Usta va Margarita - 05

Total number of words is 4148
Total number of unique words is 2158
33.0 of words are in the 2000 most common words
50.4 of words are in the 5000 most common words
60.1 of words are in the 8000 most common words
Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
Ivan orqa eshikdan chiqib ketish oldidan bitta sham bilan qog‘oz sanamni olivoldi, ammo bu raftori bilan nima maqsadni ko‘zlaganini hech kim ayta olmas edi. U allanimalar deb g‘o‘ldirab begona kvartirani tark etarkan, hozirgina vannaxonada o‘zi shohid bo‘lgan hodisani eslab xijolat bo‘ldi-yu, o‘sha surbet Kiryusha kim bo‘ldiykin, anavi jirkanch quloqchin qalpoq o‘shaniki emasmikin, deb beixtiyor ko‘nglidan o‘tkaza boshladi.
Shoir huvillagan, bequt tor ko‘chaga chiqqach, qochoqni qidirib atrofga ko‘z yugurtirdi, ammo u hech yerda ko‘rinmasdi. Shunda Ivan o‘ziga o‘zi qat’iyat bi-lan dedi:
— Turgan gapki, u Moskva daryosida! Olg‘a!
Ivan Nikolaevichdan, nima uchun siz professorni aynan Moskva daryosida deb o‘ylayapsiz, deb so‘ralsa yaxshi bo‘lardiya, ammo hamma balo shunda ediki, bu savolni beradigan odamning o‘zi yo‘q edi. Manfur tor ko‘cha huvillab yotardi.
Oradan xiyolgina vaqt o‘tar-o‘tmas Ivan Nikolaevichni Moskva daryosi sohilidagi tosh zinada ko‘rish mumkin edi.
U darhol kiyim-boshini yechib, yirtiq oq ko‘ylak va titilib ketgan, ipsiz, bir juft botinka oldida qo‘lbola papiros chekib o‘tirgan, soqoli xushsurat odamga topshirdi. Shundan so‘ng u qo‘llarini silkib terini qotirdi-da, suvga kalla tashladi. Suv shu qadar sovuq ediki, Ivanning dami qaytib ketdi, hatto endi suv betiga suzib chiqolmasam kerak, degan fikr ham ko‘nglidan lip etib o‘tdi. Lekin, xayriyat, suzib chikdi va pishqirib, ko‘zlari qinidan chiqqudek chaqchaygancha, hansirab neft hidi kelib turgan qop-qora suv betida sohildagi chiroqlar tomon suza boshladi.
Suvning sovuqligidan diydiragan Ivan sohildagi pillapoyalardan boya kiyimini yechib qoldirgan soqolli odam oldiga chiqa boshladi, qarasa, nafaqat kiyimlarini, shuningdek, soqolli odamning o‘zini xam o‘g‘irlab ketishipti. Aynan o‘sha kiyim yechilgan yerda erkaklarning yo‘l-yo‘l ichki ishtoii, yirtiq uzun ko‘ylak, sham, kichkina qog‘oz sanam va bir quti gugurt qolgan edi. Ivan musht do‘laytirib zaif g‘azab bilan kimgadir po‘pisa qildi-da, so‘ng shu tashlandiq kiyimni kiya boshladi.
Hozir uni ikki mulohaza: birinchidan, hamisha o‘z yonida olib yuradigan MASSOLIT guvohnomasining g‘oyib bo‘lgani, ikkinchidan, shu ahvolda Moskva ko‘chasidan o‘tsa bo‘larmikin degan mulohaza bezovta qila boshlagandi. Nima bo‘lgandayam ichki ishton-da..sirasini olganda, kimning nima ishi bor-a… ishqilib biron kor-hol bo‘lib, unga xalal bermasa bo‘lgani.
Ivan, shoyad yozlik shimga o‘xshab ko‘rinsa, degan niyatda ishton pochasidagi tugmalarni uzib tashladi, kuliga kichkina ikonani, sham va gugurtni olib, yo‘lga gusharkan, o‘ziga-o‘zi dedi:
— Griboedovga! Shak-shubhasiz u o‘sha yerda.
Shahar oqshomgi hayot og‘ushida edi. Platformalarni shatakka olgan yuk mashinalari ko‘cha changitib, zanjirlarni sharaqlatib o‘tishar, platformalarga ortilgan qoplar ustida qandaydir erkaklar chalqancha tushib yotardilar. Hamma yerda derazalar lang ochiq edi. Shu derazalarning har bittasidan to‘q-sariq abajurli chiroq yonib turgani ko‘rinar va hamma derazalar, hamma eshiklar, darvozaxonalaru tomlardan, podvalu chordoqlardan, hamma-hamma hovlidan «Yevge-niy Onegin» operasida ijro etiladigan polonez bo‘g‘iq eshitilardi.
Ivan Nikolaevich bekorga xavotirlanmagan ekan: o‘tgan ham, ketgan ham o‘girilib uni kuzatib qolardi. Natijada u katta ko‘chalarni tark etib, jinko‘chalardan yurishni ma’qul ko‘rdiki, bu yoqlardagi odamlarning uncha xiralik qilmasligiga, shimga hech o‘xshagisi kelmayotgan ichki ishton kiygan, yalangoyoq odamni to‘xtatib, surishtiradigan kishi uchramasligiga ko‘proq ishonsa bo‘lardi.
Ivan ham shunga amal qilib, Arbatning o‘rgimchak ini singari har tomonga taralgan tor ko‘chalariga sho‘ng‘idi va dam o‘tmay atrofga qo‘rqa-pisa ko‘z qiri-ni tashlab, orqasiga o‘girilib qarab, gohida uylarning yo‘laklariga yashirinib, svetoforlar qo‘yilgan chorrahalardan, elchixona binolarining muhtasham darvozalaridan o‘zini uzoqroq olib, devorlar yoqalab yurib ketdi.
Lekin u qaerda bo‘lmasin, orkestr jo‘rligida Tatyanaga muhabbat izhor qilib ariya ijro etayotgan salobatli yo‘g‘on ovoz uni ta’qib qilib, negadir qattiq iztirobga solardi.
Beshinchi bob
BU GRIBOYEDOVDA BO‘LGAN EDI
Sarg‘ish rangga bo‘yalgan bu ikki qavatli qadimiy uy aylanma xiyobon yoqasiga, atrofi cho‘yan panjara bilan o‘ralgan, daraxtlari majmag‘il bog‘ etagiga joylashgan edi. Uy oldidagi mo‘’jazgina maydoncha asfaltlangan bo‘lib, qishda bu yerga qor tog‘ qilib uyilib, tepasiga kurak botirib qo‘yilar, yoz paytida esa bu sahn kanop soyabon ostida yozlik restoranning eng muhtasham bo‘limiga aylanardi.
Bu uy«Griboedov uyi» deb atalardi, bunga sabab, go‘yo bir vaqtlar adibning, ya’ni Aleksandr Sergeevich Griboedovning xolasi shu uy sohibasi bo‘lgan emish. Lekin chindanam shunday bo‘lganmi, yo‘qmi — aniq aytolmaymiz. Aslida, Griboedovning uy sohibasi bo‘lgan hech qanday xolasi yo‘q edibilishimcha… Lekin shunga qaramay, bu uyni shu nom bilan atardilar. Shunisiyam borki, agar moskvalik bir yolg‘onchining gapiga ishonsak, bu uyning ikkinchi qavatidagi serustun doira zalda mashhur yozuvchi yumshoq divanda yastanib o‘tirgan o‘sha xolasiga o‘zining «Aqllilik balosi» asaridan parcha ham o‘qigan emish. Lekin kim bilsin, o‘qigan bo‘lsa o‘qigandir ham, muhimi bu emas!
Muhimi shuki, hozirgi paytda bu uyning sohibi o‘sha MASSOLIT ediki, baxtiqaro Mixail Aleksandrovich Berlioz Patriarx ko‘li bo‘yiga borgunga qadar shu tashkilotga boshchilik qilar edi.
MASSOLIT a’zolarining sharofati bilan bu uyni hech kim «Griboedov» deb atamas, balki hamma qisqagina qilib «Griboedov» derdi: «Kecha men Griboedovda ikki soat xonama-xona sandiroqlab yurdim». «Xo‘sh, qalay?» «Yaltaga bir oylik putyovka undirdim». «Boplabsan!» Yoki: «Berliozning oldiga bor, bugun u to‘rtdan oltigacha Griboedovda qabul qiladi…» va hokazolar.
MASSOLIT Griboedovga juda qulay va yaxshi joylashgan edi. Griboedovga kirib kelgan har bir odam birinchi navbatda beixtiyor har xil sport to‘ga-raklarining e’lonlari bilan, shuningdek, ikkinchi qavatga olib chiqadigan zina devorlariga osilgan MASSOLIT a’zolarining gruppa-gruppa va yakka-yakka bo‘lib tushgan fotosuratlari bilan tanishardi.
Ikkinchi qavatdagi birinchi xona eshigiga yirik harflar bilan«Baliq ovi va dala hovli sektsiyasi» deb yozilgan bo‘lib, yozuv ostiga qarmoqqa ilingan to-vonbaliqning rasmi chizilgan edi.
2 raqamli xona eshigiga xiyla g‘aliz gap yozilgan edi: «Bir kunlik ijodiy putyovka. M. V. Podlojnyaga murojaat qilinsin».
Undan keyingi eshikdagi yozuv qisqa bo‘lsa ham mutlaqo tushunib bo‘lmasdi: «Pereligino». «Griboedov» ga tasodifan kirib qolgan odam shu yozuvdan keyin adib xolasining yong‘oq yog‘ochidan yasalgan eshiklariga qoqilgan turli-tuman yozuvlarni ko‘rib hang-mang bo‘lib qolardi: «Qog‘oz olmoqchi bo‘lganlarni Poklyovkina navbatga yozadi», «Kassa», «Sketch yozuvchilar uchun xususiy haq to‘lanadi»…
Pastda, binoga kiraverishdan boshlangan uzundan-uzun navbatda turganlarni yoqalab borgan odam:«Uy-joy masalasi» deb yozilgan, odamlar to‘xtovsiz kirib-chiqib turgan eshikka borib to‘xtardi.
Uy-joy masalasi ko‘riladigan xonadan keyin g‘oyat hashamatli plakat ko‘zga tashlanardi, bu plakatda baland qoya, uning cho‘qqisida yelkasiga miltiq ilib, ot choptirib ketayotgan chakmonli suvoriy tasvirlangan edi. Undan pastroqda — palmalar soyasidagi peshayvonda qo‘liga avtoruchka ushlagan kokildor bir yigit judayam o‘tkir ko‘zlarini olis-olis fazoga tikib o‘tirardi. Bu tasvir ostiga shunday so‘zlar yozilgan edi: «Ikki haftadan (hikoya, novella) bir yilgacha (roman, trilogiya) to‘laqonli ijodiy otpuskalar beriladi. Yalta, Sovuq Suv, Borovoe, Sixidziri, Maxipjauri, Leningrad (Qishki saroy)». Bu eshik oldida ham pavbat-da turganlar bor edi, lekin judayam ko‘p emas, taxminan yuz elliktacha kelardi.
Bu yerdan o‘tib, Griboedov uyining serhashamat muyulishlaridan, pastu baland yo‘laklaridan borgan odam: «MASSOLIT Pravleniesi», «Kassalar № 2, 3, 4, 5», «Redaktsioi kollegiya», «MASSOLIT raisi», «Bilyardxona» deb yozilgan eshiklardan o‘tar, shuningdek, MASSOLITning turli-tuman qo‘shimcha idoralarni, nihoyat, yuqorida nomi zikr etilgan xola buyuk jiyanining komediyasini huzur bilan tinglagan o‘sha serustun zalni ko‘rardi.
«Griboedov» ga kirgan har bir odam, agar unda zig‘ircha fahm-farosat bo‘lsa, MASSOLIT a’zolarining qanday baxtiyor hayot kechirishini bir qarashda fahmlab olardi, fahmlardiyu, shu zahoti uning ichini hasad mushuk bo‘lib timdalardi. Shu zahoti u, tug‘ilganimda nega menga ham yozuvchilik iste’dodini ato etmading, degandek achchiq ta’na to‘la ko‘zlarini ko‘kka tikardi, zero, MASSOLIT a’zosining butun Moskva taniydigan, xushhid, asl nav charm qoplangan zarhal hoshiyali jigarrang biletiga muyassar bo‘lishni, turgan gapki, o‘shal yozuvchilik iste’dodisiz orzu ham qilibbo‘lmasdi.
Qani, hasadni yoqlab kim bir og‘iz so‘z ayta oladi? Hasad eng razil hissiyot toifasidandir, lekin shunga qaramay, Griboedovga kelgan mehmonning ahvoliga tushunish kerak. Chunki u yuqori qavatda ko‘rgan narsalar hali daryodan tomchi. Uyning birinchi qavatini butunicha restoran ishg‘ol etgan edi. Yana — restoranmisan, restoran! Vijdonan gapiriladigan bo‘lsa, butun Moskvada eng yaxshi restoran hisoblanardi u. Griboedov nainki qubbali shiftlariga ayyoorona yolli nafarmon otlarning tasviri solingan ikkita ulkan zalga joylashgani bilan, nainki bu yerdagi har bir stolchaga shol ro‘mol soyavonli chiroqlar o‘rnatilgani bilan, nainki unga kirish har qanday o‘tkinchiga nasib bo‘lavermagani bilan, shuningdek, bu yerda tayyorlanadigan ovqatlarning sifati bilan ham Moskvadagi har qanday manaman degan restoranni bir cho‘qishda qochirardi, buning ustiga, bu yerda taomlar kishiga malol kelmaydigan bahoda tortilardi.
Shunga ko‘ra Griboedovning cho‘yan panjarasi yonida mazkur kitob mualliflarining qulog‘iga chalingan quyidagi haqqoniy suhbatning hech ajablanarli yeri yo‘q bo‘lsa kerak:
— Bugun qaerda kechlik qilasan, Amvrosiy?
— Qaerda bo‘lardi, albatta shu yerdada, azizim Foka! Archibald Archibaldovich bugun kechlikka portsiya-portsiya qilib tayyorlangan anatyurel olabug‘a baliqlari bo‘ladi deb shipshidi menga. Quling o‘rgilsin narsada o‘ziyam!
— Yashashning yo‘lini bilasan-da, Amvrosiy! — xo‘rsinib qo‘yib dedi abgor kiyingan, bo‘yniga ho‘ppoz oshgan, cho‘pdek oriq Foka yuzlari do‘mboq, lablari durdoq, sochi oltinrang, barvasta qomat shoir Amvrosiyga.
— Aytarli hech qanday yo‘lni bilmayman, — dedi e’tiroz bilan Amvrosiy, — faqat odamlarday yashashni xohlayman, xolos…
— Uydayam pishirsa bo‘ladi-ku, o‘sha ovqatni, — deb miyilladi Foka.
— Salomatliklari kerak, — deb do‘rilladi Amvrosiy, — uyda o‘sha anatyurel olabug‘a balig‘ini xotining umumiy oshxonada kastryulda pishiradimi? Qoyil-e! Hi-hi-hi!.. Orevuar, Foka! — shundan keyin Amvrosiy qo‘shiq xirgoyi qilgancha soyabon ostidagi yozlik restoranga yo‘l oldi…
Yetar, kitobxon, mavzudan chiqib ketdik! Qani, yana izimdan olg‘a!
O‘sha Berlioz halok bo‘lgan kuni kechqurun soat o‘n yarimda Griboedovning yuqori qavatida faqat bitta xona yoritilgan bo‘lib, u yerda majlisga to‘plangan o‘n ikki nafar adabiyotchi Mixail Aleksandrovichning kelishini kutib, zerikib o‘tirardi.
MASSOLIT Pravleniesi xonasida stullarda, stollarda, hatto ikki deraza raxida o‘tirganlar havoning dimligidan qiynalardilar. Ochiq derazadan qilt etgan shabada kirmas edi. Moskva kun bo‘yi asfalt singdirgan haroratni qaytarar, tunda ham havoning tafti pasaymasligi ko‘rinib turardi.
Uyning podvaliga joylashgan oshxonadan piyoz hidi keldi, shunda xonada o‘tirganlarning tomog‘i qaqrab, hammalari tajang bo‘lib, achchiqlana boshlashdi.
Durustgina kiyingan, yuvosh tabiat, ko‘zlari ziyrak va ayni paytda bejo belletrist Beskudnikov yonidan soatini chiqardi. Soat mili o‘n birga borib qolgan edi. Beskudnikov tsiferblatga chertib qo‘yib, uni shoir Dvubratskiyga ko‘rsatdi, u stol chekkasida tagi rezina sariq tufli kiygan oyoqlarini likillatib o‘tirardi.
— Voy-bo‘-o‘, — deb g‘o‘ldiradi Dvubratskiy.
— Yigitchamiz Klyazmada ushlanib qolgan-ov, — dedi do‘rillagan ovoz bilan Nastasya Lukinishna Nepremenova. Bu adiba moskvalik bir savdogarning yetimchasi bo‘lib, «Shturman Jorj» taxallusi bilan dengiz jangi haqida hikoyalar yozardi.
— Axir bu insofdan emas-da! — deb dangal gapirdi taniqli sketchlar muallifi Zagrivov. — Hozir men ham, bu yerda dimiqib o‘tirgandan ko‘ra, o‘z balko-nimda mazza qilib choy ichib o‘tirgan bo‘lardim. Axir majlis soat o‘nga chaqirilgan emasmidi?
— Hozir Klyazma ko‘p so‘lim joy bo‘lganda, — deb hamkasblarini vasvasaga soldi Shturman Jorj, chunki Klyazma bo‘yidagi adabiyotchilar posyolkasi Pereli-ginoda dam olishni hamma yozuvchilar birday orzu qilishini u yaxshi bilardi. — Hozir u yerda bulbullar sayyorayotgan bo‘lishi kerak. Negaki, men hamisha, ayniqsa, bahor paytida, shahar tashqarisida yaxshiroq ijod qilaman.
— Men o‘sha jannatga betob xotinimni yuborish uchun uch yildan beri pul to‘layman, ammo hanuzgacha hech narsaning daragi yo‘q, — dedi alamli g‘ijinib novellanavis Ieronim Poprixin.
— Baxti kulgan boradi u yerga, — dedi to‘ng‘illab deraza raxida o‘tirgan tanqidchi Ababkov.
Shturman Jorjning munchokdek ko‘zlarida shodiyona o‘t chaqnadi-yu, do‘rillagan ovozini xiyol mayinlashtirib dedi:
— Hasad qilish kerak emas, o‘rtoklar. Bor-yo‘g‘i yigirma ikkita dala hovli bor, yana yettitasi qurilyapti, biz, MASSOLIT a’zolari esa uch mingtamiz..
— Uch ming bir yuz o‘n bir kishi, — deb luqma tashladi kimdir burchakdan.
— Aia, ko‘rdinglarmi, — davom etdi Shturman, — iloj qancha? Tabiiyki, dala hovlilarni oramizda eng iste’dodli bo‘lganlar olgan…
— Generallar! — dangal aralashdi bu g‘iybatga stsenarist Gluxaryov.
Beskudnikov yasama esnab, xonadan chiqdi.
— Pereliginoda bir o‘zi besh xonali uyni egallagan, — dedi uning orqasidan Gluxaryov.
— Lavrovich bo‘lsa, bir o‘zi olti xonali uyda turipti, — chirqilladi Deniskin. — Yemakxonasining devorlari eman yog‘och bilan sirlangan!
— E, nimalarni gapiryapsiz o‘zi, — to‘ng‘illadi Lbabkov, — soat o‘n bir yarim bo‘ldi.
G‘ala-g‘ovur ko‘tarildi, isyonga o‘xshash narsa boshlanayotgan edi. O‘sha la’nati Pereliginoga telefon qilishdi, Lavrovichning daryo bo‘yiga ketganini eshitib, ta’blari tirriq bo‘ldi. Keyin tavakkal qilib, qo‘shimcha 930 nomer orqali nafis adabiyot komissiyasiga qo‘ng‘iroq qilishdi, turgan gapki, hech kim trubkani olmadi.
— O‘zi qo‘ng‘iroq qilsa bo‘lardi-ku! — deb chinqirishdi Deniskin, Gluxaryov va Kvant.
Lekin ular bekorga jig‘ibiyron bo‘lishardi: Mixail Aleksandrovich hech yoqqa telefon qila olmasdi. Chunki yaqinginada Mixail Aleksandrovich bo‘lgan shaxs endi Griboedovdan ancha uzoqda, ming shamlik lampalar bilan yoritilgan ulkan bir zalda, ustiga rux tunuka qoplangan uchta stolda bo‘lak-bo‘lak bo‘lib yotardi.
Birinchi stolda— qo‘li singan, ko‘krak qafasi majaqlangan, hammayog‘ida qon qotib qolgan yalang‘och jasad, ikkinchi stolda — old tishlari sinib, og‘zi o‘pirilgan, ochiq qolgan nursiz ko‘zlari chiroqlarning o‘itkir shu’lasiga mutlaqo parvo qilmay baqraygan kalla, uchinchi stolda esa bir to‘p bo‘lib g‘ijmaloq uva-dalar yotardi.
Boshsiz jasad tepasida sud meditsinasi professori, patologoanatom bilan uning prozektori, tergov organi vakillari va Mixail Aleksandrovich Berliozning MASSOLIT bo‘yicha muovini — adabiyotshunos Jeddibinlar (uni telefon orqali bemor xotini qoshidan chaqirtirishgan edi) to‘planishgan edi.
Jeddibinni olgani borgan mashinada tergov vakillari o‘tirishardi, ularning hammasi birinchi navbatda marhumning kvartirasiga borishdi (vaqt yarim kechaga yaqinlashib qolgan edi), u yerda marhumning qog‘ozlari surg‘uchlandi, shundan keyin hammalari o‘likxonaga jo‘nadilar.
Mana endi ular murda tepasida turib, qanday qilinsa ma’qulroq bo‘larkin: uzilgan boshni tanaga tikib qo‘ysakmikin yo marhumning jasadini to iyagigacha qora mato bilan yopib (boshinigina ochiq qoldirib), Griboedov zaliga qo‘ysakmikin, deb maslahatlashishardi.
Ha, Mixail Aleksandrovich haqiqatan ham hech qayoqqa qo‘ng‘iroq qila olmas edi, binobarin, Deniskin, Gluxaryovu Kvantu Beskudnikovlar bekorga jig‘ibiyron bo‘lib kabinetni boshlariga ko‘tarishgan edi. Bu o‘n ikkita adabiyotchining hammasi rosa yarim kechada pastga, restoranga tushishdi. Bu yerda ular yana Mixail Aleksandrovichni ranj bilan tilga olishdi: turgan gapki, peshayvondagi stollarning hammasi endi band edi, oqibat ular g‘oyat muhtasham, ammo nihoyatda dim zalda ovqatlanishga majbur bo‘lishdi.
Rosa yarim kechada birinchi zalda nimadir birdan gumburlab, jaranglab, sochilib ketganday bo‘ldi. Shu zahoti chiyildoq erkak ovozi muzikaga jo‘r bo‘lib: Alliluyya!» — deb jon-jahdi bilan chinqirib kuy-lay boshladi. Dovrug‘i ketgan Griboedov jazi ish boshlagan edi. Terlagan chehralar go‘e yorishib ketganday, go‘yo shiftdagi ot tasvirlariga jon kirganday, chiroqlarning shu’lasi kuchayganday bo‘ldi, shunda ikkala zaldagi, undan so‘ng peshayvondagi xo‘randalarning birdan jazavasi tutib, raqsga tusha boshladilar.
Gluxaryov shoira Tamara Polumesyats bilan tantsa qila boshladi, Kvant raqsga tushdi, romannavis Jukolov sariq ko‘ylak kiygan bir kino artistka bilan tantsaga tushdi. Dragunskiy ham, Cherdakchi ham, gumbazday keladigan adiba Shturman Jorjni quchib olgan jikkak Deniskin ham tantsa tushishdi, oq bo‘z shim kiygan noma’lum bir shaxs mahkam quchib olgan go‘zal me’mor ayol Semeykina-Gall ham tantsa tushardi. «Kunda-shunda» xo‘randalar ham, taklif etilgan mehmonlar ham, moskvaliklaru chetdan kelganlar ham raqs tusha boshlashdi: kronshtadtlik yozuvchi Iogann, G‘ostovdan kelgan, butun yuziga qip-qizil temiratki toshgan qandaydir (rejissyor bo‘lsa kerak) Vitya Kuftik degan shaxs, MASSOLITda poeziya bo‘limining eng mashhur namoyandalari, ya’ni Pavianov, Bogoxulskiy, Sladkiy, Shpichkin va Adelfina Buzdyaklar ham raqs tushishardi, sochlarini boks fasoni bo‘yicha oldirgan, yelkalariga modaga moslashib paxta qo‘ydirgan kasbi noma’lum yoshlar ham raqs tushishardi.
Qora terga botgan ofitsiantlar boshlari uzra pivo to‘ldirilgan krujkalarni ko‘tarib o‘tarkanlar, nafrat aralash hirqiroq ovoz bilan qichqirishardi: «Uzr, grajdanin!» Chiyildoq xonanda eidi kuylamas, «Alliluyya!» — deb uv tortardi. Jazdagi mis zillarning gumburi idish-tovoqlarning shaqir-shuqurini xam bosib ketgandi….
Shu asnoda birdan bir stol uzra:«Berlioz!» — degan sado parvoz etdi. Birdan, allakimdan qattiq musht yegandek, jaz shalvirab, so‘ng gung bo‘lib qoldi. «Nima, nima, nima bo‘pti, nima?!!» «Berlioz!!!» Odamlar o‘rinlaridan turib ketishdi, baqiriq-chaqiriqlar yangradi… Mixail Aleksandrovich haqidagi shumxabar hammani og‘ir qayg‘uga solib qo‘ygandi. Kimdir kuyib-pishib, hoziroq, shu yerning o‘zida kollektiv nomidan qandaydir telegramma yozib, zudlik bilap jo‘natish kerak, deb chinqirardi. Lekin qanaqa telegramma, qayoqqa yuborish kerak, degan savol tug‘iladi. Uni yuborishdan nima foyda? Darhaqiqat, uni qayoqqa yuborish kerak? Undan keyin, telegramma qanday mazmunda bo‘lmasin, majaqlangan ensasi hozir projektorning rezina qo‘lqop kiygan qo‘li ostida ezg‘ilinayotgan, bo‘ynini esa professor igna bilan teshib tikayotgan jasad uchun uning nima hojati bor deysiz? U halok bo‘lgan, endi hech qanday telegramma kerak emas unga. U adoyi tamom bo‘ldi, telegrafni band qilmaylik.
Ha, halok bo‘ldi u, halok bo‘ldi… Lekin bizlar tirikmiz-ku.
Xa og‘ir qayg‘u xuddi ulkan to‘lqin kabi toshgan edi, ancha vaqtgacha ko‘pirib turgan bu to‘lqin oxiri pasaya boshladi va endi ayrimlar o‘z stoliga — avvaliga o‘g‘rincha, keyin oshkora — qayta boshlashdi, araq ichib, gazak qilishdi. Darhaqiqat, devolyay usulida tayyorlangan tovuq kotletlarini qoldirsa uvol bo‘lmaydimi? Xo‘sh, nima yordamimiz tegadi Mixail Aleksandrovichga? Och qolganimizmi? Axir, bizlar tirikmiz-ku!
Turgan gap, royalning qopqog‘ini qulflab qo‘yishdi, bir nechta jurnalist ta’ziyanoma yozgani o‘z redaktsiyasiga jo‘nab ketdi. Jeldibinning o‘likxonadan kelganini xabar qilishdi. U marhumning ikkinchi qavatdagi kabinetida o‘tirganmish. Bir zumda Berliozning o‘rniga shuni qo‘yishadi, degan ovoza tarqaldi. Jeldibin o‘n ikkita pravlenie a’zosining hammasini restorandan chaqirtirib oldi, so‘ng Berliozning kabinetida shoshilinch ravishda boshlangan majlisda Griboedovning ustunli zalini motam marosimiga hozirlash, marosimning boshlanish payti va shu ko‘ngilsiz voqeaga daxldor bo‘lgan boshqa zaruriy masalalar haqida muhokama yurita boshlashdi.
Restoranning yana odatdagi tungi hayoti boshlanib ketdi, bu hayot to restoran yopilguncha, ya’ni tonggi soat to‘rtgacha davom etishi mumkin edi, agar xo‘randalarni Berliozning halokati haqidagi xabardan ham ko‘proq hayratga solgan mutlaqo kutilmagan antiqa bir voqea yuz bermaganda. Birinchi bo‘lib Griboedov uyining darvozasi oldida yo‘lovchilarni kutib turgan izvoshchilar bezovta bo‘la boshlashdi. Ulardan qaysi biriyam o‘rindiqdan turib, qichqirib yubordi:
— Ye tavba! Anavini qaranglar!
Shu payt cho‘yan panjara oldida qayokdandir paydo bo‘lgan olov «milt» etib yonib, peshayvon tomon yaqinlasha boshladi. Stollar atrofida o‘tirgan xo‘randalar o‘rinlaridan turib, o‘sha tomonga tikilib qaray boshlashdi va o‘sha miltillagan olov bilan birga oppoq bir sharpaning ham restoran tomongayaqinlashayotganini ko‘rishdi. U shundoqqina gul so‘risi tagiga kelganda xo‘randalarning bari qo‘llarida vilkalarga ilingan sterlyad balig‘i bilan ko‘zlarini baqraytirgancha o‘tirgan o‘rinlarida serrayib qoldilar. Shu mahal papiros chekish maqsadida restoran garderobxonasidan hovliga chiqqan eshikog‘asi papirosni tovoni bilan ezg‘iladi-yu, sharpaning restoranga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun u tomon yura boshladi, lekin keyin, negadir, bu ahdidan qaytib, taqqa to‘xtab qoldida, ovsarona tirjaydi.
Oqibat sharpa gul so‘risi ostidan o‘tib, bemalol rovonga qadam qo‘ydi. Ana shundagina bu sharpaning hech qanday sharpa emas, balki taniqli shoir Ivan Nikolaevich Bezdomniy ekaniga hamma shohid bo‘ldi.
U yalangoyoq, egniga yirtilib dabdala bo‘lgan oqish rang uzun ko‘ylak va yo‘l-yo‘l oq ishton kiygan edi; ko‘ylagining ko‘ksiga ingliz to‘g‘nog‘ichi bilan noma’lum avliyoning tasviri tushirilgan (tasvir ham o‘chib ketgan edi) qog‘oz ikonani qadab olgandi. Ivan Nikolaevichning qo‘lida yoniq nikoh shami bor edi. Uning o‘ng yonog‘i shilingan edi. Shu hodisa oqibatida rovonda vujudga kelgan sukunatning nechog‘liq teranligini o‘lchash mutlaqo mahol edi. Bir ofitsiantning qo‘lidagi qiyshiq ushlangan krujkadan pivo jildirab oqardi.
Shoir shamni boshi uzra ko‘tarib, baland ovoz bilan dedi:
— Salom, do‘stlar! — shundan keyin u yaqinroqda turgan stolning tagiga mo‘ralab qaradida, qayg‘uli ohangda dedi: — Yo‘q, bu yerdayam yo‘q u!
Shu choq bir erkak va bir ayolning ovozi eshitildi:
— Tamom bo‘pti. Telba bo‘lib qolipti, — dedi do‘rillagan erkak ovozi rahmsiz ohangda.
— Bu ahvolda uni militsiya qanday tutib olmadi ekan ko‘chada? — dedi qaysiyam bir ayol qo‘rquv ohangida.
Ivan Nikolaevich bu gapni eshitib, javob qildi:
— Xa, ikki marta: Skatertniy bilan Bronnayada meni ushlamoqchi bo‘lishdi, lekin men devordan oshib qochib qoldim, mana, yuzim shilinib ketdi! — Shundan keyin Ivan Nikolaevich shamni baland ko‘targancha qichqirdi: — Birodari adiblar! (Uning hirqiroq ovozi o‘tkirlashgan va qizg‘inlashgan edi.) Hammangiz gapimga quloq solingiz! U paydo bo‘ldi! Darhol uni tutinglar, aks holda ko‘p og‘ir falokatlarga sababchi bo‘ladi!
— Nima? Nima? Nima dedi u? Kim paydo bo‘lipti? — deya shov-shuv ko‘tarishdi odamlar chor yoqdan.
— Kottsultant! — javob qildi Ivan. — Ana o‘sha konsultant hozir Patriarx ko‘li yaqinida Misha Berliozni o‘ldirdi.
Shu payt ichki zaldan olomon gurra yopirilib chiqib, Ivanning shami atrofida jipslana boshladi.
— Kechirasiz, aniqroq gapirsangiz, — degan muloyim ovoz ohista eshitildi Ivan Nikolaevichning qulog‘i ostida. — Aytingchi, qanday o‘ldirdi o‘zi? Kim o‘ldirdi?
— Ajnabiy konsultant, professor va josus! — atrofga alanglagancha javob berdi Ivan.
— Familiyasi nima uning? — deb Ivanning qulog‘i oldida pichirlashdi.
— Hamma balo shunda-da! — alam bilan chinqirib yubordi Ivan. — Koshkiydi familiyasini bilsam! Uning tashrifnomasida yozilgan familiyasini yaxshi ko‘rolmay qoldim… Faqat familiyasining bosh harfi esimda: «Ve». «V» dan boshlanardi familiyasi! Qanaqa familiya «V» bilan boshlanishi mumkin? — Ivan peshanasini changallagancha o‘ziga o‘zi savol berdi va birdan g‘o‘ldiray boshladi: — Ve, ve, ve! Va… Vo… Vashpermi? Vagnermi? Vaynermi? Vegnermi? Vintermikin? — Ivan peshanasini astoydil tirishtirganidan boshidagi sochi u yoq-bu yoqqa siljiy boshladi.
— Vulfdir? — ayanchli ohangda chiyilladi bir ayol.
Ivanning achchig‘i chiqib ketdi.
— Esi past! — deb baqirdi u chiyillagan ayolni ko‘zi bilan axtararkan. — Vulfning nima daxli bor bunga? Vulfda hech qanday ayb yo‘q! Vo, vo… Yo‘q! Hech eslolmayapman! Gap bunday, grajdanlar: hozir siz militsiyaga telefon qiling, professorni tutish uchun pulemyot o‘rnatilgan beshta mototsiklet yuborishsin. Yana shuniyam aytinglarki, u yolg‘iz emas: yonida ko‘ziga shishasi darz ketgan pensne taqqan, katak shim kiygan bir naynov bilan to‘ng‘izday semiz bir qora mushuk ham bor. Ungacha men Griboedovni tintib chiqaman… Ko‘nglim sezyapti, u shu yerda!
Ivan qattiq bezovtalanib, qo‘lidagi shamning mumini o‘z ustiga sachratgancha atrofidagi odamlarni turtib, stollarning ostiga mo‘ralay boshladi, Shu payt: «Doktor!» — degan ovoz eshitildiyu, Ivanning ro‘parasida bir odamning muguz ko‘zoynak taqqan, soqol-mo‘ylovi qirilgan, muloyim, go‘shtdor yuzi paydo bo‘ldi.
— O‘rtoq Bezdomniy, — tantanavor ohangda gap boshladi shu odam, — tinchlaning! Siz hammamiz uchun aziz bo‘lgan Mixail Aleksandrovichning… yo‘q, aniqrog‘i, Misha Berliozning o‘limidan qattiq xafa bo‘lgansiz. Bizlar buni juda yaxshi tushunib turibmiz. Siz dam olishingiz kerak. Hozir o‘rtoqlar sizni olib borib o‘ringa yotqizishadi, bir oz mizg‘ib, qayg‘uni unutasiz…
— Sen, — deb Ivan tishlarini irjaytirgancha uning so‘zini bo‘ldi, — professorni zudlik bilan tutish kerakligini tushunasanmi O‘zingni bema’ni maslahatlaring bilan do‘stlashasan shu topda! Ovsar!
— O‘rtoq Bezdomniy, meni kechiring dedi boyagi odam cho‘g‘dek qizarib orqasiga burildi va bu g‘alvaga aralashganidan pushaymon oo‘lib.
— Yo‘q, hammani kechirsam ham, seni kechirmayman, — nafrat bilan ohista dedi Ivan Nikolaevich.
Uning asabdan afti bujmaydi, o‘ng qo‘lidagi shamni tez chap qo‘liga olib, rahmdillik qilgan bu odamning qulog‘i ostiga tarsaki tushirdi.
Shundan keyin hamma Ivanga tashlandi. Sham o‘chdi, tarsaki yegan odamning ko‘zoynagi yerga tushib, bir zumda majaqlandi. Ivan hattoki xiyobonda yurgan odamlarga ham eshitiladigan, hammani vasvasaga soladigan dahshatli jangovar na’ra tortib, o‘zini himoya qila boshladi. Stollardan tushib singan idishlar ja-rangi, ayollarning chinqirgani eshitildiyu Ofitsiantlar shoirning qo‘l-oyog‘ini sochiqlar bilan bog‘layotgan paytda, garderobxonada restoran xo‘jayini bilan eshikog‘asi o‘rtasida shunday gap bordi.
— Uning ichki ishtonda kelganini ko‘ruvdingmi? — sovuqqina so‘radi xo‘jayin.
— Axir, Archibald Archibaldovich, — dag‘-dag‘ qaltirab javob qildi shveytsar, — u kishi MASSOLIT a’zosi bo‘lsalar, qanday kiritmayman?
— Uning ichki ishtonda kelganini ko‘ruvdingmi, deyapman? — deb takrorladi xo‘jayin.
— Axir o‘zingiz o‘ylang, Archibald Archibaldovich, — derdi lavlagiday qizargan eshikog‘asi, — men nima ham qila olardim? To‘g‘ri, tushunaman, rovonda xonimlar o‘tiripti…
— Xonimlarning bunga daxli yo‘q, ularga baribir, — derdi xo‘jayin ko‘zlari bilan eshikog‘asini yeb yuborguday bo‘lib, — lekin militsiyaga baribir emas! Ichki kiyimdagi odam Moskva ko‘chalarida faqat bitta vaziyatda yurishi mumkin — agar uni militsiya kuzatib borayotgan bo‘lsa va faqat militsiya bo‘limiga kuzatib borayotgan bo‘lsa! Lekin sen, agar eshikog‘asi ekansan, shuni bilishing kerakki, bunday odamni ko‘rgan zahoting, bir zum ham o‘ylab o‘tirmay, hushtak chalishing kerak edi. Eshityapsanmi gapimni?
Esi og‘ib qolgan eshikog‘asi rovon yokda bir nimaning gumburlab ketganini, idishlarning chil-chil singani va ayollarning chinqirganini eshitdi.
— Xo‘sh, endi seni nima qilishim kerak, a? — so‘radi xo‘jayin.
Eshikog‘asining rangi quv o‘chib ketdi, ko‘zlari xiralashdi… tizzalari qaltiray boshladi. Lekin endi xo‘jayinning unga rahmi kelib, ko‘zlaridagi alangani o‘chirdi.
— Bilib qo‘y, Nikolay! Bu oxirgi marta kechirishim. Bunaqa eshikog‘asi restoranimizga tekinga ham kerak emas. Sen cherkovga borib, qorovullikka yollan. — Shu tanbehdan keyin u xuddi komandirlardek tez va aniq-aniq buyruq bera boshladi: — Bufetdan Panteleyni chaqir. Militsionerga xabar qilsin. Protokol yozinglar. Mashina chaqirtir. Psixiatriya shifoxonasiga jo‘natinglar. — So‘ng ilova qildi: — Chal hushtagingni!
Yana chorak soatdan keyin, nainki restorandagi, shuningdek, butun xiyobondagi va derazalari restoran bog‘iga ochiladigan uylardagi odamlar Panteley, eshikog‘asi, militsioner, ofitsiant hamda shoir Ryuxinning Griboedov darvozasidan xuddi chaqaloqqa o‘xshatib yo‘rgaklangan bir yosh yigitni ko‘tarib chiqishayotganini ko‘rib, hangu mang bo‘lib qolishdi: yo‘rgaklangan yigit ho‘ng-ho‘ngyig‘lar, nuqul Ryuxinni poylab, aftiga tupurarkan, yig‘idan entika-entika baqirardi:
— Ablah!
Yuk mashinasining badjahl qiyofali shofyori motorni yurgiza boshladi. Mashina yonida turgan uchar izvoshchi ochbinafsharang tizgin bilan otining sag‘risiga urib, uni tezlarkan:
— Mana chopqir ot! Jinnixonaga biz oboramizda! — deb qichqirardi.
You have read 1 text from Uzbek literature.
Next - Usta va Margarita - 06
  • Parts
  • Usta va Margarita - 01
    Total number of words is 4230
    Total number of unique words is 2026
    35.6 of words are in the 2000 most common words
    52.1 of words are in the 5000 most common words
    61.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 02
    Total number of words is 4168
    Total number of unique words is 1934
    37.0 of words are in the 2000 most common words
    55.5 of words are in the 5000 most common words
    64.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 03
    Total number of words is 4193
    Total number of unique words is 1964
    35.7 of words are in the 2000 most common words
    54.2 of words are in the 5000 most common words
    62.5 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 04
    Total number of words is 4287
    Total number of unique words is 2045
    38.5 of words are in the 2000 most common words
    58.1 of words are in the 5000 most common words
    68.2 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 05
    Total number of words is 4148
    Total number of unique words is 2158
    33.0 of words are in the 2000 most common words
    50.4 of words are in the 5000 most common words
    60.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 06
    Total number of words is 4271
    Total number of unique words is 2020
    37.8 of words are in the 2000 most common words
    56.2 of words are in the 5000 most common words
    66.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 07
    Total number of words is 4276
    Total number of unique words is 1961
    38.8 of words are in the 2000 most common words
    57.4 of words are in the 5000 most common words
    66.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 08
    Total number of words is 4168
    Total number of unique words is 1883
    39.3 of words are in the 2000 most common words
    56.6 of words are in the 5000 most common words
    64.9 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 09
    Total number of words is 4224
    Total number of unique words is 1971
    38.8 of words are in the 2000 most common words
    57.5 of words are in the 5000 most common words
    66.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 10
    Total number of words is 4157
    Total number of unique words is 2006
    37.9 of words are in the 2000 most common words
    56.8 of words are in the 5000 most common words
    63.9 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 11
    Total number of words is 4296
    Total number of unique words is 2051
    38.2 of words are in the 2000 most common words
    56.4 of words are in the 5000 most common words
    66.9 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 12
    Total number of words is 4393
    Total number of unique words is 2138
    37.3 of words are in the 2000 most common words
    55.9 of words are in the 5000 most common words
    65.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 13
    Total number of words is 4110
    Total number of unique words is 2033
    37.4 of words are in the 2000 most common words
    56.2 of words are in the 5000 most common words
    65.0 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 14
    Total number of words is 4157
    Total number of unique words is 2076
    35.4 of words are in the 2000 most common words
    52.6 of words are in the 5000 most common words
    61.4 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 15
    Total number of words is 4180
    Total number of unique words is 2037
    35.5 of words are in the 2000 most common words
    54.5 of words are in the 5000 most common words
    64.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 16
    Total number of words is 4181
    Total number of unique words is 1982
    36.8 of words are in the 2000 most common words
    55.5 of words are in the 5000 most common words
    65.9 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 17
    Total number of words is 4228
    Total number of unique words is 1948
    38.9 of words are in the 2000 most common words
    57.7 of words are in the 5000 most common words
    67.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 18
    Total number of words is 4255
    Total number of unique words is 2030
    38.6 of words are in the 2000 most common words
    57.7 of words are in the 5000 most common words
    66.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 19
    Total number of words is 4238
    Total number of unique words is 1985
    37.0 of words are in the 2000 most common words
    56.4 of words are in the 5000 most common words
    65.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 20
    Total number of words is 4354
    Total number of unique words is 1987
    38.0 of words are in the 2000 most common words
    57.4 of words are in the 5000 most common words
    66.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 21
    Total number of words is 4256
    Total number of unique words is 1964
    38.6 of words are in the 2000 most common words
    56.3 of words are in the 5000 most common words
    66.2 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 22
    Total number of words is 4281
    Total number of unique words is 1986
    35.8 of words are in the 2000 most common words
    52.8 of words are in the 5000 most common words
    62.0 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 23
    Total number of words is 4218
    Total number of unique words is 1815
    38.1 of words are in the 2000 most common words
    57.4 of words are in the 5000 most common words
    67.0 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 24
    Total number of words is 4321
    Total number of unique words is 2071
    38.3 of words are in the 2000 most common words
    56.6 of words are in the 5000 most common words
    65.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 25
    Total number of words is 4282
    Total number of unique words is 2048
    37.3 of words are in the 2000 most common words
    56.1 of words are in the 5000 most common words
    65.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 26
    Total number of words is 4290
    Total number of unique words is 1976
    37.3 of words are in the 2000 most common words
    55.3 of words are in the 5000 most common words
    65.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 27
    Total number of words is 4250
    Total number of unique words is 2055
    38.7 of words are in the 2000 most common words
    56.3 of words are in the 5000 most common words
    66.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 28
    Total number of words is 4163
    Total number of unique words is 2047
    36.1 of words are in the 2000 most common words
    54.2 of words are in the 5000 most common words
    64.6 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 29
    Total number of words is 4227
    Total number of unique words is 2092
    36.5 of words are in the 2000 most common words
    54.6 of words are in the 5000 most common words
    63.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 30
    Total number of words is 4275
    Total number of unique words is 1993
    38.6 of words are in the 2000 most common words
    55.5 of words are in the 5000 most common words
    65.1 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 31
    Total number of words is 4384
    Total number of unique words is 2141
    35.2 of words are in the 2000 most common words
    53.3 of words are in the 5000 most common words
    62.8 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.
  • Usta va Margarita - 32
    Total number of words is 2703
    Total number of unique words is 1551
    33.4 of words are in the 2000 most common words
    48.6 of words are in the 5000 most common words
    57.3 of words are in the 8000 most common words
    Each bar represents the percentage of words per 1000 most common words.