir narsam bor. Mana. Manavi kalitni oling.
Kapitanning yuzi kunday yorishib ketdi.
- O, bu qanday buyuk sharaf!
- Bu shahar kaliti emas, to'nka! - to'ng'illadi mister Iii.
- Uyning kaliti. Yo'lakdan to'g'ri boringlar-da, katta eshikni oching, ichkariga kiring-da, uni zichlab yopib qo'ying. O'sha yerda tunashingiz mumkin. Ertalab esa men huzuringizga mister Yyyni yuboraman.
Kapitan jur'atsizgina kalitni oldi. U boshini xam qilib turardi. O'rtoqlari joyidan qilt etmasdi. Go'yo badanlaridagi hamma qon so'rib olingandek, ular tamoman holdan toygan edilar.
- Xo'sh, tag'in nima? Nima gap o'zi? - so'radi mister Iii. - Nimani kutayapsiz? Nima xohlaysiz? - U kapitanga yaqinroq bordi-da, boshini egib pastdan uning yuziga qaradi. - Gapiring, axir!
- Siz hatto... - deb gap boshladi kapitan. - Yana aytmoqchimanki... o'ylashga ham... - u chaynaldi. - Biz qattiq mehnat qildik, uzoq yo'l bosib keldik, balki, haligi, nima edi, qo'limizni siqarsiz va... hech bo'lmaganda "barakalla!" dersiz... - U jim bo'lib qoldi.
Mister Iii istamaygina unga qo'lini tutdi.
- Tabriklayman! - Uning lablarida sovuq tabassum jilvalandi. - Tabriklayman. - U orqa o'girdi.
- Endi men boray. Kalitni esingizdan chiqarmang.
Shunday deya u go'yo mehmonlar havoda erib ketgandek, ularga ortiq e'tibor ham qilmay, mister Iii xona bo'ylab yurar ekan, ixchamgina portfeliga qandaydir qog'ozlarni tiqdi. Bu nari borsa besh daqiqacha davom etdi va bu vaqt ichida u biror marta ham qovog'ini uyib turgan to'rttala mehmonga churq etib og'iz ochmadi. Mehmonlar esa boshlarini eggancha horg'in ko'zlarini yerga tikib, burunlaridan tortsa yiqilgudek bir holda zo'rg'a oyoqda turishardi.
Chiqib keta turib, mister Iii tirnoqlariga sinchkovlik bilan razm soldi.
Kechqurungi g'ira-shiralikda yo'lak bo'ylab ketib borishardi. Ular katta yaltillagan kumushrang eshik oldida to'xtashdi va kumush kalit bilan uni ochishdi. Ichkariga kirib eshikni zichlab yopishdi-da, atrofga razm solib qarashdi.
Ular keng, charog'on zalda turishardi. Erkaklar va ayollar stollarda o'tirishar, to'p-to'p bo'lib turishar, suhbatlashishar edi. Qulfning shiqirlaganini eshitib, ular qayrilib qarashdi va maxsus libos kiygan to'rttala odamga tikilib qolishdi.
Marsliklardan bittasi ular oldiga borib ta'zim qildi.
- Men mister Uuuman, - tanishtirdi u o'zini.
- Men esa Nyu-Yorkdan, Yerdan kelgan kapitan Jonatan Uilyamsman, - javob berdi kapitan pinagini ham buzmay.
Birdan zalda gulduros qarsaklar yangradi.
Qiyqiriq va hayqiriqlardan shift larzaga keldi. Qo'llarini silkitgan, hayqirib qichqirgan, stollarni ag'dar-to'ntar qilgan, bir-birini turtgancha marsliklar zalning barcha tomonidan o'zlarini yerliklar tomon otishdi, ularni mahkam quchoqlab to'rttalasini ham qo'llariga ko'tarib olishdi. Olti marta ular mehmonlarni yelkalarida ko'tarib butun zalni aylanib chiqishdi. Olti marta yugurib faxriy doira yasashdi, ular to'xtovsiz sakrar, irg'ishlar, raqs tushar, baland ovozda qo'shiq aytar edilar. Yerliklar shu qadar hang-mang bo'lib qolishdiki, butun bir daqiqa davomida ularni ko'tarib turgan yelkalar uzra minib yurishdi, shundan keyingina o'zlariga kelib, kula boshlashdi va bir-birlariga qarab:
- Ana, xolos, mana bu boshqa gap! - deya qichqira boshlashdi.
- Zo'r! Allaqachon shunday qilish kerak edi! E-ha, u-ha-ha, voh-voh!
Ular tantanali suratda bir-birlarigi im qoqar, kaftlarini bir-birlariga urib qattiq-qattiq chapak chalar edilar.
- E-he!!!
- Urra! - hayqirardi olomon. Marsliklar yerlikni stol ustiga qo'yishdi. Qiyqiriqlar tindi, kapitan sal bo'lmasa ho'ngrab yuborayozdi.
- Rahmat sizlarga, katta, rahmat. Bu ish zo'r bo'ldi...
- O'zingiz haqingizda so'zlab bering, - taklif qildi mister Uuu.
Xaloyiq hayajon ichida oh va uh deb xo'rsinar edi. Kapitan o'z o'rtoqlarini bir-bir tanishtirib chiqdi.
Ularning har biri qisqa-qisqa nutq irod qildi, har birining nutqi guldiros qarsaklar va hayqiriqlar bilan bo'linib turdi.
Mister Uuu kapitanning yelkasiga shapatilab qo'ydi.
- Hamyurtingni bu yerda uchratishdan zo'r narsa bor ekanmi! Axir men ham yerdan kelganman-da.
- Ie, qanday qilib?
- Shunday qilib. Biz YErdan kelganlar anchaginamiz.
- Siz-a? Yerdan kelganmisiz? - kapitan ko'zlarini chaqchaytirdi. - Bunday bo'lishi mumkin emas!
Sizlar ham raketada kelganmisizlar? Fazoviy parvozlar qaysi asrdan boshlangan edi? - Uning ovozida tushkunlik sezilib turardi. - Darvoqe, qaerdansizlar, qaysi mamlakatdansizlar?
- Tuiereoldan. Men bu yerga ruh kuchi bilan ko'p yillar ilgari kelganman.
- Tuierol... - asta takrorladi kapitan. - Bunday mamlakatni bilmayman. Ruh kuchi degani nima degani o'zi?..
- Mana missis Rrr, u ham Yerdan kelgan, to'g'rimi, mister Rrr?
Mister Rrr bosh irg'adi va g'alati jilmayib qo'ydi.
- Mister Yuyuyu ham, mister Shshsh ham, mister Vvv ham!
- Men esa Yupiterdan kelganman, - o'zini tanishtirdi bir erkak g'o'dayib.
- Men esa Saturndan kelganman. - Uning gapini ilib ketdi ko'zlarini ayyorona yiltillatib boshqa biri.
- Yupiter, Saturn... - bidirladi kapitan ko'zlarini pirpiratib.
Zim-ziyo qorong'ulik tushgan edi. Marsliklar fazogirlar atrfida ivirsir, stollarda o'tirardilar, biroq stollar bo'm-bo'sh bo'lib, ziyofatdan nom-nishon yo'q edi. Sariq ko'zlar chaqnar, yonoqlarining tagida chuqur-chuqur soyalar o'ynardi, shunda kapitan zalda derazalar yo'qligini, yorug' to'g'ri devorlar orasidan o'tib kelayotganini payqab qoldi. Eshik ham bor-yo'g'i bittagina edi. Kapitan lunjini osiltirdi.
- Bir tiyinga qimmat narsalar! Tuiereol degani qaerda ekan-a? Amerikadan uzoqmi?
- Amerika nima degani?
- Amerika haqida eshitmaganmisiz?! O'zingiz Yerdanman deb aytasiz-u, tag'in Amerikani bilmaysiz-a?
Mister Uuu jahl bilan boshini siltadi.
- Yer boshdan-oyoq dengiz, dengizdan boshqa hech narsa yo'q. U yerda hech qanday quruqlik yo'q. O'zim o'sha yerdanman, men bilmay, kim bilsin.
- Shoshmang, - kapitan orqaga bir odim tisarildi, - siz g'irt marslik ekansiz! Ko'zlaringiz sap-sariq, badaningiz qoracha...
- Yer nuqul junglilar bilan qoplangan, - mag'rur gap qo'shdi mister Rrr. - Men Orridanman, kumush madaniyati mamlakatidanman!
You have read 1 text from Uzbek literature.
Next - Marsga hujum - 03
  • Parts
  • Marsga hujum - 01
    Total number of words is 3967
    Total number of unique words is 1895
    36.7 of words are in the 2000 most common words
    53.0 of words are in the 5000 most common words
    62.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 02
    Total number of words is 3877
    Total number of unique words is 1887
    36.1 of words are in the 2000 most common words
    52.7 of words are in the 5000 most common words
    63.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 03
    Total number of words is 3769
    Total number of unique words is 1989
    34.7 of words are in the 2000 most common words
    51.6 of words are in the 5000 most common words
    60.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 04
    Total number of words is 3849
    Total number of unique words is 1960
    34.1 of words are in the 2000 most common words
    51.5 of words are in the 5000 most common words
    59.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 05
    Total number of words is 3830
    Total number of unique words is 2064
    33.9 of words are in the 2000 most common words
    50.2 of words are in the 5000 most common words
    59.2 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 06
    Total number of words is 3843
    Total number of unique words is 1976
    34.0 of words are in the 2000 most common words
    49.9 of words are in the 5000 most common words
    58.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 07
    Total number of words is 3902
    Total number of unique words is 2068
    33.6 of words are in the 2000 most common words
    49.9 of words are in the 5000 most common words
    57.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 08
    Total number of words is 3791
    Total number of unique words is 2059
    32.0 of words are in the 2000 most common words
    47.6 of words are in the 5000 most common words
    55.5 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 09
    Total number of words is 3806
    Total number of unique words is 2096
    31.3 of words are in the 2000 most common words
    46.9 of words are in the 5000 most common words
    56.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 10
    Total number of words is 3813
    Total number of unique words is 1985
    34.2 of words are in the 2000 most common words
    49.3 of words are in the 5000 most common words
    57.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 11
    Total number of words is 3928
    Total number of unique words is 1872
    36.8 of words are in the 2000 most common words
    52.9 of words are in the 5000 most common words
    62.0 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 12
    Total number of words is 3965
    Total number of unique words is 1896
    33.8 of words are in the 2000 most common words
    50.9 of words are in the 5000 most common words
    59.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 13
    Total number of words is 3877
    Total number of unique words is 1920
    35.3 of words are in the 2000 most common words
    52.4 of words are in the 5000 most common words
    61.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 14
    Total number of words is 3807
    Total number of unique words is 2030
    33.9 of words are in the 2000 most common words
    51.3 of words are in the 5000 most common words
    60.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 15
    Total number of words is 3869
    Total number of unique words is 2091
    32.1 of words are in the 2000 most common words
    48.9 of words are in the 5000 most common words
    58.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 16
    Total number of words is 4
    Total number of unique words is 4
    0.0 of words are in the 2000 most common words
    0.0 of words are in the 5000 most common words
    25.0 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.