Usta va Margarita - 08

Total number of words is 4168
Total number of unique words is 1883
39.3 of words are in the 2000 most common words
56.6 of words are in the 5000 most common words
64.9 of words are in the 8000 most common words
Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
— Yaxshi, lekin buning uchun o‘zingiz yugurishingiz shartmi? Yaxshisi, siz o‘sha odam haqidagi shubhalaringizni, uning ayblarini yozma ravishda bayon qilib bering. Bayonotingizni tegishli joyga osongina jo‘natishimiz mumkin. Mabodo, o‘sha odam haqiqatan ham, siz aytgandek, jinoyatchi bo‘lib chiqsa, bu narsa xiyol vaqt o‘tmay aniqlanadi. Lekin faqat bitta shart bor: boshingizni ko‘pam qotirmang, Pontiy Pilat haqida mumkin qadar kamroq o‘ylang. Odamlar nimalarni o‘ylab topmaydi! Hammasigayam ishonaverish kerak emas.
— Tushundim! — dedi Ivan qat’iy ohangda. — Iltimos, menga qog‘oz bilan qalam berishsin.
— Qog‘oz bilan kalta qalam bering, — buyurdi Stravinskiy semiz xotinga, so‘ng Ivanga bunday dedi: — Lekin maslahatim, bugun yozmang.
— Yo‘q, yo‘q, shu bugunoq, albatta shu bugun yozaman, — hayajonlanib qichqirvordi Ivan.
— Ha, yaxshi. Faqat miyangizni ko‘p qotirmang. Bugun yaxshi chiqmasa, ertaga chiqadi.
— U ketib qoladi-ku!
— Aslo, — qat’iy e’tiroz bildirdi Stravinskiy, — hech qayoqqa ketmaydi, kafolat beraman. Yodingizda bo‘lsin, bu yerda sizga har jihatdan yordam berishadi, shu yordamsiz ishimiz olg‘a jilmaydi. Gapimni eshityapsizmi? — birdan o‘z savoliga urg‘u qo‘yib dedi Stravinskiy va Ivan Nikolaevichning ikkala qo‘lidan ushlab oldi. Uning qo‘llarini qo‘yib yubormagan holda, Ivanning ko‘zlariga uzoq vaqt tikilarkan, takrorladi: — Sizga bu yerda yordam berishadi… Gapimni eshityapsizmi?.. Sizga bu yerda yordam berishadi… Ruhingiz yengillashadi. Bu yer tinch, hammayoq osuda… Sizga bu yerda yordam ko‘rsatishadi…
Ivan Nikolaevich kutilmaganda esnadi, chehrasi muloyimlashdi.
— Ha, ha, — dedi u ohista.
— Ana, juda soz! — Stravinskiy o‘z odati bo‘yicha suhbatga yakun yasab, o‘rnidan turdi. — Xayr, ko‘rishguncha! — u Ivanning qo‘lini siqdi, eshikdan chiqa turib, soqolli odamga o‘girilib dedi: — Darvoqe, kislorodni qo‘llab ko‘ring… yana vanna ham.
Yana bir zumdan keyin Ivanning xonasida Stravinskiy ham, uning hamrohlari ham qolmagan edi. Derazaga tutilgan to‘rning orqasida, daryoning narigi tomonida bahor libosini kiygan qarag‘ayzor choshgoh oftobida sho‘x mavjlanar, undan beriroqda esa daryo oftobda tovlanardi.
To‘qqizinchi bob
KOROVYOVNING NAYRANGLARI
Moskvaning Sadovaya ko‘chasidagi marhum Berlioz yashagan 302-uy boshqarmasining raisi Nikonor Ivanovich Bosoy chorshanbadan payshanbaga o‘tgan tundan boshlab juda sertashvish bo‘lib qolgan edi.
Kitobxonning xabari bor, bu uyga yarim kechada Jeldibin ishtirokidagi komissiya kelib, Nikonor Ivanovichni chaqirtirgan, unga Berliozning halok bo‘lganini xabar qilib, u bilan birga 50-kvartiraga yo‘l olgan edi.
Ular marhumning qo‘lyozma va buyumlarini muhrlashgan paytda, kelib-ketuvchi uy xodimasi Grunya ham, yengiltak Stepan Bogdanovich ham kvartirada yo‘q edi. Komissiya, marhumning qo‘lyozmalarini tahlil qilish uchun o‘zi bilan olib ketajagini, uning turar joyi, ya’ni uchta xona (zargar bevasiga qarashli sobiq kabinet, mehmonxona va yemakxona) uy boshqarmasi ixtiyoriga o‘tishini, marhumning buyumlari esa to vorislar topilmaguncha, mazkur turar joyda saqlanishi shartligini Nikonor Ivanovichga ma’lum qilgan edi.
Berliozning halok bo‘lgani haqidagi ovoza butun uy ahliga yashin tezligida tarqaldi, oqibat, payshanba kuni ertalabki soat yettidanoq Bosoyga telefon qila boshlashdi, keyin esa marhumning kvartirasiga da’vogarlik mazmunidagi arizalarni ko‘tarib kela boshlashdi. Qisqasi, Nikonor Ivanovich atigi ikki soat mobaynida bunday arizalardan o‘ttiz ikkitasini qabul qildi.
Mazkur arizalarda yolborishlar ham, tuhmat ham, g‘iybat ham, hatto kvartirani o‘z hisobiga remont qilib olishga va’da beruvchilaru banditlar bilan bitta kvartirada tiqilishib yashashga ortiq bardosh qilolmasligi haqida yozilgan arizalar ham bor edi. Bu arizalar ichida 31-kvartirada chuchvara o‘g‘rilab kamzul cho‘ntagiga soluvchilar haqida badiiy jihatdan nihoyatda barkamol bitta ariza, ikkita o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan va bitta xufiya homiladorligini tan olgan ariza ham bor edi.
Nikonor Ivanovichni kvartirasidan dahlizga chaqirib olishar, yengidan ushlab, bir nimalarni qulog‘iga shipshishar, ko‘z qisishar, «xo‘p» deyaqoling, sizni xursand qilamiz, deb va’dalar berishardi.
Bu azob kunduz soat o‘n ikkidan oshgunga qadar davom etdi, keyin toqati toq bo‘lgan Nikonor Ivanovich kvartirasini tark etib, darvoza yonidagi idoraga qochib chiqib ketdi, lekin odamlar u yerda ham uni tinch qo‘yishmadi, shunda u idoradan ham qochib ketdi. Nikonor Ivanovich orqasidan izma-iz kelayotgan arzgo‘ylarni bir amallab chalg‘itib, asfalt yotqizilgan hovli orqali o‘tib, oltinchi pod’ezdning eshigiga kirib ketdi va o‘sha badnom 50-kvartira joylashgan beshinchi qavatga ko‘tarildi.
Semirib ketgan Nikonor Ivanovich kvartira eshigi oldida bir oz to‘xtab nafasini rostlagach, qo‘ng‘iroq gugmasini bosdi, ammo hech kim eshikni ochmadi. U yana qayta-qayta qo‘ng‘iroq qildi, to‘ng‘illab so‘kina boshladi. Lekin hamon eshik ochilmasdi. Nikonor Ivanovichning ortiq sabri chidamay, cho‘ntagidan uy boshqarmasiga tegishli bir shoda dublikat kalitlarni oldi-da, shartta eshikni ochib ichkariga kirdi.
— Hoy, xodima, qayoqdasan? — deb baqirdi Nikonor Ivanovich nimqorong‘i dahlizda turib. — Oting nimaydi? Grunya shekilli? Bormisan o‘zi? Sado bersang-chi!
Hech kim sado bermadi.
Shunda Nikonor Ivanovich kabinet eshigidagi surg‘uchni buzib, portfelidan buklama metrni oldi-da, kabinetga qadam qo‘ydi.
Qadam qo‘yishga qo‘ydi-yu, ammo ostonada hayratdan dong qotib turib qoldi, hatto eti junjikib ham ketdi.
Marhumning stoli ortida egniga katak kamzul, boshiga jokeylar shapkasi kiygan, ko‘ziga pensne taqqan oriq va juda novcha bir grajdanin… xullas, o‘sha odam o‘tirardi.
— Siz kim bo‘lasiz, grajdanin? — qo‘rqa-pisa so‘radi Nikonor Ivanovich.
— Ie! Nikonor Ivanovich-ku, — dedi bu kutilmagan mehmon takaniki singari qaltiroq ovoz bilan shang‘illab, so‘ng sakrab turib ketib, raisning qo‘lini majburan qo‘liga oldi-da, siqib ko‘risha boshladi. Bu salomlashuv Nikonor Ivanovichning ko‘nglini aslo ko‘tarmadi.
— Meni kechirasiz, — shubhali ohangda gap boshladi u, — siz kim bo‘lasiz? Siz — rasmiy shaxsmisiz?
— Be, qo‘ysangiz-chi, Nikonor Ivanovich! — dedi noma’lum odam dilkashlik bilan. — Rasmiy shaxs nimayu norasmiy shaxs nima? Bularning hammasi mazkur predmetga qaysi nuqtai nazardan qarashga bog‘liq. Hamma narsa, Nikonor Ivanovich, shartli va qaltisdir. Bugun men norasmiy shaxsdirman, ammo ertaga birdan rasmiy bo‘lib olishim ham mumkin! Ba’zida buning aksi ham bo‘ladi, Nikonor Ivanovich. Bo‘lgandayam, birakay bo‘ladi!
Bu mulohaza uy boshqarmasi raisini mutlaqo qoniqtirmadi. Har bir narsadan gumonsirash o‘zi bu odamning qonida bor edi, shunga ko‘ra mahmadonalik qilayotgan bu grajdanin — albatta norasmiy shaxs, aniqrog‘i, bironta tanbal bo‘lishi kerak, deb xulosa chiqardi.
— Axir kimsiz o‘zi? Familiyangiz nima? — deb rais yana ham dag‘alroq ohangda so‘radi, hatto u notanish odamning tepasiga bostirib ham bordi.
— Familiyam, — dedi notanish grajdanin raisning dag‘dag‘asiga aslo parvo qilmay, — hay, aytaylik ana, Korovyov. Bir oz tamaddi qilib olmaydilarmi, Nikonor Ivanovich? Hech tortinmang! A?
— Meni kechirasiz, — dedi Nikonor Ivanovich endi qahri qaynab, — tamaddiga balo bormi! (Ko‘ngilsiz bo‘lsa ham, shuni e’tirof etish kerakki, Nikonor Ivanovich o‘zi tabiatan xiyla qo‘rs odam edi). Marhumniig xonasiga kirish man qilinadi! Siz nima qilyapsiz bu yerda?
— Marhamat, Nikonor Ivanovich, o‘tiring, — deb shang‘illardi grajdanin raisning do‘qiga parvo ham qilmay, so‘ng xushomad qilib, uni kresloga taklif qila boshladi.
Lekin Nikonor Ivanovich tamoman darg‘azab bo‘lib, kresloga o‘tirmadi va:
— Kimsiz axir o‘zingiz? — deb baqirdi.
— Hay, eshiting bo‘lmasa: men mazkur kvartirada istiqomat qiluvchi bir ajnabiy shaxsning tarjimoniman, — tushuntirdi o‘zini Korovyov deb tanitgan shaxs mallarang isqirt botinkasining poshnasini yerga «do‘q» etib urib.
Nikonor Ivanovichning og‘zi lang ochilib qoldi. Bu kvartirada qandaydir xorijiy shaxsning, boz ustiga, o‘z tarjimoni bilan turishi uning uchun mutlaqo kutilmagan hol edi, shu bois u izoh talab qildi.
Tarjimon bajonu dil izohlab berdi. Ma’lum bo‘lishicha, Varete direktori Stepan Bogdanovich Lixodeev ajnabiy artist janob Volandni taxminan bir hafta davom etuvchi gastrollari paytida o‘zining kvartirasida yashab turishga lutfan taklif qilgan va bu haqda kecha Nikonor Ivanovichga xat yozib, undan to o‘zi (ya’ni Lixodeev) Yaltaga borib dam olib kelguncha, ajnabiy artistni shu kvartiraga vaqtinchalik propiska qilishni iltimos qilgan ekan.
— U menga hech qanaqa xat yozgani yo‘q, — hayron qolib dedi rais.
— Siz portfelingizni kavlab ko‘ring, Nikonor Ivanovich, — dedi Korovyov muloyim ohangda.
Nikonor Ivanovich kiftini bir uchirib, portfelini ochdi-yu, u yerda yotgan Lixodeevning xatini ko‘rdi.
— Tavba, qanday qilib xotiramdan ko‘tarilipti-ya, — Nikonor Ivanovich ochilgan konvertga ma’nosiz tikilgancha g‘o‘ldirardi.
— E, Nikonor Ivanovich, bundan ham qismat voqealar bo‘ladi hayotda! — deb shang‘illadi Korovyov. — Parishonxotirlik, ha, parishonxotirlik, yana, charchagansiz, qon bosimingiz ko‘tarilgan, qadrdon do‘stimiz Nikonor Ivanovich! Men o‘zim ham o‘lgudek parishonxotirman. Bir vaqt topib, dilkashlik qilga-nimizda o‘z boshimdan kechirganim ayrim voqealarni sizga hikoya qilib beraman, kulaverib ichagingiz uziladi!
— Lixodeev qachon ketarkan Yaltaga?
— O, u allaqachon ketib bo‘ldi! — deb chiyilladi tarjimon. — U, menga sizga aytsam, hozir safarda! Xullas, qaerdaligini shayton ham bilmaydi! — shunday deb u ikkala qo‘lini xuddi shamol tegirmonining parraklariga o‘xshatib aylantira boshladi.
Nikonor Ivanovich ajnabiy janob bilan shaxsan uchrashmog‘i shartligini aytgan edi, lekin tarjimondan rad javobini oldi: hech mumkin emas. Band. Mu-shuk bilan mashq qilyapti.
— Agar xohlasangiz, mushukni ko‘rsatishim mumkin, — deb taklif qildi Korovyov.
Bu safar endi taklifii Nikonor Ivanovich rad etdi, lekin shu payt tarjimon raisga nihoyatda qiziqarli bir taklifni bayon qildi.
Janob Voland mehmonxonada turishni mutlaqo yoqtirmasligi va keng joyda erkin yashashga odatlanganligi sababli uy boshqarmasi bir haftaga, ya’ni Volandning Moskvadagi gastrollari paytida butun kvartirani, ya’ni marhumning ham xonalarini qo‘shib, ijaraga bermasmikin?
— Axir endi marhum uchun baribir-ku, — bo‘g‘iq ovoz bilan pichirladi Korovyov, — o‘zingiz ham tushunib turibsiz, Nikogyur Ivanovich, endi unga bu kvartiraning hech hojati yo‘q, shunday emasmi?
Bu taklifdan bir oz hayron bo‘lgan Nikonor Ivanovich, ajnabiy shaxslar xususiy kvartirada emas, balki «Metropol» mehmonxonasida turishlari kerak, degan mazmunda e’tiroz bildirdi.
— Aytyapman-ku sizga, o‘lgudek injiq! — pichirladi Korovyov. — Hech xohlamaydi! Yoqtirmaydi sira mehmonxonada turishni! Mana bunday to‘yganman bu inturistlardan! — imi-jimida zorlandi Korovyov tomirlari bo‘rtib chiqqan bo‘yniga barmog‘ini olib borib. — Ishonasizmi, jonimdanto‘ydirib yuborishdi! Kelishadi-da… yo xuddi iskovuch itvachcha singari josuslik qilishadi, yo surunkasiga injikdik qilaverib qoningga tashna qilib yuborishadi: undoq emas — bundoq, uni yoqtirmayman, bunisining keragi yo‘q!.. Lekin sizning uy boshqarmangiz, Nikonor Ivanovich, bu bitimdan faqat foydayu sof daromad ko‘radi. U pulni ayamaydi. — Korovyov atrofga ko‘z tashlab olib, raisning qulog‘iga pichirladi: — Millioner u!
Tarjimonniig bu taklifida aniq amaliy ma’no mavjud edi, u ma’no nihoyatda salobatli edi-yu, ammo tarjimonning o‘zi gapirish tarzi bilan ham, kiyim-boshi, ko‘zidagi hech nimaga yaroqsiz pensnesi bilan ham mutlaqo bachkana odam bo‘lib ko‘rinayotgan edi. Shunga ko‘ra raisning ko‘nglini qandaydir bir shubha kemirardi, ammo shunday bo‘lsa ham taklifni qabul qilmoqchi bo‘ldi. Gap shundaki, uy boshqarmasida yetishmovchilik judayam katta edi. Kuzga borib uyni bug‘ bilan isitish uchun neft xarid qilish kerak edi, biroq buning uchun shimildiriq ham yo‘q edi. Mana, inturist beradigan pul bilan mushkulni oson qilsa bo‘ladi. Shunga qaramay, ishbilarmon va ehtiyotkor Nikonor Ivanovich bu masalani oldin inturist byurosi bilan kelishib olishi kerakligini izhor qildi.
— Tushunaman, — deb chiyilladi Korovyov, — kelishmay bo‘larkanmi, albatta kelishib oling. Mana sizga telefon nomeri, Nikonor Ivanovich, hozirning o‘zida gaplashib, kelishib oling. Pul masalasiga kelsak, hech tortinmang, — pichirlab ilova qildi u raisni telefon turgan dahlizga yetaklarkan, — shulardan durustroq undirmasangiz, kimdan undirasiz! Siz uning Nitstsadagi villasini ko‘rsangiz — qiyomat! Kelasi yili yozda chet elga borganingizda ataylab unikiga kirib o‘ting — ko‘rib og‘zingiz ochilib qoladi!
Inturist byurosi bilan bo‘ladigan bitim telefon orqali bir zumda hal bo‘la qoldiki, bu hol ham raisni hayratga soldi. Ma’lum bo‘lishicha, u yerdagilar janob Volandning Lixodeevga qarashli xususiy kvartirada turmoqchi bo‘lganidan xabardor ekanlar, binobarin bunga hech qanday monelik qilishmadi.
— Ana, qoyil bo‘ldi! — baqirdi Korovyov. Uning shang‘i ovozidan xiyla esankirab qolgan rais, uy boshqarmasi 50-kvartirani artist Volandga bir hafta muddatga ijaraga berishga rozi ekanligini aytib, u yog‘iga bir oz iymanib to‘xtalib qoldida, so‘ng dedi: — Kuniga besh yuz so‘mdan.
Shunda Korovyov raisni tamoman esini og‘dirib qo‘ydi. U zilday og‘ir mushukning yengil sakrayotgani eshitilib turgan yotoqxona tomonga o‘g‘rincha ko‘z qisib ishora qildida, hirqiroq ovoz bilan dedi:
— Demak, bir haftaga uch yarim ming bo‘ladi — shundaymi?
Nikonor Ivanovich Korovyovdan:«Obbo Nikonor Ivanovich-e, ishtahangiz zo‘r-u!» — degan malomatni kutgan edi, biroq u tamomila boshqa gapni aytdi.
— E, shuyam pul bo‘ptimi? Besh ming so‘rang, beradi. Nikonor Ivanovich parishon tirjaygancha marhumning stoli oldiga borib qolganini o‘zi ham payqamadi, bu payt Korovyov g‘ayritabiiy uddaburronlik va epchillik bilan bir zumda ikki nusxada shartnoma tayyorlab tashladi. Shundan keyin yotoqxonaga g‘izillab kirib chiqdi — shartnomaning ikkala nusxasiga ham chet ellik artist katta-katta qilib imzo chekkan edi. Bu shartnomaga rais ham qo‘l qo‘ydi. Shunda Korovyov undan besh ming olgani haqida Nikonor Ivanovichdan tilxat so‘radi…
— Harflar bilan yozing, harflar bilan, Nikonor Ivanovich!.. Besh ming so‘m deb… — so‘ng bu jiddiy bitimga mutlaqo yot bo‘lgan bachkana so‘zlarni aytib: — Eyn, tsvey, drey! — besh dasta yap-yangi pulni raisning oldiga tashladi.
Shunda Korovyovning:«Yerdan topsang — sanab ol», «hisobli do‘st ayrilmas» va hokazo mutoyiba va qochiriq gaplari jo‘rligida pul birma-bir sanab chiqildi.
Rais pullarni sanab bo‘lgach, Korovyovdan vaqtinchalik propiska qilish uchun ajnabiy artistning pasportini so‘radi, so‘ng pasportini ham, shartnomani ham, pulni ham portfeliga soldida, Korovyovdan qimtinibgina kontramarka so‘radi…
— Bundan oson ish yo‘q! — deb shang‘illadi Korovyov. — Sizga qancha bilet kerak, Nikonor Ivanovich, o‘n ikkita yetadimi, o‘n beshtami?
Dovdirab qolgan rais, o‘zi bilan rafiqasi Pelageya Antonovnaga faqat bir juftgina kontramarka yetadi deb tushuntirdi.
Korovyov shu zahoti bloknot olib, chaqqonlik bilan birinchi qatordan ikki kishilik kontramarka yozib, uni chap qo‘li bilan Nikonor Ivanovichga tutqazarkan, o‘ng qo‘lidagi qalinligi bir dasta shaldiroq pulni epchillik bilan uning cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Nikonor Ivanovich pulga ko‘z qirini tashladiyu cho‘g‘dek qizarib ketib, tarjimonning qo‘lini o‘zidan itara boshladi.
— Bu mumkin emas… — deb g‘o‘ldiradi u.
— Qo‘limni qaytarmang, — deb pichirladi Korovyov uning qulog‘iga, — bizda mumkin emas, ammo chet elliklarda mumkin. Siz uni ranjitib qo‘yasiz, Nikonor Ivanovich, bu yaxshi emas. Axir xizmat qildingiz…
— Jinoyat hisoblanadi-ku, — eshitilar-eshitilmas pichirladi rais ko‘zlari olazarak bo‘lib.
— Axir guvohlar yo‘q-ku! — pichirladi Korovyov uning ikkinchi qulog‘iga. — O‘zingiz ayting, qani guvoh? Be, qo‘ysangiz-chi!
Shu payt, keyinchalik raisning tasdiqlashicha, mo‘’jiza sodir bo‘ldi: o‘sha bir dasta pul o‘zidan-o‘zi uning portfeliga sho‘ng‘ib kirib ketdi. Keyin negadir birdan tinkasi qurigan, hatto behol rais o‘zini zina boshida ko‘rdi. Uning miyasida turli-tuman xayollar g‘ujg‘on o‘ynardi. Bu xayollar ichida Nitstsadagi villa ham,o‘rgatilgan mushuk ham bor edi, yana u, xayriyat guvohlar yo‘q edi, deb o‘ylab turib, birdan kontramarka uchun Pelageya Antonovna xursand bo‘ladi, deb ko‘ngli-dan o‘tkazdi. Bular poyintar-soyintar fikrlar edi-yu, ammo umuman, xush yoqardi. Lekin shunga qaramay, rais qalbining eng teran bir yerida qandaydir igna mudom sanchib turardi. Bu bezovtalik ignasi edi. Bundan tashqari, shu yerda, zina boshidayoq birdan raisning miyasida: «Ie, eshik surg‘uchlangan bo‘lsa, tarjimon ka-binetga qanday kirib qoldi ekan?! Nega buni u, ya’ni Nikonor Ivanovich, undan so‘ramadi?» — deganfikrdan hushi og‘ib qolayozdi. Rais ancha vaqtgacha zinaning pillapoyalariga baqrayib turib qoldi, lekin axiyri bunga parvo qilmaslikka va bu jumboqli savol bilan boshini qotirib o‘tirmaslikka qaror qildi…
Rais kvartiradan chiqqan hamonoq, yotoqxonadan do‘rillagan ovoz eshitildi:
— Menga yoqmadi bu Nikonor Ivanovich. U pixini yorgan qallob, uchiga chiqqan muttaham. Uni ikkinchi bu yerga kelmaydigan qilib yuborish mumkin emasmi?
— Messir, siz buyruq bersangiz bo‘ldi!.. — qaerdandir Korovyovning ovozi eshitildi — lekin endi ovozi qaltiramas, balki jarangdor va ravon edi.
Keyin shu onning o‘zida bu la’nati tarjimon dahlizda paydo bo‘ldi, telefon nomerini terib, endi negadir yig‘loqi ovoz bilan gapira boshladi:
— Allo! Sizga shuni ma’lum qilishni o‘z burchim deb bilaman: Sadovaya ko‘chasidagi nomer uch yuz ikkinchi bis uy boshqarmasining raisi Nikonor Ivanovich Bosoy valyutafurushlik qiladi. Ayni shu paytda uning nomer o‘ttiz beshinchi kvartirasida, hojatxonadagi ventilyatsiya tuynugida gazeta qog‘ozga o‘ralgan to‘rt yuz dollar yashirilgan. Bu gapirayotgan — yuqorida aytilgan uyning nomer o‘n birinchi kvartirasida istiqomat qiluvchi Timofey Kvastsovman. Lekin mening nomimni sir tutishingizni o‘tinib so‘rayman. Zero, yuqorida nomi zikr etilgan raisning qasos olishidan qo‘rqaman.
Shunday deb trubkani osib qo‘ydi ablah.
Shundan keyin 50-kvartirada nimalar bo‘lgani ma’lum emas, lekin Nikonor Ivanovichnikida ne hol yuz bergani bizga ma’lum. Rais o‘z kvartirasida hojatxonaga kirib, ichidan eshikning ilgagini solib qo‘ydi, so‘ng portfelidan tarjimon zo‘rlab qistirgan bir dasta pulni oldi-da, uni sanab to‘rt yuz so‘m ekanligini bildi. Nikonor Ivanovich shu pulni gazeta parchasiga o‘rab, ventilyatsiya tuynugiga tiqib qo‘ydi.
Yana besh minutdan keyin rais o‘zining mo‘’jazgina yemakxonasida stol ortida o‘tirardi. Uning umr yo‘ldoshi sarishtalik bilan to‘g‘ralib, ustiga ko‘k piyoz qalin qilib sepilgan bir tarelka selyodkani oshxonadan olib chikdi. Nikonor Ivanovich bir ryumka araq quyib, ichib yubordi, ikkinchi ryumkani quyib, uniyam ichdi-da, sanchqisiga birakayiga uch bo‘lak selyodkani ildi… Xuddi shu payt eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi, Pelageya Antonovna ayni paytda bug‘i chiqib turgan kastryulni yemakxonaga ko‘tarib kirdiki, unga bir nazar tashlashning o‘zida ichida nima borligini, olovrang quyuq karam sho‘rva ichida jahonda eng totli narsa — ilik borligini his etish qiyin emas edi.
Nikonor Ivanovich so‘lagini yutib, xuddi ko‘ppakdek irilladi.
— E, padarlaringga la’nat! Tinchgina ovqatlanganiyam qo‘yishmaydi. Hech kimni qo‘yma, men yo‘qman, yo‘qman. Kvartira masalasida bo‘lsa, ayt, boshni qoti-rishmasin. Bir haftadan keyin majlis bo‘ladi.
Nikonor Ivanovichning xotini dahlizga g‘izillab chiqib ketdi, o‘zi esa o‘t ufuruvchi ko‘lni eslatuvchi karam sho‘rvadan cho‘mich bilan uzunasiga darz ketgan ilik suyagini suzib oldi. Xuddi shu payt yemakxonaga ikki kishi kirdi, ular bilan kirgan Pelageya Antonovnaning rangi negadir quv o‘chgan edi. Bu grajdanlarga ko‘zi tushishi bilan Nikonor Ivanovich ham oqarib ketdi va o‘rnidan turdi.
— Hojatxona qaerda? — qiyshiq yoqali oq ko‘ylak kiygan birinchi grajdanin tashvishli ohangda so‘radi.
Ovqat stolida bir narsa«to‘q» etib ketdi (Nikonor Ivanovichning qo‘lidan cho‘mich tushib ketgan edi).
— Buyoqda, buyoqda, — dedi bidirlab Pelageya Antonovna.
Kelganlar darhol yo‘lak tomonga otilishdi.
— Nima gap o‘zi? — tortinibgina so‘radi Nikonor Ivanovich kelganlar orqasidan ergasharkan. — Bizning kvartiramizda hech qanday shubhali narsa bo‘li-shi mumkin emas… Kechirasiz… hujjatlaringiz…
Birinchi grajdanin keta turib Nikonor Ivanovichga hujjatini ko‘rsatdi, ikkinchi grajdanin esa ayni shu topda hojatxonada, kursiga chiqib, ventilyatsiya tuynugiga qo‘lini tiqqan edi. Nikonor Ivanovichning ko‘z oldi qorong‘ilashdi. Gazetani ochishgai edi, unda so‘mlar emas, balki allaqanday cholning gasviri tushirilgan, ko‘k bo‘lib ko‘k, yashil bo‘lib yashil bo‘lmagan notanish pullar chikdi. Lekin bularning qammasi Nikonor Ivanovichning ko‘ziga g‘ira-shira ko‘rindi, chunki uning ko‘z oldini qandaydir dog‘lar qoplagan edi.
— Ventilyatsiya tuynugida dollarlar, — o‘ychanlik bilan dedi birinchi grajdanin va Nikonor Ivanovichdan muloyim ohangda so‘radi: — Paket siznikimi?
— Yo‘q! — deb javob qildi Nikonor Ivanovich ko‘rqinchli ovoz bilan. — Dushmanlarning ishi bu!
— Shunaqa ham bo‘ladi, — deb qo‘shilishdi birinchi grajdanin, so‘ng yana muloyimlik bilan ilova qildi: — Bo‘pti, qolganini ham topshirish kerak.
— Menda hech nima yo‘q! Yo‘q, azbaroyi xudo, qo‘limga ham ushlamaganman bunaqa narsani! — jon-jahdi bilan chirqilladi rais.
U kiyim javoni oldiga yugurib borib, uning g‘aladonini taraqlatib tortib oldi, u yerda yotgan portfelni olib ocharkan, bir-biriga qovushmagan gaplarni baqira boshladi:
— Mana shartnoma… ablah tarjimon solib qo‘ygan… Korovyov… pensne taqqan!
U portfelni ochib, ichiga qaradi, keyin unga qo‘lini tiqdiyu rangi ko‘karib ketdi, qo‘lidagi portfel karam sho‘rvaga tushib ketdi. Portfelda hech nima: Styopaning xati ham, shartnoma ham, ajnabiy artistning pasporti ham, pul ham, kontramarka ham yo‘q edi. Xullas, buklama metrdan boshqa hech vaqo qolmagan edi.
— O‘rtoqlar! — jazavasi tutib baqirvordi rais. — Tutinglar ularni! Bizning uyga insu jinslar joylashib olipti!
Xuddi shu mahal Pelageya Antonovaning ko‘ziga nima ko‘rindi bilmaymiz-u, lekin u birdan qo‘llarini bir-biriga urib chinqirdi:
— Voy, Ivanich, tavba qil! Gunohing yengillashadi! Ko‘zlariga qon quyilgan Nikonor Ivanovich xotinining boshida musht do‘laytirdi va:
— Padar qusur ovsar! — deb xirilladi. Shundan keyin u zaiflashib, stulga o‘tirdi, chamasi, taqdirga tan bermoqchi bo‘ldi.
Bu mahal sinchkovlik dardiga chalingan Timofey Kondratevich Kvastsov rais kvartirasining ostonasida turib, eshikning kalit teshigiga goh mo‘ralar, goh quloq tutar edi.
Yana besh minutdan keyin uyning bu paytda hovlida bo‘lgan jami aholisi raisning ikki kishi kuzatuvida to‘g‘ri darvoza tomon yo‘l olganini ko‘rdi. Ularning gapiga qaraganda, Nikonor Ivanovichning rangi dokadek oqargan, xuddi mast kishiday gandiraklab, bir nimalarni g‘o‘ldirab o‘tib ketganmish.
Yana bir soatdai keyin noma’lum bir grajdanin o‘n birinchi kvartiraga kirib keldi, bu payt Timofey Kondratevich qo‘shnilariga raisni qanday qilib ilintirishganini huzur qilib, og‘iz ko‘pirtirib hikoya qilardi. Kelgan odam Timofey Kondratevichni barmog‘i bilan oshxonadan dahlizga imladi, unga bir nimalar dedi, so‘ng u bilan birga g‘oyib bo‘ldi.
O‘ninchi bob
YALTADAN XABARLAR
Nikonor Ivanovich baxtsizlikka uchragan paytda, 302-bis uyga yaqin yerda, o‘sha Sadovaya ko‘chasidagi Varete teatrining moliya direktori Rimskiyning kabinetida ikki kishi: Rimskiyning o‘zi bilan Varete administratori Varenuxa bor edi.
Teatrning ikkinchi qavatidagi bu kattakon kabinetning ikki derazasi Sadovaya ko‘chasiga, yozuv stoli ortida o‘tirgan moliya direktorining orqasidagi uchinchi deraza Varetening yozgi bog‘iga ochilardiki, bu bog‘da yaxna ichimliklari bo‘lgan bufet, tir hamda ochiq estrada sahnasi bor edi. Kabinetdagi jihozlar: yozuv stoli, devorga osilgan bir dasta eski afishalar, ustida bir grafin suv turgan stolcha, to‘rtta kreslo va qandaydir bir manzaraning chang bosgan eski maketi o‘rnatilgan burchakdagi taglikdan iborat edi.
Yana, turgan gapki, bulardan tashqari, yozuv stolining yonida, Rimskiyning chap biqinida joydan-joyga ko‘p ko‘chirilaverib sirlari ko‘chib ketgan temir kassa ham bor edi.
Stol ortida o‘tirgan Rimskiyning bugun ertalabdan avzoi buzuq edi, lekin Varenuxa, buning aksi o‘laroq, juda kayfi chog‘, keragidan ortiq serg‘ayrat ko‘rinardi. Ammo u shu g‘ayratini nimaga sarflashni bilolmay garang edi.
Hozir esa Varenuxa kontramarka so‘rayverib holi-joniga qo‘ymayotgan odamlardan qochib bu yerga berkinib olgan edi. Bunday hollar teatrda yangi pro-gramma boshlangan paytlarda ayniqsa ko‘proq avj olardi. Bugun esa xuddi o‘shanaqangi kun edi.
Telefon jiringlashi bilan u tez trubkani olib, yolg‘on gapira boshlardi:
— Kim? Varenuxami? U yo‘q. Teatrdan chiqib ketdi.
— Iltimos, Lixodeevga yana telefon qilib ko‘r, — derdi Rimskiy xunob bo‘lib.
— Axir yo‘q u uyida. Karpovni yuboruvdim. Kvartirada hech kim yo‘q, deb keldi.
— Bu qanaqa bema’nigarchilik o‘zi, — g‘ijinib derdi Rimskiy, hisoblash mashinasini shaqillatib ishlatarkan.
Shu payt eshik ochilib, hozirgina chop qilingan qo‘shimcha afishalarni bir quchoq qilib ko‘tarib kapeldiner kirdi. Yashil qog‘ozga yirik-yirik qizil harflar bilan quyidagi so‘zlar yozilgan edi:
Bugun va har kuni Varete teatrida programmadan tashqari professor Voland sehrgarlik seanslari ko‘rsatadi va fosh etadi Varenuxa afitani maket ustiga yoyib uzoqdan turib uni tomosha qildi va kapeldinerga, darhol hammasini yopishtirgani yuboring, deb buyurdi.
— Yaxshi afisha, darrov ko‘zga tashlanadi, — dedi u kapeldiner orqasidan.
— Lekin menga hech ham yoqmayapti bu maynavozchilik, — deb to‘ng‘illadi Rimskiy muguz gardishli ko‘zoynagi orqali afishaga o‘qrayib qararkan. — Keyin, umuman, uni sahnaga qo‘yishga kim ruxsat berdi o‘zi, hayronman!
— Yo‘q, Grigoriy Danilovich, aksincha, bu nihoyatda nozik narsa. Buning eng qiziq mohiyati — sehrni fosh qilish payti.
— Bilmadim, bilmadim, menimcha, uyda hech qanday mohiyat yo‘q, doim shunaqa tuturiqsiz narsalarni topib yuradi u! Hech bo‘lmasa, ko‘rsatmadiyam o‘sha sehrga-rini. Sen o‘zing uni ko‘rdingmi? Qay go‘rdan topdi o‘zi uni, jin ursin!
Ma’lum bo‘lishicha, Varenuxa ham Rimskiyga o‘xshab, sehrgarni ko‘rmagan ekan. Kecha Styopa moliya direktorining oldiga, qo‘lida shartnomaning xomaki nusxasi bilan (Rimskiyning ta’biricha, «o‘pkasini qo‘ltiqlab») yugurib kelipti-yu, darhol oqqa ko‘chirib, pul berishini buyuripti. Sehrgar esa pulni oliptiyu g‘oyib bo‘lipti, uni Styopadan boshqa hech kim ko‘rmaptiyam.
Rimskiy yonidan soatini olib qaradi, ikkidan besh minut o‘tganini ko‘rdiyu fig‘oni falak bo‘ldi. Axir bu nima degan gap! Lixodeev taxminan soat o‘n birlarda telefon qilib, yarim soatda yetib boraman, degan edi. Lekin u teatrgayam kelgani yo‘q, uyidayam yo‘q!
— Axir mening ishlarim to‘xtab qoldi! — derdi g‘ijinib Rimskiy, imzo chekilmagan bir to‘p qog‘ozga barmog‘i bilan niqtarkan.
— Tag‘in uniyam, Berliozga o‘xshab tramvay bosib ketgan bo‘lsa-ya? — derdi Varenuxa, telefon trubkasini qulog‘iga tutib turarkan, vaholanki trubkadan paqqos uzun-uzun umidsizlik signali eshitilib turardi.
— Koshkiydi… — eshitilar-eshitilmas g‘ijinib dedi Rimskiy.
Xuddi shu mahal kabinetga formali kamzul, furajka, qora yubka va oyog‘iga tapochka kiygan bir ayol kirib keldi. U kamariga osilgan kichkina sumkasidan chorburchak oq qog‘oz bilan daftar oldi-da, so‘radi:
— Varete shu yermi? Sizlarga o‘ta shoshilinch telegramma. Ko‘l qo‘ying.
Varenuxa ayolning daftariga qandaydir aji-buji imzo chekdi, ayol chiqib ketib, eshik yopilgandan keyingina u chorburchak qog‘ozni ochdi.
U telegrammani o‘qib chiqib, hayratdan ko‘zlari pir-pir ucha boshladi-yu, uni Rimskiyga uzatdi.
Telegrammada quyidagi so‘zlar yozilgan edi: «Yaltadan Moskvaga. Varete. Bugun o‘n biru o‘ttizda jinoiy qidiruv bo‘limiga tungi ko‘ylak, shim kiygan sarpoychan, qo‘ng‘ir soch bir telba kelib, o‘zini Varete direktori Lixodeev deb tanitdi. Direktor Lixodeevning qaerdaligi haqida Yalta jinoiy qidiruv bo‘limiga shoshilinch telegramma yuboring».
— Ana xolos, pishdi gilos! — deb yubordi Rimskiy va ilova qilib dedi: — Endi shu yetmay turuvdi!
— Soxta Dmitriy, — dedi Varenuxa va tslefon trubkasini olib gapira boshladi: — Telegrafmi? Varete hisobidan. O‘ta shoshilinch telegramma… Eshityapsizmi?.. «Yalta, jinoiy qidiruv bo‘limi… Direktor Lixodeev Moskvada. Moliya direktori Rimskiy»…
Shundan keyin Varenuxa Yaltadan olingan ma’lumotga qaramay, yana Styopapi telefon orqali hamma-hamma yerdan axtara boshladi, ammo turgan gapki, uni hech yerdan topmadi. Varenuxa qo‘lidan telefon trubkasini qo‘ymagancha, yana qaerga qo‘ng‘iroq qilsam ekan deb bosh qotirib turgan edi, yana boya birinchi telegrammani olib kelgan ayol kirib kelib, Varenuxaga yangi konvertcha tutqazdi.
Varenuxa uni shosha-pisha ochdi-yu, o‘qib chiqib hushtak chalib yubordi.
— Yana nima balo? — so‘radi Rimskiy asabdan bir sapchib tushib.
Varenuxa telegrammani indamay moliya direktoriga uzatdi, u quyidagi so‘zlarni o‘qidi: «Ishonishingizni o‘tinib so‘rayman. Volandning gipnozi bilan Yaltaga tashlandim. Jinoiy qidiruv bo‘limiga shaxsiyatimni tasdiqlovchi shoshilinch telegramma yuboring. Lixodeev».
You have read 1 text from Uzbek literature.
Next - Usta va Margarita - 09
  • Parts
  • Usta va Margarita - 01
    Total number of words is 4230
    Total number of unique words is 2026
    35.6 of words are in the 2000 most common words
    52.1 of words are in the 5000 most common words
    61.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 02
    Total number of words is 4168
    Total number of unique words is 1934
    37.0 of words are in the 2000 most common words
    55.5 of words are in the 5000 most common words
    64.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 03
    Total number of words is 4193
    Total number of unique words is 1964
    35.7 of words are in the 2000 most common words
    54.2 of words are in the 5000 most common words
    62.5 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 04
    Total number of words is 4287
    Total number of unique words is 2045
    38.5 of words are in the 2000 most common words
    58.1 of words are in the 5000 most common words
    68.2 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 05
    Total number of words is 4148
    Total number of unique words is 2158
    33.0 of words are in the 2000 most common words
    50.4 of words are in the 5000 most common words
    60.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 06
    Total number of words is 4271
    Total number of unique words is 2020
    37.8 of words are in the 2000 most common words
    56.2 of words are in the 5000 most common words
    66.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 07
    Total number of words is 4276
    Total number of unique words is 1961
    38.8 of words are in the 2000 most common words
    57.4 of words are in the 5000 most common words
    66.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 08
    Total number of words is 4168
    Total number of unique words is 1883
    39.3 of words are in the 2000 most common words
    56.6 of words are in the 5000 most common words
    64.9 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 09
    Total number of words is 4224
    Total number of unique words is 1971
    38.8 of words are in the 2000 most common words
    57.5 of words are in the 5000 most common words
    66.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 10
    Total number of words is 4157
    Total number of unique words is 2006
    37.9 of words are in the 2000 most common words
    56.8 of words are in the 5000 most common words
    63.9 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 11
    Total number of words is 4296
    Total number of unique words is 2051
    38.2 of words are in the 2000 most common words
    56.4 of words are in the 5000 most common words
    66.9 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 12
    Total number of words is 4393
    Total number of unique words is 2138
    37.3 of words are in the 2000 most common words
    55.9 of words are in the 5000 most common words
    65.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 13
    Total number of words is 4110
    Total number of unique words is 2033
    37.4 of words are in the 2000 most common words
    56.2 of words are in the 5000 most common words
    65.0 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 14
    Total number of words is 4157
    Total number of unique words is 2076
    35.4 of words are in the 2000 most common words
    52.6 of words are in the 5000 most common words
    61.4 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 15
    Total number of words is 4180
    Total number of unique words is 2037
    35.5 of words are in the 2000 most common words
    54.5 of words are in the 5000 most common words
    64.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 16
    Total number of words is 4181
    Total number of unique words is 1982
    36.8 of words are in the 2000 most common words
    55.5 of words are in the 5000 most common words
    65.9 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 17
    Total number of words is 4228
    Total number of unique words is 1948
    38.9 of words are in the 2000 most common words
    57.7 of words are in the 5000 most common words
    67.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 18
    Total number of words is 4255
    Total number of unique words is 2030
    38.6 of words are in the 2000 most common words
    57.7 of words are in the 5000 most common words
    66.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 19
    Total number of words is 4238
    Total number of unique words is 1985
    37.0 of words are in the 2000 most common words
    56.4 of words are in the 5000 most common words
    65.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 20
    Total number of words is 4354
    Total number of unique words is 1987
    38.0 of words are in the 2000 most common words
    57.4 of words are in the 5000 most common words
    66.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 21
    Total number of words is 4256
    Total number of unique words is 1964
    38.6 of words are in the 2000 most common words
    56.3 of words are in the 5000 most common words
    66.2 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 22
    Total number of words is 4281
    Total number of unique words is 1986
    35.8 of words are in the 2000 most common words
    52.8 of words are in the 5000 most common words
    62.0 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 23
    Total number of words is 4218
    Total number of unique words is 1815
    38.1 of words are in the 2000 most common words
    57.4 of words are in the 5000 most common words
    67.0 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 24
    Total number of words is 4321
    Total number of unique words is 2071
    38.3 of words are in the 2000 most common words
    56.6 of words are in the 5000 most common words
    65.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 25
    Total number of words is 4282
    Total number of unique words is 2048
    37.3 of words are in the 2000 most common words
    56.1 of words are in the 5000 most common words
    65.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 26
    Total number of words is 4290
    Total number of unique words is 1976
    37.3 of words are in the 2000 most common words
    55.3 of words are in the 5000 most common words
    65.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 27
    Total number of words is 4250
    Total number of unique words is 2055
    38.7 of words are in the 2000 most common words
    56.3 of words are in the 5000 most common words
    66.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 28
    Total number of words is 4163
    Total number of unique words is 2047
    36.1 of words are in the 2000 most common words
    54.2 of words are in the 5000 most common words
    64.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 29
    Total number of words is 4227
    Total number of unique words is 2092
    36.5 of words are in the 2000 most common words
    54.6 of words are in the 5000 most common words
    63.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 30
    Total number of words is 4275
    Total number of unique words is 1993
    38.6 of words are in the 2000 most common words
    55.5 of words are in the 5000 most common words
    65.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 31
    Total number of words is 4384
    Total number of unique words is 2141
    35.2 of words are in the 2000 most common words
    53.3 of words are in the 5000 most common words
    62.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 32
    Total number of words is 2703
    Total number of unique words is 1551
    33.4 of words are in the 2000 most common words
    48.6 of words are in the 5000 most common words
    57.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.