Marsga hujum - 03

Total number of words is 3769
Total number of unique words is 1989
34.7 of words are in the 2000 most common words
51.6 of words are in the 5000 most common words
60.3 of words are in the 8000 most common words
Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
Kapitan nigohini bir chehradan boshqa chehraga, mister Uuudan mister Yuyuyuga, mister Yuyuyudan mister Zzzga, mister Zzzdan mister Nnnga, mister Xxxdan mister Bbbga oldi. U marsliklarning ko'zlari bir qorayib, bir kengayayotganini, bir chaqchayib, bir xiralashganini ko'rib turardi. Uning vujudini titroq bosdi. Nihoyat, u o'z hamrohlari tomon o'girildi-da, ma'yus dedi:
- Buning nima ekanini tushundilaringmi?
- Nimani, kapitan?
- Bu hech ham tantanali uchrashuv emas, - horg'in dedi u, - shoshilinch qabul ham emas.
Ziyofat ham emas. Biz bu yerda hurmatli mehmonlar ham emasmiz. Ular esa Mars hukumatining vakillari ham emas. Ularning ko'zlariga bir qarang-a, nutqlariga yaxshilab quloq solib ko'ring-a!
Fazogirlar nafaslarini ichlariga yutishdi. Ko'zlarini ola-kula qilgancha ular asta-sekin g'alati zalga nigoh yugurtira boshlashdi.
- Endi bildim. - Kapitanning ovozi go'yo uzoqdan kelayotgandek edi. - Bildim, ular bekorga bizga yangi manzillarini berishmabdi va biz to mister Iiini uchratguncha boshqa birovning oldiga jo'natishmabdi... Ular bekorga bizga aniq manzil bilan kalitni berib, eshikni ochib kirib, ichkaridan qattiq yopib olishimizni tayinlashmagan ekan. Biz qo'lga tushdik...
- Qo'lga tushdik deysizmi, komandir? Kimning qo'liga?
Kapitan shalvirab qoldi.
- Jinnixonaga tushibmiz.
Tun cho'kdi. Shaffof devorlarning orasiga yashiringan chiroqlardan taralayotgan g'ira-shira nurga to'lgan keng tanobiy uyda sukunat hukmron edi. To'rttala yerlik yog'och stol atrofida o'tirgancha boshlarini xam qilib, shivirlashar edilar. Yerda ayqash-uyqash bo'lib erkak va ayollar uxlar edilar. Qop-qorong'i burchaklarda nimalardir g'imirlar, yakkam-dukkam ko'lankalar qo'llarini g'alati-g'alati silkir edilar. Har yarim soatda fazogirlardan biron kishi kumush eshik oldiga borardi-da, stol oldiga qaytib kelardi.
- Foydasi yo'q, kapitan. Biz bu yerdan endi chiqib ketolmaymiz.
- Kapitan, nahotki bizni jinni deb o'ylashgan bo'lsa?!
- Bo'lmasa-chi?! Aks holda nega bizning kelishimizni tantanali kutib olishmadi? Biz ular uchun shunchaki ruhiy kasallarmiz, bizdaqalar bu yerda to'lib-toshib yotibdi. - U uxlab yotgan odamlarga ishora qildi. - Bular axir paronoidlar-ku, bittasi ham sog' emas! Lekin ular bizni qanday kutib olishdi!
Menga hatto, - uning ko'zlarida uchqun sachradi va o'sha zahoti o'chdi, - oxiri tantanali uchrashuv ustidan chiqqandek tuyuldi. Mana bu hayqiriqlar, qo'shiqlar, nutqlar... Axir bari zo'r bo'lgan edi-ku...
- Bizni bu yerda qancha ushlab turishar ekan, a?
- Biz o'zimizning jinni emasligimizni isbotlagunimizcha.
- Ha, bu qiyin emas ekan-ku.
- Men ham shunday deb o'ylayman...
- Siz, aftidan, nimadandir cho'chiyapsiz, shekilli, kapitan?
- Hm... Hov anovi burchakka bir qarang.
Qorong'ida bir erkak cho'nqayib o'tirardi. Uning og'zidan mittigina yalang'och ayol shaklidagi moviy olov otilib turardi. Ayol havoda ko'kishtob tutun ichida mayin uchardi va nimalarnidir shivirlab xo'rsinar edi.
Kapitan boshi bilan boshqa tomonni ko'rsatdi. U yerda bir ayol turar, turgan joyida hayratomuz shakllarga kirar edi. Avvaliga u billur ustunlar ichida tutqun holida ko'rindi, so'ng oltin haykalga aylandi, so'ng kedr hassasi shaklini oldi va nihoyat yana o'zining avvalgi qiyofasiga qaytdi.
Hamma joyda erkaklar va ayollar binafsharang olovning ingichka tillarini o'ynar, tinimsiz bir shakldan boshqasiga kirar edilar, zero tun g'am-anduh va sarguzashtlar pallasi hisoblanadi.
- Afsungarlik, qora jodugar, - shivirladi yerliklardan biri.
- Yo'q, alahsirashlar bu. Ular bizga alahsirashlarini namoyish etishayapti, biz ko'rib turgan bu narsalar ularning alahsirashlaridir. Telepatiya. O'z-o'zini ishontirish va telepatiya.
- Siz shundan tashvishdamidingiz, kapitan?
- Ha. Agar alahsirashlar bizga - nafaqat, nafaqat, bizlarga shunday aniq bo'lib ko'rinar ekan, modomiki alahsirashlar shunday ishonchli va rostdek bo'lib tuyular ekan, ular bizni jinni deb o'ylashlari hech gap emas-da. Anovi erkak moviy olovdan mitti ayollar yasay oladi, anovi ayol esahaykalga aylanishga qodir; marsliklarning raketa kemasi bemor xayolotimiz samarasi deb o'ylashlari uchun bemalol kifoya qiladi.
Qorong'ilik ichidan kimningdir ayanchli xo'rsingani eshitildi.
Chor atrofda goh chaqnab, goh o'chib, moviy olovlar raqs tushar edi. Uxlab yotgan erkaklarning oldidan qizil qumdan yasalgan shaytonvachchalar uchib chiqar edi. Ayollar lorsillagan ilonlarga aylanar edilar. Turli hayvon va yirtqichlarning hidi anqirdi.
Tong otgach, hamma risoladagidek, quvnoq va sog'lom ko'rinar edi. Haligi alahsirashlar-u, g'alati olovlardan nom-nishon yo'q edi. Kapitan o'z jamoadoshlari bilan hali-veri ochilib qolar degan umidda kumush eshik oldida turar edi.
Mister Iii rosa to'rt soatdan keyin paydo bo'ldi. Ular uning eshik ortidan ichkariga kirishidan avval bitta-bitta chaqirib, o'zining mo''jazgina xonasigi olib kirish uchun rosa uch soat eshik ortida turganiga shak-shubha qilmas edilar.
Agar uning niqobiga ishonadigan bo'lsak, bu ochiqko'ngil, yuzidan tabassum arimaydigan bir erkak edi, uning niqobida bir emas, uchta kulib turgan qiyofa tasvirlangan edi. Darvoqe, niqob ostidan chiqayotgan tovush tabassumli psixiatrga unchalik yarashmayotgan edi.
- Xo'sh, sizni nima bezovta qilayapti?
- Siz bizni jinni deb o'ylayapsiz, lekin bu to'g'ri emas, - dedi kapitan.
- Aksincha, men sizlarni barchalaringizni jinni deyayotganim yo'q, - psixiatr kichikkina ko'rsatkich tayog'ini kapitanga niqtadi. - Faqat sizni, hurmatli janob. Barcha qolganlar - ikkilamchi jinni.
Kapitan tizzasiga shap etib urib qo'ydi.
- Ha, gap bu yoqda deng! O'rtoqlarimning ham ish qog'oziga imzo chekishlari shartmi, deb so'raganimda mister Iiining qah-qah urib kulishi shundan ekan-da!
- Ha, mister Iii menga hammasini aytib berdi. - Psixiatr niqobidagi og'zini qiyshaytirib, xoxolab kuldi. - Zo'r hazil bo'ldi-da. Xo'sh, men nima deyayotgan edim? Ha, ikkilamchi jinnilar. Mening oldimga quloqlaridan ilonlar chiqib turadigan ayollar kelishadi. Mening muolajamdan keyin ilonlar g'oyib bo'ladi.
- Biz jon-jon deb davolanishga tayyormiz. Boshlang muolajangizni.
Mister Iii sarosimalanib qoldi.
- Vo ajab, hech kim muolajaga rozi bo'lmaydi. Bu muolaja juda ham boshqacha bo'lsa kerak-da.
- Hechqisi yo'q. Muolajani boshlang dedikmi, boshlang. Bizning sog' ekanimizga keyin amin bo'lasiz.
- Iltimos, avval qog'ozlaringizni bir ko'rib chiqsam. Muolaja uchun hammasi to'g'ri rasmiylashtirilganmi? - U papkani varaqlab ketdi. - Xo'sh... Qarang-a, sizga o'xshagan bemorlarga alohida uslublar kerak ekan. Siz ko'rgan jinnixonadagi bemorlar muolajasi ancha jo'nroq ekan...
Ammo siznikiga o'xshagan birlamchi, ikkilamchi, eshituv, hidlov va ta'm biluv jinnilarini qo'shib hisoblaganda sezuv va ko'ruv sezgilari bilan birgalikda men sizga aytsam, ish nihoyatda yomon. Biz evtanaziyani qo'llashga majbur bo'lamiz.
Kapitan hayqirgancha oyoqqa turdi.
- Nimalar deyapsiz o'zi, boshimizni qotirmang! Qani, boshlang! Bizni tekshiring, tizzamizga bolg'acha bilan uring. Yuragimizni eshiting, o'tirib-turishga majbur qiling, savollar bering!
- Bosh ustiga.
Kapitan bir soatcha jo'shib, qaynab gapirdi, psixiatr jim quloq solib turdi.
- Hech ishonib bo'lmaydi, - o'ychan g'udranib dedi u. - Hayotimda bunaqa aql bovar qilmas alahsirashni eshitmagan edim.
- Jin ursin! Biz ko'rsatamiz sizga hali samoviy kemamizni! - bo'kirdi kapitan.
- Jon deb ko'raman. Siz uni shu yerda xonada ko'rsata olasizmi?
- Albatta, u sizning kartotekangizda turibdi. "K" harfida.
Mister Iii diqqat bilan kartotekani qarab chiqdi, hafsalasi pir bo'lgandek tilini chaqillatib qo'ydi-da, shoshmaygina tortmani ichkariga surib qo'ydi.
- Meni ahmoq qilishingizga nima hojat bor edi, bu yerda hech qanday samoviy kema yo'q-ku.
- Qayoqdan ham bo'lsin, jinnivoy! Men hazillashgan edim. Endi ayt-chi, jinnilar haddidan oshayaptimi?
- Ba'zan juda qiziq-qiziq gaplar bo'lib turadi. Bo'pti, meni raketangiz oldiga olib boring. Men uni ko'rmoqchiman.
Ular raketa oldiga kelishganida, jazirama tush payti bo'lib qolgan edi.
- Xo'sh, - psixiatr kemaga yaqin bordi-da, uning qorniga chertdi. Chertki ovozi mayin, guvullagan edi. - Ichkariga kirsak maylimi? - So'radi u mug'ambirona.
- Kiring.
- Mister Yyy kema ichiga kirdi-da, taxta bo'lib qoldi.
- Osiy umrimda ko'p narsalar bo'lgan edi, ammo bunaqasi... - Kapitan sigarani chaynagancha kutardi. - Hammadan ham men uyga uchib, bu Mars deganini yelkamning chuquri ko'rsin, deyishni juda-juda xohlab ketayapman. Shu ham sayyora bo'ldi-yu!..
- Mening nazarimda, bu yerdagi har ikkitaning bittasi jinni. Odam degani ham shunchalik bema'ni bo'ladimi?
- Nima bo'lganda ham mening jinnimni chiqarib yuborishdi.
Yarim soatcha psixiatr nimalarnidir titkiladi, paypasladi, chertib ko'rdi, quloq soldi, hidlab ko'rdi, tilini tekkizib ko'rdi, oxiri kema ichidan chiqib keldi.
- Xo'sh, endi amin bo'lgandirsiz? - Qichqirdi kapitan quloqlari hech narsani eshitmaganday.
Psixiatr ko'zlarini yumdi-da, burnini qashidi.
- Bu ilgari men hech qachon uchratmagan oddiy alahsirash va xayolparastlikning yorqin namunasi ekan-ku! Men sizning "Raketa" degan narsangizni ko'rib chiqdim. - U raketaga barmog'i bilan chertib qo'ydi. - Eshitib turibman. Sarobiy tovush. - U havoni burni bilan hidlab ko'rdi. - Men uni hididan bilayapman. Tuyg'ularning telepatik uzatishlaridan hosil bo'lgan hidlash gallyutsinatsiyasi. - U raketa chokini o'pib qo'ydi. - Men uning ta'mini his qilayapman. Ta'm biluv illyuziyasi!
U kapitanning qo'lini siqib qo'ydi.
- Sizni tabriklashimga ruxsat bering! Siz ruhshunoslik dahosi ekansiz! Bu har qanday barkamollikdan oliydir! Sizning o'z ruhiy xayolotingizni idrok etish kuchini to'la saqlangani holda boshqa sub'ektlarni anglashga telepatik yo'l bilan solishtirish qobiliyatingiz bag'oyat ajoyib va tahsinga sazovordir. Bizning boshqa bemorlarimiz, odatda, ko'ruv gallyutsinatsiyalariga mo'ljallanadilar. Juda nari borganda, eshituv gallyutsinatsiyasi bilan qo'shilib ketadilar. Siz bo'lsangiz barchasi bilan bab-baravar muomala qilsangiz! Sizning jinniligingiz hayratomuz darajada mukammaldir!
- Mening jinniligim... - kapitanning rangi bo'zdek oqardi.
- Ha, ha, ajoyib jinnilik! Ma'dan, rezina, graviatorlar, oziq-ovqat, kiyim-kechak, yonilg'i, qurol-yaroq, zinalar, gaykalar, boltlar, qoshiqlar - men ko'plab narsalarni tekshirib ko'rdim. Umrimda bunaqa murakkab manzarani sira ko'rmaganman. Hattoki karavotim tagidagi sharpalar ham qolmagan! Iroda degani ham shunchalik bo'ladi-da! Bo'ldi, men qanchalik tekshirmay, yana ularni istagancha paypaslab, hidlab, tinglab, til tekkizib ta'mini bilib olishingiz mumkin! Sizni quchishimga ruxsat bering!
Nihoyat, u kapitandan o'zini chetga oldi.
- Men bu haqda risola yozaman. U ilmiy ishlarim ichidagi eng yaxshisi bo'ladi! Kelasi oyda Mars Fanlar akademiyasida ma'ruza o'qiyman! Birgina tashqi ko'rinishingizni o'zi nihoyatda qimmat turadi.
Siz hatto ko'zingiz rangini almashtirmoqchi ham bo'ldingiz - sariq o'rniga ko'kni, badaningiz qorachadan kelgan emas, bilki qizg'ish! Mana bu kostyumingizni qarang, qo'lingizda esa, oltita o'rniga beshta barmoq bor! Nima ham derdik, ruhiyotdagi og'ishlar ta'siri ostida mutlaqo biologik metamarfozadan boshqa hech narsa emas! Buning ustiga, anavi uchta oshnangizni aytmaysizmi...
U mo''jazgina to'pponchasini oldi.
- Sizni, albatta, davolab bo'lmaydi. Baxtiqarosiz, g'aroyib odamsiz! Sizni faqat o'lim qutqaradi.
Bitta-yarimta aytadigan so'nggi so'zingiz bormi?
- Shoshmang, xudo haqqi, otmang!
- Sho'rlik! Sizni bunday va mana bunaqa uchala odamni tasavvur etishga majbur etgan azoblardan qutqarmoqchiman. Sizni oldinda go'zal kelajak kutib turibdi: men sizni o'ldiraman-u, ko'z ochib-yumguncha do'stlaringiz ham, raketangiz ham gumdon bo'ladi. Eh, bugungi kuzatishlarim bo'yicha shunday bir maqola yozamanki - "Nerotik" saroblarining tarqalishi"!
- Men Yerdan kelganman! Mening ismim Jonatan Uilyams. Mana bular esa...
- Bilaman, bilaman, - quvnoq ohangda dedi mister Yyy va o'q uzdi.
Kapitan yuragida o'q bilan qulab tushdi. Uning do'stlari qichqirib yuborishdi.
Mister Yyyning ko'zlari kosasidan chiqib ketdi.
- Siz haliyam yashayapsizmi? Hecham bo'lmagan gap! Zamon va makondagi persistensiyali gallyutsinatsiya! - u to'pponchasini ularga o'qtaldi. - Hechqisi yo'q, men sizlarni g'oyib bo'lishga majbur etaman.
- Yo'q, - qichqirishdi fazogirlar.
- Hattoki bemorning o'limidan keyingi eshituv illyuziyasi, - ishchan bir ohangda dedi mister Yyy haligi uchalasini bittama-bitta o'ldirar ekan.
Ular hech qancha o'zgarmagan holda qum ustida qimir etmay yotar edilar.
U yotganlarni oyog'i bilan turtdi, so'ng raketa qorniga dukillatib urdi.
- Raketaga jin ham urmagan! Bular hali ham g'oyib bo'lgani yo'q! - U yana va yana jonsiz jasadlarga qarata o'q uzdi. Keyin bir qadam orqaga tisarildi. Tirjaygan qiyofadagi niqob uning oyog'i ostiga qulab tushdi.
Psixiatrning yuz ifodasi asta-sekin o'zgara boshladi. Pastki jag'i osilib qoldi. Holsiz qo'lidan to'pponcha tushib ketdi. Nigohi bo'm-bo'sh, befarq boqardi. U qo'llarini yuqoriga ko'tarib siltadi va xuddi ko'r odamdek joyida bir aylandi. U dam-badam so'lagini yutgancha o'lik jismlarni paypaslar edi.
- Gallyutsinatsiyalar, - jazava ichida g'udranardi u. - Ta'm. Ko'lankalar. Hid. Tovush. Sezgi.
U ko'zlarining paxtasini chiqarib, qo'llarini siltar edi. Lablarida ko'pik paydo bo'ldi.
- Chiringlar! - bo'kirdi mister Yyy, o'liklarga murojaat qilgancha. - Chiri! - Qichqirdi u raketaga.
U o'zining titroq qo'llariga qaradi.
- Menga yuqdi, - shivirladi u g'azab ichida. - Endi menga o'tdi. Telepatiya, gipnoz. Endi men jinniman. Jinnilarning barcha alomatlari menda. - Bir soniya u tosh qotib qoldi, so'ng karaxt barmoqlari bilan to'pponchani qidira boshladi. - Birgina vosita qoldi. Ularni chirib, yo'q bo'lib ketishiga birgina usul kor qiladi, xolos.
O'q ovozi yangradi. Mister Yyy qulab tushdi.
Quyosh nurlari ostida to'rtta jasad yotardi. Ularning yonginasida mister Yyy ham yotardi.
Quyosh nurlariga cho'mgan tepalik ustida tumshug'ini osmonga qadagancha hech qayoqqa g'oyib bo'lmay, raketa qaddini tik tutib turardi. Shaharliklar ufqdagi raketani uchratib, buning nima ekanligiga aqllari yetmay, rosa boshlari qotdi. Uning nima ekanligini hech kim bilolmadi. Raketani eskichiga sotib yuborishdi, u uni olib ketdi-da, maydalab pullab yubordi.
Tun bo'yi yomg'ir tinmadi. Ertasiga osmon charaqlagan va havo iliq edi.
Mart 2000
SOLIQ TO'LOVCHI
U raketada Marsga uchib ketmoqchi edi. Erta bilan u kosmodromga keldi-da, tikonli sim devor ortida turib,"Men Marsga uchmoqchiman" deya mundirli odamlarga qarata qichqira boshladi. U soliqni bexato to'lab keladi, familiyasi Prichard va u Marsga uchish uchun to'la haqli. Axir u shu yerda, Ogayoda tug'ilmaganmidi? Nahotki u yomon fuqaro bo'lsa?! Unda o'zi nima gap, nima uchun Marsga uchishi mumkin emas ekan? Mushtumlarini do'laytirib, ularga qarab yerda ortiq qolishni istamayman, miyasi bor odam Yerdan qorasini o'chirish orzusida yuradi, deya tinmay qichqirar edi. Ko'pi bilan ikki yildan keyin yerda jahon atom urushi boshlanadi. Lekin u bu mudhish pallani kutib o'tiradigan ahmoq emas. U va miyasi bor har qanday minglab odamlar Marsga uchib ketishni istayapti. Ishonmasalaring, ularning o'zlaridan so'ranglar! Urushlar va tsenzuradan, to'rachilik va harbiy tobelikdan, hukumatdan nari bo'lgan ming marta afzal, bular maxsus ruxsatnomasiz bir qadam ham qimirlagani qo'ymaydi, bular fanni ham, san'atni ham oyoqlari ostida yanchib tashlashdi! Agar xohlasangiz yerda qolaverishingiz mumkin. U o'ng qo'lini, boshini, yuragini qurbon qilishga tayyor-u, faqat Marsga uchib ketsa bo'lgani! Raketaga tushish uchun nima, qilish kerak, qaerga imzo chekish kerak, kim bilan tanish-bilish ortdirish kerak?
Tikonli sim ortidan javob o'rniga mundirli odamlar kulib qo'ydilar, xolos. Uning Marsga hecham uchib ketgisi yo'q, der edi ular. Axir u Birinchi va Ikkinchi ekspeditsiyalar yo'q bo'lib ketishganini, yo'qlik qa'riga mahv bo'lganlarini, ularning barcha ishtirokchilari, ochig'ini aytganda, o'lib ketganlarininahotki u bilmasa?!
- Lekin buni isbotlash kerak, buni hali hech kim aniq bilmaydi-ku, - deb qichqirardi u tikonli simga yopishgancha. Balki u yerda sut daryosi oqib, sharbat dengizi mavj urib turgandir, balki kapitan York va Uilyams qaytib kelishni o'zlari xohlashmagandir. Xullas, gap shu - darvozani ochinglar-da, yaxshilikcha meni Uchinchi ekspeditsiyaga - raketaga qo'yib yuboringlar yoki men o'zim kuch bilan kirib olaymi?
Naryoqdagilar unga og'zini yopishni maslahat berdilar.
U fazogirlarning raketa tomon borayotganlarini ko'rdi.
- Meni kutib turinglar! Meni bu dahshatli dunyoda qoldirmanglar, men bu yerdan uchib ketishni istayman, tez orada atom urushi boshlanadi! Meni yerda qoldirmanglar!
Ular kuch bilan devordan nariga sudrab ketishdi. Ular politsiya mashinasi eshigini qarsillatib yopdilar-da, mana shu tonggi soatda uni olib ketishdi, u bo'lsa, orqa darchaga mahkam yopishib oldida, mashina vahimali chinqirgancha tepalikdan oshib o'tishidan bir lahza oldin qip-qizil alangani ko'rdi va qudratli guvullashni eshitdi, miyasiga qattiq zarba kelib tushgandek bo'ldi - bu uni mana shu fayzsiz tongda hech narsa bilan maftun etolmaydigan yer sayyorasida qoldirib, osmonga ko'tarilgan kumushrang raketaning to'lqini edi.
Aprel 2000
UCHINCHI EKSPEDISIYA
Kema koinotdan keldi. Yulduzlar, aql bovar qilmas tezliklar, charaqlagan harakat va soqov samoviy tubsizlik ortda qoldi. Kema yap-yangi edi; uning vujudi o't bo'lib yonardi, uning temir uyachalarida odamlar o'tirardi; olov ufurgan, qaynoq nafas olgancha u mutlaqo ovozsiz parvoz qilardi. Uning bo'lmalarida komandir bilan qo'shib hisoblaganda o'n yettita odam bor edi. Ogayo kosmodromidagi xaloyiq qichqirar, qo'llarini siltar edi, raketa tagidan ulkan yaproqli qip-qizil olov gul kabi ochildi-yu, u fazoga otildi - Mars sari Uchinchi ekspeditsiya boshlandi!
Endi kema temir aniqligi bilan Mars havosining yuqori qatlamlarida harakatni sekinlashtirdi. U hamon go'zallik va qudrat tajassumi edi. Koinotning tim qora qo'ynini yorib, u bamisoli tiniq dengiz darrandasi singari suzib borar edi; u Oymomo yonida shitob bilan o'tdi-da, birin-ketin bo'shliqlar bag'rini tilgancha olg'a intildi. Uning qornidagi odamlar o'zlarini har tomonga tashlar, o'mbaloq oshar, dumalar edilar, biri olib, biri qo'yib jag' urardilar. Ulardan biri o'ldi, biroq qolgan o'n oltitasi illyuminatorning qalin shishasiga yopishib olib, taglarida Mars sayyorasining qanchalik shiddat bilan aylanishini va kattalashib borayotganini ko'zlari kosasidan chiqqudek bo'lib qarab turar edilar.
- Mars! - qichqirdi shturman Lyustig.
- Chol bobo Mars! - dedi qadimshunos Semyul Xinkston.
- Zo'r! - dedi kapitan Jon Blek.
Raketa yam-yashil dalaga kelib qo'ndi. Sal naridagi xuddi shunday dalada cho'yandan quyilgan ohu turardi. Undan ham narida oftobshuvoqda Viktorian uslubidagi, sanoqsiz va rang-barang shokilali oynalari moviy, pushti, sariq, yashil derazali baland bo'yli uy qad ko'tarib turardi. Ayvonda paxmoq yorongul o'sib turar, ilmoqlarda yengil shabadadan eski arg'imchoqlar goh u tomonga, goh bu tomonga chayqalar edi. Uyning uchli tomoni uzra rombsimon billur shishali minora charaqlab ko'rinardi. Birinchi qavatdagi keng derazadan "Ajoyib Ogayo" sarlavhali notalar yozilgan musiqa kitobchasini ko'rish mumkin edi.
Raketa atrofidan Mars bahoridan chiroy ochgan ko'm-ko'k va harakatsiz shaharcha har tomonga qarab yoyilib ketgan. Oq va qizil g'ishtdan qurilgan uylar saf tortgan, baland dublar shamoldan egilib-egilib chayqalar, qudratli qayrag'ochlar va kashtan daraxtlari ham tinimsiz shovullardi. Unsiz oltin qo'ng'iroqli qo'ng'iroqxonalar savlat to'kib turardi.
Bularning barchasini fazogirlar illyuminatordan ko'rib turar edilar. Keyin ular bir-birlariga qarashdi.
So'ng yana illyuminatorga yuzlanishdi. Keyin go'yo birdaniga nafas olish qiyinlashgandek har kim yonidagi qo'shnisining tirsagiga yopishdi. Ularning yuzlari bo'zdek oqarib ketdi.
- Jin ursin meni, - shivirladi Lyustig, yuzini uvishib qolgan barmoqlari bilan artarkan. - Meni nima jin urdi o'zi!
- Hech ham bunaqa bo'lishi mumkin emas, - dedi Semyul Xinkston.
- Yo alhazar! - dedi komandir Jon Blek.
Kimyogar o'zining xonasidan turib axborot berdi:
- Kapitan, havo kam, lekin kislorod yetarli, hech qanday xatar yo'q.
- Demak, chiqamiz, shundaymi? - so'radi Lyustig.
- Shoshmanglar, - dedi kapitan Jon Blek. - Buning nima ekanini avval yaxshilab bilib olish kerak.
- Bumi? Kichkina shaharcha, kapitan, havo kam bo'lsa-da, lekin nafas olsa bo'ladi.
- Yerdagi shaharlarga o'xshagan mo''jazgina shaharcha, - qo'shib qo'ydi qadimshunos Xinkston.
- G'oyatda g'aroyib. Hech ham bunday bo'lishi mumkin emas, ammo nachora, ana u, oldimizda turibdi...
Kapitan Jon Blek pirishon holda unga qarab qo'ydi.
- Xo'sh, Xinkston, sizningcha, tamaddun ikki turli sayyorada bir xil sur'atda va bitta yo'nalishda taraqqiy qilishi mumkinmi?
- Menimcha, unchalikmasdir-ov!
Kapitan Blek illyuminator yonida turardi.
- Hov anovi yorongullarga qarang-a. Mutlaqo yangi turi. U yerga bor-yo'g'i ellik yilgina avval olib chiqilgan edi. Endi-chi, o'zingiz o'ylab ko'ring, u yoki bu turdagi o'simlik evolyutsiyasi uchun necha ming yillar talab etilmaydimi?! Kezi kelganda shuni ayting-chi, menga marsliklarda, birinchilardan, aynan shunday deraza romlari, ikkinchidan minorachalar, uchinchidan, ayvonchadagi arg'imchoqlar, to'rtinchidan pianinoga o'xshagan cholg'u asbobi, beshinchidan, teleskopga diqqat bilan qarang-a, mana shunday bo'lishi mantiqqa to'g'ri kelarmikan? Marslik bastakor o'z asarini kelib-kelib aynan "Ajoyib Ogayo" deb atashi ham mantiqqa to'g'ri kelarmikan? Axir bu bir narsanigina anglatishi mumkin: Marsda ham Ogayo daryosi bor ekan!
- Kapitan Uilyams bo'lmasa-chi, - qichqirib yubordi Xinkston.
- Nima?
- Kapitan Uilyams va uning uch hamrohi! Yoki Nataniel York o'z juftligi bilan bular hammasini aytib turibdi!
- Bu hech narsani aytib turgani yo'q. Bizning aniqlashimizga qaraganda, Yorkning raketasi Marsga qo'nar-qo'nmas portlab ketgan va har ikkala fazogir halok bo'lgan. Uilyams va uning uchala hamrohiga kelsak, ularning kemasi yetib kelgandan keyin ikkinchi kuni portlab ketgan. Nima bo'lganda ham ayni shu vaqtda uzatgichlar ishdan to'xtab qolgan. Ular tirik bo'lganida biz bilan aloqa bog'lashga uringan bo'lar edilar. York ekspeditsiyasi vaqtidan buyon atigi bir yil o'tganini, kapitan Uilyams ekipaji esa bu yerga avgustda uchib kelganini aytib o'tirmasa ham bo'ladi. Farazqilaylik-chi, ular tirik hamdirlar - garchand eng mohir marsliklar yordamida shunday qisqa vaqt butun bir shaharni qurish va uning sharti ketib, parti qolgan bir holga kelishi aqlga sig'adigan ishmi? Siz yaxshilab qarang, axir bu shahar kam deganda yetmish yil oldin qurilgan. Eshik oldidagi panjaralarni qarang, daraxtlarga qarang - yuz yoshli dublar-ku! Yo'q, York ham, Uilyams ham bu yerda hech qanday ahamiyatga ega emas. Bu yerda butunlay boshqa gap bor. Menga unchalik yoqmayapti. Toki gap nimadaligini bilmagunimcha kema ichidan chiqmayman.
- Buning ustiga, - qo'shimcha qildi Lyustig, - Uilyams va odamlari, York ham Marsning narigi tomoniga qo'nganlar. Biz esa bu tomonni ataylab tanladik.
- Xuddi shunday! Agar York va Uilyamsni marslik qabilalar qasddan o'ldirgan bo'lsalar, demak, bizga ikkinchi yarim sharda qo'nishga ataylab buyruq berilgan bo'lib chiqadi. Halokat takrorlanmasligining oldini olishgan bo'lishsa kerak. Demak, biz shunday bir puchmoqda turibmizki, uni, bizga ma'lum bo'lishicha, na Uilyams, na York ko'zlari bilan ko'rishgan.
- Jin ursin, - dedi Xinkston, - baribir men sizni ruxsatingiz bilan bu shaharga boraman, kapitan.
Axir Quyosh tizimimizdagi barcha sayyoralarda tafakkur va tamaddun bir-biriga o'xshash yo'llar bilan taraqqiy etgan bo'lishi mumkin-ku. Kim bilsin, ehtimol, biz davrimizning eng buyuk psixologik va falsafiy kashfiyoti bo'sag'asida turibmiz!
- Men bir oz kutib turishni ma'qul deb bilaman, - dedi kapitan Jon Blek.
- Komandir, balki ro'parangizda xudoning borligini birinchi marta isbot qilgan hodisa turgandir!
- Bunday isbotlarsiz ham dindorlarni xudo urib yotibdi, mister Xinkston...
- Ha, men ham o'shalarning sirasiga kiraman, kapitan. Ammo bir narsa kundek ravshan. - Bunday shahar ilohiy qudratning aralashuvisiz paydo bo'lishi mumkin emas. Mana bu mayda-chuyda narsalar, qismlar... Vujudimda shunday qarama-qarshi tuyg'ular kurashi ketayaptiki, kulishimni ham, yig'lashimni ham bilmayman.
- Unda biz nimaga duch kelganimizni aniqlagunimizcha unisidan ham, bunisidan ham tiyilib turing.
- Nimaga duch kelibmiz? - gap qo'shdi Lyustig. - Hech narsaga duch kelganimiz yo'q-ku. Oddiy, jim-jit, ko'rkam, yam-yashil shaharcha, xuddi men tug'ilgan o'sha daqqiyunusdan qolgan puchmoqning o'zginasi. U menga ham yoqayapti.
- Qachon tug'ilgansiz, Lyustig?
- 1950 da, ser.
- Siz-chi, Xinkston?
- 1955 da, kapitan. Grinnell, Ayova shtati. Bundoq qarasam, go'yo o'z jonajon vatanimga qaytib kelgandekman.
- Xinkston, Lyustig, men sizga ota bo'lishim mumkin, men rosa saksondaman. 1920 yilda Illinoysda tug'ilganman. Biroq, xudoning marhamati va so'nggi ellik yilda ba'zi chollarni yigitga aylantirib qo'ygan fan sharofati bilan Marsga uchib keldim. Sizdan kam charchagan emasman, ammo mana bu ishonmaslik dardi tushmagur sizlardan bir necha barobar ko'pdir menda. Bu shunday tinch, shunday jozibador shaharcha ekanki, o'xshashini ko'rib, hatto qo'rqib ketayapman. U Grin-Blaffga haddan tashqari qattiq o'xshaydi. - Komandir radistga o'girildi. - Meni Yer bilan ulang.
Qo'nganimizni ayting. Ortiq hech nima demang. Qolgan barcha gaplarni ertaga yuboramiz, deb ayting.
- Xo'p bo'ladi, kapitan.
Kapitan Blek illyuminatorga qaradi. Uning basharasiga qarab hech kim sakson yashar demasdi.
Nari borsa, qirq yoshga kirgan, derdi.
- Endi quloq soling, Lyustig. Siz, men, Xinkston, boramiz-da, shaharni aylanib chiqamiz. Qolganlar raketada kutib o'tirishadi. Bir nima bo'lib qolgudek bo'lsa, ular jon saqlab qola oladilar. Butun kema halokatga uchrashidan ko'ra, uch kishini yo'qotish durustroqdir. Musibat sodir bo'lgudek bo'lsa, ekipajimiz boshqa raketaga xabar berishga ulguradi. U raketani, yanglishmasam, dekabrning oxirida kapitan Uaylder boshqaradi. Agar Marsda qandaydir dushman kuchlari bo'lsa, yangi ekspeditsiya yaxshilab qurollangan bo'lishi kerak.
- Ammo biz ham qurollanganmiz. Tish-tirnog'imiz bilan qurollanganmiz.
- Bo'pti, odamlarga xabar qiling. Qurollarni shay holatga keltirib qo'yishsin. Ketdik, Lyustig, ketdik, Xinkston.
Uchala fazogir kema bo'lmasi orqali pastga tushishdi.
Ajoyib bahor kuni edi. Qiyg'os gullagan olma shoxida chittak tinimsiz sayraydi. Shamol yam-yashil shoxlarni silkitganda oppoq gullar bulutdek yerga to'kiladi. CHor atrofni gullarning muattar hidi tutgan. Shaharchada kimdir pianino chalar edi va musiqa tovushi bir ko'tarilib, bir pasayib nafis, allalagandek havoda suzardi. "Ajoyib xayolparast" kuyini ijro etmoqda edilar. Boshqa tomonda esa grammofondan Garri Loder ijrosidagi "Shomdagi sayr" kuyi hirqiroq, bo'g'iq ohangda taralardi. Uchala fazogir raketa tagida turishardi. Ular siyrak havoni og'izlari bilan yutoqib yutinar edilar. So'ng kuchlarini avaylagancha asta yurib ketishdi.
Endi boshqa plastinka aylanardi.Yoz oqshomi bo'lsa bas menga,Oydin tunda yetishsam senga...
Lyustigning tizzalari qaltirab ketdi, Semyuel Xinkstonda ham xuddi shunday bo'ldi.
Osmon tip-tiniq va tinch edi, allaqaerda, jarlik tubida, ko'm-ko'k shoxlarning salqin soyasida daryo jildirardi. Ot tuyoqlari dupirlar, arava g'ildiraklari do'qirlardi.
- Kapitan, - dedi Semyuel Xinkston. - Istaysizmi-istamaysizmi, ammo hech ham o'xshamaydi, aks holda bunday bo'lishi mumkin emas-ku, - Marsga parvozlar birinchi jahon urushigacha boshlangan bo'lar edi.
- Yo'q.
- Ammo mana bu uylarni, mana bu cho'yan ohuni, pianino musiqasini qanday izohlaysiz? - Xinkston zo'r berib kapitanning tirsagini qisdi, uning yuziga qaradi. - Faraz qilingki, deylik 1905 yilda urushni yomon ko'rgan odamlar bor edi. Ular olimlar bilan zimdan til biriktirishgan-da, raketa yasaganlar va bu yerga, Marsga kelib olganlar...
- Bu mumkin emas, Xinkston.
- Nima uchunmi? 1905 yilda dunyo butunlay boshqacha edi. U paytlarda buni maxfiy saqlash ancha oson edi.
- Ammo mana bu raketaga o'xshagan murakkab narsani emas-da! Yo'q, yo'q...
- Ular bu yerga butunlay ko'chib kelishgan, tabiiyki, xuddi Yerdagidek uylar qurishgan, axir o'zlari bilan yerdagi madaniyatni ham olib kelishgan-da.
- Shuncha yillar shu yerda yashagan deb o'ylaysizmi? - deb so'radi komandir.
You have read 1 text from Uzbek literature.
Next - Marsga hujum - 04
  • Parts
  • Marsga hujum - 01
    Total number of words is 3967
    Total number of unique words is 1895
    36.7 of words are in the 2000 most common words
    53.0 of words are in the 5000 most common words
    62.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 02
    Total number of words is 3877
    Total number of unique words is 1887
    36.1 of words are in the 2000 most common words
    52.7 of words are in the 5000 most common words
    63.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 03
    Total number of words is 3769
    Total number of unique words is 1989
    34.7 of words are in the 2000 most common words
    51.6 of words are in the 5000 most common words
    60.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 04
    Total number of words is 3849
    Total number of unique words is 1960
    34.1 of words are in the 2000 most common words
    51.5 of words are in the 5000 most common words
    59.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 05
    Total number of words is 3830
    Total number of unique words is 2064
    33.9 of words are in the 2000 most common words
    50.2 of words are in the 5000 most common words
    59.2 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 06
    Total number of words is 3843
    Total number of unique words is 1976
    34.0 of words are in the 2000 most common words
    49.9 of words are in the 5000 most common words
    58.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 07
    Total number of words is 3902
    Total number of unique words is 2068
    33.6 of words are in the 2000 most common words
    49.9 of words are in the 5000 most common words
    57.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 08
    Total number of words is 3791
    Total number of unique words is 2059
    32.0 of words are in the 2000 most common words
    47.6 of words are in the 5000 most common words
    55.5 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 09
    Total number of words is 3806
    Total number of unique words is 2096
    31.3 of words are in the 2000 most common words
    46.9 of words are in the 5000 most common words
    56.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 10
    Total number of words is 3813
    Total number of unique words is 1985
    34.2 of words are in the 2000 most common words
    49.3 of words are in the 5000 most common words
    57.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 11
    Total number of words is 3928
    Total number of unique words is 1872
    36.8 of words are in the 2000 most common words
    52.9 of words are in the 5000 most common words
    62.0 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 12
    Total number of words is 3965
    Total number of unique words is 1896
    33.8 of words are in the 2000 most common words
    50.9 of words are in the 5000 most common words
    59.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 13
    Total number of words is 3877
    Total number of unique words is 1920
    35.3 of words are in the 2000 most common words
    52.4 of words are in the 5000 most common words
    61.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 14
    Total number of words is 3807
    Total number of unique words is 2030
    33.9 of words are in the 2000 most common words
    51.3 of words are in the 5000 most common words
    60.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 15
    Total number of words is 3869
    Total number of unique words is 2091
    32.1 of words are in the 2000 most common words
    48.9 of words are in the 5000 most common words
    58.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Marsga hujum - 16
    Total number of words is 4
    Total number of unique words is 4
    0.0 of words are in the 2000 most common words
    0.0 of words are in the 5000 most common words
    25.0 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.